Skip to main content

AQSh, Yevropa hududi va Xitoydagi vaziyat 2024-yilda jahon iqtisodiyotiga qanday ta’sir ko‘rsatishi haqida

2023-yilda jahon iqtisodiyoti birvarakayiga bir nechta yangi da’vatlarga to‘qnash keldi. Xo‘sh, 2024-yildan nimani kutish mumkin? Xususan, yuqori foiz stavkalari, eng yirik g‘arbiy iqtisodiyotlar va Xitoyda o‘sishning sekinlashishi hamda Yaqin Sharqdan tortib Uzoq Sharqqacha – butun dunyo bo‘ylab geosiyosiy hodisalar asosiy xatarlarga aylanishi mumkin.


Xitoy iqtisodiyotiga doir vaziyat barcha uchun asosiy kutilmagan holatlardan biriga aylandi: 2023-yil boshida bozorlar qat’iy pandemiya cheklovlari bekor qilinganidan keyin uning tezkor qayta tiklanishini bashorat qilgan bo‘lishiga qaramay, hammasi aksincha bo‘ldi:

  • prognozlarga ko‘ra, qayta tiklanishning asosiy harakatga keltiruvchi kuchiga aylanishi kerak bo‘lgan ichki talab kutilganidan ancha sekin o‘sdi;
  • eksport va import ko‘rsatkichlari yilning katta qismi davomida pasayib bordi;
  • yoshlar orasida ishsizlik rekord darajaga o‘sdi (20 foizdan ko‘proq).

Yevropa iqtisodiyoti 2023-yilning asosiy qismida stagnatsiya holatida bo‘lib, III chorak yakunlari bo‘yicha Yevropa hududi yalpi ichki mahsuloti 0,1 foizga pasaydi. AQSh iqtisodiyoti, kutilganidan farqli o‘laroq, 2023-yilda ishonchli ravishda o‘sdi. Yilning boshida yirik amerika banklaridagi bankrotliklar ketma-ketligidan keyin eng ehtimoliy ssenariy retsessiya bilan bog‘langan bo‘lsa, yilning oxiriga kelib bozorlarda ko‘tarinki kayfiyat kuzatildi. III chorakda AQSh iqtisodiyoti 4,9 foizga o‘sdi – bu 2021-yil oxiridan buyon qayd etilgan maksimal ko‘rsatkich.

O‘tgan yilda Isroil va XAMAS o‘rtasidagi yangi harbiy nizo ham jahon bozorlariga ta’sir o‘tkazuvchi omilga aylandi. U neft narxining o‘sishiga sabab bo‘lib, qator chayqovchilik holatlarini yuzaga keltirdi: ushbu harbiy to‘qnashuv mahalliy doirada qoladimi yoki yanada yirik nizoga aylanadimi? Geosiyosat avvalgidek 2024-yilda jahon iqtisodiyoti uchun asosiy xatarlardan biriligicha qoladi, deya firk bildirmoqda moliyaviy institutlar o‘z prognozlarida. Boshqa xatarlar – iqtisodiy o‘sishning sekinlashishi va yuqori inflyatsiyaga qarshi kurashish kutilganidan og‘irroq kechadi.

G‘arbdagi katta umidlar

2024-yilda jahon iqtisodiyoti uchun asosiy xatarlardan biri – global o‘sish sekinlashuvining davom etishidir. Agar 2000-2019-yillarda jahon iqtisodiyotining o‘rtacha yillik o‘sishi 3,8 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, XVJ asosiy prognoziga ko‘ra, 2023-2024-yillarda u muvofiq ravishda 3 va 2,9 foizni tashkil qiladi.

Fitch (jumladan makroiqtisodiy xatarlar tahlili bilan shug‘ullanuvchi xalqaro kompaniya) prognoziga ko‘ra, sekinlashish yanada keskin tus oladi – 2023-yildagi 2,9 foizdan 2024-yilda 2,1 foizgacha. Yetakchi iqtisodiyotlarning sekinlashishi sabablaridan biri – yuqori darajali foiz stavkalaridir. G‘arb tartibga soluvchilari 2022-2023-yillarda pul siyosati talabini oshirish davrini o‘tkazdilar, AQSh va YI’da stavkalar 2000-yillar boshidan kuzatilgan maksimal darajaga o‘sdi.

Ulkan maqsadlar

YI va AQSh markaziy banklari foiz stavkalarini oshirgani sababli (2023-yilda ular 2000-yillar boshidan kuzatilgan maksimal darajaga o‘sdi), iqtisodiyot o‘sishi sekinlashmoqda

Dunyoning eng yirik Amerika iqtisodiyoti uy xo‘jaliklari daromadlarining o‘sishi kamayishi hamda kreditlash va investitsiyalarda faollik pasayishi tufayli yanada sekin o‘sadi, deya qayd etmoqda Fitch. Agentlik prognoziga ko‘ra, 2024-yilda AQSh yalpi ichki mahsuloti yillik hisobda 1,2 foizga o‘sadi va bu 2023-yilda belgilangan 2,9 foizdan ancha kam.

Shunga qaramay, eng yirik jahon iqtisodiyotlari bazaviy ssenariy bo‘yicha joriy yilda retsessiyani aylanib o‘tishni uddalaydilar, deya ishonch bildirmoqda qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarni amalga oshiruvchi Goldman Sachs Research. GSR boshqa iqtisodchisi Yan Xatsius ko‘tarinki kayfiyat uchun bir nechta sababni ajratib ko‘rsatmoqda:

  • AQSh’da ham, Yevropa hududida ham real daromadlarning o‘sishi 2024-yil oxirigacha ichki talab va yalpi ichki mahsulot o‘sishini kamida 2 foiz darajasida saqlab turish uchun yetarli bo‘ladi;
  • stavkaning oshirilishi iqtisodiy o‘sishga bosim o‘tkazishda davom etishiga qaramay, bu sohada eng yomoni ortda qolib bo‘lgan.

Goldman Sachs Research hisob-kitobiga ko‘ra, pul siyosati kuchaytirilishining YaIM o‘sish sur’atlariga maksimal ta’siri ikki chorak davomida yuz beradi, shu bois 2024-yilda g‘arbiy iqtisodiyotlarning salbiylashgan kredit shartlari sababli sekinlashishi 2023-yildagiga nisbatan kamroq kuzatiladi.

Nihoyat, GSR tahliliga ko‘ra, inflyatsiya 3 foizdan pasayganida retsessiya xavfi mavjud bo‘lsa, markaziy banklar inflyatsiya 5 foizdan ko‘proq bo‘lgan vaziyatga nisbatan stavkalarni ikki baravar ko‘proq pasaytiradilar. Noyabr oyi yakuni bo‘yicha AQShda yillik inflyatsiya 3,1 foiz, Yevropa hududida esa 2,4 foizni tashkil qildi. Agar inflyatsiya pasayuuvchi trayektoriya bo‘ylab harakatda davom etsa, Yevropa va AQSh markaziy banklari 2024-yilning ikkinchi yarmida foiz stavkalarini pasaytira boshlashi mumkin. Bu iqtisodiy o‘sish istiqbollarini yaxshilaydi, deya prognoz qilmoqda Amerikaning eng yirik investitsiya banklaridan biri Morgan Stanley.

Aytish joizki, ko‘tarinki prognozlar avvalo inflyatsiya pasayishi hamda AQSh va Yevropa hududi uchun 2 foizga teng maqsadli ko‘rsatkich tomon harakatlanishda davom etishiga asoslangan. Biroq, joriy yilda inflyatsiya yana tezlashishiga doir o‘rtacha xatar mavjud, deya ogohlantirmoqda The Economist Intelligence Unit (EIU) tadqiqotlar markazi.

Inflyatsiyaning o‘sishiga mehnat bozorlaridagi keskin vaziyat va taklif tanqisligi sababli xomashyo narxlarining o‘sishi ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ehtimol bu jahon markaziy banklarini siyosatni kuchaytirishga undashi mumkin, bu esa, o‘z navbatida, iste’mol va investitsiya talabini qisqartiradi. Rivojlanayotgan bozorlarda yanada yuqori stavkalar valyutaning keskin qadrsizlanishiga olib kelishi mumkin, natijada inflyatsiya yanada oshadi va iqtisodiy o‘sish sekinlashadi, deya tushuntirmoqda Economist Intelligence Unit.

Inflyatsiya hattoki eng baland ko‘rsatkichlarga yetganidan keyin ham volatil bo‘lib qolishi mumkin, deydi Amerika Charles Schwab moliyaviy kompaniyasi. Xususan, kompaniya AQShda inflyatsiya cho‘qqiga yetganidan so‘ng uzoq vaqt davomida ko‘zlangan 2 foiz darajasiga qayta olmagan 1970-yildagi hodisalarga tayanmoqda. Bu holat Federal zaxira tizimini javob choralarini ko‘rishga majbur qilgan. “Inflyatsiya 2024-yilda maqsadli 2 foiz darajaga tez qaytishi mumkinligi aniq emas. Muammolar ziddiyatli global mehnat bozorlari, energiya tashuvchilarining beqaror narxlari hamda yetkazib berish zanjilaridagi muammolar sababli yuzaga kelishi mumkin”, – deya tahmin qilmoqda Charles Schwab.

Sharqdagi sekin o‘sish

Agar rivojlangan g‘arb mamlakatlarida iqtisodiy dinamika uchun inflyatsiya sur’atlari muhim o‘rin tutadigan bo‘lsa, jahonning ikkinchi iqtisodiyoti – Xitoy uchun xatarlar aks tomonda – ya’ni deflyatsiya bilan bog‘liq. Ichki talabning pasayishi ko‘p jihatdan mamlakat yalpi ichki mahsulotining 15 foizdan 30 foizigacha to‘g‘ri keladigan ko‘chmas mulk bozoridagi surunkali inqiroz bilan izohlanishi mumkin, deya ta’kidlamoqda Amerikaning Morningstar reyting agentligi.

Taxminlarga ko‘ra, 2024-yilda Xitoyda ko‘chmas mulk sotuvlari qisqarishda davom etadi va bu quruvchilarning likvidligiga bosim o‘tkazadi, deya fikr bildiradi Freedom Finance Global tahlilchisi Alina Popsova. “S&P Global Ratings prognoziga ko‘ra, hodisalar salbiy rivojlanadigan bo‘lsa, sotuvlar taxminan 10 trln yuangacha pasayishi mumkin. Bu sektor faolligini 2015-yillarda kuzatilgan darajaga qaytaradi”, – deydi tahlilchi.

O‘sish sur’atlarining sekinlashishi sharoitida Xitoy iqtisodiyoti tobora ko‘proq ichki talab pasayishi oqibatida o‘z vaqtida “yo‘qotilgan o‘n yilliklar” hodisasiga to‘qnash kelgan Yaponiyaga taqqoslanmoqda. Goldman Sachs prognoziga ko‘ra, joriy yilda Xitoy yalpi ichki mahsulotining o‘sishi 4,8 foizgacha sekinlashadi. “Iqtisodiy zaiflik hamon 2024-yilda Xitoy uchun muammoga aylanishi mumkin. Agar Xitoy iqtisodiyoti uzoq vaqt mobaynida stagnatsiya yoki retsessiya holatida saqlanib qolsa, bu mamlakatning savdo hamkorlariga ham ta’sir o‘tkazadi (Janubiy-Sharqiy Osiyo, Yevropa Ittifoqi) va ular bunday vaziyatda iqtisodiy pasayishga to‘qnash kelishlari mumkin”, – deya ogohlantirmoqda Morningstar.

Ulkan maqsadlar

Mamlakat yalpi ichki mahsulotining 15-30 foizini hosil qiluvchi xitoy ko‘chmas mulk bozoridagi surunkali inqiroz jahondagi boshqa iqtisodiyotlarga ham ta’sir ko‘rsatmoqda

Xitoy aholisining iqtisodiy pessimizmi ham XXR Milliy statistika byurosi tomonidan yuritiladigan iste’molchilar ishonchi/optimisligi indeksida ham aks ettiriladi: 2023-yilda ko‘rsatkich 25 yil davomidagi minimal darajada edi. Vaziyatni tuzatish uchun hukumat rag‘batlantiruvchi siyosatni o‘tkazishga qaror qildi: infratuzilmaga investitsiya kiritish va ko‘chmas mulk sektorini qo‘llab-quvvatlash.

Shunga qaramay, aynan davlatning iqtisodiy o‘sish muammolarini hal qilishga ortiqcha aralashuvi qo‘shimcha xatarlarni yuzaga keltirishi mumkin, deya ta’kidlamoqda EIU. Talabni oshirish uchun “vertolyot pullardan” foydalanish, eng yirik Xitoy shaharlarida turar-joy xarid qilishga cheklovlarning bekor qilinishi va quruvchilarga yordam – bularning barchasi bozorda navbatdagi pufakni hosil qilishi, shuningdek xususiy kapital uchun makonni qisqartirib, davlatning iqtisodiyotga yanada ko‘proq aralashuviga olib kelishi mumkin.

Butun dunyodagi siyosiy xatarlar

Biroq, 2024-yilning asosiy makroiqtisodiy xatari geosiyosat bo‘lib qolmoqda. Har holda, Natixis moliyaviy kompaniyasi tomonidan 500ta institutsional investor o‘tkazilgan keng ko‘lamli so‘rov ishtirokchilari aynan shuni asosiy xatar sifatida qayd etmoqda. Joriy yilda 50dan ortiq mamlakatda parlament yoki prezident saylovlari bo‘lib o‘tadi. Xususan, kuzda AQShda prezident saylovini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Hozirda mamlakatda noyob vaziyat yuzaga kelgan: yaqinda Gallup tomonidan o‘tkazilgan so‘rovga binoan, AQSh’dagi qariyb 63 foiz katta yoshdagi aholining fikriga ko‘ra, Respublika va Demokratiya partiyalari o‘z majburiyatlarini “juda yomon bajarayotganligi” uchun “uchinchi yirik partiya tashkil topishi kerak”. Bu Gallup 2023-yilda o‘tkaza boshlagan so‘rovdagi eng yuqori ko‘rsatkich.

AQSh’dagi saylov natijalari yaqin to‘rt yil uchun jahondagi eng yirik va eng ta’sirchan iqtisodiyotning bo‘lajak siyosati yo‘nalishlarini belgilab beradi, deydi “Finam” FG makroiqtisodiy tahlil bo‘limining boshlig‘i Olga Belenkaya. Yangi prezident saylab bo‘lingan-u, ammo hali boshqaruv unga topshirilmagan o‘tish davri ayniqsa “xatarlarga boy” bo‘lishi mumkin: bu davrda AQSh muxoliflari ko‘pincha Amerika manfaatlariga zid harakatlarni amalga oshirishga qaror qiladilar, deya qayd etmoqda Charles Schwab tahlilchilari.

Tayvandagi yana bir muhim saylov bo‘lib o‘tdi. Mintaqadagi Xitoy bilan yaqinlashishga qarshi chiquvchi boshqaruvchi Demokratlar progressiv partiyasining nomzodi g‘olib bo‘ldi. “Xitoy vaziyatni Tayvandagi hukumatni kuch bilan egallash yoki harbiy blokada yordamida hal qilishga urinishi mumkin”, – deydi Olga Belenkaya.

Ulkan maqsadlar

Xitoy va AQSh o‘rtasidagi ziddiyatlarning 2023-yildagi sezilarli kuchayishi, 2024-yilda yanada ortadi, deya hisoblamoqda ekspertlarAynan Xitoy va AQSh o‘rtasidagi qarama-qarshiliklarning kuchayishi 2023-yilning oxirida eng sezilarli holat bo‘ldi, deya fikr bildirmoqda Deutsche Bank tahlilchilari. Ularning taxminicha, ikki davlat o‘rtasidagi savdo munosabatlarida qator salbiy oqibatlarni yuzaga keltirgan strategik raqobatchilik 2024-yilda kuchayadi. Bundan tashqari, joriy nizolar – masalan, Ukraina va Gazada – mintaqaviy yoki global miqyosda yanada ko‘proq ishtirokchilar doirasini qamrab olishi ehtimoli mavjud.

Chamasi, siyosiy xatarlar eng muhimlari, deydi “BKS Mir investitsiy” fond bozori eksperti Valeriy Yemelyanov. “Ularni avvaldan modellashtirishning imkoni bo‘lmagani sababli, xejlashtirish ham mumkin emas. Bu sof inson omili: keyingi yilda siyosatchilar o‘zini qanday tutishini hech kim, hattoki siyosatchilar ham bilmaydi. Ijtimoiy muammolarni ham oldindan bilib bo‘lmaydi. Ular qayerda va qachon noroziliklar yoki xuddi Gazada bo‘lgani kabi urushga aylanishi mumkinligini bashorat qilishning iloji yo‘q”, – deya xulosa qiladi ekspert.Ulkan maqsadlar