Skip to main content

BMK tijorat direktori Bobur Sabirov ishlab chiqarishda rahbar qanday bo‘lishi kerakligi va ishda qaysi hayotiy sifatlar yordam berishi haqida

Bu ruknda shaxsiy tajribasi hozir egallagan o‘rniga qanday yetaklab kelgani haqida so‘zlaydigan hamda erishgan cho‘qqilaridan bir nechta maslahat bera oladigan tajribali, oqil odamlar bilan suhbatlashamiz. Birinchi qahramonimiz – BMK («Bektemir Metall Konstruksiyalari») tijorat direktori Bobur Sabirov.

  • O‘zingiz haqingizda bir oz so‘zlab bersangiz.

Men Toshkentda tug‘ilganman. Otam kimyogar-texnolog bo‘lganlar, Farmida (Toshkent farmatsevtika instituti) o‘qituvchi bo‘lib ishlaganlar. Afsuski, otam 37 yoshida vafot etganlar. O‘shanda u uyda ta’mirlashni tugatib, doktorlik himoyasi uchun Moskvaga ketishga otlanayotgan bo‘lganlar. Onam hamon ularning buyumlarini – safar uchun tayyorlab qo‘ygan bagajini saqlab qo‘yganlar.

Shu tariqa, otasiz o‘sganmiz. Mening singlim va ukam bor. Otam vafot etganida atigi o‘n yoshda bo‘lganman.

  • Qiyin bo‘lgandir?

Ha. Hozir onam menga ham ota, ham ona o‘rnida g‘amxo‘rlik qilganini tushunaman. Ular uchchalamizni yolg‘iz oyoqqa ko‘tardilar, boshqa turmush qurmadilar. Bizda shunday, garchi 33 yoshda beva qolgan bo‘lsalar-da.

  • Juda yosh ekanlar.

Ha, o‘shanda ehtimol biz, farzandlar xudbin bo‘lganmiz, ammo onam boshqa otani qabul qilmasligimizni bilganlar. Albatta, biz buni to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytmasdik, lekin imkon boricha ko‘rsatishga urinardik. Hozir yoshlar o‘zini boshqacha tutadi. Ko‘ngliga yoqqan hamma narsani qilishlari mumkin. Avvallari bunday qilish mumkin bo‘lmagan.

Xullas, biz rus tiliga asoslangan maktabda o‘qiganmiz, yaxshi bilimlar olganmiz. Keyin keng tarmoqli muxandis-texnolog yo‘nalishi bo‘yicha institutga o‘qishga kirganman. Ikkinchi kursda armiyaga chaqirishgan.

  • O‘shanda ikki yil xizmat qilinardi, to‘g‘rimi?

Ha, va erkak kishi armiyaga bormagan bo‘lsa, unga nimadir bo‘lgan, sog‘lig‘i joyida emas hisoblanardi.

Armiyadan qaytganimda, bir oz o‘qishdan charchaganman va uni tashlab qo‘yganman. Biroq, oxir-oqibat baribir o‘qishni tamomladim. 1986-yilda o‘yishga kirgan bo‘lsam, diplomni 1998-yilda olganman. Biz yaqinda kurslhdoshlarim bilan uchrashgandik.

  • Shuncha yil o‘tishiga qaramay, hanuzgacha muloqot qilishinglar ajoyib.

Ha. Men yevroguruhda o‘qiganman, kamchilik bo‘lganmiz. So‘ngra barchamiz har joyga ko‘chib ketdi.

  • Nima uchun bunday kasbni tanlagansiz?

Bilasizmi, men savdo-sotiqda ham ishlaganman, ammo ishlab chiqarish menga qalban yaqinroq. Masalan, mebel ishlab chiqarish sohasida ishlaganman.

  • Otangiz kimyo mutaxassisi ekanlar, onangizchi?

Onam – hisoblash mashinalari muxandisi, hozir bu IT-texnologiyalar.

Ishlab chiqarishga kelsak, men shunchaki o‘z ishimni yaxshi ko‘raman. Ta’mirlash kerak bo‘lsa, men nazoratchi ustani chaqirmayman, barchasini o‘zim nazorat qilaman: dizaynni, ustalar ishini va h.k. Agar ular o‘zini sal bemalol his qilsa, yomon bo‘ladi, shuning uchun kuchli xarakterni ko‘rsatishga to‘g‘ri keladi. Shunda hammasi yaxshi bitadi.

Agar odam ishning mohiyatini bilmasa, uni aldash juda oson. Tushunadigan odamni aldash ham qiyin. Ishlab chiqarishning barcha sirlarini bilaman deb aytolmayman, ammo asosiy jarayonlarni yaxshi tushunaman.

  • Nima sababdan ustalar hiyla qilishga urinadi?

Ehtimol, gap hattoki foydada ham emas, balki dangasalikda. Masalan, shu detalni “andazalashni” istamaydi, uning o‘rtasini oladi va qolgan qismini tashlab ketadi, chunki o‘z puliga olmaganini biladi. O‘z puliga olganida materialni tejab ishlatgan bo‘lardi.

Shu bois, ishlab chiqarishda ham buni nazorat qilishga urinamiz. Yaxshi xo‘jalik boshqaruvchisi – yaxshi iqtisodchi bo‘lishi kerak. Ishlab chiqarishimizda qariyb 800ta odam ishlaydi. Barcha xodimlar va aksionerlarning daromadi ishning qancha hajmini bajarishimizga, qancha ishlab chiqarishimizga, qancha sotishimizga bog‘liq.

Rahbar lavozimida, birinchi navbatda, ishchilar haqida o‘ylash kerak. Ular haqida o‘ylamasang, ular ham ishlamaydi.

  • Siz hozir BMK tijorat direktorisiz. Bu Sizning birinchi rahbarlik ishingizmi?

Yo‘q. Men mebel tsexi va kichik metall konstruksiyalar zavodiga ham rahbarlik qilganman. 2019-yildan BMKda ishlab kelaman.

  • Yana kim bo‘lib ishlagansiz?

Oddiy ishchidan to rahbargacha bo‘lgan to‘liq yo‘lni bosib o‘tganman deya olmayman, ammo tsexda ishlashga ulgurganman. U yerda hammasi qanday tuzilganini bilmasdan va his qilmasdan rahbar bo‘lish juda qiyin.

  • Tsexda aynan nima bilan shug‘ullangansiz?

Men mebel tsexidan boshlaganman, avval qadoqlovchi, so‘ngra teshiklar parmalaganman, kesganman, dastgohda ishlaganman va shu tariqa davom etgan…

  • Zo‘rku!

Aytganimdek, tsexni his qilish kerak, chunki rahbar lavozimida, birinchi navbatda, ishchilar haqida o‘ylash kerak. Ular haqida o‘ylamasang, ular ham ishlamaydi va hech narsa bo‘lmaydi.

  • Siz ishlab chiqarishda ishlaysiz, lekin ishingiz baribir odamlar bilan muloqotga bog‘liq.

Ha, doim xaridorlar bilan muloqotda bo‘laman. Men mijozlar bilan gaplashishim, ularni ishontirishim kerak va buning mahsulot haqida bilimsiz iloji yo‘q. Chunki, nima ishlab chiqarayotganimizni bilmasam, kim mendan narsa sotib oladi? Men ishlab chiqarishni boshdan-oyoq bilishim kerak.

  • Zavodingiz aynan nima ishlab chiqaradi?

Temir-beton mahsulotlari.

  • Har qanday turdami?

Ha, buyurtma bo‘yicha har qanday turdagini. Biroq, faqat chizmalar asosida. Masalan, yaqinda menga cherkov qurayotgan odamlar qo‘ng‘iroq qilib, detallar ishlab berishni so‘rashdi. Loyihachilar hammasini hisoblab chiqqanidan so‘ng, mahsulotni tayyorlashga o‘tamiz.

Agar bizda zarur hujjatlar bo‘lmasa, hech narsa qila olmaymiz, chunki detal qanday yuklamaga chidashini, qanday sharoitlarda sinishi mumkinligini va boshqa narsalarni bilish kerak.

  • Uzoq jarayon bo‘lsa kerak.

Loyihalashmi? Ha. Hozir yerga investitsiya kiritishga ruxsat berildi, shu bois aksariyat tadbirkorlar 50 yilga uzoq muddatli ijaraga olmoqda. Oldimizga kelib, nimadir qurishni istashlarini aytishadi. Biz “chizmalarsiz ish boshlamaymiz” deb javob beramiz.

Buyurtmachilarning o‘zi hammasini loyihalashtirishi kerak. Aks holda, davlat qabulidan o‘tish, ya’ni bino to‘g‘ri qurilganini, barcha me’yorlarga rioya qilinganini isbotlash qiyin bo‘ladi.

Agar odam ish mohiyatini bilmasa, uni aldash oson

  • Siz Podmoskovyeda o‘qiganingizni aytgandingiz.

Yo‘q, u yerda xizmat qilganman. Sovet armiyasida. Bizda ukrainlar, moldavanlar, estonlar, litvaliklar, beloruslar – hamma bo‘lgan. Deyarli barcha 15ta respublikaning vakillari.

  • Qiziq, unda taqsimot qanday o‘tgan.

Tasodifiy. Esimda, biz Moskvaga poyezdda kelganmiz, tag‘in pasportlarsiz (ularni bu yerda olib qo‘yishardi). Platformada saf tortdik va bizni “sotib olishni” boshladilar. Shunday deyilardi: chaqiriqdagilarni olib ketish uchun “xaridorlar” kelgan.

  • U yerda nimani o‘rgangansiz? Avtomatdan otishnimi?

Yo‘q, stroybatda bunaqasi bo‘lmagan. Bizda faqat qurilishlar edi. Aytgandek, men suvoqchi bo‘lib ham ishlaganman. Moskvani ko‘rganman.

  • Demak, Moskvani qurgan ekansizda?

Qandaydir hissamni qo‘shganman, ha.

  • Men armiyaning har qanday batalonida harbiy mashqlar o‘rgatiladi deb o‘ylardim.

Harbiy tayyorgarlik bo‘lgan. Men bo‘linma komandiri bo‘lganman, tongda butun vzvodni uyg‘otib, yugurardik, belgacha yechinib, ishton va etiklarda tortilardik. Avtomatlarni esa bizga ishonishmasdi.

Natijada bir yarim yil xizmat qilganman, chunki 1989-yilda barcha talabalar armiyadan vataniga qaytishi kerak degan buyruq chiqqan. Institutdan ma’lumotnoma kelgan va men uyga qaytganman.

  • Demak, suvoqchi bo‘lishga ulgurgansiz? Qiziq, hozir o‘sha paytdagi ishingizni qabul qilarmidingiz?

Menimcha, qabul qilardim!

  • U paytdagi tizim qiziq bo‘lgan.

Biz o‘sha hayotni ko‘rishimiz kerak edi. Erkaklar maktabidan o‘tishimiz. Janjallar va boshqalar.

  • Yangi kelganlarni tahqirlashchi (dedovshina) – rostan bo‘lganmi?

Bizni davrda ko‘proq tanish-bilishchilik bo‘lgan. Men o‘zimni himoya qila olardim –  birovga musht qaytarmasdim, lekin o‘zim ham bo‘yin egmasdim. Umuman, turli voqealar bo‘lgan. Masalan, bizda moskvaliklar bo‘lmagan, ularni hamma oyisining erkatoyi deb hisoblardi. Ular boshqa darajada, xonaki deb faraz qilinardi.

  • Sayohat qilganmisiz?

2009-yilda Xitoyga borganman. O‘shanda o‘z tsexim bo‘lgan va ikkita dastgoh olishim kerak edi. Men bilan birga rafiqamning ukasi va do‘stim ketgan. Biz uchib kelib, uyg‘ur tarjimonni yollaganmiz – ular deyarli o‘zbekchada gaplashadi. Albatta, sarguzashtlarsiz bo‘lmagan. Men burnimni keraksiz joyga tiqishni yaxshi ko‘raman.

Do‘stim va rafiqamning ukasi mebel sotishardi, Xitoyda o‘zlariga kerakli tovar – shisha stol va stullarni sotib olishlari kerak edi (o‘shanda urfda bo‘lgan). Men ham uskunaga buyurtma bergandim. Yuklarni ortayotgan vaqtda dastgohlar joyida ekanligini tekshirish uchun furaga chiqdim. Mahkamlayotganda qo‘lim shu joyda qolib ketgani ma’lum bo‘ldi. Barmog‘im “ketdi”. Mana, ko‘rdingizmi?

  • Vuy! Rosa og‘rigandir?

O‘shanda kuchli qirsillagan ovoz chiqqan, rosa qon oqqan. Zo‘rg‘a to‘xtatganman. Keyin mahalliy provinsiya gospitaliga bordik va hattoki hozirgi davrga taqqoslaganda ham, u yerda hammasi yuksak darajada edi. Bizda hozir ham o‘shanda Xitoyda ko‘rganimdek gospital yo‘q.

Meni rentgen qilish uchun katta, temir bilan qoplangan kabinetga yuborishdi va 20 daqiqa o‘tgach suratlarni qo‘limga tutqazishdi. So‘ngra yettinchi qavatga jarrohlar oldiga ko‘tarildik. Men oyoqda zo‘rg‘a turardim. Tarjimon orqali menga operatsiya qilish zarurligi hamda shu yerda bir necha qolishim kerakligini aytishdi. Men bosh tortdim. Menga antibiotiklar yozib berishdi, bir necha kun ichdim. Tomchi dori qo‘yishdi. Keyin uyga uchib ketdim.

Toshkentga keldim. Travmotologiya markaziga bordim. Shifokor suratlarga qarab, “Yaxshiyamki keraksiz joyga burningni emas, qo‘lingni tiqibsan” dedi. Menga qoqsholdan ukol qilishganini so‘radi. Men esa bilmayman, nimalardir qilishdi, lekin u yerda hammasi xitoychada edi.

  • Hammasi tushunarsizmi?

Ha. Shifokor “Tez bilish kerak” dedi. Men undan qoqsholga qarshi ukol qilishni so‘radim, ammo travmotolog agar ukol qilingan bo‘lsa, ketma-ket takrorlash mumkin emasligini aytdi va uning Xitoyda amaliyot o‘tagan tanishi tarjima qilishi uchun qog‘ozlarni berishimni so‘radi.

Men esa har doimgidek toqatsizlik qilib, kasalxonaga borib shu ukolni olishga qaror qildim. Ma’lum bo‘lishicha, bu u qadar oson emas ekan: yo‘llanma talab etilarkan. Shunda Toshkent tibbiyot institutida ishlaydigan ukamga qo‘ng‘iroq qildim. U qaysidir korpusga kelishni va qog‘oz olish uchun uni nomidan kelganimni aytishni tayinladi.

Men keldim. Hamshira hammasini tayyorladi, men yengimni shimardim va shu payt cho‘ntagimdagi telefon qo‘ng‘iroq qilib qoldi. Men “Qilavering, keyin javob beraman” dedim. Hamshira ukolni qildi, men qo‘ng‘iroqqa javob berdim va menga “Senga qoqsholga qarshi ukol qilishgan” deyishdi. Shu joyda mazam qocha boshladi. Xuddi qo‘lim shishib ketayotgandek tuyula boshladi. (Kuladi.) O‘zi ukoldan emas, balki aytilgan gapdan mazam qocha boshlagandi.

  • Ha, qiziq safar, albatta. Hammasi o‘tib ketdimi?

Ha. Barmog‘im, ko‘rib turganingizdek, bitib ketdi. Shifokorlar ukol borasida ham tinchlantirgan, ayrim odamlarga jiddiy avariyalardan keyin ikki va uch kubikdan qilinarkan.

Agar odam ish mohiyatini bilmasa, uni aldash oson

  • Qiziqishlaringiz haqida so‘zlab bersangiz.

Mening barcha qiziqishlarim ham ro‘zg‘orga oid. O‘zim uchun nimadir quradigan bo‘lsam, bu jarayonga boshim bilan sho‘ng‘iyman. Men uchun har bir millimetr muhim, chunki nimadir tekis bo‘lmasa, keyin shu haqida o‘ylashdan to‘xtolmayman. Men juda injiqman. Shuning uchun, nimadir yoqmasa, darhol aytaman, lekin ishchilarning mehnatini ham yerga urmayman.

  • Hovlida yashaysizmi?

Yo‘q, kvartirada. Uyni endi quryapman. Mana masalan, usta eshikni o‘rnatayotganida qulf shurupini buray olmasdan, buning o‘rniga payvandlagan. Men “Nega unday qilding?” dedim va boshqa kelmasligini aytdim. U haqida yomon gapirmayman, ammo kimgadir ishi uchun pul to‘lar ekanman, shu ishdan mamnun bo‘lishni istayman.

Ehtimol, bu mening yaxshi jihatlarimdan emasdir: men doim kamchiliklarni ko‘raman. Boshqa odam go‘zallikni ko‘radi, men esa kamchiliklarni, albatta ular bo‘lsa.

Yaxshi xo‘jalik boshqaruvchisi – yaxshi iqtisodchi bo‘lishi kerak.

  • Menimcha, Sizning ishingizda shunday bo‘lishi ham kerak.

Bilasizmi, to‘g‘ri. Ishda ham doim “Buyurtmachi bizga pul to‘lagan, shuning uchun u yaxshi narsani olishi kerak” deyman. Mijozlarimiz doim natijadan qoniqishini xohlayman. Hozir bizda buyurtmachilar tavsiya xatlari yoki tashakkurnomalar taqdim etadigan amaliyot mavjud. Qayta aloqaga chiqish.

  • Norozi mijozlar ham bo‘ladimi?

Ha, axir inson omili katta o‘rin tutadi, uskuna ham ishlamay qolishi mumkin. Biroq, biz barcha muammolarni o‘z darajamizda “o‘chirishga” harakat qilamiz. Yigitlarni texnologlar bilan birga qurilishga yuboramiz, ular tekshiradi.

  • Buyurtmalaringiz juda katta bo‘lsa kerak?

Ha. Orient – keng ko‘lamli ishlar degani.

  • Davlat buyurtmalarini ham tez-tez olasizmi?

Ha. Bizda ham davlat (B2G), ham chetdan (B2B) mijozlar ham bor, ular bilan hozir ishlarni rivojlantirishga harakat qilyapmiz. Raqobat bo‘lishi kerak: 50 foiz davlat buyurtmalari bo‘lsa, 50 foizi – B2B.

  • Raqobat kuchlimi?

Ha. Bir qancha yirik kompaniyalar bor. Narxlari bilan biz raqobat qila olmaydigan kichkinalari ham bor, chunki ularning xarajatlari va ishchilari soni ham kamroq. Biz raqobatbardosh narxlarni belgiladik, endi hajm bilan ishlashga urinyapmiz, lekin vaqt va sifatga ta’sir ko‘rsatadigan minglab sabablar mavjud.

  • Ammo xaridorlar bozori ham katta, to‘g‘rimi?

Albatta, hozir qurilish avj olgan davr. Aytish mumkinki, qurilish bozori hattoki ortiqcha to‘yingan. Yerning narxlari juda o‘sib ketdi, pasayish ham bo‘lmaydi, chunki uni sotib olishga qurbi yetadiganlar topiladi.

  • O‘zingiz haqingizda yana biron nima aytib bering.

Men taomlar shinavandasiman. Mazali ovqatlanishni yaxshi ko‘raman. Yaxshi va mazali.

  • O‘zingiz ovqat tayyorlashni yoqtirasizmi?

Yo‘q. Lekin baliqni zo‘r qovuraman.

  • Palovchi? Aytishlaricha, erkak kishi palov tayyorlashni bilishi kerak ekan.

Rafiqam yaxshiroq tayyorlaydi. Ammo, to‘g‘ri, erkaklar pishirsa mazaliroq chiqadi deyishadi. Aytadilarku “Qo‘li shirin” deb.

  • Nimaga bunday?

Tushuntiraman. Masalan, biz ovqat pishirish uchun stolda bor hamma narsani ishlatamiz. Sotib olingan hamma narsa – qozonga yo‘l oladi. Bir kilo go‘sht olib keldikmi, palovga ham bir kilo go‘sht solamiz! Ayollar esa tejaydi. Me’yor ham ahamiyatga ega.

Текст:
Фото: