Skip to main content

Ma Yun ismli oddiy xitoy yigiti qanday qilib o‘z xayotini o‘zgartirdi, va shu bilan birga xitoy biznesini jahon savdosi darajasiga olib chiqdi, - so‘ngra panaga o‘tdi.

Jek Ma haqiqatan ham mavjudmi, yoki u aslida maxsus xizmatlar agentimi (balki qaysidir hastaning tasavvurlari mevasidir)?

Jek Maning biografiyasi Kayzer Soze – “Shubhali odamlar” filmidagi o‘ziga xos xarakterli qahramonga o‘xshaydi. Muammo shundaki, biz tadbirkorning hayoti haqida faqatgina uning so‘zlaridan bilamiz. Va biz, balki ishonarsiz hikoyachi bilan yuz kelayotgandirmiz. Balki, bunday emasdir… Kim biladi?

Bilamizki, Jek (asli ismi Jek emas, Ma Yun) bir vaqtlar Xitoy hukumatiga ishlagan. Biroq, u eng yuqorida uchayotgan qush emasdi – vazirliklardan birida departamentni boshqargan. Uning majburiyatlariga turli internet-loyihalarni rivojlantirish kirar edi. Va ko‘rib turibmizki, o‘zi ham ancha rivojlanib ketti.

Alibaba’ning siri

Afsonaga ko‘ra, yosh Ma Yun qachonlardir KFCga ishga qabul qilinmagan: u haddan tashqari faol bo‘lgan, va ish beruvchilar uning bir maromdagi ishni eplay olishidan shubhalanganlar

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Ma Yun 1964-yilda Xanchjou shahrida dunyoga kelgan. Uning ota-onasi kamtar musiqachilar bo‘lishgan. Ma boy ishbilarmon bo‘lishni orzu qilardi. Shuning uchun 12 yoshida u allaqachon ingliz tilini bilar edi. U amerika radiosini tinlash orqali va velosipedida mehmonxonaga borib, u yerdagi sayyohlar bilan gaplashib bilimlarini oshirgan.

Matematika bo‘yicha imtihondan esa o‘ta olmadi. Hatto universitetga ham uchinchi urinishdan keyingina qabul qilindi. Juda martabali o‘qish emas – balki, Xanchjoudagi pedagogika universitetiga.

Aytishlaricha, universitetdagi o‘qishi davomida u KFCga ishga kirmoqchi bo‘lgan, ammo uni ishga olishmagan. Go‘yoki, potentsial ish beruvchilar arizachining monoton ishlarni yetarli darajada bajarish qobiliyatiga shubha qilishgan. Aytishlaricha, ish uchun suhbatga 24 kishi borgan. Ishga esa 23 kishini qabul qilishgan.

Shunga qaramay, u o‘qish davomida AQShga malaka oshirish uchun borgan va hamma narsani “gubkaga shimilgan suv” kabi o‘zlashtirib olgan. AQShda u Xitoy mamlakat internetlashishidan naqadar ortda qolganini anglab yetdi. Va aynan Internetga butun umrini bag‘ishladi. Va yana biznesga ham … Bu qandaydir filmning boshlanmasiga o‘xshaydi, shunday emasmi?

Alibaba’ning siri

Alibaba Groupning kompaniya asoschisi Jek Ma tug‘ilgan Xanchjou shahridagi bosh qarorgohi

Nima uchun Alibaba’ga bunday g‘ayrioddiy nom berilgan

Aslida javob variantlari bir nechta. Va barchasi noto‘g‘ri. Balki, ular orasida to‘g‘risi ham bordir, lekin bunga ishonish qiyin. Biz haqiqatni faqatgina, agar Jek Ma qachonlardir o‘z avtobiografiyasini birorta to‘qimalarsiz chiqarsagina bilib olishimiz mumkin.

Hozirda afsonaning asosiy versiyasida aytilishicha, Ma bu nomni bolaligida Ali Baba haqidagi ertakni yaxshi ko‘rganligi sababli o‘ylab topgan. U Alini yaxshi axloqiy tamoyillarga ega inson deb hisoblaydi. Bundan tashqari, tavakkal qilishdan qo‘rqmaydigan tadbirkor deb ham. O‘xshashlikni angladingizmi?

Yana bir parallellik bor edi. “Qirq qaroqchi” ertagida sehrli so‘z yordamida ochiluvchi eshik ortida yashiringan xazina haqida keltirilgan. Jek uning biznesi ham kichik kompaniyalar uchun xuddi shunday “xazinalarga to‘la g‘or” eshigini ochishiga qaror qildi. Va bu uchun sehrli so‘z “Sim-sim, ochil” deyish shart emas.

Yana bir apokrifik versiya ham bor. Unga ko‘ra Jek Ma San Fransiskoda qahvaxonada o‘tirib, o‘tgan-ketganlardan ularga shunday nom yoqish-yoqmasligini so‘ragan. Balki Silikon vodiysining qoq markazida bir xitoylik Ali Bobo haqida so‘rashi o‘ziga xos manzaradir. Shuning uchun ko‘pchilik ijobiy javob bergan..

Startapni ishga tushirish uchun Jek mablag‘ni qayerdan oldi? Xitoyliklardanmi?

Har qanday yaxshi startaper kabi, Jek ham venchur investorlarga uchrashib, uning loyihasi “uchishi” haqida og‘zini to‘ldirib isbotlashga urindi. Alibaba’ni boshlash uchun unda allaqachon bir nechta amalga oshgan g‘oyalar bor edi. Ularni mega-muvaffaqiyatli deyish qiyin. Biroq, bu muvaffaqiyatsizlik deyishga ham til bormaydi. O‘rtacha yaxshi kompaniyalar.

Jek Alibaba’ni ochish g‘oyasi bilan okean ortiga yo‘l oldi va bir qancha banklarda o‘z loyihasini namoyish etdi. Natijada investorlar bozoridagi ikki yirik o‘yinchilar – Goldman Sachs va Softbank Jekka sarmoya tikishdi. U 25 million dollarni qo‘lga kiritdi. Shunday qilib, amerikaliklar Jekning loyihasini ishga tushirishda drayverlar bo‘lishdi.

Va albatta, Maning yaxshi aloqalari ham yordam berdi. Birinchidan, programmachilar orasida. Departamentdagi ish faoliyati davomida deyarli o‘zining jamoasiga ega edi. Ikkinchidan, Xitoy hukumatida. U tezda kerakli ruxsatnomalarga erishdi va hukumatga “yaxshi bola” bo‘lishga va’da berdi. Xitoyda barcha narsa qat’iy: biznesni siyosatdan uzoqlashtirish kerak. Siyosatni esa biznesdan. Kelajakda Jek bu qoidadan chetga chiqadi. Biroq boshlanishi “bulutlarsiz” edi.

Alibaba’ning siri

Jek Ma Tokio universitetidagi o‘z ma’ruzalarida

Bundan chiqdi, Alibaba shunchaki G‘arbning muvaffaqiyali kompaniyalaridan nusxa olyapti, shundaymi?

Masalan, Taobao savdo maydoni. Bu eBay’ga o‘xshash, lekin xitoy bozori uchun mo‘ljallangan. Shunisi qiziqki, bu loyiha Alibaba kompaniyasi allaqachon ish yuritayotgan, lekin endi kurtak ochayotgan vaqtda ishga tushirilgan. Shu bilan birga, jamoa aynan Jekning kvartirasida ish olib borgan. Breynstormlar o‘tkazishgan, kodlar yozishgan, pitsa yeyishgan. Aytish kerakki, Jek kodlar borasida hanuzgacha hech narsani tushunmaydi, biroq shunga qaramay, u boshqaruvni yaxshi eplay olyapti.

Taobao – bu internet-auksiyon bozori. Sotuvchi mahsulotini joylashtiradi, potentsial haridorlar esa o‘z narxlarini taklif qilishadi. G‘ayrioddiy hech nima yo‘q. Biroq eBay lokalizatsiyasi xitoyliklarga uncha yoqmasdi. O‘z manbalari esa oddiy xitoylik fuqarolarning xohishlarini yaxshi tushunar va xuddi ertaknamo qahramondek, kuniga go‘yo bir yil tezlikda rivojlanardi. Loyihani 2003-yil bahor oylarida ishga tushirishgan bo‘lsa, 2006-yilda eBay o‘z xitoy biznesini yig‘ishtirishga qaror qildi.

Garchi ba’zi bosqichlarda amerikaliklar Jekga sherik bo‘lishni ham taklif qilishgan. Tomonlar qo‘l berishga yaqin turishgandek edi. Ammo Ma yakunida orqaga yurish qildi. Unga, amerikaliklar buni yashirgan bo‘lsalar-da, ular tom ma’noda muvaffaqiyatsizlikka uchragan va yomon o‘yinda kulib turgandek tuyuldi. Va shunday ham bo‘ldi.

Alipay loyihasi ham oz muncha shov-shuvli bo‘lmadi. Bu ham allaqachon mavjud bo‘lgan to‘lov qilish sistemasining analogi. Paypal to‘g‘risida Jek Davos shahrida bildi. O‘sha paytlarda Xitoyda bu ta’qiqlangan edi, shunga qaramay, ishlab chiqish jarayoni boshlandi. Va tez orada Xitoy hukumati o‘z fikrini o‘zgartirib, Jekga biznes boshlash imkonini berdi. Buni yana kimdir uddalay olgan bo‘larmidi? Fikrimizcha, har qanday tadbirkorning ham qo‘lidan kelmasdi.

Kompaniyada shuningdek, bulutli hisoblashga bag’ishlangan bo’lim mavjud, misol uchun,  Amap navigatori kabi innovatsion xizmatlar. Va albatta, taom yetkazib berish xizmati, busiz iloji yo‘q! Bir so‘z bilan aytganda, bu xuddi Amazon bilan eBayning nikohsiz tug‘ilgan bolasiday, va u boshqa IT-gigantlardan nimalardir o‘zlashtirib olganga o‘xshaydi. Va bu kompaniyalarning barcha ishlanmalari Xitoy tuprog‘iga ehtiyotkorlik bilan ko‘chirildi.

Jek haqida yana bir nechta faktlar

Jek Maning birinchi loyihasi ChinaPages deb nomlangan. Bu klassik “Sariq sahifalar”, ya’ni telefon ma’lumotnomasining raqamlashtirilgan analogi edi. U barcha Xitoy tashkilotlarini jamlagan edi. Loyihani ishga tushirish uchun u qarz olgandi. Aytgancha, bu mablag‘ juda kulgili – atigi ikki ming dollar bo‘lgan.

Alibaba direktorlar kengashlarida loyihalarni muhokama qilishda Ma o‘ziga xos tarzda harakat qiladi: agar 90% g‘oyaga rozi bo‘lsa, tadbirkor uni rad etadi. Bu yerda mantiq shundayki, agar barchasi hamma uchun tushunarli bo‘lsa, demak, bu joy katta ehtimol bilan band bo‘ladi.

2013-yilda Alibaba IPO ga chiqdi. Shu bilan birga, Jek Ma kompaniya rahbari lavozimini tark etdi va buni xayriya bilan shug‘ullanish istagi bilan izohladi. Ketishdan oldin u o‘z “bolasini” yetti yo‘nalishga ajratdi, ularning har biri o‘z boshqaruvchisi bo‘lgan 25 ta bo‘limga ega. Shu tariqa u startapning qulay muhitini saqlab qolishga umid qildi.

Jek Maning aytishicha, kompaniyani ilgari surish uchun yorqin biror narsa qilish va har tomonlama e’tiborni jalb qilish kerak. Alibaba kompaniyasining o‘n yillik yubileyida u pank kiyimida kompaniya xodimlariga qo‘shiq kuylagan.

Jek Ma internetni tushunmaydi, kod yoza olmaydi va texnologiyada zaif. Shu bilan birga, u mijozlarni yaxshi tushunadi va professionallar jamoasini qanday boshqarishni biladi. Ma har doim shunday degan: agar kompaniya rahbari texnologik nozikliklarni mutaxassislardan yaxshiroq tushunsa, demak, u noto‘g‘ri jamoani yig‘gan.

Qanday qilib Jek doim suvdan quruq chiqadi?

Aslida u buni uddalay olmaydi. Ba’zida Jekning tug‘ma mutanosiblik tuyg‘usi unga pand beradi va bu uni biroz hayajonlantiradi.

2013-yilda Jek Ma intervyu berdi, unda XXR ni, jumladan, internetdan foydalanishni cheklash nuqtai nazaridan ham qo‘llab-quvvatlashini aytib o‘tdi. “Sotsialistik mulkni talon-taroj qilgani” uchun otib tashlangan boshqa bir tadbirkor Zeng Chengjie taqdiri ishbilarmonning ko‘z o‘ngidan o‘tgan bo‘lsa kerak.

O‘sha vaqtda qatag‘on to‘lqini Jekni aylanib o‘tib ketgan edi. Ammo 2020 yilda uning kompaniyasi ikkita birja – Shanxay va Gonkongga kirish imkoni bilan 35 milliard dollardan ortiq mablag‘ yig‘moqchi bo‘lgan dunyodagi eng yirik IPOga tayyorgarlik ko‘rayotgan edi. Va shu yerda asablar dosh berolmadi. Tartibga soluvchi va Jek jangda to‘qnashdilar.

Markaziy bank Alibaba’ning faoliyatini tekshirishga kirishdi, unga javoban esa, Jek Shanxaydagi konferensiyada hukumatning moliyaviy siyosatini tanqid qilib nutq so‘zladi. Deyarli 20 daqiqa mobaynida u Xitoydagi doimiy nazorat innovatsiyalarni “bo‘g‘ishini” gapirdi.

G‘alaba nazorat qiluvchi tomonga o‘tdi. Alibaba boshqaruvidagi Ant Group kompaniyasi listingi ortga surildi. Kompaniyaning aksiyalari narxi tusha boshladi. Ikki yil ichida u sarmoyasining deyarli yarmini yo‘qotdi (60 milliard dollar edi, 30 qoldi). Buning hammasi koronavirus vaqtida, onlayn-savdo go‘yo steroidlar bilan oziqlanib o‘sayotgandek edi.

Hozir kunda Jek kompaniyadagi barcha lavozimlaridan voz kechgan, va Xitoydan uzoqroqda yashashni afzal ko‘rgan. U hatto ishga kirgan. Tokiyo universitetida ma’ruza o‘qiydi. Aytishlaricha, uning mashg‘ulotlariga navbatda turishadi.

 

Текст: