Skip to main content

Gipershaxsiylashtirish, ijtimoiy tarmoqlar sotuvlarning asosiy vositasi sifatida va atrof-muhit muhofazasi: yaqin yildagi asosiy jahon trendlari

2020-yildan buyon turmushning turli jabhalarida keng ko‘lamli o‘zgarishlar yanada tezlashishiga sabab bo‘lgan inqirozlar ketma-ketligi dunyoni larzaga soldi. Yangi kasalliklar, harbiy nizolar, resurslar tanqisligi, iqlimga doir inqiroz va texnologik bum qadriyatlar va iste’mol afzalliklarini qayta anglashga majbur qildi. Bu jarayonga birinchilardan bo‘lib biznes munosabat bildirdi hamda so‘nggi yillarda yuzaga kelgan qator trendlarga amal qilish muvaffaqiyatning sinonimiga aylandi.

Biznes-modellar inqilobi

Gartner Inc. yetakchi xalqaro konsalting firmasi raqamlashtirishni “biznes-modelini o‘zgartirish va yangi manbalarni taqdim etish uchun texnologiyalardan foydalanish” sifatida ta’riflaydi. Axborot uzatilishining so‘zsiz tezligi, internetga ulanish barqarorligi hamda mukammal o‘tkazuvchanlik qobiliyatini kafolatlaydigan 4G va 5G texnologiyalari tufayli XaaS (Anything as a service) biznes-modeli jadal sur’atlarda rivojlanmoqda.

SaaS (Software as a service – dasturiy ta’minotni sotish o‘rniga obuna bo‘yicha taqdim etish) modelidan keyin paydo bo‘lgan XaaS raqamli mahsulotlar, vositalar va texnologiyalarning (zamonaviy kompaniyaga zarur bo‘lgan hamma narsa) ulkan ko‘lamini xizmatga aylantirmoqda. Tadbirkorlar XaaS yordamida tayyor dasturiy ta’minot (SaaS), ishlanmalar uchun platformalar (PaaS), infratuzilmalar (IaaS) va boshqa ko‘p narsalardan foydalanish uchun obunani o‘z yechimlarini ishlab chiqishga mablag‘larini tejagan holda rasmiylashtirishi mumkin.

Global bozorlar beqarorligi va yuqori tavakkallar sharoitida XaaS biznesga sezilarli moslashuvchanlikni taqdim etgan holda darhol ilg‘or texnologiyalardan foydalanish hamda raqobatdardoshlikni saqlab qolish imkonini beradi. XaaS-modeli 2024-yilda va keyinchalik ham qat’iy o‘sib boradi. Spherical Insights LLP xalqaro konsalting kompaniyasining baholashlariga ko‘ra, yaqin olti yil ichida jahonda XaaS-model bo‘yicha taqdim etiladigan xizmatlar hajmi yiliga o‘rtacha 23,4 foizga oshib boradi va o‘n yillik oxiriga borib $1,2 trillionga yetadi.

Biznesning yangi qiyofasi

Gipershaxsiylashtirish va xohishlarni oldindan bilish

Sun’iy ong hozirning o‘zidayoq korporatsiyalarga mijozlarga doir katta hajmdagi ma’lumotlarning chuqur tahliliga asoslangan qarorlarni qabul qilishga yordam bermoqda. Masalan, Amazon foydalanuvchilar o‘zi aytishidan avval ularning istaklarini oldindan bilish uchun sun’iy ongdan foydalanadi. Buning uchun korporatsiya mashina ta’limotining murakkab algoritmlari yordamida mijozlarga oid katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qiladi. Natijada kompaniya iste’molchining batafsil portretiga ega bo‘ladi va unga avtomatik tarzda tovar va xizmatlar bo‘yicha shaxsiylashtirilgan takliflarni taqdim etadi.

2024-yilda trend tarqalishda davom etadi va tobora ko‘proq kompaniyalar mahsulot va xizmatlar bo‘yicha mijozlarga individual takliflarni taqdim etish uchun ilg‘or tahlil, sun’iy ong va mashina ta’limotidan foydala boshlaydi. Shuningdek, mijozlarga doir barcha mavjud ma’lumotlarni bir joyga to‘playdigan platformalar ham taraqqiy etadi. Bozor trendlarini tahlil qilish va shaxsiy takliflarni yaratishda ularga teng keladi bo‘lmaydi.

Accenture konsalting firmasining ma’lumotlariga ko‘ra, 91 foiz iste’molchilar aynan o‘zlari uchun dolzarb bo‘lgan taklif va tavsiyalarni taqdim etadigan brendlarni afzal ko‘radi. Shu tariqa, shaxsiylashtirilgan mijozlarga doir tajriba mijozlar sodiqligini oshirish va raqobatbardoshlikni saqlab qolish uchun asosga aylanmoqda.

Avtomatlashtirish atrofidagi munozaralar

Sun’iy ong qo‘llaniladigan yana bir asosiy soha – biznes-jarayonlar va mijozlarga xizmat ko‘rsatishni avtomatlashtirishdir. Sun’iy ong asosida yaratilgan vositalar hozirdanoq takrorlanuvchi odatiy vazifalarni muvaffaqiyatli bajarish orqali mehnat unumdorligini oshirib, xarajatlarni qisqartirmoqda. Masalan, chat-botlardan foydalanish mijozlarning asosiy savollari va shikoyatlariga javob olishning eng tezkor usuliga aylanib, kol-markazlardagi xodimlarga yanada murakkab so‘rovlarga e’tibor qaratish imkonini beramoqda.

Shu bilan birga, avtomatlashtirish sun’iy ongning o‘ta tez rivojlanishi iqtisodiyotning turli sektorlarida millionlab odamlarni ishsiz qoldirishi mumkinligiga doir xavotirlar sababli keskin bahslar markazida qolmoqda. Xususan, mehnatlari avtomatlashtirilishiga qarshi chiqqan ssenariy yozuvchilari va aktyorlarning ikkita keng ko‘lamli ish tashlashi Gollivudni larzaga solib, kino jarayonini butkul to‘xtatib qo‘ydi. Yaqin orada boshqa sohalarning vakillari ham qarshilik harakatiga qo‘shilishi ehtimoldan yiroq emas.

Ekologiya va qadriyatlarga g‘amxo‘rlik

Iqlim o‘zgarishi vayronkor tabiiy ofatlarni yuzaga keltirayotgan, resurslarninsh adolatli taqsimlanishi uchun kurash esa o‘ta keskin tus olayotgan davrda ham iste’molchilarda, ham investorlarda ijtimoliy va ekologik mas’uliyatli biznesga bo‘lgan talab ortib bormoqda. 2024-yilda ekologiya, ijtimoiy adolat hamda yaxshi chamalangan korporativ boshqaruv muammolariga e’tiborni talab qiluvchi barqaror taraqqiyot tamoyillari biznesda, ayniqsa xalqaro miqyosdagi kompaniyalarda birinchi o‘ringa chiqadi.

Yaqin yillarda faoliyatining atrof-muhit va jamiyat uchun salbiy oqibatlarini kamaytirish bo‘yicha aniq, harakatlar rejasi bilan mustahkamlangan strategiyaga ega bo‘lmagan kompaniyani tasavvur qilish tobora qiyinlashadi. Ushbu rejalar kompaniyaning butun yetkazib berish zanjiri hamda ta’minotchilarining ESG hisob ma’lumotlarini qamrab oladi. Masalan, ma’lumotlarga qayta ishlov berish markazlarining atrof-muhitga zararli ta’siri yuzasidan keskin tus olgan munozaralar sababli, tadbirkorlar bulutli xizmatlarni yetkazib beruvchilarga ko‘proq e’tibor qaratadilar.

Bularning barchasi barqaror texnologik yechimlar bozorining o‘sishiga olib keladi. Vantage Market Research tadqiqot tashkilotining hisobotiga ko‘ra, 2021-yildan 2028-yilgacha bo‘lgan davrda bozor $10,9 mlrd.dan $44,4 mlrd.gacha o‘sadi. Bunda, o‘sishni harakatga keltiruvchi kuch aqlli texnologiyalar bo‘ladi. Sun’iy ong va buyumlar internetidan foydalanish kompaniyalarga atrof-muhitdagi o‘zgarishlarni monitoring qilishda, ifloslantiruvchi moddalar chiqishini qisqartirishda va maqbul biznes-echimlarni qabul qilishda yordam beradi.

Masalan, kompaniyalarning buyumlar interneti bilan integratsiyalangan avtoparklari ma’lumotlarni uzatishda yuk tashishda yonilg‘i sarfini kamaytirish hamda samaradorlikni oshirish imkonini beruvchi ilg‘or telemetikadan foydalanadi. Shuningdek, biznesning atrof-muhitga ta’sirini baholash uchun dasturiy ta’minotning rivojlanishi hamda elektron hujjatlar aylanmasiga to‘laqonli o‘tishni ham ta’kidlash zarur.

Biznesning yangi qiyofasi

Moslashuvchan ishchi kuchi

Pandemiya rasman tamom bo‘lganidan so‘ng moslashuvchan ish variantlari va karerani qurishga doir trend, hattoki aksariyat xodimlar ixtiyoriy ravishda ofislarga qaytganiga qaramay, hech qayerga yo‘qolmadi. Shuningdek, ko‘pincha boshqa davlatlarda yangi ish izlashni afzal ko‘radiganlar ham bor. My Millennial Guide tahliliy moliyaviy portalining baholashiga ko‘ra, 2024-yilda 72 foiz korporativ ishchilar gibrid ish shakliga amal qiladi.

Trend allaqachon mehnat resurslari boshqaruvini keng ko‘lamli darajada qayta anglashga majbur qildi va kompaniyalar ishchilarning unumdorligi va qiziqishini oshirish usullarini faol izlamoqdalar. 2024-yilda kompaniyalar zarur xodimlarga moslashuvchan ish jadvallari, o‘qish hamda zamonaviy qadriyatlarga mos ishni taklif qilgan holda, ularni saqlab qolishga ko‘proq e’tibor qaratadilar.

Bundan tashqari, tezkor raqamli transformatsiya kompaniyalarning xodimlari ishda sun’iy ong, aqqli robotlar va boshqa eng yangi texnologiyalardan tobora ko‘proq foydalana boshlashiga olib keladi. Bu ulardan tadbirkorlar zimmasiga yuk bo‘lish tushadigan muntazam qayta o‘qishni va malaka oshirishni talab qiladi.

Ijtimoiy tarmoqlar asosiy savdo kanali sifatida

Ijtimoiy tarmoqlar orqali onlayn-tijorat boshqa savdo kanallarini faol siqib chiqara boshlaydi. Statista biznes-tahlil platformasi 2023-yilda ijtimoiy tarmoqlar orqali amalga oshirilgan xalqaro sotuvlar hajmini $1,298 trillionga baholadi, 2026-yilga borib esa bu ko‘rsatkich deyarli $3 trillionga yetishi kerak. McKinsey konsalting gigantining fikricha, ijtimoiy tarmoqlar reteyldagi sotuvlarda yetakchi kanalga aylanadi.

Bu fikrni 2022-yilda 63 foiz amerikaliklar ijtimoiy tarmoqlar orqali xaridlarni amalga oshirganligini hisoblab chiqqan Wunderman Thompson marketing kommunikatsiyalari agentligining tadqiqoti ham tasdiqlamoqda. Mazkur hisobda Facebook va Instagram platformalari yetakchilik qilmoqda.

Shu munosabat bilan, biznes ijtimoiy tarmoqlarga tobora ko‘proq e’tibor qaratib, sotuvlar uchun yangi yondashuvlarni qidira boshlaydi. Xususan, brendlar va kompaniyalar ijtimoiy tarmoqlarda jamiyatlarni yaratish orqali mijozlarni obunachilarga aylantirish taktikasiga amal qiladi. Buning uchun ular ko‘proq xizmatlar yoki mahsulotlardan foydalanish tajribasi bilan o‘rtoqlashadigan mijozlar tomonidan yaratiladigan kontentga murojaat qiladilar. Bunday yondashuv ijtimoiy tarmoqlar auditoriyasiga biznes va uning faoliyatiga haqiqatda razm solish imkonini beradi hamda potensial mijozlar ishtiroki va mavjud mijozlar sodiqligini oshiradi. Bundan tashqari mamnun mijozlarning sharhlari yangi mijozlarni jalb etish va bazani kengaytirishga yordam beradi.

Biznesning yangi qiyofasi

Kompaniyalar tomonidan qo‘llaniladigan yana bir taktika mikro va nanoinflyuenserlar, ya’ni 500dan 100 000tagacha auditoriyaga ega blogerlarning xizmatlaridan foydalanish bo‘ladi. Aynan shu blogerlar toifasi kichik hamjamiyat auditoriyasida ko‘proq qiziqish uyg‘otishi mumkin. Ular o‘zlarini “millionli” blogerlar emas, balki mikroinflyuenserlar sifatida taqdim etadilar. Tadbirkorlar e’tibor qaratishi kerak bo‘lgan asosiy narsa, bu – mikroinflyuenserlar ma’lum biznes yo‘nalishini qamrab olganligi, o‘z auditoriyasiga egaligi va investitsiyalarning yuqori rentabelligini ta’minlay olishidir.

Текст: