Skip to main content

Raqamli o‘xshashlar uyingizda mebelni to‘g‘ri joylashtirib berishga, yangi neft qazib chiqarish platformasini sinovdan o‘tkazishga yoki marketpleys mijozlarining sonini ko‘paytirishga yordam beradi. Keling, bu qanday ishlashini ko‘rib chiqamiz.

“RAQAMLI O‘XSHASH” – eshitilishi yomon emas. Miyaga darrov, unda Dostoyevskiy kitoblarining qahramonlari o‘zlarining onlayn-nusxalarini yaratgan holda, turmush muammolarini hal qilishga harakat qilayotgan kiberpank keladi. Aslida esa, hammasi juda oddiyroq. Atamalarni ko‘rib chiqamiz. Bunda, har doimgidek, nazariy va amaliy qismlari mavjud. Raqamli o‘xshashlar paydo bo‘lishining nazariyachisi Michigan universitetining professori Maykl Grivs – uzoqdan qarashda, keksayib qolgan britan bosh vaziri Boris Djonsonni eslatayotgan oq sochli, ko‘ngli ochiq bir amaki. U konsepsiyasini huddi shunday: “Raqamli o‘xshashlarning kelib chiqishi” deb nomlangan ilmiy ishida ta’riflagan. Bu 2002-yilda, texnologiyalar  rivojlanishi hali Internetdan MP3-fayllarni ham yetarlicha yaxshi tezlikda yuklab olish imkoniyatini bermagan paytda sodir bo‘ldi. Ya’ni, doktor Grivs uzoq kelajakni ko‘ra olgan. Uning ishida, odatda bo‘lgani kabi, ko‘plab fikrlar, gipotezalar, formulalar va tushunchalar bo‘lgan. Eng asosiysi bu bo‘lsa kerak:

Mukammal sharoitda buyumdan olinishi mumkin bo‘lgan barcha ma’lumotlar uning raqamli o‘xshashidan ham olinishi mumkin

Dubl yaratdi

Maykl Grivs

Aqlli insonlar bu kitobni o‘qishdi. Va xulosalar qilishdi. 2010-yildayoq, o‘zining texnologik jihatdan ilg‘or agentlik maqomini tasdiqlashga harakat qilayotgan NASA tantanali ravishda, u fazoviy kemani shu qadar realistik va mayda-chuydalari bilan modellashtirishga erishganini e’lon qilib, gap darhaqiqat to‘laqonli raqamli nusha haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin edi. Onlayn-fazoda barcha bosqichlarni sinovdan o‘tkazish mumkin edi, shu jumladan, bo‘lajak kemaning sinovlarini va hattoki boshqa sayyoralarga parvozlarni. Bu haqiqiy yutuq edi. Kundalik hayotimizga buyumlar interneti va sun’iy intellekt kabi biz odatlangan narsalar kirib kelgandan keyin esa, bunday modellarning ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi. 2018-yildayoq bozor ishtirokchilari raqamli o‘xshashlarni yaratish texnologiyasini “etarlicha yetuk” deb ta’riflashardi. Kimdir esa hattoki, u o‘zining cho‘qqisiga yetgan deb hisoblardi.

  • Virtual model (raqamli o‘xshash) va real ob’ekt ishining o‘rtasidagi nuqson 5% dan oshmasligi kerak.
  • Bundan bir-ikki yil oldin dunyoda 1,2 mln raqamli o‘xshashlar bor edi; hozirda ularning soni 2 mln’dan ortdi.
  • Neft-gaz sohasidagi quduqning raqamli o‘xshashi 5-20% kapital xarajatlarni tejashga yordam beradi.

Raqamli o‘xshashlarga misollar

Hozirda raqamli o‘xshashlarni real ob’ekt, ob’ektlar yoki jarayonlar guruhining virtual prototipi sifatida ta’riflashadi. Aslini olganda, bu yig‘ilgan ma’lumotlarning katta miqdori asosida yaratiladigan dasturiy mahsulot. Bunda u, o‘rnatilgan datchiklar hisobiga o‘zining prototipi haqidagi ma’lumotni ham uning qurilishi jarayonidan, ham undan foydalanish vaqtida to‘plashi mumkin.

Ya’ni, siz fazoviy kema qurdingiz. Uni onlayn-muhitda sinovdan o‘tkazdingiz. Keyin, aytaylik, Marsga yubordingiz. Va u qizil sayyora yo‘nalishida uchayotgan paytda raqamli o‘xshash ma’lumotlarni yig‘ishda va asl nusxaning o‘zgarishlariga moslashishda davom etadi. Masalan, Marsga uchib kelishda qo‘nishni modellashtirish maqsadida.

Dubl yaratdi

Undan tashqari, butun bir zavodning raqamli o‘xshashi bo‘lishi mumkin. Tabiiyki, bu Sims da o‘z yunitingizni qurishdek bir gap emas. Bunday model onlayn rejimda barcha texnologik jarayonlarni kuzatish, har bir ma’lum paytda qancha mahsulotingiz borligini va u qaysi omborda ekanligini tushunish, hamda u bu kim xavfsizlik yo‘riqnomasini buzib, yana dastgoh oldida chekayotgani haqida xabardor bo‘lish imkoniyatini beradi.

Tushuntirish uchun eng oson misol esa – bu har bir alohida Tesla avtomobili uchun yaratilgan raqamli o‘xshash. Ularning ichiga maxsus IoT-datchiklar o‘rnatilgan (IoT, ya’ni InternetofThings – buyumlar interneti). Ular avtomobil holati haqida ma’lumotni o‘qiydi va zavodga yuboradi. U yerda esa sun’iy intellektning o‘zi (!), avtomobilga texnik xizmat ko‘rsatish kerakmi yoki hammasi joyidaligi borasida qaror qabul qiladi. Bundan tashqari, ba’zi yuzaga kelayotgan xatolarni (“Injektorimda datchik yonyapti!”) masofadan turib ham bartaraf etsa bo‘ladi. Bu haqida hattoki avtomobil egasining o‘zi ham bilmasa bo‘ladi (tabiiyki, har oyda hisobot talab qilib, uni o‘rganib chiqmasa).

Dubl yaratdi

Bunday texnologiyalar hozir qayerda qo‘llaniladi?

Xatoga yo‘l qo‘yish xavfi juda yuqori bo‘lgan va jiddiy moliyaviy yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan joylarda. Asosan, bu neft-gaz va neft-kimyo sanoati. Quduqlarning raqamli o‘xshashlaridan foydalanish 5 dan 20% gacha kapital xarajatlarini tejashda yordam berishini namoyish qiluvchi statistika mavjud. Shuningdek, samolyot dvigatellarini ishlab chiqarish va transportga ham o‘xshashlar faol tarzda joriy etilmoqda. Navbatdagi lokomotivni relslarga chiqarishdan oldin uni onlayn-muhitda sinov qilishadi.

Oddiyroq biznesdachi?

Ha. Axir texnologiyaning o‘zi ham ancha oddiylashgan. Aytaylik, bironta marketpleysning omborida raqamli o‘xshashning joriy etilishi omborning 3D-modelini yaratish imkonini berib, u barcha xonalarni, stellajlarning, mahsulotlarning joylashishini, texnika va xodimlarning harakatlanishini aniqlik bilan takrorlaydi. Bundan so‘ng esa biznes egasi yetarlicha aniq prognozlar qilishi mumkin: mahsulotlar oqimi ko‘paygan holda nima bo‘ladi? Yoki logistikani? Ombordan bir kishini olib tashlab, ish haqiga xarajatlarni bir oz tejab qolsamchi?

Restoranda ham aynan shunisini qilish mumkin. Riteylda ham. Istalgan joyda! Hattoki futbol klubida ham, axir bu ham biznesku. Bunda hattoki IoT-datchiklarga ham hojat yo‘q.

Har bitta biznesning raqamli o‘xshashi bo‘lishi shartmi?

Yo‘q, albatta. Agarda joyingiz 200 ta o‘tirish joyiga ega restoran emas, uchta deyarli yonma-yon turgan stollar uchun dunyodagi eng zo‘r osh tayyorlanadigan kichkina makon bo‘lsa, siz juda katta mablag‘ (vaqt) sarflagan bo‘lasiz va shundoq ham ko‘z oldingizda bo‘lgan narsaga ega bo‘lasiz. Shuning uchun, ba’zan, oldindagidek ishlash osonroq va arzonroq.

Boshqa ehtimolligi bor muammolar haqida ham unutishning hojati yo‘q. Misol uchun, kiberxavfsizlik. Siz katta miqdordagi innovatsiyalar bilan super ishlab chiqarishni boshlaysiz, raqamli o‘xshashni yaratasiz, uni sinaysiz… bu paytda esa sizning raqibingiz bir-ikkita xakerni yollab, sizning barcha ishlanmalaringizni nusxalaydi. Qanday achinarli, shunday emasmi.

Dubl yaratdi

Shu sababli, ma’lum holatda raqamli o‘xshash sizga foyda keltirish-keltirmasligini tushunish juda muhim. Uni yaratish qimmatga tushadi. O‘rtacha olganda, $40-80 ming. Sarflangan mablag‘ni qoplash muddati esa, ekspertlar hisoblab chiqqanidek, olti-etti yilga yaqin vaqt oladi va bunda hammasi turli xil nozik taraflarga bog‘liq bo‘ladi.

Real hayot haqida gapiradigan bo‘lsakchi?

Deyarli har qanday texnologiya singari, “raqamli o‘xshashlar” katta kompaniyalarda foydalanib ko‘rilgandan so‘ng oddiy hayotga olib chiqiladi. Ekspertlar aytishicha, atigi bir necha yildan so‘ng mahsulotlarning iste’molchilari va egalari kundalik hayotda ham raqamli o‘xshashdan foydalana oladi. Yaxshi ko‘rgan og‘maxoningizga raqamli o‘xshash yaratish fikriga nima deysiz?

Insonlarning raqamli o‘xshashlari bormi?

Bo‘lmasamchi! Va ulardan bugungi kunda juda faol ravishda, masalan, tibbiyotda qo‘llanilmoqda. Virtual yorish o‘tkazish ma’nosida emas, biroq…

Xullas, o‘zingiz qarang. Odamning raqamli o‘xshashlarini parcha-parcha qilib yaratishni boshlashgan. 2013-yilda Dassault Systemes fransuz kompaniyasi “Tirik yurak” loyihasini (Living Heart Project) joriy etgan. Ular avval yurak mushagining ishlashi haqidagi ko‘plab materiallarni to‘plagan, so‘ng virtual modelni yaratgan. Undan keyin esa, qon aylanish jarayonlarini simulyatsiya qilgan, davolash variantlarini tahlil qilgan va har bitta ma’lum inson uchun eng mosini tanlashni boshlashgan. Navbatdagi loyiha Living Brain deb atalgan va u ham ancha muvaffaqiyatli bo‘lgan. Keyin esa…hammasi boshlanib ketgan.

Buning ustiga, intellektual avatarlar deb atalmish tushuncha bor. Bu, Mark Sukerberg qurganga o‘xshash metakoinot va sanoatdan kelgan raqamli o‘xshashlar gibridi. Olimlar taxmin qilishicha, juda tez orada intellektual avatarlarining o‘zlari foydalanuvchilar bilan o‘zaro ta’sirda bo‘la oladi. Xayoliy Robert De Niro endi zerikarli matbuot anjumanlariga borib o‘tirmaydi: o‘zining o‘xshashi bilan chatni ishga solishi yetarli. U ham taxminan, haqiqiy aktyor gapiradigan gapni gapiradi (eng muhimi esa, huddi shunday ovozda)/

Aytgancha, aynan sun’iy intellektning rivojlanishi hamda artistlarning aynan raqamli o‘xshashlardan foydalanish imkoniyati (Bryus Uillisni rossiyalik reklamada ko‘rdingizmi?) Gollivudni larzaga solgan aktyorlar gildiyasining zabastovkasiga sababchi bo‘ldi. Aktyorlarku kinokompaniyalar egalari bilan bir yo‘l topib kelishib oladi. Bizchi, endi hech qachon ohirgacha kim bilan – haqiqiy yulduzmi… yoki uning o‘xshashi bilan gaplashayotganimizga ishonchi komil bo‘lmagan iste’molchilar nima qilishimiz kerak.

Dubl yaratdi

 

Текст: