Skip to main content

Fransiyalik tadbirkor Siril Korju O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi tarmog‘i uchun yangi ekologik tizim – akvaponikani joriy qilishga erishdi

2022-yilda fransiyalik tadbirkor Kiril Korju (Cyril Courjeau) O‘zbekistonda birinchi akvaponika tizimini yaratish orqali mamlakatning qishloq xo‘jaligi tarmog‘i uchun yangi ekologik tizimni joriy etishning uddasidan chiqdi. Akvaponika – o‘simliklar va baliqlar simbioz uyg‘unlikda yetishtiriladigan tizimdir. Baliqlarning hayotiy faoliyati mahsulotlari o‘simliklarni ozuqa bilan ta’minlaydi, o‘z navbatida o‘simliklar baliqlarga qaytadigan suvni filtrlaydi. Siril Korju muvaffaqiyatli biznesining tarixi haqida so‘zlab berdi.

O‘zbekistonda 2020-yilda ko‘chib o‘tdim va rafiqam Nodira tufayli ko‘p asrlik o‘zbek an’analari, madaniyati va mehmondo‘st xalqi bilan tanishdim. O‘zbekistonga birinchi safarimdan menda masjidlar va minoralarga doir xilma-xil xotiralar qolgan. Feruza rang gumbazlar, jiloli naqshlar va rang-barang devor mozaikasi ko‘p vaqt davomida tasavvurlarimni junbushga keltirgan. O‘zbekiston – yangi loyihalar uchun imkoniyatlar ko‘p bo‘lgan yosh davlat ekanligini tushundim. Aynan o‘shanda tavakkal qilib, hayotimni toza sahifadan boshlash uchun bu yerga ko‘chib kelishga qaror qildim.

Ma’lumotim bo‘yicha qurilish sohasi mutaxassisiman va bir nechta yirik kompaniyalarda ishlaganman. O‘zbekistonga ko‘chib kelganimda, rafiqam foydali tanishlar orttirishga yordam berdi. Uzoq vaqt dunyoni yaxshi tomonga o‘zgartira oladigan ekologik loyihani yo‘lga qo‘yishni orzu qilganman. Hozir ko‘plab davlatlarda akvaponika tizimlari yaratilmoqda va men O‘zbekiston ham shunga muhtoj degan fikrga keldim.

Bu loyihani rejalashtirganimda tavakkal qilayotganimni bilgandim, ammo inqilob birdan yuz bermaydi. 2020-yilda men Toshkent xalqaro maktabining direktori bilan tanishib, unga qurilish va akvaponikani joriy etish sohasidagi ko‘nikmalarim qayd etilgan rezyumeimni jo‘natdim. Maktab direktori akvaponika tizimdan avvaldan xabardor bo‘lganligi uchun loyihamni qo‘llab-quvvatladi va menga bioiqlim issiqxonasini barpo etish imkonini berdi. Hozirda issiqxonada ko‘p sonli baliqlar va sabzavotlar yetishtiriladi.

Menda akvaponikani yo‘lga qo‘yish g‘oyasi anchadan buyon bo‘lganiga qaramay, yo‘limda doim bu sohada biznesni ochishga halaqit qiluvchi qandaydir to‘siqlar bo‘lgan. Men ancha vaqtga bu fikrni chetga surib qo‘ydim. Va nihoyat, O‘zbekistonga ko‘chib kelib, shaxsiy biznesim variantlarini ko‘rib chiqish chog‘ida eski orzuim haqida eslab qoldim. Uch yil avval akvaponika bo‘yicha loyihamni amalga oshirish ustida ish boshladim. O‘zbekistonda bu tizimni joriy etgan birinchi odam bo‘lishim haqidagi fikrning o‘zi rejamni amalga oshirish tomon intilishga undadi.

G‘oyamni rasman e’lon qilishdan oldin so‘nggi yillar davomida oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishning barqaror va organik usullariga bo‘lgan talab oshgani sababli butun dunyoda sezilarli o‘sish sur’atini olgan akvaponika bozorini tubdan o‘rganib chiqdim. Bunday talabga an’anaviy qishloq xo‘jaligida suv va yer tanqisligi, oziq-ovqat mahsulotlari sifati va xavfsizligi yuzasidan iste’molchilar xabardorligining oshganligi, shuningdek qishloq xo‘jaligini yuritishning barqaror usullarini rivojlantirishga qaratilgan hukumat g‘oyalari ham sabab bo‘lmoqda. O‘zbekistonda yangi ekologik tizimni joriy etishga yo‘naltirilgan akvaponikani rivojlantirish uchun barcha sharoitlar mavjud.

Akvaponika qadimiy tarixga ega: asteklar undan kamida eramizning 1150-1350-yillarida “chinampas” nomli yer maydonlarida (suzuvchi polizlar) qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun foydalanganlar. Lekin, “akvaponika” atamasi 1960-yillarda keng tarqala boshlagan. Biroq, o‘sha yillarda tarmoq muvaffaqiyatli rivojlana olmagan va undan sabzavotlarni yetishtirish usuli sifatida foydalanishni to‘xtatganlar. Hozirgi vaqtga kelib akvaponika tizimining joriy etilishi qishloq xo‘jaligiga katta foyda keltirishini yaxshi tushunamiz, chunki bu – akvamadaniyat va gidroponikani mujassamlashtiruvchi qayta aylanuvchi usul. Akvaponika – sun’iy ekotizim bo‘lib, unda uch turdagi tirik organizmlar muhim o‘rin tutadi: suv jonzotlari (odatda baliqlar), o‘simliklar va bakteriyalar. Bu texnologiya ekologik jihatdan xavfsiz hisoblanadi.

Usulning mohiyati suv jonzotlaridan (baliqlar, krevetkalar) chiqadigan chiqindilarni o‘simliklar uchun ozuqaviy muhit sifatida ishlatishdan iborat. Suv jonzotlari o‘zlari uchun zaharli bo‘lgan hayotiy faoliyat mahsulotlarini chiqaradi: ammiak, azot, kaliy va fosfor birikmalari, karbonat angidrit gazi. Suvda bunday moddalarning to‘planishi  yopiq sanoat akvamadaniyatida hamda oddiy akvariumda asosiy muammoni yuzaga keltiradi. Akvaponikada bu muammo o‘z-o‘zidan hal bo‘ladi: baliqlarning hayotiy faoliyati mahsulotlari bakteriya va o‘simliklar tomonidan yo‘qotiladi.

Aniqrog‘i, akvaponikada baliqlar va bakteriyalar o‘simliklar uchun ozuqa moddalarini ta’minlaydi, o‘simliklar esa baliqlar uchun suvni tozalab beradi. Bu suvni qayta ishlab, chiqindilar miqdorini minimal darajaga yetkazadigan yopiq tizim.

O‘zbekistonda birinchi

Akvaponika quyidagicha ishlaydi:

  1. Baliqlar ularga berilgan yemni iste’mol qilib, ammiakka boy chiqindilarni hosil qiladi.
  2. Baliq chiqindilari mavjud suv filtrga yoki polizga – o‘simliklar ekilgan konteynerga o‘tkaziladi.
  3. O‘suvchi qatlamda bakteriyalar baliq chiqindilarini (ammiak va nitritlar) qayta ishlab, o‘simliklar uchun o‘g‘itga aylantiradi.
  4. O‘simliklar o‘sish va suvni tozalash uchun nitritlardan foydalanadi.
  5. Toza suv hovuzga qaytadi va jarayon takrorlanadi.

Akvaponikaning afzalliklari

Akvaponikaning asosiy xususiyati hech qayerda kimyoviy moddalar ishlatilmasligidadir. Butun jarayon tabiiy sodir bo‘ladi, shu bois bunday usulda yetishtirilgan sabzavotlar 100 foiz organik bo‘lganligi uchun tarkibida nitratlar va boshqa zararli moddalarni saqlamaydi.

Tavsifi bo‘yicha akvaponika bir vaqtning o‘zida sabzavotlar va baliqlarni yetishtirish imkonini beradigan qishloq xo‘jaligining barqaror shakli hisoblanadi. Akvaponika yana qanday afzalliklarga ega ekanligi Siz uchun qiziqmi. Aslida ijobiy jihatlari ko‘p va men ularning ayrimlari haqida so‘zlab berishni istardim:

  1. Ekologik tozalik

Akvaponika – yopiq tizim, unda suv bo‘lmasiga oqib tushadigan zararli chiqindilar ishlatilmaydi (biomassaga muqobil). Biz undan foydalanmaymiz, chunki baliqlar nobud bo‘lishi mumkin. Qishloq xo‘jaligini yuritishning mazkur usuli yerga organik ishlov berishga qaraganda ekologik tozaroq, chunki fermerlar ozuqaviy moddalarga boy yerni saqlash uchun ko‘plab salbiy ta’sirlarga ega bo‘lgan kompostlardan tonnalab foydalanadilar. Akvaponikada barchasi boshqacha.

  1. Organik o‘g‘itlar

Tijorat qishloq xo‘jaligida juda ko‘p miqdorda o‘g‘itlar ishlatiladi, ammo akvaponikada pestitsid yoki gerbitsidlardan foydalanmaymiz, chunki ular baliqlarni o‘ldirishi mumkin. O‘simliklar tabiiy sharoitda o‘zlari uchun ozuqaviy moddalarga boy bo‘lgan o‘g‘it hisoblanadigan baliqlarning chiqindilari bilan oziqlanadi.

  1. Suv tejalishi

Akvaponikada suv yerda barpo etilgan bog‘ga nisbatan ancha ko‘proq tejaladi (80-90 foiz). Xususan, gidroponika yoki akvamadaniyatga nisbatan ham kamroq suv miqdori sarflanadi.

  1. Ozuqaviy moddalardan yuqori darajada foydalanish

Akvaponikaning aksariyat tuzilmalarida baliqlar va o‘simliklar, odatda, baliqlar yemi shaklidagi qo‘shimchalarning 70 foizini iste’mol qiladi, qolgan qattiq chiqindilar esa keyinchalik daraxtlar yoki an’anaviy bog‘ o‘simliklari uchun o‘g‘it sifatida ishlatilishi mumkin.

  1. Hamyonbopligi

O‘simliklar baliqlarning chiqindilari bilan tabiiy muhitda oziqlangani sababli, o‘g‘itlarga xarajatlarni yaxshigina qisqartirish mumkin. Kichik ko‘lamdagi ishlab chiqarish tashkil etilsa, qo‘shimcha ishchilarni yollashga hojat qolmaydi va bu ham xarajatlarni tejashga yordam beradi.

  1. Joy tejalishi

Akvaponika tizimi istalgan ko‘lamda ishlashi mumkin. U akvarium yoki issiqxona tijorat fermasi hajmida bo‘lishi mumkin. U tuproq sifati past bo‘lgan yoki hattoki cho‘lli hududlarda ham o‘rnatilishi mumkin. Shu bois akvaponika ekin ekadigan yerlar deyarli mavjud bo‘lmagan joylarda katta qiziqishga sabab bo‘ladi.

Ko‘pchilik akvaponika haqida eshitganida, qanday qilib suv ichida turli xil o‘simliklar yetishtirilishi mumkinligiga hayron bo‘ladilar. Aslida akvaponikada har qanday o‘simliklarni yetishtirish mumkin. Quyida men o‘stirayotgan yoki o‘stirishni rejalashtirgan o‘simliklarning ayrimlarini ko‘rib chiqamiz:

  • Bargli ko‘katlar
  • O‘tlar
  • Mikroko‘katlar
  • Mevali o‘simliklar
  • Gullar
  • Tropik o‘simliklar (ananas)
  • Avokado daraxti
  • Meva va sabzavotlar

Ildizmevalilarni (kartoshka, sabzi, rediska va h.k.) yetishtirish jarayoni standart bo‘lib, akvaponika muhiti bunday o‘simliklar uchun unchalik samarali emas. Biroq, ularni maxsus namlikni yo‘qotuvchi tokchalarda tizimga ulash mumkin.

O‘zbekistonda birinchi

Akvaponika serdaromad hosil beradi. Bir yil avval pomidorlarning turli navlarini yetishtira boshlagandim va birinchi hosilim ajoyib bo‘lganini maqtanishim mumkin. Barcha totib ko‘rganlar darhol ta’mdagi farqni sezgan.

Masalan, pomidorlarni yetishtirish uchun tilapiya, koi, karp, osyotr kabi issiqlikni yaxshi ko‘ruvchi baliqlar va alohida hovuzda saqlanishi sharti bilan hattoki daryo qisqichbaqasi ham mos keladi. Pomidorlar ekish modullarida yetishtiriladi, bu yerga quvurlar tizimi orqali ozuqaviy moddalarga to‘yingan suv uzatiladi. Issiqxonadagi optimal harorat 25-30 darajadan oshmasligi kerak. Men odatda yetarlicha minerallarni oladigan o‘simliklar, jumladan pomidorlarni yetishtirishda standart parvarishlash usulidan foydalanaman. Mevali o‘simliklar nisbatan uzoqroq rivojlanish davriga ega.

Tan olib aytamanki, O‘zbekistonda uch yildan buyon muvaffaqiyatli rivojlanib kelayotgan akvaponika biznesini yo‘lga qo‘yganimdan faxrlanaman. Ko‘pchilik biznesimning o‘ziga xosligini nimada ekanligiga qiziqadi. Birinchidan: akvaponika tizimlari o‘ta universal bo‘lib, bir vaqtning o‘zida atrof-muhitni muhofaza qilgan holda ham shaxsiy, ham tijorat maqsadlarida foydalanilishi mumkin. Ikkinchidan: akvaponika istalgan odam tomonidan har qanday joyda tashkil etilishi, suv ta’minoti esa rezervuarlarda saqlanadigan yomg‘ir suvi kabbi oddiy bo‘lishi mumkin. Uchinchi va eng asosiysi: akvaponika nafaqat iqtisodiy daromad, balki salomatlik uchun ham foyda keltiradi, chunki odamlar zararli kimyoviy moddalar ta’siridan xolos bo‘ladi. Yuqori hosilga ega o‘simliklarni inson salomatligi bilan bir qatorda, atrof-muhitga ham zarar yetkazishi isbotlangan zaharli kimyoviy moddalardan foydalanmagan holda yetishtirish mumkin.

O‘tgan uch yil ichida biznesim o‘z yo‘lini topdi: yo‘l boshidagi qiyinchiliklarga qaramay, biz buning uddasidan chiqdik. Eng asosiy muvaffaqiyat – belgilangan maqsadlarga erishishdir. Men yosh tadbirkorlar omadning umumiy mezonlari mavjud emasligini, chunki hammaning maqsadi turlicha ekanligini tushunishlarini istardim. Biznesni daromadli qilish uchun rioya etilishi kerak bo‘lgan yagona qoida mavjud emas.

Masalan, akvaponika vazifalar yaxshi bajarilib, atrof-muhitga g‘amxo‘rlik qilingan taqdirda daromad olib keladi. Albert Eynshteyn aytganidek: “Tabiatga chuqurroq razm soling, shunda hammasini yaxshiroq tushunasiz”.

O‘zbekistonda birinchi

Akvaponika bilan shug‘ullanish orqali olish mumkin bo‘lgan foyda:

  • Birinchi navbatda, baliq yetishtirishdan: karp, osyotr va h.k.
  • Organik sabzavotlar / o‘simliklar / dorivor giyohlar / topik o‘simliklar / mevalardan yuqori daromad.
  • Organik o‘g‘itlar va boshqalardan daromad.

Biroq, har kim o‘z yo‘lida borishini, unda turli to‘siqlarga to‘qnash kelishini, shu bois biznesda omadga erishish retsepti har kimda shaxsiy bo‘lishini eslatib o‘tmoqchiman. Mutlaqo bir xil ikkita yo‘l mavjud emas, ammo muvaffaqiyatga erishishga yordam beradigan umumiy tamoyillar bor. Biznesda tajribali mutaxassis sifatida bir nechta tamoyilni alohida qayd etishni, shuningdek ish boshlayotgan tadbirkorlar bilan foydali maslahatni o‘rtoqlashishni istardim.

Avvalo, batafsil rejalashtirish, strategiyani ishlab chiqish, kadrlarni tanlash hamda moliyaviy imkoniyatlarni izlashni o‘rganish zarur. Bularning barchasini boshlang‘ich bosqichda amalga oshirish lozim, shunda muvaffaqiyatga erishish imkoniyati ortadi. Bu bosqichlarning qaysi biri eng muhimi ekanligini tushungach, uni batafsil ishlab chiqish kerak.

Biznesni sifatli ilgari surish uchun kelib tushayotgan takliflarni e’tibor bilan ko‘rib chiqishni tavsiya qilaman. Jami kelayotgan ma’lumotlarni sinchiklab tahlil qilish zarur, chunki avvaliga ijobiy bo‘lib ko‘ringan omillar katta tavakallarni olib kelishi mumkin. Har bir kelib tushgan taklifni daromad va kamomad ehtimoli yuzasidan o‘rganish va hisob-kitoblar yakuni bo‘yicha natijadan qoniqmaydigan bo‘lsangiz, bunday taklifni rad etish zarur. Hisob-kitoblarni amaliyotda tekshirib ko‘rish uchun tavakkalga qo‘l urishning hojati yo‘q: bu juda qimmatga tushishi mumkin.

Va nihoyat, ish boshlayotgan tadbirkor uchun vakolatlarni taqsimlashni bilish juda muhim. Albatta, biron ishni o‘zingiz bajargan taqdirda, uning sifatiga ishonchingiz komil bo‘ladi. Lekin, bunday vaziyatda tez charchab qolasiz va strategik vazifalarni hal qila olmaysiz. Vazifalar taqsimoti esa sizga kompaniya faoliyatini tashqaridan kuzatish, yuzaga keladigan muammolarga tezkor munosabat bildirish hamda umumiy rivojlanish liniyasini tuzatib borish imkonini beradi.

Bundan tashqari, tadbikorning eng asosiy xususiyati – qat’iyatlilik bo‘lishi kerak, bu jihatsiz biznesda muvaffaqiyatga erishish mumkin emas. Maqsad sari intiluvchanlik va tirishqoqlik to‘qnash keladigan to‘siqlar oldida sinmaslikka hamda ishning rivojlanishi va gullab-yashnashiga yordam beradi.

Hozir akvaponikani faol ilgari surishdan tashqari, konteynerlardan uylar qurishga doir yangi biznes-reja ustida ishlayapman. Fikrimcha, XXI asrda yashovchi odamlar, ya’ni bizning omadimiz kulgan. Men quruvchiman va zamonaviy texnologiyalar ekologik toza muhitni saqlab qolishga e’tibor qaratgan holda yangi binolar barpo etish imkonini yaratayotganini ko‘rib turibman. Men konteynerli uylarni nazarda tutyapman. Bugun yer ijaraga olingan bo‘lsa, bunday uyni qurish juda manfaatli: axir zarurat yuzaga kelgan taqdirda, uyni ortiqcha xarajatlarsiz boshqa joyga ko‘chirish mumkin.

Shuningdek, uni ko‘char mulk sifatida sotish mumkin. Xarajatlar esa keragi bo‘lmagan yer bilan bog‘liq ishlar hisobiga kamayadi. Mustahkam asosga qo‘yilgan bir nechta blokning o‘zi yetarli. Albatta, uyga zarur qiyofani berish uchun arxitektor va quruvchilardan tasavvur talab etiladi va men bu g‘oyani amalga oshirishga harakat qilaman. Biz konteynerli uyni loyihalashtirishni boshlab yubordik va o‘ylashimcha, birinchi qurilish keyingi yilda yakunlanadi.

Akvaponikaga qaytar ekanmiz, mening yaqin kelajak uchun eng asosiy maqsadim – akvaponikani O‘zbekistonda yangi bosqichga olib chiqishdan iborat. Men odamlar uning bugungi kundagi ahamiyati va afzalliklarini tushunishlarini istayman.

Toshkent xalqaro maktabining akvaponika tizimi oziq-ovqat mahsulotlarini barqaror va sog‘lom ishlab chiqarish usullarini izlayotgan boshqa tadbirkorlar uchun namuna hisoblanadi. Bu 100 foiz organik oziq-ovqat mahsulotlarini olishning samarali usuli.

Bioiqlim issiqxonasi ichkaridagi haroratni saqlab turish uchun atrof-muhitning tabiiy issiq va sovuq havosi afzalliklaridan foydalanadi. Tizim, shuningdek, yerosti kanallaridan issiqlik va sovuqni tutish hamda ulardan issiqxonani isitish yoki sovutishda foydalanish uchun issiqlikni o‘zlashtirish tizimini ham qo‘llaydi.

O‘zbekistonda birinchi

Men boshqalar ham o‘z akvaponika tizimlarini yaratishlari uchun ular bilan o‘z bilim va tajribamni o‘rtoqlashishda davom etaman. Oxir-oqibat, mening bosh maqsadim – dunyoni yaxshi tomonga o‘zgartirishga hissa qo‘shishdan iborat va men o‘z yo‘limni oilam bilan birga O‘zbekistonda boshladim.

Текст: