Skip to main content

O‘zbekistonda turizm keskin rivojlanmoqda, xizmat ko‘rsatish darajasi oshmoqda, yangi logistika yechimlari topilmoqda. Talab va raqobat o‘smoqda

O‘zbekistonda turizm keskin rivojlanmoqda, xizmat ko‘rsatish darajasi oshmoqda, yangi logistika yechimlari topilmoqda. Bu holat sog‘lom raqobatni yuzaga keltirib, bozorda yangi ishtirokchilar paydo bo‘lmoqda. Shunday ishtirokchilardan biri 2023-yilning may oyida O‘zbekistonda ish boshlagan sayyohlik kompaniyasi – Rocket DMC Uzbekistan. Kompaniya nima uchun va nima bilan bozorga kirib kelgani haqida Rocket DMC Uzbekistan kompaniyasining bosh direktori Negina Muxtarova so‘zlab berdi.

  • Rocket DMC Uzbekistan xalqaro Rocket DMC tarmog‘ining a’zosi hisoblanadi. Ushbu xolding hamda nima sababdan O‘zbekiston yo‘nalishi tanlangani haqida so‘zlab bersangiz?

Rocket International DMC shtab-kvartirasi Dubayda joylashgan bo‘lib, kompaniya ko‘p yillardan buyon Misr, Turkiya, Tunis, Ispaniya, endilikda esa O‘zbekistonning asosiy sayyohlik bozorlarida ishlab keladi. Xolding barcha darajadagi sayyohlik servislari sohasida sifatli xizmatlarni ko‘rsatishga ustuvor e’tibor qaratadi. O‘z vazifasi sifatida esa hamkorlariga sayohatlardan eng yaxshi taassurotlar qolishi uchun batafsil, ixtisoslashgan, individual yo‘nalishlarni ishlab chiqishga ko‘maklashishni belgilagan. O‘zbekiston katta sayyohlik salohiyati va dunyoning turli burchaklaridan odamlarni jalb qiladigan boy tarixiy merosga ega bo‘lgani uchun tanlandi.

  • Kompaniyaning aytilgan eng asosiy maqsadlaridan biri – O‘zbekiston sayyohlik salohiyatini jahon maydoniga ilgari surishdan iborat. Bu so‘zlarning mohiyati nimada?

Bu so‘zlar ortida hamyonbop narxlar asosida sayohat davomida maksimal qulaylikni ta’minlash, shuningdek sayohatchilarga qulay bo‘lgan davrda safarlarni taqdim etishning uddasidan chiqa oladigan katta kompleks mehnat mavjud. Asosiy shaharlarimizda infratuzilma yo‘lga qo‘yib bo‘lingan. Toshkent va Samarqandda qulay xalqaro aeroportlar ishlab turibdi, shaharlar orasida esa tezyurar poyezdlar xizmat ko‘rsatmoqda.

Ammo eng asosiysi – biz O‘zbekistonning chet elda tanilishini oshirishimiz kerak. Bunda Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi bilan hamkorlikda faoliyat olib boriladi.

  • Sayyohlik bozorida o‘zini namoyon eta olgan Silk Road Samarkand markazi strategik hamkor sifatida tanlangan. Bu tanlovga nima asos bo‘ldi?

Silk Road Samarkand majmui bugungi kunda O‘zbekistondagi yangi hamda muqobil majmualar orasida eng keng ko‘lamligi. Bunday joylashuv MICE-turizm (korporativ tadbirlarni o‘tkazish bilan bog‘liq ishbilarmonlik turizmi. – Tah. izohi) va ommaviy turizmni rivojlantirish uchun ko‘p imkoniyatlar yaratadi, chunki katta turar-joy fondining mavjudligi yetarlicha son sayohatchilarni joylashtirish hamda mavsumiylikdan asta chekingan holda, yil davomida MICE-loyihalarni amalga oshirish imkonini beradi.

O‘zbekistonni kashf etib

  • Bugun aynan qaysi Rocket DMC Uzbekistan loyihalari haqida aniq gapirishimiz mumkin?

Oktabr boshida Russian Express (Rossiyadagi eng yirik turoperatorlardan biri. – Tah. izohi) bilan hamkorlikda O‘zbekistonga Silk Road Samarkand hududida bo‘lib o‘tadigan Rossiya sayyohlik agentlarining yirik forumiga 200dan ortiq ishtirokchini olib kelishni rejalashtirganmiz. Shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklarining agentliklari hamda O‘zbekistonga “Umra-plyus” va an’anaviy madaniy to‘plamlarni ishlab chiqadigan indoneziyalik turoperatorlar uchun tanishtiruv safarlari rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, hozir Indoneziya fuqarolari uchun qulay narxlarda aviaparvozlar bo‘yicha javobni kutyapmiz. Koreya Respublikasidan katta guruhlarning tashrifi yuzasidan ham kelishuv mavjud. Turli mamlakatlarning OAV vakillari ishtirokida matbuot-safarlarini tashkil qilamiz.

Shuningdek, Butunjahon sayyohlik tashkiloti (UNWTO) delegatsiyalariga xizmat ko‘rsatishda ishtirok etamiz: Samarqand bo‘yicha ekskursiya xizmatlarini taqdim etamiz. Sentabr oyida esa O‘zbekiston bozorida yangilik – Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida kaskadli ekskursiyalarni (jadval bo‘yicha ma’lum soatlarda o‘tkaziladigan shahar obidalari bo‘ylab guruhli, belgilangan sayohatlar) joriy qildik.

Umuman olganda, keng ko‘lamli rejalarni belgilaganmiz hamda jamoamiz va hamkorlarimizning birgalikdagi faoliyati natijasida bularning barini bosqichma-bosqich amalga oshiramiz degan umiddaman.