Skip to main content

Biz “Anorbank” boshqaruvi raisining o‘rinbosari Anvar Saydullayev bilan raqamli banking, o‘z aktivlarini to‘g‘ri boshqarish va, tabiiyki, moliyaviy xizmatdagi neyrotarmoqlar haqida suhbatlashdik

  • Keling, eng boshidan boshlaymiz. Ya’ni, eng murakkab savolga javob beramiz: Anvar Saydullayev o‘zi kim?

Darhaqiqat qiyin savol… Va buni bir jumla bilan aytish murakkab. Menimcha, baribir O‘zbekistonda mijozlarga odatiy narsalardan oson va tez foydalanishga yordam beradigan yangilikni yo‘lga qo‘yishga intiluvchi bankir bo‘lsa kerak. O‘zbekistonda qariyb 4 mln auditoriyaga ega hozirgi kunga qadar ishlab kelayotgan uchta zo‘r ilovaning noldan yo‘lga qo‘yilganini o‘z hisobimga yozishim mumkin. Bu ilovalar: Beepul (Beeline uyali aloqa operatoridan), InfinBank va Apelsin (hozirda UZUM Bank). Ayni paytda Anor Bank’da faoliyat yuritib, butun IT bloki, loyiha ofisi va call-markazni boshqarib kelaman.

Ammo, eng boshidan boshlasak. Men 33 yoshdaman. 2011-yilda Toshkent axborot texnologiyalari universitetini tamomlaganman. Faoliyatimni 18 yoshimda “O‘zbektelekom”da boshlaganman, bank sohasida esa 2018-yildan buyon ishlab kelaman. Uzoq vaqt davomida Beeline uyali aloqa operatorining tijorat departamentida mehnat qilib, o‘sha paytda yangi yo‘nalish hisoblangan MMT (mobil moliya tizimlari)ni rivojlantirish uchun mas’ul bo‘lganman.

Shu yerdan fintex bilan aloqador faoliyatim boshlangan. Biz Click va PayMe bilan ishlaganmiz hamda transchegaraviy yo‘nalishlarni faol rivojlantirganmiz. Biroq, eng asosiysi o‘zimizning Beepul mobil ilovamizni ishlab chiqishga qaror qilganmiz. Ilova yo‘lga qo‘yilgan 2016-yilda – bu o‘zini juda yaxshi namoyon qilgan va uyali operatoridan birinchi bo‘lib ishga tushirilgan ilg‘or yechim edi. Aytgandek, u hozir ham ishlaydi va juda faol rivojlanmoqda.

Beeline’da hozir Asia Alliance Bank boshqaruvi raisi bo‘lgan Sergey Gimadiyev bilan tanishganman. Oxir-oqibat u mening ustozimga aylanib, bank olamiga yo‘l ochib bergan. 2018-yilda biz birgalikda InfinBank mobil ilovasini yo‘lga yaratish ustida ishlaganmiz. Unda ilk kartadan kartaga o‘tkazmalar, valyuta ayirboshlash, omonatlar ochish, kredit rasmiylashtirish va boshqalar integratsiya qilingan edi. Aynan shu yerda biz birinchi bo‘lib past komissiya evaziga barcha o‘zbek banklari orasida kartadan kartaga pul o‘tkazmalarini yo‘lga qo‘yganmiz. Buni tom ma’noda barcha bank ilovalarida past komissiyalar belgilanishi trendining boshlanishi sifatida e’tirof etish mumkin.

O‘zbekistonda raqamli banking jadal sur’atlarda rivojlanmoqda va bizning kimgadir tenglashishimizga zarurat yo‘q

2019-yilda Sergey bilan birga “Kapitalbank”ka ishga o‘tdik va u yerda Apelsin mobil ilovasini yaratdik. 2021-yilga kelib Apelsin juda yaxshi o‘sgani sababli, “Kapitalbank” tomonidan alohida raqamli bank – Apelsin Bank (hozirda UZUM Bank) ochildi. Apelsin’da hammasi g‘ayrioddiy edi – nafaqat ilovaning nomlanishi, balki mijozlarga axborotning boshqa banklardan kuchli farq qiluvchi antiqa shaklda uzatilishi ham, biz birinchi bo‘lib pandemiya davrida kartani yetkazib berish xizmatini ishga tushirganmiz, shuningdek kommunal to‘lovlarni oson amalga oshirishga yordam beradigan “Mening uyim” xizmati ham aynan Apelsin’da paydo bo‘lgan. Bundan tashqari, biz butun dunyo bo‘ylab onlayn-o‘tkazmalar uchun xalqaro to‘lovlar bozorini ham faol rivojlantirganmiz.

2023-yilning noyabr oyidan Anor Bank – mijozlar uchun katta imkoniyatlar va kuchli korporativ madaniyatga ega bankka ishga o‘tdim. Anor Bank ko‘p sonli IT-dasturchilar ishlaydigan birinchi mahalliy raqamli bank hisoblanadi. Atigi uch yil ichida bank mijozlar uchun bank kartalarini chiqarish bo‘yicha TOP-10likka kirishga muvaffaq bo‘ldi.

  • O‘quvchilarimizga raqamli bank haqida qisqacha tavsif bersak (ehtimol, bu hammaga tanish emasdir).

Raqamli bank, bu – bo‘linmalar va kassalar, naqd pullar va pulni saqlash uchun seyflar bo‘lmaydigan bank. Bunday bank masofadan turib xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan, ya’ni ixtiyorida faqat jismoniy shaxslar uchun mobil ilova va yuridik shaxslar uchun internet-banking bo‘ladi, barcha amaliyotlar masofadan olib boriladi.

O‘zbekistonda 2021-yildan buyon mijozlarni masofadan turib identifikatsiya qilishga ruxsat berilgan. Shu tariqa, bir odam mijozga aylanishi va istalgan bank xizmatlaridan foydalanish uchun hattoki bankka tashrif buyurishi ham shart emas. U mobil bank ilovasini ochib, masofadan turib identifikatsiyadan o‘tishi mumkin: selfi-kamera yoqilib, ma’lum tartib-taomillar o‘tkaziladi – shu xolos, va endi siz raqamli bank mijozi hisoblanasiz. Butun jarayonga atigi bir necha daqiqa sarflanadi.

Mijoz barcha amaliyotlardan foydalanishi, jumladan omonat, virtual karta ochishi yoki valyuta ayirboshlashi, kredit rasmiylashtirishi va shu kabi boshqa harakatlarni bajarishi mumkin.

Aytish joizki, O‘zbekistonda raqamli bank konsepsiyasiga ega atigi bir nechta bank mavjud bo‘lib, ularning soni yildan-yilga oshib bormoqda, ammo boshqa standart banklar ham tinch turgani yo‘q. Ular ham o‘z mobil ilovalarini yaratib, o‘z mahsulotlarini raqamli shaklga o‘tkazishga faol harakat qilmoqda.

  • Raqamli bank mijozlari kimlardan iborat?

Asosan yoshlar, albatta. Google-tahlil ma’lumotlariga qaraydigan bo‘lsak, bizda 18-44 yosh doirasidagi mijozlar toifasi ustuvorlik qiladi. Umuman olganda, buni tushunish mumkin, mamlakatimiz aholisining 50 foizni yoshlar tashkil qiladi va ular yangiliklarni tezroq qabul qiladi. Pensiya yoshidagi odamlar ham bor, ammo ularning foizi kamroq.

  • Qandaydir yo‘nalishlar haqida gapiradigan bo‘lsak, hozir birinchi navbatga kim tomonga qaraganmiz? Rossiyaga, Yevropaga, Dubayga?

Avvallari xuddi Tinkoff Bank kabi bo‘lishni orzu qilardik. Biroq, oxirgi paytda, menimcha, O‘zbekiston raqamli banking va fintexni rivojlantirish bo‘yicha o‘ta faollashgan, muntazam ravishda yangi yechim va vositalar paydo bo‘lmoqda, joriy yechimlar esa avtomatlashtirilmoqda, shuning uchun hozir mijozlarimizning joriy ehtiyojlariga javob bergan holda, o‘z yo‘nalishimiz bo‘yicha harakatlanmoqdamiz.

Ayrim masalalarda biz hattoki ilgarilab ham ketganmiz. Masalan, mijozlarni masofadan turib identifikatsiya qilishda. Adashmasam, Rossiyada hanuzgacha bu jarayon qabul qilinmagan. Yo odam o‘z oyog‘i bilan bankka kelishi kerak, yoki uning oldiga bank kureri kelib, joyida identifikatsiya qilishi zarur. O‘zbekistonda esa bu holat tartibga solingan: Markaziy bankning alohida yo‘riqnomasi mavjud bo‘lib, unga muvofiq biz masofadan turib identifikatsiya qilish huquqiga egamiz. Bu mijozlarga xizmat ko‘rsatishni rivojlantirishda oldinga ulkan qadamdir.

Va biz bir yerda qotib qolmaganmiz. Mahsulotni yaratishning o‘zi yetarli emas – uni doimiy tarzda rivojlantirish, qayerdadir yangilik joriy qilish, qayerdadir jarayonlarni yaxshilash darkor. Bu xuddi tirik organizmga o‘xshaydi. U yaxshi ishlashi uchun doim mashq qildirish kerak.

Anvar Saydullayev: “Yana besh yildan keyin hech kim bank bo‘linmalariga bormaydi”

Bir jarayon – bank ilovasida oddiy ro‘yxatdan o‘tish misolini ko‘rib chiqamiz. Bir tomondan, jarayon juda oddiy va sizda ko‘pi bilan bir necha daqiqani oladi. Biroq bu jarayonda juda ko‘plab tekshiruvlar mavjud: masalan, telefon raqamini tasdiqlash, PIN-kodni belgilash, turli xavfsizlik tekshiruvlari va ro‘yxatdan o‘tish jarayonining o‘zi 5-6 ekranga cho‘ziladi. Natijada, faqat 60 foiz foydalanuvchilar oxirigacha ro‘yxatdan o‘tadi. Bu bosqichda biz odamlarning ma’lum sonini yo‘qotamiz. Shu sababli, tahlilchilar jamoasi tomonidan o‘rganish olib boriladi va unga muvofiq biz qaysi jarayonni qo‘shimcha ishlash kerakligi va natijada konversiyani oshirish uchun qayerda dizayn va matnlar bilan “o‘ynash” mumkinligini tushunamiz. Bu maksimal natijaga erishish uchun amalga oshiriladigan uzluksiz jarayon.

Savolingizga javobga qo‘shimcha tariqasida qayd etishni istardimki, bank olamida yuz berayotgan jarayonlarni kuzatmaslik ham noto‘g‘ri. Biz sinchkovlik bilan kuzatamiz va tahlil qilamiz, ammo biz ortidan borishni istaydigan yaqqol yetakchi endi mavjud emas.

  • Siz endi hattoki omonatni ham onlayn ochish mumkinligini aytdingiz. Hozir omonat ochadiganlar ko‘pmi? Banklarga ishonch bormi?

Ha, yetarlicha ko‘p va onlayn-omonatlardan foydalanish trendi yildan-yilga ommalashib bormoqda. Chunki bu chindan juda qulay. Siz o‘zimni misolimda ko‘rsatishim mumkin. Men 18 yoshimdan banklardan birining mijozi bo‘lganman. O‘shanda dadam menga ma’lum summaga, adashmasam besh millionga, omonat ochgan. Va men har oy o‘sha puldan kundalik xarajatlarimga foiz olardim. Buning uchun men har safar bankka borishim, navbatda kutishim, naqd pul olishim, qayta sanab chiqishim kerak edi. O‘qigan davrimda bu oddiy, hattoki qiziq ham tuyulardi. Ish boshlaganingda esa, bu ancha tashvishga soladi, chunki bu jarayon ba’zida ish vaqtining ikki soatini olishi mumkin.

Shu bois, 2018-yilda, men InfinBank’da ishlagan davrimda, onlayn-omonatlarni yo‘lga qo‘yishda odamlar ishda o‘tirgan holda omonatni yechish yoki to‘ldirish opsiyasidan foydalana olishlari uchun ularni imkon qadar qulay qilishga uringanmiz. Smartfondagi bir-ikki tugmani bosasan va hammasini olasan!

Bugungi kunda omonatlarni boshqarish uchun turli xil opsiyalar mavjud – va aksariyat banklarda shartlar farq qiladi. Kimdir balandroq stavka beradi, kimdir omonat bo‘yicha foizni har kuni hisoblaydi yoki umuman butun davr uchun avans shaklida taqdim qiladi. Shuningdek, mablag‘larni qisman olish yoki to‘ldirish mumkin bo‘lgan omonatlar ham mavjud. Opsiyalar juda ko‘p, ammo eng asosiysi – barcha omonatlar Fuqarolarning omonatlarini kafolatlash jamg‘armasi tomonidan himoyalangan.

Omonat – mablag‘larni foydali boshqarishga yordam beradigan juda qulay bank mahsuloti. Biroq, men sizni ertagayoq borib, hamma pulingizni omonatga qo‘yishga undamayman. Yo‘q, agar siz uchun yangi holat bo‘lsa, kamroq summa qo‘ying va buning qanday ishlashini ko‘ring. Albatta, o‘z mablag‘laringni amalda boshqara olish juda muhim, chunki pullaringizni yostiq ostida saqlaydigan bo‘lsangiz, ular yildan-yilga shunchaki qadrsizlanib boradi.

  • Raqamli bank ichkaridan qanday tuzilgan? Bo‘linmalar bo‘lmasa, demak ofis ijaraga olishga to‘g‘ri keladimi? Xodimlar ham masofadan ishlaydimi?

Hammasi har doimgidek, faqat ofisda mijozlar va kassa uchun bo‘linmalar bo‘lmaydi. U yerga bank xodimlari keladi va oddiy bankdagi singari o‘z vazifalarini bajaradi, lekin bunda mobil ilovaga diqqat qaratiladi.

Aytgandek, pandemiya boshlangan vaqtda, menimcha, O‘zbekiston banklari ilk marotaba masofadan ishlashga to‘qnash keldi. Avvaliga bu juda qiziq edi, ammo masofadan ishlashni boshqarish jarayonlari va reglamentlari bo‘lmasa, jamoa unumdorligi pasayishi mumkin.

Bizga keladigan bo‘lsak, bankimizda barcha xodimlar ofisda ishlaydi, ammo IT-ishlanma tomonidan masofadan ishlashga ehtiyoj mavjud va ishonchim komilki, jamoalar boshqaruvi bo‘yicha to‘g‘ri yondashuvni qo‘llash orqali xodimlarimizga ofisda jismoniy bo‘lish zaruratisiz moslashuvchan ish jadvalini taklif qila olamiz.

  • Sizningcha hozir ko‘plab raqamli banklar yoki raqamli xizmatlarni ko‘rsatuvchi banklar ochilayotgan bo‘lsa, O‘zbekistonni kelgusida nimalar kutmoqda?

Hozirning o‘zida ham mijoz, ham xodimlar, ham IT-mutaxassilar uchun jiddiy raqobat kuzatilmoqda. Avval aytganimdek, naqdsiz to‘lovlarda raqobat faqat raqamli banklar orasida mavjud emas. Har bir bank o‘z mobil ilovasini yo‘lga qo‘yishga, yangi mahsulotlarni yaratishga, jarayonlarini raqamlashtirishga harakat qilmoqda. Tabiiyki, raqobat ortgani sayin kurash keskinlashib boradi, ammo bu orada bozor o‘sib bormoqda va hozirda faqat to‘rtdan bir qism raqamlashgan.

Shu bois, mamlakat bozorida yangi o‘yinchilar bilan birga mijozlar uchun yangi imkoniyatlar ham paydo bo‘ladi, raqamlashtirish va jarayonlarni avtomatlashtirish esa faqat tezlashadi. O‘z o‘rnida, mamlakatimizda turli, masalan IT dan One Million Uzbek Coders kabi dasturlar yo‘lga qo‘yilganini alohida qayd etish zarur; yangi o‘quv markazlari va hattoki PDP Academy, Astrum IT Academy kabi yangi universitetlar ham ochilmoqda, ya’ni yoshlar dasturlashni o‘rganishi uchun sharoitlar yaratilmoqda.

  • Sizningcha mijozlar uchun kurashda kim g‘alaba qozonadi?

Fikrimcha, bunda hammasi oddiy: mijoz uchun imkon qadar qulay mahsulotni yaratish kerak. Zero, mijoz hammasidan mamnun bo‘lsa va u o‘z ehtiyojlarini muammosiz hal qilsa – bunday mijozni qayta jalb qilish juda qiyin.

Albatta, faol reklama berish hamda televideniyedagi reklama yoki Digital-reklamaga katta mablag‘ sarflash va yangi mijozlarning katta auditoriyasini to‘plash mumkin, lekin ilovangiz noqulay yoki beqaror bo‘lsa, foydalanuvchilar shunchaki uzoq vaqt ushlanib qolmaydi, reklamaga sarflangan pullar esa kutilgan natijani bermaydi.

Hayriyatki, mamlakatimizda hozir yoshlar dasturlashni o‘rganishi uchun mazkur yo‘nalishni rivojlantirishga e’tibor qaratilmoqda

Shuning uchun PR-kampaniyaga pul tikishdan avval o‘z mahsulotingga ishonch hosil qilishing, IT-ishlanma, sinovlar, infratuzilmaga yaxshigina pul sarflashing, mijozlarning fikrini to‘plash va tahlil qilishni bilishing, o‘z ilovangni turli metrikalar bilan belgilashing hamda ilovani muntazam ravishda imkon qadar yuqori konversiya doirasida o‘rganishing zarur. Shu tariqa, raqamli bankning mobil ilovasi tushunarli va foydalanishda qulay bo‘ladi, ana shunda reklamaga sarflangan mablag‘ juda yaxshi natija olib keladi.

  • Siz bu yo‘nalishda qandaydir o‘rganishlar olib borasizmi? Fokus-guruhlar deganidek?

Ha, doimiy o‘rganishlar olib boramiz, chunki joriy mahsulotdagi har qanday o‘zgarishlar oxirgi raqamlarda o‘z samarasini ko‘rsatadi.

Katta mahsulotlarni yo‘lga qo‘yishdan oldin yoki ommalashgan xizmatlar dizaynini o‘zgartirishda startda o‘rinli mahsulotni ishga tushirish uchun doim fokus-guruhda o‘rganish o‘tkazamiz. Ba’zan jamoada bir nechta fikr bo‘lishi mumkin, bunda ilovada, masalan o‘n ming mijoz orasida A/B sinov o‘tkazish va eng yaxshi natijani ko‘rsatgan variantni saqlab qolish lozim.

Ilovamiz ishini ham muntazam tahlil qilib boramiz. Mijozni ro‘yxatdan o‘tkazish misolida buni qanday amalga oshirishimiz haqida aytib berdim. Biroq, bunday xizmatlar va jarayonlar juda ko‘p, shu bois biron og‘ishlar, masalan keskin pasayish yoki keskin o‘sish yuz berganida bizni xabardor qiladigan avtomatik nazorat tizimlarini o‘rnatamiz. Ayniqsa jarayon pasayishi yuz berganida ishni qayta tiklash va mijozlarimizda qiyinchiliklar bo‘lmasligi uchun bu haqida zudlik bilan xabar topishimiz muhim.

Shu bois, jamoalarimizda raqamlar bilan ishlovchi data-tahlilchilar, tadqiqotlar o‘tkazib, konversiyani yaxshilash yo‘llarini taklif qiladigan prodakt-menejerlar, barcha g‘oyalarni hayotga tatbiq qiladigan loyiha-menejerlari bilan ishlab chiquvchilar, ko‘plab turli keyslarni tekshirgach, marketga chiqarishni kelishadigan sinovchilar jamoasi ham bor.

  • Odamlar umuman bankka bormay qo‘yadigan vaqt kelishi mumkinmi: hammasi masofadan bajariladimi?

Albatta, ertami yoki kech bizga bunga yetib kelamiz. Rivojlanish sur’atlari ancha jadal, naqdsiz pullar koeffitsiyenti esa yildan-yilga 3-4 foizga oshib bormoqda.

Agar tarixga qaraydigan bo‘lsak, 2017-yilda bank islohoti o‘tkazilishidan avval fuqarolar hattoki plastik bank kartochkasini ochishni ham istamaganlar, unga tushgan mablag‘larni esa darhol naqdga aylantirishga uringanlar. Atigi yetti yil o‘tdi – va endi deyarli hammada kartalar bor, bu orada Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra 2023-yil yakunlari bo‘yicha mamlakatda 40 milliondan ortiq bank kartalari amal qilgan. Ulardan foydalanish ancha osonlashdi, hamma yerda terminallar o‘rnatilgan va naqd pul ishlatishga zarurat qolmadi. Odamlarda naqdsiz pul ishlatish bo‘yicha tushuncha asta-sekin o‘zgarib, moliyaviy savodxonlik yaxshilanmoqda va ular tobora ko‘proq onlayn-omonatlardan foydalana boshlamoqda. Shu bois, yana qancha… aytaylik besh yil – va bo‘linmalarda bironta ham odam bo‘lmaydi.

Anvar Saydullayev: “Yana besh yildan keyin hech kim bank bo‘linmalariga bormaydi”

  • Neyrotarmoqlar bunda yordam bera oladimi?

Har holda, men bunga ishonaman. Hozir bizda call-markazdagi mijozlarga xizmat ko‘rsatish masalalarida yordam beradigan texnologik yechim mavjud. Bu “Anora” (xuddi “Alisa” kabi) va biz mijozlarga oid masalalarni mustaqil hal qilishning yangi bosqichiga chiqish uchun uni faol tarzda turli skriptlar bilan boyitib boramiz. Shuningdek, uni chat-botimizga joriy qilishni hamda mijozni ovozi orqali identifikatsiya qilish uchun ovoz biometriyasi bilan ta’minlashni rejalashtirganmiz. Shu tariqa, biz call-markazdagi ko‘plab jarayonlarni avtomatlashtirishimiz, mijozlar esa o‘z savoliga tez va navbatlarsiz javob olishi mumkin bo‘ladi.

Jamoalar AT-ishlanmasida ham ko‘pincha ChatGPT (sun’iy ongli chat-bot) bilan o‘zaro muloqotda ishlaydi. Ular vazifani yaxshiroq va tezroq hal qilish uchun o‘z savollariga tez va tushunarli javoblarni oladi. Kelajakka nigoh tashlaydigan bo‘lsak, neyrotarmoq va sun’iy ong hamma yerda foydalaniladi va xodimlarimiz tomonidan bajariladigan ko‘plab ish turlarini bajara oladi.

Biroq, endi ishingizni qo‘lingizdan tortib olishlari va sun’iy ong yordamida avtomatlashtirishlari yuzasidan xavotirlanishga xojat yo‘q: bu jarayon, odatda, tez o‘tmaydi va ayrim ish turlari yangilariga almashtiriladi.

Фото: