Mamlakatda sifatli o‘zgarishlar ta’limdan boshlanadi. Ayniqsa, yurisprudensiya kabi sohada rivojlanish muhim ahamiyat kasb etadi: faqatgina huquqiy davlatda biznes muvaffaqiyatli rivojlanib, iqtisodiyot o‘sib boradi. Biz ta’limga yangicha yondashuvlar, xorijiy oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik, talabalarning xalqaro tanlovlardagi g‘alabalari hamda texnologiyalar davrida huquqshunos kasbining transformatsiyasi yuzasidan Toshkent davlat yuridik universitetining rektori v.v.b bilan suhbatlashdik.
Yurisprudensiya sohasini tanlashingizga nima sabab bo‘lgan va hozirgi TDYUdagi lavozimgacha qanday yo‘l bosib o‘tgansiz?
Mening yurisprudensiya sohasidagi yo‘lim 2003-yilda, o‘zimizning universitetga o‘qishga kirgan vaqtimdan boshlangan. Talabalik yillaridayoq meni xalqaro xususiy huquq va transchegaraviy nizolarni hal qilish masalalari qiziqtirardi. Magistraturada elektron tijorat, Internetda munosabatlarni tartibga solish hamda xalqaro tijorat va investitsiya nizolarini hal qilish muammolarini ham o‘rgana boshlaganman. Bakalavriat va magistraturani imtiyozli tamomlagach, aspiranturada ta’lim olishda davom etganman va 2011-yilda O‘zbekistonda domen nomlarini huquqiy tartibga solish haqidagi nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilganman.
Mening professional darajaga erishishimda Singapur xalqaro nizolarni hal qilish akademiyasi, Germaniyadagi Maks Plank instituti, Rossiyadagi Oliy iqtisodiyot maktabi kabi yetakchi xorijiy markazlardagi stajirovka va kurslar muhim bosqich bo‘ldi. Bu bilimlarning barchasini amaliyotda qo‘llashga erishdim: men sudlar va xalqaro arbitrajlarda tijorat korxonalarining manfaatlarini ifoda etganman, majlislarda ekspert, arbitraj tribunalining kotibi, keyinchalik esa arbitr sifatida qatnashganman.
2013-yilda universitetimizda xalqaro tijorat huquqi kafedrasiga, keyinroq esa — biznes huquqi kafedrasiga mudirlik qilganman. 2017-yilda “Internet tarmog‘ida fuqarolik-huquqiy munosabatlarni tartibga solish” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yoqlaganman.
Menga Adliya vazirligida orttirgan ish tajribam yordam bergan, u yerda xalqaro arbitrajlarda O‘zbekiston manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha boshqarmaga rahbarlik qilganman, shuningdek respublika nomidan BMT Xalqaro savdo komissiyasi (UNCITRAL) majlislarida ishtirok etganman. Bularning barchasi huquqshunoslar faoliyatining amaliy jihatlarini xalqaro darajada yanada chuqurroq tushunish imkonini bergan.
Natijada 2019-yilda TDYU o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori lavozimiga tayinlandim, 2022-yilning noyabr oyidan buyon esa rektor vazifasini bajarib kelaman.
Sizdagi amaliy tajriba TDYU talabalarini o‘qitish yondashuviga qanday ta’sir ko‘rsatgan?
Amaliyotchi arbitr sifatida men ta’lim jarayoniga haqiqiy keyslar va eng yaxshi jahon amaliyotlarini integratsiya qilishga intilaman. Universitetda xalqaro arbitraj, mediatsiya, xalqaro tijorat huquqi bo‘yicha magistratura ixtisosliklari tashkil qilingan.
TDYU muassisligi ostida Markaziy Osiyodagi birinchi ixtisoslashgan Toshkent mediatsiya markazi tashkil etilgan bo‘lib, u yerda talabalar modellashtirilgan jarayonlarda ishtirok etadi. Biz yetakchi arbitrlar va mediatorlar bilan mahorat maktablarini o‘tkazamiz, arbitraj bo‘yicha talabalar tanlovlarini tashkil qilamiz. Shuningdek, nizolarni hal qilish bo‘yicha xalqaro tanlovlarda qatnashamiz.
Aytgandek, xalqaro musobaqalarga kelsak. Tabalaringiz keyingi yillarda erishgan eng ahamiyatli yutuqlar haqida gapirib bersangiz.
Biz talabalarimizning xalqaro maydonda erishgan yutuqlaridan chindan faxrlanamiz. Faqatgina so‘nggi uch yil ichida TDYU jamoasi Avstriyada Villem Visa nomidagi Xalqaro tijorat arbitraji tanlovi, Frankfurtdagi Xalqaro investitsiya arbitraji tanlovi, Belorussiyadagi Xalqaro huquq bo‘yicha talabalar tanlovi, Xalqaro huquq bo‘yicha Filip Djessop nomidagi tanlovda g‘olib va sovrindorlarga aylandi. Bu tanlovlarning barchasida jamoalarimiz oxirgi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi o‘rinlarni egallab kelmoqda, shuningdek joriy yilda Filip Djessop nomidagi tanlovda butun dunyo jamoalari orasida 10-o‘ringa loyiq topildik.
Universitet jamoalarni tajribali o‘qituvchilar va amaliyotchilarning mentorlik ko‘magi bilan ta’minlab, yetakchi xorijiy ekspertlarni jalb qiladi hamda chet eldagi raundlarda ishtirok etishiga homiylik qiladi. G‘oliblar esa yetakchi yuridik firmalar va arbitraj markazlarida stajirovkadan o‘tish imkonini qo‘lga kiritadi.
Qaysi universitetlar bilan hamkorlik munosabatlari yo‘lga qo‘yilgan va talabalar uchun qanday almashuv dasturlari mavjud?
Ta‘limda internatsionallik — biz intiluvchi ustuvorliklardan biridir. Biz Yevropa, Osiyo va Amerikaning 80 dan ortiq yetakchi yuridik oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik munosabatlarini o‘rnatganmiz, jumladan ularning orasida Oksford, London, Liverpul, Nagoya, Rim, Leyden kabi universitetlar mavjud.
TDYU talabalari semestr yoki yil davomida xorijda ta’lim olishi, yozgi va qishki maktablarda ishtirok etishi mumkin. Har o‘quv yilida yuzdan ziyod talabamiz xorijdagi hamkor o‘quv yurtlarida ta’lim oladi. Bunda Yevropa Ittifoqidagi universitetlar ko‘proq ommabop hisoblanadi.
Bundan tashqari, Buyuk Britaniya, Germaniya, AQSH, Hindiston va Italiya, shuningdek Qozog‘iston va Rossiyadagi hamkorlarimiz bilan ikkitalik magistratura diplomlariga doir dasturlar amalga oshiriladi. Chet ellik professorlar muntazam ravishda bizda ma’ruzalar olib boradi. Universitetda “Yapon tili va huquqi”, “Nemis tili va Germaniya huquqi” qo‘shma markazlar tashkil etilgan bo‘lib, “Ingliz huquqi” va “Yevropa iqtisodiy huquqi” markazlarini ochish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.
Raqamli transformatsiya qay tariqa yuridik ta’lim va huquqshunos kasbiga ta’sir ko‘rsatmoqda?
Bugungi kunda huquqshunos uchun shunchaki qonunchilik me’yorlari, huquq nazariyasi va amaliyotini bilishning o‘zi yetarli emas — bundan tashqari, katta ma’lumotlar bilan ishlay olish, smart-shartnomalar qanday qo‘llanilishini tushunish hamda raqamli izlarni tahlil qilish, shuningdek sun’iy intellektdan foydalanish muhimdir.
Biz TDYUda vaqt bilan baravar qadam bosishga harakat qilamiz. Ta’lim rejalariga kiberhuquq, sun’iy intellekt va robototexnika huquqi, raqamli kriminalistika bo‘yicha turli kurslar kiritilgan. Hozirda hindistonlik hamkorlar bilan birgalikda yangi “Raqamli kriminalistika” magistratura ixtisosligini va Raqamli sud ekspertizasi markazini ochish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Mutaxassislik fanlari ingliz tilida o’qitiladi.
TDYUda yana qanday innovatsion ta’lim usullari va texnologiyalari joriy etilmoqda?
Biz faol tarzda interaktiv uslublarni qo‘llaymiz — ishbilarmonlik o‘yinlari, keys-stadi, munozaralar, loyihaviy o‘qitish. Bizda o‘z elektron ta’lim platformamiz negizida masofaviy o‘qitish tizimi amal qilib, xorijiy ekspertlar bilan vebinarlar o‘tkaziladi. Yuridik klinikada talabalar yuridik xat, intervyu olish, virtual va qo‘shimcha reallik yordamida sud majlislarida ishtirok etish ko‘nikmalarini rivojlantiradilar. Biz kadrlarning vaqtdan o‘zuvchi tayyorgarligini ta’minlash uchun innovatsion yechimlarni joriy qilishda davom etamiz.
Bitiruvchilarni kelgusida ish bilan ta’minlash uchun biznes va davlat idoralari bilan hamkorlik qilasizmi?
Biz yetakchi ish beruvchilar bilan keng hamkorlik tarmog‘ini yaratganmiz. Bular xalqaro yuridik va konsalting firmalari, banklar, ІT-kompaniyalar, sanoat korxonalari, sudlar, shuningdek adliya, ichki ishlar va prokuratura organlari.
Universitet negizida Oliy sud, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, Advokatlar palatasi bilan amaliy klublar ish olib boradi. Shu tariqa talabalar haqiqiy professional muhitni o‘zlashtirib, kelgusida ish joylarida tez moslasha oladilar.
Hamkorlar bilan birgalikda amaliy tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, Universitetning yuridik klinikasi orqali biznes va aholiga yuridik xizmatlarni ko‘rsatamiz. TDYUning aksariyat bitiruvchilari aynan hamkor tashkilotlarda ishga joylashadi.
TDYU O‘zbekistonda yuridik ta’limni rivojlantirishda qanday o‘rin tutadi?
Mamlakatimizda yuridik ta’lim shiddatli transformatsiya davrini boshidan kechirmoqda. TDYU ham yetakchi va asosiy yuridik oliygoh sifatida o‘zgarishlar flagmani rolini ijro etadi. Biz Buyuk Britaniya Oliy ta’lim sifatini ta’minlash agentligida (QAA) akkreditatsiyadan o‘tib, faqat ingliz tilida o‘qitiladigan birinchi va eng yaxshi xalqaro analoglarga muvofiq bo‘lgan huquq bakalavrlari va magistrlarini tayyorlash dasturini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirganmiz. Shu bilan birga, talab ko‘p bo‘lgan tor ixtisoslikdagi yangi magistrlik dasturlarini rivojlantirishda davom etamiz: xalqaro biznes huquqi, intellektual mulk huquqi, nizolarni hal qilish.
Bizning missiyamiz — huquqiy islohotlar tarqatuvchilariga hamda Yangi O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining lokomotiviga aylanadigan global miqyosda raqobatbardosh huquqshunoslarni tayyorlashdan iborat.
Texnologiyalar shiddat bilan rivojlanib borayotgan sharoitda yuridik soha kelajagini qanday tasavvur qilasiz?
Hozirning o‘zidayoq axborot izlash, namunaviy hujjatlarni tuzish, bazaviy tahlil kabi ko‘plab takrorlanuvchi amaliyotlar sun’iy intellektga ishonib topishirilmoqda. Biroq, huquqshunos kasbi, albatta, yo‘qolib ketmaydi, balki sifat jihatidan yangi bosqichga chiqadi.
Xususan, tizimli tanqidiy fikrlashga qodir mutaxassislarga talab ko‘payadi. Muloqot, empatiya, nizolarni boshqarish kabi “yumshoq ko’nikmalar” hamda huquqiy ma’lumotlar bazalari bilan ishlash, ma’lumotlarni shifrlash va himoya qilish, kiberxavfsizlikni ta’minlash, Legal Tech yechimlardan foydalanish kabi “raqamni ko‘nikmalar”ning ahamiyati ortadi.
Biz kontragentlarni avtomat tarzda tekshirishdan tortib sud tortishuvlari natijasini oldindan modellashtirishgacha bo‘lgan innovatsion xizmatlarni taklif qiluvchi huquqiy texnologiyalar bo‘yicha startaplar naqadar tez rivojlanayotganini ko‘rib turibmiz. Ushbu bozorning shiddatli o‘sishi hamda yurisprudensiya, dasturlash va foydalanuvchi tajribasi dizayni kesishmasida yangi segmentlar paydo bo‘lishini bashorat qilish mumkin.
Fikrimcha, kelajakda huquqshunosning raqobatbardoshligi chuqur fundamental tayyorgarlik, maxsus texnologik vakolatlar va meta-ko‘nikmalar uyg‘unligi bilan belgilanadi. TDYUda biz talabalarni ertangi kunning professional da’vatlariga tayyorlash uchun aynan shunday bilim va qobiliyatlar majmuini ta’minlashga intilamiz.