Skip to main content

Pavel Durov: Menga milliardlab odamlarning muloqotiga doir qarorlarni qabul qilish yoqadi

“Telegram” asoschisi muxbir Taker Karlsonga bergan intervyusida Rossiyadan ketganidan so‘ng xorijda biznesni yo‘lga qo‘yishga urinishlari, nolga teng marketing xarajatlari hamda menejer lavozimida shaxsiy samaradorligi haqida so‘zlab berdi. Biz intervyuni tarjima qildik va undagi eng qiziqarli parchalarni taqdim etamiz.


To‘rt yoshligimda oilam Italiyaga ko‘chib borgan. Maktabga o‘sha yerda borganman va, tabiiyki, bironta ham italyancha so‘zni bilmaganman. Ko‘pchilik o‘qituvchilar menga istehzoli munosabatda bo‘lgan. Lekin o‘quv yili oxiriga kelib men sinfdagi eng a’lochi o‘quvchiga aylangaman. Mening akamni esa o‘n yoshida kubli tenglamalarni yechishga qodir vunderkind sifatida italyan televideniyesida ko‘rsatishgan.

SSSR parchalanganidan keyin biz Rossiyaga qaytganmiz. Otamga Sankt-Peterburg davlat universitetidagi fakultetlardan biriga rahbarlik qilish taklifi tushgan. U qadimgi rim adabiyoti bilan shug‘ullanuvchi mashhur olim.

Rossiyada 90-yillarda ko‘p narsalar o‘qitiladigan tajriba maktablari bo‘lgan. Masalan, mening maktabimda oltita chet tili, ixtisoslashgan matematika va kimyo bo‘lgan. akam matematika va dasturlash bo‘yicha xalqaro olimpiadalarda bir necha marta g‘olib bo‘lgan. Men ham maktabda eng yaxshi o‘quvchilardan biri bo‘lganman, hududiy musobaqalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritganman. Ikkalamiz kodlashga juda qiziqardik.

Biz Italiyadan IBM PC/XT kompyuterini olib kelganmiz, shu bois 90-yillar boshida Rossiyada dasturlashni mustaqil o‘rgana oladigan kam sonli odamlar qatoridan o‘rin olganmiz. Universitetda o‘qib yurgan davrimda kursdoshlarim uchun saytlar yaratardim va ma’lum vaqt o‘ttgach keyinchalik “Rossiyadagi feysbuk” nomini olgan o‘z kompaniyamga asos solganman. Bu VK (“VKontakte”) kompaniyasi edi, o‘shanda 21 yoshda bo‘lganman.

Oxir-oqibat u Rossiya, Ukraina, Belorussiya, Qozog‘iston va yana qator sobiq sovet makonidagi davlatlarda eng keng ommalashgan ijtimoiy tarmoqqa aylandi. Asta-sekin kompaniya 100 mln faol foydalanuvchilar sonigacha o‘sdi va bu juda katta ko‘rsatkich edi. Ma’lum vaqt davomida men kompaniyaning yagona xodimi bo‘lganman: o‘zim kodni yozardim, dizaynni yaratardim, serverlarni boshqarardim va hattoki, ko‘mak xizmati so‘rovlariga javob berardim. Men deyarli uxlamasdim – lekin juda quvnoq vaqt edi.

Menimcha, 2011 yoki 2012-yilda biz Rossiyada ilk muammolarga to‘qnash kelganmiz. Rossiyadagi qarshilik harakati “VKontakte”dagi jamiyatlardan mamlakatda yirik mitinglarni tashkil qilishda foydalana boshlagan va o‘shanda hukumat bizdan bu jamiyatlarni yopishni so‘ragan. Men rad javobini berganman. Bir necha yildan keyin, Ukrainadagi qarshiliklar vaqtida shunga o‘xshash holat takrorlangan. Biz yana rad qilganmiz. O‘sha yil oxirida menga ikkita nomaqbul yo‘ldan birini tanlash taklif qilingan – kelgusida so‘ralgan narsani bajarish yoki kompaniyadagi ulushimni sotib, bosh direktor lavozimini tark etish va mamlakatdan ketish. Men ikkinchi yo‘lni tanladim.

* * *

Boylik orttirish istagi men uchun hech qachon asosiy o‘rinda bo‘lmagan. Men doim mustaqil bo‘lishni xohlaganman. Va boshqa odamlarga ham erkinlikni taqdim etishni. Shuningdek, menda, hech bo‘lmaganda, akam bilan muloqot qilish uchun haqiqatdan xavfsiz aloqa vositasi yo‘qligini tushunardim. Aslida shu sababli hali Rossiyada yashagan paytlarimdayoq “Telegram”ni yaratish g‘oyasi yuzaga kelgan.

Men xabarlarni almashish uchun yaxshi shifrlangan ilovalarni ixtiro qilish zarurligi haqida o‘ylaganman. Bugungi kungacha sezilarsiz o‘zgartirishlar bilan biz foydalanib kelayotgan shifrlash standartini akam yaratgan. Men esa ko‘proq foydalanuvchi interfeysi va ilovaning ishlashi ustida bosh qotirganman.

* * *

Biz ko‘p joylarda bo‘ldik. Avvaliga Berlinga borib, u yerda kompaniyaga asos solishga urindik. So‘ngra London, Singapur, San-Fransiskoda harakat qildik. Biroq, hamma yerda byurokratik to‘siqlarni yengish qiyinchilik tug‘dirardi. Men o‘zi bilan birga o‘z ishining ustasi hisoblangan dasturchilarni olib kelardim va ularni yollashga urinardim, ammo, masalan, Berlinda hech narsa o‘xshamagan, chunki men Yevropa Ittifoqidan odamlarni ishga yollay olmaganimni isbotlashim kerak edi.

Qanchadir vaqt biz aksariyat texnologik kompaniyalar joylashgan San-Fransisko haqida o‘ylaganmiz. Biroq, meni ikkilanishga majbur qilgan bir qancha voqealar yuz bergan. Birinchidan, menga shunchaki ko‘chada hujum qilishgan, bu “Tvitter” ofisiga tashrifimdan keyin yuz bergan. Uchta kattakon yigit telefonimni tortib olishga uringan, bir oz mushtlashuv yuz bergan. Men hayratda edim: bu men talonchilikka duch kelgan dunyodagi birinchi joy edi.

Ikkinchidan, biz FQB tomonidan juda ko‘p e’tiborni tortganmiz. Men o‘zim bilan birga “Telegram” ustida ishlayotgan mutaxassislarni olib kelardim. Va maxsus xizmat xodimlari bir safar mening ortimda muxandisimni ishga yollashga harakat qilgan. Ular mijoz tomonida ilovaga qanday boshlang‘ich kodli kutubxonalar integratsiya qilinganini bilishga qiziqqan. Ular ishchimga “Telegram” kodida o‘z ehtiyojlari uchun tuynuklar qoldirishni taklif qilgan.

Yetti yil avval biz BAAga ko‘chib keldik. Va hozircha bundan biron marta ham afsuslanmadik. Bu yerda biznes yuritish ancha oson. Masalan, siz dunyoning istalgan nuqtasidan odamlarni ishga yollashingiz mumkin, yashash uchun guvohnoma avtomat ravishda taqdim etiladi. Bu yerda qulay soliqqa tortish tizimi va yaxshi infratuzilma joriy etilgan. Siz oqilona soliqlar evaziga ko‘p narsalarga – yo‘llar, aeroportlar, mehmonxonalarga ega bo‘lasiz. Yana bu hamma bilan do‘stona munosabatda bo‘lishni istaydigan neytral mamlakat.

* * *

“Telegram” – katta platforma bo‘lib, turli mamlakatlarda ommalashgan. Va biz ko‘plab so‘rovlar va talablarni qabul qilamiz. Ularning ayrimlari, aytaylik, nisbatan qonuniy: ular zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi yoki terrorchilik faoliyatida qayd etilgan odamlar bilan bog‘liq. Boshqalarini esa e’tiborsiz qoldiramiz, chunki ular xususiy yozishmalarni himoya qilish tamoyiliga mos kelmaydi.

Biroq men “Telegram”ga o‘tkaziladigan bosim turli davlatlar hukumatlari emas, ko‘proq Apple va Google bilan bog‘liq degan bo‘lardim. Ular, mohiyatan, smartfoningizda o‘qishingiz mumkin bo‘lgan hamma narsani senzura ostiga olishi mumkin. Bu kompaniyalar agar ularning qoidalariga bo‘ysinmasangiz, ilova do‘konlaridan o‘chirilishi mumkinligini aniq ma’lum qiladi.

Umuman olganda, gap qoidalarda emas, balki ularni qo‘llash va izohlashda. Qoidalarning o‘zi ancha oqilona eshitilishi mumkin, ammo ularni turlicha sharhlash mumkin. Biz qandaydir qo‘ng‘iroqlar yoki qoidalar borasida bir necha marta Apple yoki Google qaroriga rozilik bildirmaganmiz. Ba’zida ular hattoki bizni ma’qullashgan. Ba’zida esa yo‘q, va qaysidir kontentni o‘chirishimizga to‘g‘ri kelgan.

* * *

“Telegram” 100 foiz menga tegishli. Men investitsiyalar qidirmayman, chunki bizning vazifa va maqsadlarimiz qandaydir jamg‘armalarning vazifalariga mos kelmasligi mumkin. Mening bank hisobraqamlarimda bir necha yillardan buyon yuzlab million dollar saqlanadi va men ularga tegmayman. Menda ko‘chmas mulk, samolyotlar, yaxtalar yo‘q. Bunday hayot tarzi menga to‘g‘ri keladi.

Bugungi kunda men uchun ustuvor narsa – bu erkinlik. Nimadir sotib ola boshlasang, ular seni ma’lum jismoniy hududga bog‘lab qo‘yadi. Bundan tashqari, menga “Telegram” ustida ishlashga diqqatimni qaratish yoqadi. Agar uy yoki shunga o‘xshash nimadir sotib olsam, uni jihozlash va boshqalarga vaqt sarflashim kerak bo‘ladi.

* * *

Men samaradorlikka ishonaman. Fikrimcha, uzoq vaqt davomida kompaniya egasi, direktori va mahsulot bo‘yicha menejer bo‘lganim, aslida, tezroq harakat qilishimizga imkon berdi. Men hanuzgacha ko‘plab funksiyalarni o‘zim o‘ylab topaman, haligacha ushbu funksiyalarni amalga oshiradigan har bir muxandis, dizayner bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlayman.

* * *

Bizda kadrlar bo‘limi mavjud emas. Qaysidir ma’noda biz buni markazdan uzoqlashtirganmiz. Biz tomondan ishga tushirilgan contest.com platformasida muxandislar uchun tanlovlar tashkil qilinadi. Xususan, bir yoki ikki oyda bir marta o‘tkaziladigan musobaqalarning natijasiga ko‘ra biz eng yaxshilarini tanlab olamiz. So‘ngra ular, ehtimol, hozirda qariyb 30 nafar muxandis ishlayotgan jamoamizga qo‘shilishi mumkin.

O‘ylashimcha, aksariyat texnologik kompaniyalarning asoschilari ommaviy kompaniya boshqaruvi xususiy kompaniya boshqaruviga nisbatan kamroq samarali ekanligini ma’qullaydilar. Albatta, listing o‘z afzalliklariga ham ega – bu boshqa kompaniyalarni sotib olishni istaganingizda yoki naqd pul kerak bo‘lganida juda qulay. Biroq, menga hozir bularning hech biri kerak emas.

* * *

Marketingga biz nol xarajat sarflaymiz. Biz hech qachon foydalanuvchilarni jalb qilishga pul sarflamaganmiz. Hech qachon “Telegram”ni boshqa ijtimoiy tarmoqlarda ilgari surmaganmiz. Bor o‘sishimiz – sof organik shaklga ega bo‘lib, reklamaga xarajatlarsiz deyarli 900 mln foydalanuvchiga erishdik. Fikrimcha, yil davomida bu ko‘rsatkich milliardga yetadi.

Pavel Durov bergan intervyudan eng qiziqarli parchalar

* * *

Biz ancha erta tushunib yetgan narsa, odamlar yetarlicha aqlli ekanligidir. Ularga yaxshi narsalar yoqadi va sifatsizlar yoqmaydi. Odamlar “Telegram”ni sinab ko‘rganida va bizdagi tezlik, xavfsizlik, unumdorlikka e’tibor berganida avvalgi mahsulotlarga qaytishni istamaydi. Ularga mustaqillik, maxfiylik, erkinlik ma’qul keladi. Shu bois ular ilovani do‘stlariga tavsiya qila boshlaydi.

* * *

Men o‘n yildan ko‘proq vaqt avval Mark Sukerberg bilan uchrashganman. O‘shanda “VKontakte”ga rahbarlik qilardim. Esimda, u mendan xalqaro ekspansiyani boshlashga doir rejalarimiz haqida so‘ragandi. Men “Yo‘q” deganman va uning biz ishlayotgan bozorni qo‘lga olishga urinishi haqida so‘raganman. U ham salbiy javob qaytargan. Biroq, oxir-oqibat ikkalamiz ham ikki-uch haftadan keyin shunday qilganmiz.

* * *

Mening nazarimda, men ishlatadigan qurilmalar buzib kirilgan.

* * *

Gap biz oppozitsiyani qo‘llab-quvvatlashimiz yoki hukmdor partiyani yoqlashimizda emas. Gap bizga baribir ekanligida ham emas. Lekin, biz barcha ovozlarga nisbatan neytral platforma bo‘lishi zarur, degan fikrdamiz. Biz turli g‘oyalar raqobati taraqqiyot va barcha uchun yaxshiroq dunyoni hosil qilishi mumkinligiga ishonamiz.

* * *

Menga faqat o‘zim, qarindoshlarim va bir nechta do‘stim ko‘radigan uydagi kursilar qanday rangda bo‘lishidan ko‘ra ko‘proq millardlab odamlar qanday muloqot qilishiga doir qarorlarni qabul qilish qiziqroq.

Denis Ustyansev tarjimasi