Skip to main content

Tijoriy emblemalarning paydo bo‘lishi va ularning taraqqiyoti

Logotiplar…  qariyb har doim bo‘lgan. Faqat ilgarilari ular boshqacha nomlangan. Odamzod turmush tarzini tartibga solish va davlatchilikni joriy etish zo‘r g‘oya ekanligini anglab yetishlari bilanoq davlat ramzlarini joriy etishga ehtiyoj paydo bo‘ldi. Tabassum qilib turgan sherlar tasviri tushirilgan muhrlar, gerblar va boshqa jimjimador buyumlar paydo bo‘ldi. O‘rta asrlarda bularning bari geraldika (gerbshunoslik) deb ataladigan bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay hokimiyatni ifodalovchi suratlar tovarni anglatuvchi tasvirlar bilan to‘ldirila boshlandi. Va shu ondan boshlab logotip Hazrati oliylarining davri keldi.

Peshlavhalar

Insoniyatning ko‘chishi bilan, 2-mingyillikda shaharlarda do‘konlar vujudga kela boshladi. Do‘konlarda esa – peshlavhalar. Hamma ham savodli bo‘lavermagan, biroq shu bilan birga o‘tkichilarga – ularning qarshisidagi qandolat emas, baliq do‘koni ekanligini tushuntirishga ham to‘g‘ri kelgan.

O‘sha paytdagi sotuvchilar orasida kim birinchi bo‘lganini aytish qiyin, ammo shunisi aniq ma’lumki, “Den Hoorn” pivo zavodi 1366-yilda Belgiyaning Leven shahriga ko‘chirilgach, o‘z peshlavhasiga surnay qo‘yishni boshladi. Keyinchalik pivo zavodining sohiblari o‘zgarib, Sebastyan Artuaga sotildi, ammo peshlavhadagi o‘sha surnay tasviri saqlanib qoldi. Stella Artua pivosi bugungi kunda ham ishlab chiqariladi va yorliqda surnay tasviri mavjud.

Logomaniya

Den Hoorn kompaniyasi (Stella Artois pivosi ishlab chiqaruvchisi) logotipidagi surnay XIV asrdan qolgan

1389-yilda Angliyada qonun qabul qilingan qonunga muvofiq, shaharda el (ingliz pivosi) pishirib, uni sotishni rejalashtirgan har bir kishi tegishli peshlavha tayyorlashi kerak edi. Aks holda, yangi pivo pishiruvchining mollari musodara qilinib, surobi to‘g‘irlab qo‘yiladi. Bu nima uchun kerak edi? Albatta, standartlashtirish va soliq undirish uchun. To‘g‘ri, ko‘plab pivopazlarga o‘zlari nimadir o‘ylab topish emas, balki “tayyorga ayyor” bo‘lib, hamkasblaridan o‘g‘irlab olgan osonroq edi. Shu boisdan tez orada butun London qizil sherlar va yashil ajdarlar tasvirlari bilan to‘lib ketdi.

Ilk brendlar

Keyingi qadam – peshlavhalardan bosma belgilarga o‘tish. Shu o‘rinda Iogann Gutenberg va uning g‘aroyib ixtirosi – bosma dastgohni tilga olib o‘tmay iloji yo‘q. 1440-yildan so‘ng, deylik, qaysidir bir do‘konda pivo tatib ko‘rishga da’vat etuvchi reklama bukletlariga tiraj belgilash sezilarli darajada soddalashdi.

Logomaniya

Dunyoda birinchi bo‘lib tasvirni patentlagan yana bir pivo ishlab chiqaruvchi kompaniya logotipi

XVII  asrda reklama alohida ahamiyat kasb etadigan gazetalar chop etila boshlandi. Reklama bilan birga OAV sahifalarini logotiplar ham egallay boshladi. XIX asrda gazetalardagi reklamalar shunchalik ko‘payib ketdiki (ular bir-biriga nihoyatda o‘xshash bo‘lgan), ishlab chiqarish korxonalari egalari patent olish haqida bosh qotirishga tushishdi. Naqadar g‘alati tuyulmasin, pivopazlar birinchilar qatorida bo‘lishdi. Angliyaning Staffordshir shahridan chiqqan Bass kompaniyasi 1876-yilda o‘z yozuvi va ramzi – qizil uchburchakni ro‘yxatdan o‘tkazdi.

Olimpiada logosi

Biroq, notijorat logotiplar ham uchraydi. Ulardan eng mashhuri 1913-yilda zamonaviy Olimpiya o‘yinlarini tashkil etish tashabbuskori Pyer de Kuberten tomonidan yaratilgan. Uning beshta halqasi Olimpiya harakatining ramzi edi. Ular hali ham o‘z vazifalarini muvaffaqiyatli amalga oshirmoqdalar. Olimpiya ramzi birinchi marta 1913-yil iyul oyida Olimpiya o‘yinlari qayta tiklanishining 20 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish paytida firma blankida paydo bo‘ldi.

Logomaniya

Olimpiya o‘yinlariga mezbon davlatlar ham musobaqa logotiplarini yaratishadi. Illyustratsiyada – Parijda yaqinda o‘tkaziladigan Yozgi olimpiada o‘yinlari logotipi

“Koʻk, sariq, qora, yashil va qizil rangli beshta teng, bir-biriga bogʻlangan halqalar oq fonda ajralib turadi. Bundan tashqari, ushbu olti rang istisnosiz barcha milliy ranglarni ifodalash uchun birlashtirilishi mumkin: Shvetsiyaning ko‘k va sariq; Gretsiyaning ko‘k va oq; Fransiya, Buyuk Britaniya, Amerika, Germaniya, Belgiya, Italiya va Vengriyaning uch xil rangli bayroqlari. Ispaniyaning sariq va qizil ranglari Braziliya va Avstraliya, shuningdek, qadimgi Yaponiya va yosh Xitoy kabi yangi mamlakatlar bilan bir qatorda turadi, – deya Kuberten o‘z tanlovi va uning “yuqori darajadagi ramziy ma’noga ega” bayrog‘i “olimpizm va barcha xalqlarning ranglarini  birlashtiruvchi beshta qit’a”ni anglatishiga izoh berdi.

Oddiylikdan raqamlashtirish sari

1950-yillar modernistik dizayn taraqqiyoti davri bo‘ldi. Bu yillarda logotip yaratuvchilari oddiylik hamda vizual aniqlikka e’tibor qaratishdi. “Kamroq – ko‘proq demak” – o‘sha yillarning taniqli shiori edi. Masalan, aynan shu vaqtlarda  IBM kompaniyasining logotipi paydo bo‘ldi. Uni dizayner Pol Rend, yon daftarchasiga – birgalikda uch harfli abbreviaturani hosil qiladigan sakkizta yo‘l-yo‘l chiziq tortgan holda yaratgan.

Logomaniya

MTV telekanali o‘z logotipining turli variantlarini, shuningdek ularni animatsiyalashtirilgan ko‘rinishda ham yaratgan

Tomas Geysmar ham o‘sha davrning obro‘li vizualizatorlaridan biri bo‘lgan, uning Chase Bank uchun 1961-yilda yaratgan sakkiz burchakli ramzi abstrakt logotiplar davrida muhim rol o‘ynagan. Garchi kichik o‘zgarishlarga uchragan bo‘lsa-da, undan hozir ham foydalaniladi.

1980-yildan keyin raqamli inqilob boshlanadi. Agar ilgari hamma logotiplar bosmadan chiqqanda qanday ko‘rinishi haqida bosh qotirishgan bo‘lsa, endi monitorlar davri keldi. Bu bilan bog‘liq asosiy o‘zgarish shundaki, logotiplar statik (jonsiz) holatda emas, balki animatsiyalashgan ko‘rinishda bo‘lishi mumkin edi. 1981-yilda paydo bo‘lgan MTV tanib olish nihoyatda oson bo‘lgan elementlar – katta “M” harfi va ikkita kichik TV harfchalari aks etgan logotip yaratdi, ammo brendning jo‘shqinligini aks ettirish uchun harflarni doimiy ravishda o‘zgarib turadigan qilib qo‘ydi.

Web 2.0 nima olib keldi

2000-yillarning boshida Web 2.0 davri boshlanadi. Asosiy trend – inetraktiv. Saytni ishlab chiquvchilar logotiplarni hajmdor, orqa fondan va mos ravishda, ekrandan maksimal darajada ajralib turadigan qilib yaratishga harakat qilishadi.

Keyin bu trend o‘rniga antitrend keldi. Deyarli o‘n yildan so‘ng dizaynerlar to‘satdan ularga ularga shunchaki ko‘proq oddiylik kerakligini anglab yetishdi.

Logomaniya

2010-yillarda ko‘pchilik logotiplar “yassi” ko‘rinishga ega bo‘lgan, bu esa anchagina memlar yaratilishiga sababchi bo‘lgan. Illyustratsiyada chapdan Microsoft logotipi, o‘ngdan – yangilangani

2010-yillarda hech qanday ortiqcha soya va “bo‘rttirishlarsiz” “yapaloq” dizayn urfga kirdi. Aytgancha, yangi davr dizayniga o‘tishning eng yorqin misoli iOS7 ning  chiqarilishi bo‘ldi. Unda deyarli barcha ikonkalar yassi  ko‘rinishga ega edi va bu urfga aylandi.

Hozir logotiplarni hamma joyda ko‘rish mumkin. Faqat pomidor sho‘rvali bankalarda yoki sevimli sport kiyimida emas, balki hamma joyda. Hatto shaharlar ham o‘ziga xos “alohidalik” kasb etmoqda. Bu endilikda o‘tgan asrlarda bo‘lganidek geraldika belgilari emas, balki butunlay mustaqil va nodir logotiplardir.

Eng taniqli

Coca-Cola Company va uning flagman ichimligi dunyodagi eng taniqli firma uslubiga ega. Shu bilan birga u 130 yildan beri amalda hech bir o‘zgarishsiz yashab kelmoqda. Avvalboshda u o‘z zamonasi talablariga batamom javob bergan: silliq yozuv shakli o‘sha vaqtlarda trendda edi. Biroq keyinchalik, o‘tgan va undan oldingi asrlardan bizgacha yetib kelgan ko‘pgina brendlar faol tarzda o‘z dizaynini zamonga moslashtirdi, Coca Cola esa shunchaki qandaydir kichik detallarni qo‘shdi.

Logomaniya

Dunyodagi eng mashhur Coca-Cola logotipining evolyutsiyasi

Frenk Meyson Robinson yozuv mashinalarning paydo bo‘lguniga qadar AQSH da rasmiy yozishmalar uchun keng foydalanilgan harflarning yozilish uslubi – Spenser yozuvi asosida logotip yaratdi. Ushbu dastlabki versiya Coca-Colaning biz hozirgi kunda biladigan logotipidan unchalik keskin farq qilmaydi. Coca-Cola logotipining navbatdagi evolyutsiyasi 1969-yilda oq to‘lqinning vujudga kelishi bo‘ldi. U hozir ham mavjud. Qolaversa, 2023-yilda XIX asrdan vaqt mashinasida uchib kelgan odam osongina tanib olgan bo‘lardi.

Yana uchta taniqli logotip

Google, 1999 yil

Google logotipi Rut Kedar tomonidan ishlab chiqilgan. Mutaxassislar uni nomsiz ham tanib olish xususiyati tufayli ajratib oladilar. Mohiyatan, bu yerda logotip harflarning o‘zi emas, balki ranglar izchilligini o‘zida namoyon qiladi. Biz ko‘k, qizil, sariq, ko‘k, yashil, qizilni ko‘rishimiz bilan darhol Google haqida o‘ylaymiz.

Logomaniya

Google kompaniyasini logotipidagi oltita harflarning har bir qanday o‘zgarishga uchragani

Apple, 1977

Logotip bir vaqtning o‘zida oddiylik, innovatsiya va ijodkorlik ramziga aylandi va bu Apple kompaniyasining asosiy qadriyatlariga yuz foiz mos keladi. Darvoqe, bundan bir yil avval ham kompaniya daraxt tagida olma tushishini kutib o‘tirgan Isaak Nyuton bilan murakkab rasmdan foydalanganligi qiziq holat (ha, kompaniya nomi shu yerdan kelib chiqqan).

Logomaniya

Birinchi Apple logotipi (1976) – va uning hozirgi logotipi

Tasvirni yaratish uchun rassom Rob Yanov yaqin atrofdagi do‘kondan olmalar sotib oldi, ularni uyda yoyib qo‘yib, barcha keraksiz detallarni olib tashlashga uringan holda, xomaki tasvir chizishga harakat qildi. Olmani tishlangan tarzda tasvirlash g‘oyasi biroz keyinroq paydo bo‘ldi: meva yetkazib beruvchi kompaniyalardan ajralib turishi kerak edi.

McDonald’s, 1968

Bugungi ko‘zga yaqin dizaynning timsoli ilk marotaba 1961-yilda paydo bo‘lgan, garchi o‘sha paytda ravoqlar orasidan o‘tuvchi diagonal chiziqli qilib tasvirlangan edi. Faqat 7 yil o ‘tgach, logotip dunyo aholisining yirik qismi bir qarashda tanib oladigan shaklga keltirildi. Xususan, gamburger sotuvchi kompaniya ishlamaydigan davlatlarda ham.

Logomaniya

1940-yildagi birinchi McDonald’s logotipi, 1961-yilgi logotip va hozirgi savdo belgisi

2024-yilda nima urfda bo‘ladi?

Logotip trendlari muttasil ravishda o‘zgarib turadi. Shuning uchun mutaxassislar nima urfda bo‘lishini hamisha oldindan aytishga harakat qilishadimi? LogoLounge.com platformasi asoschisi Bill Gardner o‘z blogida 2024-yilda dolzarb bo‘ladigan asosiy omillarni aytib o‘tdi.

Logotip yaratishda neyron tarmoqlardan faol foydalanish boshlanadi. Shu bilan birga, Gardner, dizaynerlar o‘z ishlaridan qo‘rqishlari shart emas deb hisoblaydi. U shunday deydi: “Grafik dizaynerlarni sun’iy intellektga almashtirish uchun mijozlar o‘zlari xohlagan narsani aniq tasvirlab berishlari kerak bo‘ladi. Shunday ekan, bizga hech nima xavf solayotgani yo‘q”.

Ko‘proq botanik tasvirlar. Botanika illyustratsiyalari faqat giyohli choy va tomoq og‘rig‘iga qarshi shimiladigan pastilkalar qadog‘ida aks etmaydi. Bu narsa, gulli ingrediyentlarning bu davrda gazlangan va spirtli ichimliklar, shuningdek, kosmetika va sog‘liqni saqlashda qo‘llaniluvchi tovarlar ustiga tasvirlay boshlanganligi bilan bog‘liq.

Xiralashtirish. Odatiy qoliplarga zid bo‘lgan tendensiya, axir hamma logotipning o‘qilishi oson bo‘lishini istaydi. Biroq bu o‘rinda dizaynerlar mahsulot bilan o‘zaro aloqaning jo‘shqinligiga urg‘u berish  tasvirlarning g‘ira-shira ko‘rinadigan elementiga aniq elementlarni o‘zaro taqqoslashga urinishadi.

Текст: