Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018-yil dekabr oyida parlamentga yo‘llagan murojaatida O‘zbekistonda uy-joylarni renovatsiya qilish dasturini qabul qilish zarurligi haqida birinchi marta ma’lum qilgan edi. O‘sha yili mamlakat bo‘ylab ikki va undan yuqori qavatli 34 584 ta ko‘p qavatli uylarni xatlovdan o‘tkazish natijalari taqdim etildi. 455 ta xonadonda avariya alomatlari aniqlandi: fasad qismidagi yoriqlar, poydevorning cho‘kishi, yerto‘la va tom konstruksiyalari betonining korroziyasi va boshqalar.
2024-yil yoziga qadar Toshkent shahrining olti tumani – Mirzo Ulug‘bek, Sergeli, Shayxontohur, Chilonzor, Yashnobod va Yakkasaroy tumanlarida renovatsiya loyihalari ishlab chiqilib, amalga oshirish uchun qabul qilindi. Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqovning aytishicha, gap “ko‘p yillardan beri o‘z yechimini kutayotgan ikki qavatli vaqtinchalik binolar” haqida ketmoqda.
Yangilik shaharliklarda ko‘pgina savollar tug‘dirdi va ularning xavotirini tushunsa bo‘ladi: noma’lumlik doim qo‘rquv uyg‘otadi, ko‘plab savollar javobsiz qolmoqda.
RENOVATSIYADAN MAQSAD NIMA?
Har qanday uy abadiy emas, ertami-kechmi eskirgan yoki avariya holatidagi uylarni buzib tashlashga to‘g‘ri keladi. Konstitutsiya har kimga nafaqat uy-joy, balki xavfsiz yashash huquqini kafolatlaydi. Uy-joy qurilishini rag‘batlantirish hamda shahar muhiti va infratuzilmasini modernizatsiya qilish orqali davlat renovatsiya orqali fuqarolarning uy-joyga bo‘lgan huquqlarini ham, uy-joy xavfsizligiga bo‘lgan huquqlarini ham amalga oshiradi.
Renovatsiya faqat jiddiy asoslar mavjud bo‘lgandagina o‘tkaziladi: muhandislik va kommunikatsiya tarmoqlari butunlay eskirib, odamlar hayoti va xavfsizligiga tahdid solayotgan bo‘lsa; bino avariya holatida ekanligi to‘g‘risida xulosalar mavjud bo‘lganda yoki Favqulodda vaziyatlarda favqulodda holat rejimini ta’minlash bo‘yicha Davlat komissiyasining qaroriga muvofiq.
“Uylarning konstruksiyalarining yuk ko‘tarish qobiliyati pasayishi, ta’mirlash va rekonstruksiya qilish ularni zamonaviy xavfsizlik va qulaylik talablariga yaqinlashtirmasligi xavfi katta. Ushbu uylardan kelgusida foydalanish poytaxtda avariya holatidagi uy-joylarning ommaviy paydo bo‘lishiga olib keladi”, – deya ta’kidladi Toshkent shahar hokimligi renovatsiya maqsadlari haqidagi savolga javob berar ekan.
Poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov xatlovdan o‘tkazish, holati zudlik bilan chora ko‘rilishi lozim bo‘lgan binolar ro‘yxatini tuzish, rekreatsion maydonlar, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va yo‘l infratuzilmasining joriy holati va yuklamasi haqida ma’lumot shakllantirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Tarixiy meros obyektlari va ekologiyani asrab-avaylashga alohida e’tibor qaratiladi. Aholi va mulkdorlar bilan ochiq muloqotlar (yig‘ilishlar) o‘tkazilishi kerak.
ASOSLAR YETARLI EMASMI?
Keling, Turkiya misoliga murojaat qilaylik. 2024-yil boshida prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bayonot bergan edi: “Istanbulda 7,5 millionga yaqin imoratlar, jumladan, 6 million uy-joy mavjud bo‘lib, ulardan 600 mingtasi birinchi navbatda renovatsiya qilinishi kerak. Maqsadimiz besh yil ichida yashash uchun xavfli deb hisoblangan uylarda yashovchi 1,5 million aholini boshqa joyga ko‘chirishdir.”
Bir yil avval, 2023-yil 6-fevralda Turkiyaning janubi-sharqida soat to‘qqizda ikkita kuchli zilzila sodir bo‘lgan, buning natijasida 50 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan. Muammoni tan olish va zudlik bilan renovatsiya rejasini ishlab chiqish davlatning bildirgan munosabati bo‘ldi.
2023-yilda Turkiyada sodir bo‘lgan zilzila tufayli vayron bo‘lgan uylar. Shundan so‘ng hukumat eski uy-joylarni ta’mirlash va almashtirish bo‘yicha faol renovatsiya dasturini ishga tushirdi
Toshkent zilzila nimaligini biladi. 1966-yil 26-aprel fojiasi davlat va uning poytaxti tarixida abadiy qora sahifa bo‘lib qoladi. Halokat oqibatlarini qahramonona yengib o‘tgandan so‘ng, Toshkent g‘oyat o‘zgardi va 1970-yillarda jasoratli me’moriy tajribalar makoniga va sovet modernizmining poytaxtlaridan biriga aylandi.
Turar-joy binolari ham ehtimoliy xavflarni hisobga olgan holda qurilgan, ammo ularning ekspluatatsiyasi o‘rtacha 50 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, kapital ta’mirlash imkoniyati mavjud emas. Aksariyat uylar o‘z resursini tugatgan yoki yaqin yillarda yashash uchun yaroqsiz bo‘lib qoladi.
JAHON TAJRIBASI
Renovatsiya g‘oyasini mamnuniyat bilan qarshi olgan biror davlatni misol qilib keltirish amri mahol. Ammo har bir megapolis tarixida yangilanish zaruriyati tug‘iladigan vaqt keladi. Vaqt esa murakkab yechimlarning to‘g‘riligini ko‘rsatadi.
Parij
Parijning shahar renovatsiyasi milliy rejasi 10 yil ichida to‘rt million aholini qamrab oldi. Bunga 12 milliard yevro sarflandi.
Katta Parijning nisbatan yorqin keysi avvallari Renault avtomobil zavodlari va ishchi posyolkalari joylashgan Bulyon-Biyankur shaharchasi hisoblanadi. Texnologiyaning eskirishi va ekologiyaga salbiy ta’siri tufayli zavodlar buzib tashlandi, bunign natijasida juda katta hudud bo‘sh qoldi. Hokimiyat bu yerda yangi aholi turar joyini yaratdi. Bugungi kunda Bulon-Biyankur – Parijning eng aholisi zich, faol va jozibador shaharchalaridan biri.
Fransiyada shaharlarni yangilash milliy dasturi bilan Moris Lerua shug‘ullangan. Uning e’tirof etishicha, dastlab hokimiyat aholi tomonidan salbiy munosabati bilan to‘qnashgan, biroq dastur yakunlanganidan biroz vaqt o‘tgach, yangi ko‘chib kelganlar tumanni yangilash natijasiga munosib baho berishgan.
“Shaharni renovatsiya qilish bo‘yicha milliy reja amalga oshirilgandan besh-o‘n yil o‘tgach, biz Parijda o‘zgarishlarga daxldor bo‘lganlar o‘rtasida so‘rov o‘tkazdik. Ularning 90% dan ortig‘i renovatsiya natijalaridan mamnunligini bildirgan. Garchi avvaliga ba’zilar eski uylarining buzilayotganini ko‘rganlarida hatto yig‘lashgan edi,” – deb eslaydi Moris Lerua.
Renovatsiya dasturi bo‘yicha Parijda barpo etilgan turar joy binolaridan biri
Токио
1986-yilda Tokioda renovatsiya dasturi ishga tushirildi va o‘n yil ichida poytaxt tuzilishi sezilarli darajada o‘zgardi. Agar ilgari barcha yirik ofis majmualari va madaniy infratuzilma obyektlari faqat markazda joylashgan bo‘lsa, bugungi kunda poytaxt qiyofasi ko‘p qirrali va muvozanatlashgan. So‘nggi 20 yil ichida Tokioning 23 ta tumanida ijtimoiy uy-joylar soni 3,8 foizga, arzon uy-joylar esa 2,7 foizga oshdi.
Tokyo Metropolisning sobiq vitse-gubernatori, Meyji universiteti professori Yasushi Aoyama shunday deydi: “Mahalliy aholi renovatsiya dasturiga qarshi chiqdi, biroq shahar atrof-muhiti sifatini yaxshilash uchun bu faoliyatni qat’iyat bilan davom ettirish zarur. Shu bilan birga, biz doimo uy-joy, ta’lim va atrof-muhitning yuqori sifatini ta’minlashga alohida e’tibor qaratib kelmoqdamiz.”
Moskva
Boshqa katta shaharlardagi kabi Moskva aholisi ham tashabbusni yumshoq qilib aytganda, nayzaday qabul qildi. Yetti yil davomida poytaxtda umumiy maydoni 4,5 million kvadrat metr bo‘lgan 322 ta turar-joy majmuasi qurildi. Hozirgi vaqtda 168 mingga yaqin shahar aholisi renovatsiya dasturi bo‘yicha ko‘chib o‘tishni boshladi yoki allaqachon yakuniga yetkazdi.
Moskva shahar mulk departamenti rahbari Maksim Gaman: “Renovatsiya dasturi bo‘yicha moskvaliklarning ko‘chib o‘tish sur’ati ayniqsa so‘nggi uch yilda – 2021-yildan 2023-yilgacha yuqori bo‘ldi. Bu davrda taxminan 120 ming kishi yangi kvartiralarning egalari bo‘lishdi. Ular nafaqat qulay va shinam turar-joy, balki zamonaviy infratuzilma: obodonlashtirilgan hovlilar, dam olish hududlari bilan ham ta’minlandilar.”
Renovatsiya bo‘yicha qurilgan kvartiralar buziladigan eski besh qavatli uylardan hayratlanarli farq qiladi. Birinchi navbatda, qayta taqsimlangan maydon farqni payqashga yordam beradi: sovetcha uslubdagi kichik oshxonalar va tor yo‘laklar o‘tmishda qolib, kengroq xonalarga joy berdi. Yangi kvartiralar maydoni eski kvartiralar maydonidan o‘rtacha 30% ko‘p. Moskvadagi renovatsiya yuqori natijalarni ko‘rsatdi va moskvaliklarning ishonchini qozondi. Shahar barqaror ravishda dunyoning eng zamonaviy va qulay poytaxtlari beshligiga kiradi va, shubhasiz, to‘g‘ri shaharsozlik tendensiyalarining namunasidir.
***
Davlat ilg‘or jahon tajribasidan kelib chiqib aholi muammolarini hal qilish va shaharni rivojlantirish niyatida bo‘lsa-yu, javoban “Yo‘q!” degan so‘zni eshitsa, paradoksal holat yuzaga keladi. Davlat yoki Toshkent hokimiyati aholining salbiy fikr-mulohazalariga (bu albatta, xavotirli va qo‘rqinchli) qarab, renovatsiyadan voz kechishini tasavvur qilaylik.
Bu siyosiy ballar qo‘shadimi? Taktik jihatdan – ha. Strategik jihatdan bu – halokatga olib boradigan yo‘l. Butun poytaxt bo‘ylab eskirgan binolar buzila boshlasa, bunga kim javobgar bo‘ladi? Avariya holatidagi uy-joy va mahallani qo‘llab-quvvatlashga bo‘lgan mantiqsiz intilish hech bo‘lmaganda bitta inson hayotiga arziydimi?
Vaqt omili hal qiluvchi hisoblanadi. Snosni uy buzila boshlaganda emas, balki oldindan rejalashtirish kerak. Toshkentning bu muammo bilan hozir shug‘ullanib, mashhur bo‘lmagan chora-tadbirning og‘ir yukini o‘z zimmasiga olgani har jihatdan to‘g‘ri. Har bir fuqaro tinglanishi, qonunchilikda aniq huquqiy kafolatlar berilishi, har bir ishtirok etuvchi kompaniya yangi uy-joy sifati va xavfsizligini ta’minlashi kerak.
Prezident renovatsiya zarurligini haqida o‘z fikrini bayon qilganiga olti yil bo‘ldi. Bu masalani bir umrga kechiktirib bo‘lmaydi. Gapirish emas, harakat qilish vaqti keldi! Parlament a’zolari, jamoat arboblari va mashhur blogerlar o‘z kuch-g‘ayratlarini foydali takliflar yo‘nalishiga qaratishsa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bundan hamma yutadi.