Skip to main content

Kelajakni ko‘ruvchilarning g‘oyalarini tushunish osonroq kechishi uchun aksariyati so‘zlashuv tilimizga kirib kelishi kutilayotgan “kelajak atamalari” ro‘yxatini tuzdik

“Alfa”-avlod. Hozirda yettita avlod toifalangan bo‘lib, yettinchisi “alfa” nomini olgan (u Z avlodidan keyin keladi). Bu odamlar 2010-yildan keyin dunyoga kelgan va tug‘ilganidan raqamli olam sharoitida bo‘lgan. “Alfa”-avlodning insoniyat tarixi davomida qayd etilgan eng ma’lumotli, texnologik mukammallashgan va boy bo‘lishi, ammo aynan o‘sha texnologiyalar taraqqiyoti sababli – o‘ta sabrsiz va mustaqil yashashga kamroq moslashgan bo‘lishi kutilmoqda.


Bioprinting. Jonli organlarni yaratish uchun tirik hujayralar va boshqa biomateriallarni qavatma-qavat joylashtirish. Allaqachon bosib chiqarilgan paylar va suyaklar, odam qulog‘i va odam yuragi miniatyurasi namunalari mavjud.

Yangi kun alifbosi

 


Ong portlashi. Atama 1960-yillardayoq taklif qilingan edi, uning zamonaviy muqobili esa – “texnologik singulyarlik”. Bu kelajakdagi davrning nazariy vaqti bo‘lib, unda texnologik o‘sish nazorat ostidan chiqib ketadi va barchasi inson qobiliyatlaridan ustun keladigan yuksak ong yuzaga kelishi bilan yakunlanishi mumkin.


Gig-iqtisodiyot. Frilans mutaxassislari bilan ishlashga asoslangan iqtisodiyot. Ko‘pchilikning fikriga ko‘ra, gig-iqtisodiyot XIX asrga qaytish hisoblanadi, chunki xodim ijtimoiy kafolatlardan deyarli butkul mahrum bo‘ladi. Biroq, bu sohada hozirdanoq millionlab odamlar ishlamoqda va yaqin o‘n yillikda gig-iqtisodiyotning  har yili 14 foizdan ko‘proqqa o‘sishi kutilmoqda.


Vijdonli injeneriya. Ma’lum dori vositalari yordamida odamlarning xatti-harakatlarini tuzatish mumkin va kerak bo‘lgan g‘oya. Masalan, nomaqbul istaklarni bostirish yoki empatiyani oshirish. Inson u yoki bu gormonlar ishlab chiqilishini sun’iy tarzda nazorat qilish orqali o‘z xulqini yaxshilashi mumkin. O‘ta bahsli g‘oya, ammo “mehr dorisi”, ayniqsa hukumatlar orasida, juda keng ommalashishi mumkindek ko‘rinadi.


Yagona raqamli bozor. Yevropadagi 28ta raqamli bozordan yagona bozorga o‘tish g‘oyasi: transchegaraviy elektron tijorat va onlayn-kontendan foydalanish bo‘yicha to‘siqlar bartaraf etilib, onlayn-bozorlar uchun umumiy ishonchli infratuzilma yaratiladi. Natijada hamma, millati yoki yashash joyidan qat’iy nazar, onlayn-faoliyatdan ochiq foydalanishi mumkin bo‘ladi.


Suyuq metall. Shubhasiz, “Terminator-2” filmidagi T-1000 robotini esladingiz. Demak, endi u faqat tasavvur mahsuli bo‘lib qolmaydi. Galliy va indiy asosidagi materiallardan ishlangan suyuq metalli o‘tkazgichlar “elastik elektronika” uchun haqiqiy kashfiyotga aylanadi. Unda sxemalar va qurilmalar silikon kabi cho‘ziladigan tagliklarga asoslangan bo‘lib, katta yuklamalarni ko‘tara oladigan konstruksiyalar uchun qo‘llaniladi.

Yangi kun alifbosi


Ongni yuklash. Inson ongidan mashina tashuvchisiga nusxa ko‘chirish bo‘yicha nazariy texnologiya. Hozircha ong faolligi imitatsiyasi uchun qancha hisoblash quvvati kerak bo‘lishini hech bilmaydi – ehtimol, mavjud kompyuterlarga nisbatan trillion martaga kuchliroqlari zarur bo‘lar. Lekin, masalan, hozirda IBM va Shvetsariya texnologiya instituti tomonidan amalga oshirilayotgan Blue Brain loyihasining maqsadi miyaning to‘liq elektr sxemasini yaratishdan iborat.


Sun’iy ong. Endilikda u faqat jiddiy hisoblash tizimlarida ishlatilmayapti – sun’iy ongni amaliy kasblarlarga ham o‘rgatishga urinmoqdalar. Masalan, sun’iy ong tegishli sha’siy ma’lumotlar asosida ma’lum bir odamga taqlid qilishni o‘rgansa, bu odam vafotidan so‘ng chat yoki hattoki gologramma shaklida muloqot qilish uchun foydalaniladigan “raqamli ruhni” yaratish mumkin bo‘ladi.


Krispirlash. CRISPR qisqartmasining o‘zi DNKdagi takrorlanuvchi ketma-ketliklarni anglatadi. Yaqinda olimlar DNKning qaysidir sohalarini modifikatsiyalash, yo‘qotish yoki tuzatish uchun CRISPR/Cas9 genlarni tahrirlash texnologiyasini yaratdilar: “molekulyar qaychi” DNKni kesib, sohalar o‘rnini qoplaydi. Texnologiya embrion davrida irsiy kasalliklarni davolashda hamda umuman genlarni tuzatishda qo‘llanilishi mumkin.

Yangi kun alifbosi

 


Longtermizm. “Samarali altruizm” falsafasining nafaqat hozirgi kun, balki kelajakka g‘amxo‘rlikni bildiruvchi tarkibiy qismi: agar minglab kilometr uzoqlikda yashovchi odamlar biz uchun ahamiyatli bo‘lsa, bizdan minglab yillar uzoqlikda yashovchilar ham muhim bo‘lishi kerak. Agar kelajak odamlari zamondoshlar kabi muhim bo‘lsa, har qanday ishlarni ular asrlar osha yangi avlodlarga qanday ta’sir ko‘rsatilishi inobatga olgan holda amalga oshirish zarur.


Multipleks ota-ona. Tana hujaylarini qayta dasturlash sohasidagi ilgarilash insondagi funksional gametlar tez orada in vitro shaklida yaratilishi mumkinligini taxmin qiladi. Bu sintetik tuxum hujayralari va spermatozoidlar “ishlab chiqilishiga” hamda istalgan sondagi genetik ota-ona yoki, aksincha, faqat bitta ota yoki onadan bolalar tug‘ilishiga yo‘l ochib beradi. Aytgandek, sayyoramizda uchta odamning DNKsiga ega ilk bolalar dunyoga kelib bo‘lgan.


Neyroprotezlar. Neyroprotezlar yo miyaga implantatsiya qilingan chip, yoki bosh terisiga joylangan elektrodlarga asoslangan interfeys orqali odam miyasi bilan o‘zaro aloqaga kirishadi. Ma’lum fikrlar elektr faollikni hosil qiladi, u o‘z navbatida asab hujaylari hamda miya to‘lqinlarini faollashtiradi.

Yangi kun alifbosi

 


Farovon jamiyat. “Yalpi farovonlik davlati” g‘oyasi XX asr o‘rtalaridan ma’lum. Biroq COVID-19 bilan bog‘liq inqiroz “davlat” va “jamiyat” o‘rtasidagi katta farqni ko‘rsatib berdi. Hukumatlar o‘z zimmalariga qutqaruvchilar rolini yukladilar, ammo yakka holda uddalay olmadilar va boshqaruv jarayoniga xususiy, xayriya tashkilotlari hamda ko‘ngillilar jalb etildi. Bunday jamiyat farovonligini ko‘proq uning o‘zi ta’minlaydi, fuqarolarning davlatga qaramligi esa kamaymoqda.


Postgumanizm. Odamlarni hayvonot olami va texnologiyalarni o‘z ichiga olgan ekotizimning bir qismi sifatida ko‘radigan falsafiy nazariyalar tizimi. Bunday g‘oya insonni klonlashtirish, genetik/jarrohlik yo‘li bilan shakllantirish yoki kiborglarni yaratish yo‘lida ko‘p asrlik ahloqiy to‘siqlarni o‘chiradi.


Raketa tashuvlari. SpaceX rahbari Ilon Mask Marsda bazalarning yaratilishi ko‘pi bilan keyingi avlod davrida haqiqatga aylanishi mumkinligiga bizni ishontirdi. Biroq, hozirda Marsdagi koloniyalarning maqomi hamda yerdagi chegara va tobelikka oid tasavvurlarga qanday nisbatga ekanligi aniq emas.


Sintetik yegulik. Sun’iy ravishda ishlab chiqariladigan ozuqa moddalari yoki mahsulotlari; ular insoniyatga potensial oziq-ovqat tanqisligini yengishda yordam berishi kerak. Masalan, kelajakda go‘sht laboratoriyada yetishtirish va 3D bosib chiqarish usullari orqali ishlab chiqariladi.


Texnologik ishsizlik. Hamma yerdagi avtomatlashtirish ishchilar ishlab chiqarishni tark etishiga olib kelishi mumkin. Lekin sanoat inqilobi avval ham iqtisodiyotning ayrim sektorlarida ishchi kuchi qisqarishiga va boshqalarida ortishiga sabab bo‘lib, bandlik muvozanatini saqlab qolgan. Biroq, bu safar hammasi yanada jiddiyroq, chunki avtomatlashtirish sur’atlari va ko‘lami haddan tashqari katta.


Ongning kuchayishi. Texnologiyalar yordamida inson qobiliyatlarining kuchaytirilishi, ya’ni inson va kompyuter uyg‘unligini yaratish. Ongni “kengaytiruvchilar” xilma-xil bo‘lishi mumkin – mutlaqo texnik (chip o‘rnatishdan tortib operator bilan taqsimlangan ongni hosil qiluvchi faol vositalarni rivojlantirishgacha), genetik va farmatsevtik.


Femininlashtirish. BMT prognozlariga ko‘ra, 2025-yilda ayollar son jihatdan erkaklar bilan tenglashadi, so‘ngra orta boshlaydi. Gender tenglik munozara predmetidan muqarrar zaruratga aylanadi hamda ta’lim, tahqirlash yoki ish haqidagi farqlanishlar bilan bog‘liq muammo va to‘siqlarni haqiqatdan hal qilishga to‘g‘ri keladi.


Xaptika. Sezish va paypaslash, qabul qilish va o‘zini ifoda etishning taktil shakllari haqidagi fan. Olimlar masofadan uzatiladigan sezgi hislarini qayd etishga urinmoqda. Texnologiya operatorga sensor ta’sirni talab qiluvchi nozik harakatlar, masalan jarrohlik amaliyotlarini masofadan turib o‘tkazishga yordam beradi.

Yangi kun alifbosi


Sirkulyar iqtisodiyot, yoki “yopiq davr iqtisodiyoti”. Material va mahsulotlardan birgalikda foydalanish, ijaraga olish, qayta foydalanish, ularni qayta ishlashni nazarda tutuvchi ishlab chiqarish va iste’mol modeli. An’anaviy bir chiziqli iqtisodiyot “ol, iste’mol qil, tashlab yubor” sxemasiga asoslangan bo‘lib, ko‘p miqdordagi arzon material va energiyaga tayanadi hamda chiqindilarning ko‘chki shaklida o‘sishini yuzaga keltiradi.


To‘rtinchi sanoat inqilobi. “Sanoat 4.0” yangi zamoni bo‘lib, unda biznes ishlab chiqarish jarayonlariga yangi texnologiyalarni, jumladan buyumlar interneti, bulutli hisoblashlar va tahlilni, shuningdek sun’iy ong va mashinaga doir o‘qitishni integratsiya qiladi.


Oltinchi qirilish. Yer yuzasida bioxilma-xillikning katta foizi yo‘qolib ketadigan beshta “ommaviy qirilish” yuz berganligiga oid faraz mavjud. So‘nggi qirilish davrida dinozavrlar halok bo‘lgan. inson faoliyati yaxlit turlar va ekotizimlar qirilishi tahdidini hosil qilmoqda. Populyatsiyalar yo‘qolishi sur’atlari inson mavjud bo‘lmagan davrdagi tabiiy qirilish tezligiga nisbatan bir necha ming martaga ortiq baholanmoqda.


Ekologik shtanga. O‘ziga xom “ekologik yo‘laklar” bilan bog‘langan hududlar “shtangasimon” ekotizimlar deya nomlana boshladi. Qishloq xo‘jaligi va boshqa maqsadlar uchun yerlarning o‘zlashtirilishi qachonlardir yovvoyi hayvonlarning yashash maskani bo‘lgan ulkan hududlarni tarqoq uchastkalarga aylantirib yubordi. Aynan shu hududlarni qayta yaratilgan yashash sharoitlari mavjud yer chiziqlari bilan birlashtirish taklif qilinmoqda.


Janub. Biz dunyoning geosiyosiy suratini “G‘arb” va “Sharq” sifatida ajratishga o‘rganganmiz. Bugungi kunda global Shimol va Janubga bo‘lish yanada maqbulroq ko‘rinmoqda. Xususan, Janubga asosan Janubiy Amerika, Osiyo va Afrikadagi rivojlanayotgan mamlakatlar kiritiladi. Taxminlarga ko‘ra, ularning jahon siyosati va iqtisodiyotidagi roli faqat o‘sib boradi.


Yadroviy texnologiyalar. Atom energetikasi barqaror energiyaga ega bo‘lish usullaridan biri bo‘lib qolmoqda, yadroviy tibbiyot esa onkologiya va kardiologiya xastaliklarini tashxislash va davolash usullarini tubdan o‘zgartirib yubordi. Atom bombasining yaratilishi ham dunyo o‘zgarishiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Yadroviy texnologiyalar keng ko‘lamli inson imkoniyatlarining hamda ixtirolarimiz qay darajada vayronkor bo‘lishi mumkinligiga bosh misol bo‘lib qolmoqda.