Skip to main content

O‘zga sayyoralarni, har holda hozir o‘zlashtirish aslida foyda keltiradimi

Inson qadami Oyga yetib borganidan buyon yarim asrdan ko‘proq vaqt o‘tdi, bu orada XX yuz yillikning yetakchi mamlakatlari fazoga bo‘lgan qiziqishini yo‘qotgandek ko‘rinardi. Gap faqat texnologik qiyinchiliklarda emas, balki iqtisodiyot bilan ham bog‘liq edi. Fazo sohasidagi katta rivojlanishga qaramay, Oyga, jumladan Marsga har qanday parvozlarning muntazam tus olishi avvalgidek o‘ta qimmatga tushadi. 

Tamaddunning iqtisodiyot fani tomonidan ko‘rib chiqiladigan bosh muammolaridan biri odamlarda cheklangan resurslardan foydalanish imkoni borligi, ammo ularni iste’mol qilish salohiyati cheksiz ekanligidan iborat. Yer bizni abadiy oziqlantira olmaydi, ayniqsa iqlim o‘zgarishlari holati inobatga olinadigan bo‘lsa: prognozlarga ko‘ra, hech qanday chora ko‘rilmasa, yuz yillikdan keyin hattoki Yevropa ham doimiy favqulodda qurg‘oqchilikdan aziyat chekadi. Xuddi shu vaziyat Yaqin Sharq, Avstraliya, Afrika, Janubiy Amerika va Xitoyda ham kuzatiladi. Bugungi kunda dunyoda oziq-ovqatning asosiy manbai hisoblangan mazkur mintaqalarning barchasi oziq-ovqat ishlab chiqara olmaydi.

Talab va taklif qonunlari

Bir qarashda fazoni kashf qiluvchilar dunyodagi eng badavlat odamlarga aylanishi kerak edi, zero birgina Quyosh tizimimizda boy resurslarga ega minglab samo jismlari mavjud. Radiusi atigi 100 km bo‘lgan birgina kichik Psixeya asteroidida 700 kvintillion dollarga teng oltin mavjud.

Aytish joizki, bu asteroidni Yerga olib kelishning uddasidan chiqsak (yoki resurslarni fazoda olish imkonini topsak), oltin bahosi nolgacha tushib ketadi: chunki Yer aholisi soniga qayta hisoblanganda har bir odam 90 mlrd dollarlik metalldan foydalanishi mumkin bo‘ladi (amaldagi narxda). Talab va taklif qonuniga muvofiq insoniyat fazoda katta miqdorda topadigan boshqa resurslar bilan ham xuddi shu holat yuz beradi.

Mantiqan olib qaraganda agar insoniyat har bir odamning istalgan ehtiyojini qondirish uchun yetarlicha resursga ega bo‘lsa, amaldagi bozor tizimiga bo‘lgan zarurat yo‘qolishi mumkin. Chunki bozor tizimi, bu – narx shakllanishi orqali cheklangan resurslarni iqtisodiy agentlar orasida taqsimlash imkonini beradigan mexanizm. Fazo qo‘lga kiritilgan taqdirda, bozor mutlaqo yo‘qolib ketadi, chunki har bir odamda yetarlicha miqdorda resurs bo‘ladi.

Albatta, hamma narsa oshib-toshmaydi: masalan, o‘g‘itlar uchun go‘ng yoki quvvat uchun neftni asteroidlardan topish qiyin bo‘ladi, biroq texnologik taraqqiyot bunday resurslarning samarali muqobillarini topish imkoniyatini yaratishi mumkin.

Lekin bozor tizimi – hamon tamaddunimizning asosiy mexanizmi, fazodan resurslarni olib kelish uchun esa (hozircha) o‘rniga oladiganimizdan ko‘proq kuch va vosita sarflashga to‘g‘ri keladi.

Texnologik taraqqiyot tufayli fazoviy sayohatlar o‘n baravar arzonlashmoqda, biroq hozirda ulkan miqdorlarda mavjud bo‘lgan taqdirda ham fazodan olinishi katta foyda keltirishi mumkin bo‘lgan resurslar yo‘q. Xususan, 1965-yilda Delta E raketasining ishga tushirilishi bir kilogramm yuk uchun 178 ming dollarga tushgan bo‘lsa, 2018-yilda Falcon Heavy raketasining uchirilishida bir kilogramm yuk uchun 1,5 ming dollar sarflangan. Biroq bu yetarli emas va hozircha fazodan nimanidir qazib olishga xarajatlarni olingan resurslar qiymatidan kamroq qiladigan texnologiyalar yaratilmagan.

Juda qimmat logistika

Muammo nimadaligini tushunish uchun fazoga nazar tashlash shart emas. Shunchaki sayyoramizning ayrim hududlarida logistika samarasizligiga muqobillik yodga olinsa bas. Aksariyat mamlakatlar shunchaki joylashuvi va dengizga yo‘l mavjud emasligi ularni jahon bozorida kamroq raqobatbardosh qilganligi sababli iqtisodiy jihatdan qo‘shnilaridan ortda qolgan.

Mamlakatlarda dengizga chiqish yo‘lining mavjud emasligi va iqtisodiy rivojlanish darajasi o‘rtasida ancha sezilarli o‘zaro bog‘liqlik kuzatiladi va hattoki bunday hududlarni qo‘llab-quvvatlash uchun maxsus BMT dasturlari ham mavjud. Masalan, dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish yo‘lining yo‘qligini mamlakatni import va eksport uchun mahsulotlar tashilishining eng samarali usuli – yuk kemalaridan foydalanish imkoniyatidan mahrum qiladi. Bunday mamlakatlarning o‘z mahsulotlarini qo‘shni hududlar orqali eng yaqin portgacha yetkazish uchun qo‘shimcha xarajatlarni sarflashiga to‘g‘ri keladi. Bu import qiluvchi davlatlarda aynan shu tovar bo‘yicha ustama qiymatni oshiradi. Bu tovar raqobatbardoshligini kamaytiradi, chunki uning boshqa davlatlarda ishlab chiqariluvchi muqobillari arzonroq bo‘ladi.

Arzon ommaviy ishlab chiqarish – rivojlanayotgan mamlakatlar uchun iqtisodiy o‘sishning eng samarali usullaridan biri, biroq bu bozor juda tor foyda asosida amal qiladi. Masalan, bunday ishlab chiqarishda mahsulotlar tannarxi bir million dollar bo‘lsa, ularni faqat – 100-200 mingga qimmatroq sotish mumkin bo‘ladi. Uncha katta bo‘lmagan marja. Bunda tovarni dengiz portigacha yetkazish uchun aynan 100-200 ming atrofida sarflash kerak bo‘lsa, bunday ishlab chiqarishni muvaffaqiyatli amalga oshirish imkoniyati nolga teng bo‘ladi.

Anobtaniumni izlab

Bir tasavvur qiling: hattoki tashishning bir oz xarajatli usullaridan foydalanishiga to‘g‘ri keladigan mamlakatlar ham bir uyum muammolarga to‘qnash kelayotgan bo‘lsa, fazoviy sohalar nimadan umid qilishi mumkin?

Bugungi kunda Marsga bir kilogramm yukni tashish qiymati $2,8 mln dollarga teng (“Perseverans” marsda o‘zi yurar tomonidan yetkazib berish narxi bilan hisoblanganda). Agar dengizga chiqish yo‘li bo‘lgan mamlakatlarda standart ikki tonnali transport konteynerini yetkazib berishga o‘rtacha $5 ming, dengizga chiqa olmaydigan davlatlarda $10 ming sarflansa, konteynerni salohiyatli Marsdagi koloniyaga yetkazish narxi $5,6 trln bo‘ladi, ortga olib kelish esa yanada qimmat bo‘lishi turgan gap. Bu summa 2022-yilda Chernogoriya (va yana 52ta mamlakat) YaIM qiymatidan ko‘proq.

Shunga qaramay, kelajakda fazoga parvozlarni oqilona qiymatga moslashtiradigan manbaning topilishiga umid saqlanib qolmoqda. O‘ta qimmat, noyob yoki hali kashf etilmagan materialni belgilash uchun olimlar yarim hazilomuz “anobtanium” nomidan foydalanadilar (ing. unobtainable – topish mumkin bo‘lmagan narsa). Ana shunday anobtaniumlarni topish uchun fazoga sayohat qilish nazariyada iqtisodiy jihatdan oqlanishi mumkin bo‘lgan yagona resursdir.

Hattoki biz borishimiz mumkin bo‘lgan samo jismlarida mavjud deyarli barcha materiallar bunday sayi-harakatlarga loyiq emas: va faqatgina Oyda haqiqatdan ilmiy stansiyalar va koloniyalar qurilishiga zamin yaratishi mumkin bo‘lgan geliy-3 moddasi mavjud.

Aslida bu bizning sayyoramizda tabiiy ko‘rinishda o‘ta kam miqdorda uchraydigan nihoyatda samarali quvvat manbaidir, uning sun’iy tarzda olinishi esa texnologik jihatdan juda murakkab jarayon. Oyga esa quyosh shamoli bilan birga yetarlicha ko‘p miqdorda tushadi, chunki u yerda moddaga to‘sqinlik qiluvchi atmosfera yo‘q. Shu bois Oyda baza yaratishning bosh sabablaridan biri – aynan geliy-3 moddasini qo‘lga kiritish hisoblanadi.

Albatta, Yupiter va Saturn ham bu resursga boyroq, biroq ularning yuzasidan biron nimani qazib olish haqida o‘ylashning o‘zi erta. Qandaydir oy resursini sanoat miqdorida qazib olish va Yerga yetkazish imkonini beradigan texnologiyalarni ishlab chiqishga esa, chamasi, yuz yilcha vaqt sarflansa kerak. Bu vaqt ichida biz energiya topishning nisbatan samarasiz, ammo “amaliyroq” usullarini kashf etishimiz mumkin. Shu bois, yaqin o‘n yilliklarda fazoga parvozlarning iqtisodiy oqilona bo‘lishi ehtimoldan yiroq.

Yangi uy

Fazoni o‘zlashtirish zarurati insoniyatga asqotishi mumkin bo‘lgan yanada bir sabab – yangi uy topishdir. So‘nggi asr mobaynida insoniyat texnologiya, tibbiyot, iqtisodiyot va turmush darajasi sohasida misli ko‘rilmagan yutuqlarni qo‘lga kiritganligi sababli aholi soni sezilarli darajada oshdi. Oxir-oqibat barcha odamlarni joylashtirish uchun bizga yangi “Yer” kerak bo‘lishi mumkin.

Hayriyatki, bu davr nisbatan uzoq. Insoniyat asosan kam sonli eng rivojlangan hududlarda jamlangan (aholining 95 foizi sayyoraning atigi 10 foizida yashaydi) bo‘lib, Yer yuzasining katta qismi haligacha odamlar tomonidan o‘zlashtirilmagan. Fazoviy parvozlarning qiymati yildan-yilga arzonlashib borayotganiga qaramay, yaqin o‘n yilliklarda iqtisodiy nuqtai nazardan Marsdan ko‘ra ko‘proq Antarktika yoki Saxroi Kabirda yashashga o‘tish ancha samaraliroq bo‘ladi.

Inson 1970-yillardanoq foydali qazilmalarni ular Yer yuzida hosil bo‘lganidan ko‘proq miqdorda iste’mol qila boshladi (bir yil ichida). Ya’ni, masalan, 2022-yil insoniyat Yer yuzida bir yil ichida shakllanadigan foydali qazilmalarni avgust oyigacha sarflashga ulgurdi.

Fazoviy boshpana

Va nihoyat, o‘zlashtirishni boshlash zaruratini yuzaga keltiradigan oxirgi voqealar rivoji – fazoning biz uchun yagona omon qolish imkoniyatiga aylanishidir. Koloniya insoniyatga yadroviy urush, asteroid bilan to‘qnashuv kabi dahshatli, ammo yuz berish ehtimoli katta bo‘lgan tahdidlarda omon qolish imkonini yaratadi. Ushbu nuqtai nazardan biz fazoda manfaat izlamasdan, aksincha, uni o‘rganish va o‘zlashtirishga barcha mavjud resurslarni yo‘naltirishimiz darkor. Hattoki yaqin kelajakda bu harakatlar hech qanday moliyaviy foyda keltirmasligi aniqligi bilsak ham.

O‘zga sayyoralardagi koloniyalardan tashqari, yana bir variant ham mavjud – bu sun’iy tarzda yaratilgan fazoviy manzilgoh. Hozirda turli haqiqiylik darajasiga ega shu kabi manzilgohlarga doir ko‘plab konsepsiyalar mavjud (masalan “O’Nill silindri” yoki “Stenfordlik tor”). Marsga odamlarni ko‘chirishni rejalashtirgan Ilon Maskdan farqli o‘laroq, Jeff Bezos o‘zining Blue Origin kompaniyasi orqali aynan sun’iy fazoviy manzilgoh, ya’ni odamlar vaqtincha emas, doimiy yashaydigan stansiyani qurishga intilmoqda.

Fazoviy mablag‘lar

Blue Origin, odamlar va bir necha tonna foydali yuklamani Oy yuzasiga yetkaza oladigan katta oy tashuvlari moduli

Albatta, bu masala iqtisodiyotga taqalmaydi, ammo unga aynan iqtisodchi nuqtai nazaridan qaraladigan bo‘lsa, fazoni o‘zlashtirish o‘ziga xos “hayot sug‘urtasi” rolini ijro etadi. Bu hech qachon kerak bo‘lmasligi va sarflangan mablag‘larni oqlamasligi mumkin bo‘lgan oddiy sug‘urta singari juda qimmatli halovatdir. Lekin Yerga haqiqatdan falokat yoki ochlik tahdid soladigan bo‘lsa, u insoniyatning yagona umidiga aylanadi va tamaddunimizga barcha tahdidlardan omon chiqishda yordam beradi. Shuning uchun texnologiyalar bizga juda kech bo‘lmasidan sug‘urtalanish imkoniyatini beradigan tezlikda rivojlanishi ustida ishlashimiz zarur.