Skip to main content

Biznes bo‘yicha hamkorlar haqida nimalarni bilish zarurligi va investitsiyalar xavfsizligini ta’minlash haqida

Men yigirma yildan ortiq tadbirkorlik faoliyatim davomida hamkorlarim bilan teng huquqli munosabatlarni yo‘lga qo‘yish orqali turli yo‘nalishdagi bizneslarni o‘zaro bog‘lashni o‘rgandim. Biznes bo‘yicha hamkasblarni izlashga sinchkovlik bilan yondashishga yordam beradigan asosiy mezonlarni sanab o‘tishga harakat qilaman.

O‘z ishining yirtqichlari

Sanjar Usmanov, tadbirkor va investor, 024_customs, Evollution fitnes, Lumber pub, MotorfestUz asoschisi

Eng xavfli hamkorlar

Birinchi navbatda o‘zingizni biznes-hamkorlarning ikkita eng yoqimsiz ko‘rinishidan himoyalang.

Birinchisi – yirtqichlar. Ular har qanday vaziyatdan o‘z manfaatida foydalanadi. Odatda bunday odamlar tunnelsimon fikrlaydi (odam faqat o‘z nuqtai nazarini to‘g‘ri hisoblab, boshqa variantlarga e’tibor bermaydigan cheklangan ta’sirchanlik shakli). Ular o‘ljani qo‘lga kiritish payida bo‘ladi va o‘z xudbinligi amri bilan ish tutadi. Bunday odamlar “ko‘proq topishning yagona yo‘li – boshqalardan olib qo‘yish” tamoyili asosida yashaydi va aynan shunday fikrlash biznes-hamkorlar uchun muammolarni yuzaga keltiradi. Bunday odam bilan muloqotda aniq chegaralar belgilanishi hamda ular bosib o‘tilganida “yo‘q” deya olish zarur. O‘zingizni oldindan himoyalaganingiz ma’qul.

Yana bir ko‘rinish – ishbilarmon muloqotda ziddiyatni hosil qiluvchi va o‘z vazifalarini hal qilish uchun boshqalardan foydalanuvchi manipulyatorlardir. Manipulyator o‘z muxolifining zaif tomonlarini aniqlagach bundan foydalanadi. U ham agressor, ham qurbon niqobi ostida yashirinishi mumkin. Birinchi holatda, u sizni nazorat qilish uchun tahdid va qo‘rqitishdan foydalanadi. Ikkinchi vaziyatda esa – o‘z maqsadlari doirasida sizda aybdorlik hissini uyg‘otadi.

Manipulyatorga qarshi samarali qurol – uning o‘yinini ko‘rib turganingiz hamda keyingi qadami qanday bo‘lishini tushunganingizni ko‘rsatishdir. Uning barcha so‘zlari va harakatlari shubha ostiga qo‘yilsa yoki past baholansa, manipulyator hech qanday xavf solmaydi.

Hamkorlar bilan ishlashda nimalar muhim

Loyiha ustida uzoq muddat ishlashni rejalashtirgan bo‘lsangiz, vaziyat qanday tus olishidan qat’iy nazar, xatti-harakatlaringizni oldindan belgilab olishingiz kerak.

Har bir hamkorning majburiyatlari bayon etiladigan hamkorlik bitimini tuzing. Barcha ehtimoliy vaziyatlarni, hattoki g‘alati yoki imkonsiz bo‘lib ko‘ringanlarini ham, muhokama qiling va yozma shaklda qayd eting. Masalan, buxgalter sifatida o‘z rafiqangizni jalb qilsangiz, hamkoringiz bunga qarshi bo‘lmaydimi. Yoki ikkingizdan biringiz betob bo‘lib qolsangiz, nima qilish kerakligini.

Hamkorlardan birining puli tugab qolganida qanday harakat qilishingizni ko‘rsating. Yoki biringizda nikohni bekor qilish jarayoni boshlansa-yu, rafiqa umumiy biznesdagi ulushga da’vo qilgan holda nima qilish kerakligini muhokama qiling. Barcha kelishuvlarni majburiy tartibda hamkorlik bitimida qayd etish shart.

O‘z biznesingizda ERP-tizimni joriy qiling. Barcha biznes-jarayonlarni imkon qadar shaffof olib borishga harakat qiling. Bunda sizga korxona resurslarini rejalashtirish bo‘yicha alohida tizim – ERP yordam beradi.

Men undan har bir biznesimda foydalanaman: bu barcha jarayonlarni yagona tizimga to‘plashga yordam berib, ishni yanada tushunarli va samarali qiladi. Tizim ko‘plab takrorlanuvchi vazifalarni avtomatlashtirish imkonini beradi va shu tariqa juda ko‘p vaqt va kuch tejaladi. Bundan tashqari, ma’lumotlarning aniqroq va tushunarliroq shakl olishi yanada asoslangan qarorlarni qabul qilishga hamda bozordagi o‘zgarishlarga tezkor munosabat bildirishga yordam beradi. Resurslarni osongina kuzatish, zaxiralar, moliyani boshqarish va boshqa ko‘plab ishlarni bir joyning o‘zidan bajarish mumkin. Biznes yanada shaffof ko‘rinish oladi va bu hamkorlar bilan munosabatimizda ijobiy aks etadi.

Yana bir nechta masala

Ish jarayonlaridan tashqari, odamning ishdan tashqarida qandayligiga ham e’tibor qaratish muhim.

Tashqaridagi vaziyatlar hamkoringiz ishiga qanchalik kuchli ta’sir etishi mumkinligiga hamda uning bir masalani boshqasidan ajrata olish qobiliyatiga e’tibor bering. Masalan, hamkoringiz rafiqasiga hiyonat qildi va endi u erining ishiga kelib, janjal ko‘tarmoqda. Agar u bunday holatga yo‘l qo‘ysa – undan yaxshi hamkor chiqmaydi.

Munosabatlar, mahsulot yoki g‘oya nuqtai nazaridan biznes doim ham ekologik bo‘lavermaydi. Zero, biznesga yondashuvida ahloqiy tamoyillar va jamiyat standartlariga e’tibor bermasligi oqibatida istalgan natijaga tezda erishishi mumkin bo‘lgan odamlar ham bor. Fikrimcha, biznes va hamkorlar bilan munosabatlarga ekologiyaga amal qilish juda muhim o‘rin tutadi.

Va bu nafaqat hamkorlar, balki xodimlarga ham taalluqli. Xodimlar ham shunchaki iyerarxiya bo‘yicha sal pastroq biznes bo‘yicha hamkorlar ekanligiga ishonaman. Ular – biznesni harakatga keltiruvchi kuch hisoblanadi, shu bois barcha bilan umumiy til topa olish zarurdir.

Nima uchun biznes-hamkor izlayotganingizni tushuning. Odatda, ko‘pchilik do‘stlari yoki qarindoshlari bilan biznes boshlaydi va bu ko‘pincha nizolarga sabab bo‘ladi. Bu birgina oddiy sabab tufayli yuz beradi: yangi “hamkasblar” ishga nima olib kirishni va o‘zlarining mas’uliyat hududi qayerda tugashini tushunmaydi. Biznesdagi hamkor, birinchi navbatda, hech qandats qo‘shtirnoqlarsiz aynan hamkasbdir. Siz uning biznesga nima bera olishini tushunishingiz va buni “qirg‘oqda” muhokama qilishingiz kerak.

Hozir hammasi jadal sur’atlarda o‘zgarmoqda, birgina tugmani bosish orqali turli odamlar bilan muloqotga kirishish, shuningdek turli masalalar bo‘yicha ekspertiza o‘tkazish mumkin. Shuning uchun, sizga yaxshi maslahat bera oladigan yanada tajribali odamlar bilan tanishishdan qo‘rqmang – buning hech qo‘rqinchli joyi yo‘q.