Skip to main content

Investitsiya, bu – stretgiya, bilim va bozor tendensiyalarini oldindan ko‘ra bilish qobiliyatini talab qiluvchi san’at

Fond bozorlari pul topish uchun tobora ko‘proq xilma-xil imkoniyatlarni taqdim etmoqda. Biroq, investitsiya kirita boshlashdan avval ayrim qoida va strategiyalarni o‘zlashtirish zarur. To‘g‘ri, biznesingiz ham investitsiya sifatida qabul qilinishi mumkin. Lekin ushbu materialda faqatgina qo‘shimcha foyda keltirishi mumkin bo‘lgan aynan qimmatli qog‘ozlarga investitsiyalarni ko‘rib chiqamiz.


Investitsiya, bu – stretgiya, bilim va bozor tendensiyalarini oldindan ko‘ra bilish qobiliyatini talab qiluvchi san’at. Sizda mavjud tajriba va mablag‘lar hajmidan qat’iy nazar, bu qoidalar investitsiyalar yordamida pul topishga intilgan barcha uchun foyda keltiradi.

Uzoqni ko‘zlang

Investitsiyalar – uzoq muddatli o‘yin degani. Agar hech bo‘lmaganda besh yil davomida investitsiyaga kiritishni mo‘ljallangan pullarsiz yashay olmasangiz, demak bu ish siz uchun emas. Aksiyalar kabi moliyaviy aktivlar qiymati keskin va kutilmaganda pasayishi mumkin. Hayriyatki, voqealar rivoji kamdan-kam bunday tugaydi hamda bozorlar deyarli har doim qayta tiklanadi va hattoki o‘sadi. Biroq bu tiklanishga ma’lum vaqt, ehtimol yillar ketishi mumkin.

Qisqa muddatli investitsiyalar esa ko‘pincha yuqori darajali mavhumlik va volatillik bilan bog‘liq bo‘ladi. Agar tezkor foyda olishga umid qilsangiz yoki mablag‘lardan yaqin fursat ichida foydalanishni rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, omonat hisoblari yoki past tavakkalli obligatsiyalar kabi muqobil moliyaviy vositalarni ko‘rib chiqing.

Unutmang, har bir omonatchi o‘z tavakkal darajasini oqilona baholashi hamda o‘z imkoniyatlari va maqsadlari asosida qarorlar qabul qilishi kerak.

Avval maqsadlarni belgilab oling

Investitsiyalar olamiga sho‘ng‘ishdan oldin moliyaviy ahvolingizni yaxshilab baholash uchun vaqt toping va maqsadlaringizni belgilang. Investitsiyaga qanday summani kirita olishingiz mumkinligi (har oyda yoki biryo‘la), kiritilgan mablag‘lar sizga kerak bo‘lgunicha qancha vaqt o‘tishini, qancha foyda olishni istashingizni va qancha pul yo‘qotishga tayyorligingizni (bu juda muhim) yozib chiqing.

O‘zingizga vijdonan javob bering, voqealar rivojining eng salbiy varianti, bunga qanday munosabat bildirishingiz va qanday oqibatlar bo‘lishi mumkinligi haqida o‘ylab ko‘ring. Bu tavakkal sizga to‘g‘ri kelmasligiga va, ehtimol, invest-portfel o‘rniga depozit tanlash qaroriga kelishning uyaladigan yeri yo‘q. Yozganlaringizni bir haftadan keyin o‘qib ko‘ring va vaqti-vaqti bilan ko‘z tashla qo‘ying.

Shuningdek, vaqti-vaqti bilan maqsadlaringizni ko‘rib chiqib, tahlil qiling, chunki vaqt o‘tishi bilan ular o‘zgarishi mumkin. Moslashishga hamda dolzarb axborot va moliyaviy ahvolingizga asoslangan qarorlarni qabul qilishga tayyor turing. Investitsiyalar doim tavakkal bilan bog‘liq, shu bois omonatchi uchun haqiqat bilan aloqani yo‘qotmaslik va yo‘qotishlar ehtimoliga tayyor turish muhimdir.

Mavhumlikni qabul qiling

Bozorlar doim qayta tiklanadi, ammo kelajak doim o‘tmishdagi modellarga amal qilishi va har bir alohida investor dastlabki yo‘qotishlarini “undira olishi”ga ishonch mavjud emas – bu aynan qanday aktivlar kiritilgani va ular uchun qancha to‘langaniga bog‘liq. Turli frontlar – iqtisodiyotda, alohida korxonalar samaradorligi hamda bozorlar investitsiyalaringizni qanday baholashiga nisbatan mavhumlikning qabul qilinishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Ayna shu sababli aksariyat investorlar diversifikatsiya, ya’ni mablag‘larni turli aktiv toifalari o‘rtasida taqsimlash strategiyasini tanlaydi. Bu tavakkallarni kamaytirib, hattoki mavhumlik sharoitida ham daromad olish ehtimolini oshirish imkonini beradi. Bundan tashqari, trendlarni kuzatib borish va fundamental omillar tahlili yanada asoslangan qarorlarni qabul qilishga va o‘zgaruvchan bozor holatiga moslashishga yordam beradi.

Diversifikatsiya qiling

Investorlar birgalikda qo‘llanilgan holatda ularni yanada boyroq qilishi mumkin bo‘lgan ikkita muhim qurolga ega – vaqt va diversifikatsiya. Endigina mediada aniq bir kompaniya borasida ijobiy taqriz o‘qib, uning aksiyalariga pul tikish istagi tug‘ilganini tasavvur qiling. Bu aniq halokat tomon yo‘l bo‘lib, uni har qanday sharoitda chetlab o‘tish zarur. Hattoki eng barqaror biznesda ko‘p narsalar o‘ylanganidek amalga oshmasligi mumkin – buning o‘rniga pullaringizni kamida 10tadan aksiya bo‘yicha taqsimlang.

Kompaniyalar va fond bozorini chuqur o‘rganishga vaqt va kuch sarflashga tayyor bo‘lmagan yangi investorlar uchun mablag‘larini fondlarga – tayyor aksiya yoki boshqa aktivlar to‘plamlariga yo‘naltirgani ma’qulroq bo‘ladi. Ayrim omonatchilar esa barcha mablag‘ini fond bozoriga kiritishni (bevosita yoki notirjorat tashkilotlar orqali) istashi mumkin, chunki bunday aksiyalar azaldan eng katta foydani olib keladi. Ehtimol, kimdir qimmatli qog‘ozlar, pul mablag‘lari va ko‘chmas mulk kabi boshqa aktivlardan iborat portfelga ega bo‘lishni istar.

Soliqlarda tejashga urining

Soliqchilar investorlarga nisbatan ancha saxovatli bo‘ladi. Foydadan soliqni kamroq to‘lash imkonini beradigan vositani doim topish mumkin. Masalan, investorlar uchun majburiyatlarning umumiy summasini kamaytirishi mumkin bo‘lgan turli soliq imtiyozlari va rag‘batlantirish usullari mavjud. Bundan tashqari, ayrim mamlakatlarda investorlarga soliq to‘lashdan to‘liq ozod bo‘lish imkonini beradigan “soliq boshpanasi” kabi maxsus rejimlar mavjud. Biroq, bunda e’tiborli bo‘lish va soliq organlari bilan muammolar yuzaga kelmasligi uchun qonunchilikka amal qilish lozim.

Murakkab – aslida oddiy

Qimmatli qog‘ozlar bozori chindan juda murakkab bo‘lib ko‘rinishi mumkin, ammo har doim bunday bo‘lmaydi. Agar hammasi oson kechishini, lekin investitsiyalar olib kelishi mumkin bo‘lgan foydadan ulush olish imkoniga ega bo‘lishni istasangiz, aksiyalarni emas, balki bozorni kuzatuvchi fondlarni tanlang.

Bozorlar vaqt o‘tishi bilan o‘sish tendensiyasiga ega (hattoki, bir qarashda o‘nlab yillar davomida o‘zgarmas bo‘lib ko‘rinadigan FTSE 100 indeksi ham uning tarkibiga kiruvchi kompaniyalar tomonidan to‘langan dividendlarni yodga oladigan bo‘lsak, yaxshigina daromad keltirgan). Shuningdek, obligatsiya, ko‘chmas mulk va boshqa aktivlarga investitsiya kirituvchi treker fondlar ham mavjud, shu bois ana shunday oddiy vositalar yordamida taqsimlangan portfelni yaratishingiz mumkin.

Xarajatlarni nazorat qiling

Siz soliqlardan qochishingiz mumkin, ammo hech qanday xarajatsiz investitsiya kiritish juda qiyin masala. Fondlaringiz boshqaruvi uchun kompaniyani tanlashda ular oladigan yillik to‘lovga e’tibor qarating. Shuningdek, investitsiyalaringizni platforma, fond do‘koni yoki birja brokeri orqali xarid qilish va saqlash bilan bog‘liq xarajatlarni inobatga oling. Bu xizmatlarning olinadigan foydaga ta’siri baholash uchun qancha to‘lashingizni kuzatishingiz muhim.

O‘sishni kuzatib boring

Ehtimol, xotirjamligingiz uchun har kuni portfel qiymatini kuzatmagan ma’quldir, ammo vaqti-vaqti bilan baribir uni tekshirib turish kerak. Yangiliklar hamda kompaniyalar, sizga tegishli aksiyalardagi o‘zgarishlarni muntazam monitoring qilish voqealardan xabardor bo‘lish va o‘ylangan qarorlarni qabul qilishga yordam beradi. Bunga moliyaviy hisobotlarni o‘qish, bozor trendlari tahlili va moliya ekspertlari bilan maslahatlashuvlar ko‘maklashadi.

Qonunchilik va iqtisodiy vaziyatdagi o‘zgarishlar, bozordagi raqobat kabi aksiya narxlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan omillarga e’tiborli bo‘ling. Yodingizda bo‘lsa, investitsiyalar doim tavakkal bilan bog‘liq bo‘ladi, shu bois biron qaror qabul qilishdan avval mutaxassislar bilan maslahatlashish hamda moliyaviy maqsadlaringiz va tavakkal darajasiga muvofiq investitsiya strategiyasini ishlab chiqish tavsiya etiladi.

Urf qurboniga aylanmang

Vaqti-vaqti bilan moliya sohasida investitsiyaga oid urf yuzaga keladi, shu sababdan hozirda eng maqbul variant bo‘lib ko‘ringan narsaga salmoqli pul tikishda juda ehtiyot bo‘ling. Bozor (hamda ularni harakatga keltiruvchi kuch hisoblangan inson hissiyotlari) tabiatiga ko‘ra bunday aktivlarning baholanishi jadal sur’atda osmongacha ko‘tarilib ketadi. Ertami yo kech haqiqat yana o‘zini eslatadi va narx avvalgi darajaga qaytadi. Sizda vaqtincha ommabopligini yo‘qotadigan ishonchli qog‘ozlarni xarid qilish orqali yaxshi pul topish imkoni ko‘proq.

Urf o‘tganidan so‘ng aksariyat investorlar o‘z aktivlarini sota boshlaydi va bu qimmatli qog‘ozlarni nisbatan pastroq narxda xarid qilish imkonini beradi. Investitsiyalarni tanlashda hissiyotga berilmasdan, sabr-toqatli bo‘lish lozim. Investitsiya kiritish bozorni o‘rganish va tushunishni, shuningdek fundamental tahlil va uzoq muddatli istiqbollarga asoslangan strategiya ishlab chiqilishini talab qiladi.

Pullar sukunatni xush ko‘radi

Investitsiyaga oid niyatlaringiz haqida do‘stlaringiz va qarindoshlarga aytgan bo‘lsangiz, qat’iyatsiz bo‘lib ko‘rinish qo‘rquvi tufayli zarur holatda yo‘nalishni o‘zgartirish siz uchun qiyin kechadi – bu zaiflik hattoki tajribali investorlarda ham mavjud. Masalan, ma’lum qimmatli qog‘ozga pul tikishga qaror qildingiz, bir yildan keyin esa xatoga yo‘l qo‘yganingizni bildingiz. Bu haqida hech kim bilmasa, uni sotib yuborish osonroq kechadi.

Investitsiya bo‘yicha niyatlaringizga doir ma’lumotni sir saqlay olsangiz, bu qaroringizga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan maslahatlar yoki fikrlardan qochishga yordam beradi.

O‘zingiz tushunmagan narsaga pul tikmang

O‘zingiz pul kiritishni rejalashtirgan kompaniya ishini qanchalik yaxshi tushunganingizni qanday aniqlash mumkin? Shunchaki bu haqida kimgadir aytib ko‘ring. Agar siz nimaga pul tikayotganingizni yorqin va tushunarli bayon eta olsangiz hamda tanlovingizga ta’sir qiluvchi asosiy omillarni tushuntirib bersangiz, bu vaziyatni yaxshi bilishingizga dalolat bo‘ladi.

Masalan, Nvidia kompaniyasi sun’iy ong mikrochiplarini ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchilardan biri hisoblanishini, uning mahsulotlari esa yuqori unumdorligi va ishonchliligi sababli mijozlar orasida talabgirligini aytishingiz mumkin. Shuningdek, kompaniyaning raqobatchilari va mikrochiplar bozorining umumiy istiqbollarini eslatib o‘tish mumkin. Bunday ma’lumotni bayon qilgan bo‘lsangiz, demak investitsiyaga oid qarorlaringizni puxta ishlab chiqqansiz.