Skip to main content

Biz Xitoy va Hindiston mamlakatlari haqida yaxshiroq tushunchaga ega bo‘lish va ushbu davlatlardagi bezneschilar bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga yordam beruvchi ikkita kitob o‘qidik. Ulardagi eng qiziqarli faktlar bilan o‘rtoqlashamiz

Yeng ostida yashirin ko‘zir

Yevgeniy Griva, Pavel Seleznev. Hindcha tortishish kuchi. Imkoniyatlar va kontrastlar mamlakatida biznes yuritish

Hindistonda hali ham mavjud bo‘lgan tabaqalash tizimi haqida unutmang. Noqulay vaziyatga tushib qolmaslik uchun oddiy suhbat paytida ham buni yodda tutishingiz kerak. Shunday qilib, hind aholisi orasida faoliyatning ayrim turlari quyi tabaqalar bilan kuchli bog‘liq. Shuning uchun, hatto “katta baliqni tutish” yoki “maqsadga yo‘l ochish” do‘stona istagi ham haqorat kabi ko‘rinishi mumkin.

Hindistonning yana bir xususiyati vegetarianlikdir. Aholining 40% ga yaqini, asosan hindular go‘sht iste’mol qilmaydi. Shunday qilib, hindular keladigan tadbirni tashkil qilishda vegetarian oshxonasiga e’tibor bering. Siz go‘sht iste’mol qilishingiz mahalliy aholini bezovta qilmaydi (lekin mol go‘shtini chetlab o‘tishga harakat qiling).

Hindistonda bakshish (hadya berish) madaniyati juda rivojlangan. Bu, ayniqsa, federal idoralardan mintaqaviy bo‘limlarga o‘tayotganda seziladi: daraja qanchalik past bo‘lsa, kundalik korruptsiya shunchalik ko‘p bo‘ladi. Bakshish byurokratik mashina uchun o‘ziga xos moylash vositasidir: porasiz sizning masalangiz shunchaki ko‘rib chiqilmaydi.

Kriketni seving! Bu hindlar orasida eng mashhur sport turi. Kriket o‘yinlari barcha bar va restoranlarda ekranlarda namoyish etiladi. Aytgancha, kriket o‘yinlarida qatnashish sizga kerakli odamni uchratish yoki yangi tanishlar orttirishning ajoyib usuli hisoblanadi.

Punktuallikka umid qilmang – muzokaralar hech qachon tez hal bo‘lmaydi. Bir soat yoki undan ko‘proq vaqt kechikish ular uchun odatiy hisoblanadi. Bunday bemalol muzokaralarga Hindiston tomonida muzokarachilarning ko‘pligi sababdir. Siz tomondan to‘rt yoki beshta vakil bo‘lgan oddiy ish uchrashuvi uchun ham ular 15-20 kishini yuborishi mumkin.

Shuningdek, muzokaralarga hindistonlik sheriklardan ko‘plab unvonli odamlar kelishiga tayyor bo‘ling: prezidentlar, katta vitse-prezidentlar, direktorlar va boshqalar. Sizga bular qaror qabul qiladigan balandparvoz odamlar degan fikr kelishi aniq. Ammo, aslida, ular deyarli hech qanday vakolatga ega emaslar – hamma narsani, hatto kichik muammolarni ham ko‘pincha xo‘jayin hal qiladi. Shuning uchun, sizning asosiy vazifangiz qaror qabul qiladigan yoki unga eng qisqa yo‘lni biladigan odamni topishdir.

Sizning muzokarachilaringiz juda yosh bo‘lmasligi kerak. Hindistondek patriarxal mamlakatda yosh darajasi muhim: qarorlarni oila boshlig‘i qabul qiladi, shuning uchun agar siz hatto juda iste’dodli va aqlli yigitni muzokaralarga yuboradigan bo‘lsangiz, bu haqorat sifatida qabul qilinishi mumkin.

Yeng ostida yashirin ko‘zir

Konstantin Batanov. Biznes uchun Xitoy. Xitoylik hamkorlar va iste’molchilar bilan o‘zaro munosabatlarning nozik tafsilotlar

Xitoyda odamlar o‘zlarining haqiqiy maqsadlarini yashirishni afzal ko‘radilar, chunki bu maqsadlar ko‘proq nufuzli va kuchli bo‘lganlarning manfaatlaridan farq qilishi mumkin, bu esa muammolarni muvaffaqiyatli hal qilishga xalaqit berishi mumkin.

Zamonaviy xitoyliklar, ularga qandaydir biznes taklif qilingan taqdirda, avvalo, bu ish bilan allaqachon shug‘ullanayotgan vatandoshlari bor yoki yo’qligini bilib olishadi. Ular uchun bu yo’nalish qiziqarli va biror ma’lum vaziyatlarda, ular bilan muammolar haqida maslahatlashuvchi odam bo‘lishiga belgi bo‘lib xizmat qiladi.

Xitoyliklarni potentsial foyda keltiruvchi biznes bilan qiziqtirish juda muhim: agar bunga erishilsa, biznesmenlar ko‘p kuch va pul sarflashga tayyor. Ular tez natijalarni kutishmaydi. Va ular bir vaqtning o‘zida barcha afzalliklarini ko‘rsatmaydi. Xitoyda bir maqol bor: “Uch yil davomida ovoz chiqarma, so‘ng kuyla va odamlarni hayratga sol; Uch yil davomida uchma va birdan osmonga parvoz et”. Ya’ni, hozircha, ko‘zirni yeng ostida saqlang.

Xitoylik ishbilarmonlar bozorlar uchun kurashayotganda tez-tez demping qilishadi. Tashqi bozorlar haqida gap ketganda, davlat ko‘pincha subsidiyalar va soliq imtiyozlari berish orqali o‘z firmalarini qo‘llab-quvvatlaydi. Bozor egallanib, mahalliy ishlab chiqaruvchilar vayron bo‘lgach, Xitoy kompaniyalari narxlarni ko‘tarishni boshlaydilar.

Xitoylik sotuvchilarning keng tarqalgan taktikasi – o‘zingizni xuddi yo‘qotishlarga uchragandek ko‘rsatish va sizga pul beradigan odamni o‘zini juda aqlli va narxlarni pasaytirishning haqiqiy ustasi deb his qilishiga imkon berishdir.

Agar siz xitoylik ishbilarmonlarga sizniki bo‘lmagan mahsulotni sotayotgan bo‘lsangiz va unda ishlab chiqaruvchi ko‘rsatilgan bo‘lsa, ishonch hosil qilingki, xitoylik hamkoringiz bir yoki ikki oy ichida sizning yetkazib beruvchingizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qiladi.

Xitoylik tadbirkorlar har doim g‘alaba qozonish ruhida va har doim mijozlarga yo‘naltirilgan bo‘lishadi. Ko‘pincha shuning uchun ular potensial mijozni rad eta olmaydilar. Agar mahsulotga buyurtma berishda savdolashadigan bo‘lsangiz, xitoylik tadbirkor kerakli narxni berishi imkoniyati mavjud. Ammo zarar bilan ishlamaslik uchun u yo‘qotilgan foydani qoplashga harakat qiladi, masalan, sifatni pasaytirish evaziga. Shunday qilib, shartnomada har doim sizga mos keladigan sifat standartlariga muvofiqligi, shuningdek ularni nazorat qilish mexanizmi ko‘rsatilishi kerak.

Agar Xitoy kompaniyasi mamlakatdan tashqarida biror joyda faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, bu har doim ham uning kuchli ekanligini anglatmaydi. Ehtimol, uning tashqi bozorda mavjud bo‘lishi foydaliroqdir. Kompaniya Xitoy ichidagi raqobatga dosh bera olmaganligi sababli ham tashqi bozorga chiqmoqda.

Xullas, so‘nggi maslahat: xitoyliklar (aytgancha, yaponlar ham) karaoke muxlislari, shuning uchun siz potensial biznes-hamkor bilan do‘stlashmoqchi bo‘lsangiz, qo‘shiq aytishga tayyorlaning!

Текст: