Skip to main content

VOTUM RATING va Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi O‘zbekistondagi birinchi oliy o‘quv yurtlari katalogini taqdim etadi

Mamlakatimiz bo‘ylab kirish imtihonlari kutilmoqda. Yuqori sinf o‘quvchilari hayotlaridagi eng muhim qarorlardan biri – kelgusi yo‘l tanlovi bilan yuzma-yuz uchrashuvga faol tayyorgarlik ko‘rmoqda. “Muvofiq” oliy o‘quv muassasasiga kirish va mutaxassislik tanlovida adashmaslik – har bir bitiruvchining orzusi.

Universitetni tanlash jarayoni nafaqat vaqtni, balki turli xususiyatlarning chuqur tahlilini talab qiladi. Bugungi kunga qadar internet va “og‘izdan-og‘izga” o‘tuvchi tavsiyalar abituriyentlar va ularning ota-onasi uchun asosiy axborot manbai bo‘lib qolmoqda. Bu yaxshi albatta, ammo o‘qishga kirishdan avval bo‘lajak talabaning izlash dasturidagi o‘nlab sahifalari va yuzlab saytlarni o‘rganishiga to‘g‘ri keladi.

Bu ko‘p harakat va vaqtni talab qiladi, shuningdek jahon tarmog‘ida mavjud axborot mutlaqo to‘g‘riliga ishonib bo‘lmaydi. Muammo aniq: O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlari, litseylar va kollejlar bo‘yicha bo‘lajak talabalar uchun tushunarli shaklda moslashtirilgan va vizuallashtirilgan jamlanma va tizimga solingan ma’lumot zarur.

Bunday katalogni yaratish tashabbusini ilgari surgan VOTUM RATING agentligi mamlakat tarixidagi ilk oliy o‘quv yurtlari katalogini tayyorlash ustida faol ishlamoqda. Ushbu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan O‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi. Nashr o‘quvchilarga ishonchli va xolisona ma’lumot manbaini taqdim etish orqali universitet tanlovida yanglishish xavfini kamaytirishga yordam beradi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining matbuot-kotibi Nazokat Abdukunduzova loyiha haqida The Mag Business nashriga so‘zladi, shuningdek oliy o‘quv muassasalariga hujjatlar qabuli boshlanishi arafasida uning ahamiyatini baholab, dolzarb savollarga javob berdi.

O‘zbekiston Ta’lim vazirligi mamlakatdagi birinchi Votum Universities oliy o‘quv yurtlari katalogi haqida bayonot berdi

  • Universitetlarga kirish vaqti yaqinlashmoqda. Hozir abituriyentlar soni juda ko‘p. Bilishimizcha, oliy o‘quv yurtlari soni yiliga, hattoki oyiga ko‘payib bormoqda. Ayni vaqtda aholini amaldagi va yangi o‘quv maskanlari to‘g‘risida xabardor qilish jarayoni qanday shaklda?

Respublikaning barcha oliy o‘quv muassasalarida matbuot xizmatlari faol ish yuritadi. Har bir rektorning ta’lim maskanining piari uchun javob beradigan matbuot-kotibi mavjud. Ushbu yondashuv amal qilmoqda, ammo axborot ma’lum bir oliy o‘quv yurti haqida taqdim etiladi.

Afsuski, bizda hanuzgacha barcha, jumladan nodavlat oliy o‘quv muassasalariga doir aniq ma’lumotlar jamlangan yagona platforma yoki katalog mavjud emas. Tabiiyki, barcha o‘quv yurtlari bo‘yicha o‘zgarishlarni an’anaviy tarzda kuzatib borish o‘ta murakkab va uzoq vaqt talab qiladi, bundan tashqari internetdagi ma’lumotlar noto‘g‘ri yoki eskirgan bo‘lishi mumkin.

Bu orada voqealar rivojining bir nechta variantini prognoz qilish va ularning har biri bo‘yicha murakkab tahlil o‘tkazish zarur: budjet o‘rinlari yoki budjetga o‘tish imkoniyati, talabalar turar joyining mavjudligi, shartnoma qiymati, kirishning qiyinlik darajasi, ta’lim shakllari, o‘qishdan tashqari faoliyat va boshqalar. Aksariyat uchun universitet tanlovi o‘ziga xos lotereya, hissiyotga tikish jarayoniga aylanadi.

Ushbu muammoni hal qilish orqali biz abituriyentlarga va ularning ota-onalariga oliy o‘quv muassasalari va tayyorgarlik yo‘nalishlari, jumladan yangilari yuzasidan batafsil ma’lumot taqdim etamiz hamda mos variantni tanlashga yordam ko‘rsatamiz. Biz VOTUM RATING bilan hamkorlikda ishlab chiqayotgan katalog O‘zbekistondagi barcha oliy o‘quv yurtlariga doir materiallarning yagona, to‘liq, tekshirilgan va amaldagi ma’lumotnomasiga aylanadi.

  • Bu katalog abituriyentlar va ularning ota-onasidan tashqari yana kimga foydali bo‘ladi?

Shubhasiz, u o‘qituvchilar, tadqiqotchilar va doktorantlar uchun ham foyda keltiradi. Zero ular ham barcha ma’lumotlarga ega bo‘lishi zarur, ular ham o‘zini rivojlantirish uchun eng yaxshi variantlarni izlaydi.

Alohida qayd etish zarurki, katalogda texnikumlar, litseylar va kasb maktablari bo‘yicha ma’lumotlarning bo‘lishi uni to‘qqizinchi sinfni bitirayotgan 16 yoshdagi abituriyentlar uchun ham ahamiyatli qiladi. Ular kelajakda universitetning ikkinchi kursiga borish va oliy ma’lumotga ega bo‘lishga mos muassasani tanlashlari mumkin bo‘ladi.

  • Yoshlar yildan-yilga tobora ko‘proq o‘qishga kirmoqda. Bu barqaror holatmi? 2024/2025-o‘quv yiliga abituriyentlar bo‘yicha prognoz qanday?

Ha, yildan-yilga ularning soni ko‘payib bormoqda. 2000-yildan buyon oliy o‘quv yurtlarining soni uch baravardan ko‘proqqa oshdi, ularda ta’lim olayotgan talabalarning soni esa yetti karra ko‘paydi.

2000-yilda mamlakat bo‘ylab 184 ming odamdan iborat atigi 61ta oliy o‘quv yurti mavjud bo‘lsa, 2023-yilda ularning soni 213taga yetdi. Ulardan 116ta davlat, 67ta nodavlat va 30ta xorijiy oliy o‘quv muassasalaridir. Hozirda 213ta o‘quv yurtida 1,3 mln.dan ortiq talaba tahsil olmoqda va ushbu ko‘rsatkich hisobiga yoshlarning oliy ta’lim bilan qamrab olinganligi darajasi 2022-yildagi 38 foizdan 2023-yilda 42 foizgacha o‘sdi. Taqqoslaydigan bo‘lsak, 2016-yilda bu ko‘rsatkich 8 foizni tashkil qilgan. Besh karra o‘sish.

  • Hayratlanarli sur’atlar!

Universitetlar ko‘paydi, muvofiq ravishda ulardagi o‘rinlar, o‘qishga kiruvchilar soni ham oshmoqda. Tobora ko‘proq odamlar oliy ma’lumot olishga intilmoqda, chunki buning ijtimoiy zinapoyadan ko‘tarilish uchun zarurligini tushunib yetmoqda. Oliy ma’lumot orqali barqaror va yuqori oylik maoshiga ega bo‘lish, faoliyatda ko‘tarilish imkoniyati ochiladi.

Bundan tashqari, ta’lim olish imkoniyati kengaydi, ta’limning turli, masalan, dual, sirtqi, kechki, masofaviy shakllari paydo bo‘ldi. To‘lovni yengillashtirish maqsadida shartnoma summasini bir yilda to‘rt qismga bo‘lgan holda o‘tkazish mumkin, ta’lim kreditlari berilmoqda, talabalarning ota-onasi uchun soliq imtiyozlari joriy etilgan. Aholining ijtimoiy zaif qatlamlari uchun grantlar soni oshirilgan.

Shuningdek, so‘nggi yillarda biz erishishga muvaffaq bo‘lgan raqamlashtirishning yuqori darajasi o‘z samarasini ko‘rsatmoqda, barcha bosqichlar avtomatlashtirilgan va shaffof. Ishonch bilan aytishim mumkinki, o‘qishga kirishdagi korrupsiya yo‘qotildi. O‘qishga kirayotgan qizlarning soni yildan-yilga oshmoqda, hozirda gender nisbat 50ga 50. Bu holat ayniqsa magistraturada dolzarb bo‘lib, bunda qizlar uchun bepul ta’lim va foizsiz grantlar kafolatlangan. Bu, ayniqsa viloyatlardan kelgan qizlar uchun kuchli ko‘mak chorasi.

  • Yo‘nalishlar bo‘yicha hozirgi vaziyatni qanday baholaysiz? Mehnat bozori talablari bo‘yicha o‘quv yurtlari yetarlicha mutaxassislarni yetkazib bermoqdami? O‘zbekistonda biron og‘ish mavjudmi?

Davlat siyosati texnik mutaxassisliklarni kengaytirishga qaratilgan, bugungi kunda ilg‘or muxandislik maktabini yaratish uchun faol ishlar olib borilmoqda. Hozirda bizda iqtisodchilar, moliyachilar va yuristlar tomonga og‘ish mavjud, o‘qishlarni bitirgach o‘z ixtisosligi bo‘yicha ish topish ancha qiyin: mehnat bozori ham to‘yingan, bo‘sh ish o‘rinlari juda kam.

Mamlakatga muxandislar, texnologlar, IT-mutaxassislar zarur. Ularning soni O‘zbekiston iqtisodiyotining rivojlanishi, xususan yangi zavodlar qurilishi, investitsiyalar jalb qilinishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Texnik yo‘nalishda kadrlar tayyorlanishini kuchaytirish zarur. Bu Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi uchun ustuvor vazifalardan biri.

  • O‘zbekistonda ta’lim narxlari boshqa davlatlar bilan taqqoslaganda qanchalik yuqori?

Bizda ta’lim unchalik qimmat emas, turar-joy mavjul va umuman olganda so‘nggi yillarda turmush darajasi sezilarli darajada o‘sdi. Bu holat bizga butun dunyodan talabalar kelishiga turtki bo‘lmoqda. Bunda nafaqat Toshkent, balki butun respublika nazarda tutilmoqda.

  • Sizningcha, O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlari katalogi necha marta chop etilishi kerak?

Menimcha, har yilgi shakl maqbul yechim bo‘ladi. Bu doim talab qilinadigan juda dolzarb nashr. Katalog aniq yo‘riqnomaga aylanadi, abituriyentlar yo‘nalishlar va oliy o‘quv yurtlarini puxta va sinchkovlik bilan tanlay oladilar. Qayd etilganidek, xususiy oliy o‘quv yurtlarini tashkil etish amaliyoti, bir tomondan, ijobiy baholansa, boshqa tomondan – tegishli ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni olmagan o‘quv muassasalari tomonidan talabalarning qabul qilinishi xavfi oshdi.

  • Nimani nazarda tutyapsiz?

Avvallari internetda qandaydir universitet o‘qishga kirish uchun abituriyentlarni qabul qilayotgani haqida axborotni topish mumkin edi. Muntazam monitoring hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining rasmiy raddiyalari ko‘rinishidagi tezkor munosabatiga qaramay, ko‘plab odamlar firibgarlarning hiylasiga aldanib, ta’lim uchun pul to‘lagan – anglaganingizdek, haqiqatda hech qanday universitet mavjud bo‘lmagan.

  • Vazirlik ushbu katalogdan qanday natijani kutmoqda?

Biz favqulodda liniyamizga yuklama pasayishini kutmoqdamiz. Yozda, abituriyentlarning savollari ayniqsa ko‘paygan vaqtda, bizda ularning har bir savoliga javob qaytaradigan 30 nafargacha mutaxassis ishlaydi: universitetlar, yo‘nalishlar, ta’lim shartlari, yashash shartlari, aloqa ma’lumotlari va boshqalar. Katta tushuntirish ishi olib boriladi.

Endilikda, VOTUM RATING katalogi paydo bo‘lganidan keyin aholining oliy o‘quv yurtlariga doir xabardorligi oshadi, odamlar to‘g‘ri tanlov vositasi hamda qaror qabul qilish uchun zarur barcha ma’lumotlarga ega bo‘ladilar.

Shunday bo‘lsa-da, biz abituriyentlarga yordam berishda davom etamiz, katalogning samarasi uzoq muddatli bo‘ladi, degan umiddamiz. Biroq, bu juda uzoq kutilgan qadam bo‘lib, hozirning o‘zidayoq butun jarayon mutlaqo yangi darajaga chiqishiga imkon beradi.

***

Joriy yilda yuz minglab abituriyentlar hayotlaridagi eng muhim tanlovlardan biri – qaysi o‘qishga kirish tanlovini amalga oshiradilar. Birinchi O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari katalogi mayda chop etiladi hamda to‘g‘ri tanlov qilishga yordam beradigan o‘zbek va rus tillaridan qimmatli qo‘llanmaga aylanadi.

Nashr oflayn va onlayn sotuvlar orqali tarqatiladi. Uni yetakchi oziq-ovqat do‘konlari tarmoqlaridan topish hamda sotuvlar rasman boshlangunicha yo‘lga qo‘yiladigan maxsus Telegram-bot orqali onlayn buyurtma qilish mumkin bo‘ladi.

Uzoq yillar mobaynida oliy o‘quv yurtiga kirishga doir mas’uliyatli va murakkab jarayon katta sa’y-harakat, axborot izlanishini talab qilib, stress yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan. O‘zbekiston tarixidagi ilk oliy o‘quv yurtlari katalogi – butun mamlakat bo‘ylab abituriyentlar va ularning ota-onalari uchun haqiqiy bosh og‘rig‘iga qarshi “tabletka”dir. Noyob nashr o‘quv muassasalari bo‘yicha jamlanma ma’lumotlar manbai mavjud emasligiga doir azaliy muammoni hal qilish imkonini bergan holda, yoshlarga to‘g‘ri tanlov qilishda yordam beradi. Bu esa – sifatli mutaxassislar soni o‘sishiga va natijada yaqin istiqbolda O‘zbekiston iqtisodiyoti yuksalishiga olib boradigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘ldir.

Текст:
Фото: