Skip to main content

O‘zbekiston va Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi o‘rtasidagi hamkorlikning rivojlanish holati haqida

2024-yilning mart oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Arab muvofiqlashtirish guruhining yig‘ilishida Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi (ITFC) delegatsiyasi ishtirok etdi. Tashrif doirasida O‘zbekiston vazirliklari va ITFC o‘rtasida umumiy qiymati 715 mln dollarga teng bitimlar imzolandi. Biz ITFC faoliyati va mamlakatimiz bilan hamkorlik haqida tashkilotning bosh ijrochi direktori Xani Salem Sonbol bilan suhbatlashdik.

  • O‘zbekistondagi iqtisodiy o‘sish va taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlashda ITFC’ning o‘rnini qanday tasavvur qilasiz?

ITFC Islom taraqqiyot banki (IDB) guruhining bo‘linmasi hisoblanib, bir necha yildan buyon O‘zbekiston bilan hamkorlik qilib keladi. Shu vaqt ichida ko‘plab muvaffaqiyatli dasturlarni amalga oshirishga erishdik. Fikrimizcha, islom savdo moliyalashtirishi O‘zbekiston rivojlanishi uchun chindan muhim ahamiyat kasb etadi. Bizda rivojlanishning istalgan jarayonini qo‘llab-quvvatlay oladigan va belgilangan maqsadlarga erishishda yordam beradigan ko‘plab mahsulotlar mavjud.

Biroq, biz faqat moliyalashtirishga emas, balki iqtisodiyot salohiyatini oshirish va turli sektorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha boshqa dasturlarga ham e’tibor qaratamiz. Biz O‘zbekiston hukumati hamda mamlakat xususiy sektoridagi moliya tashkilotlari bilan ko‘p ishlab, avvalroq imzolangan besh yillik hadli kelishuvni muvaffaqiyatli bajarib bo‘ldik.

  • Siz savdo va investitsiya imkoniyatlarini kengaytirish uchun qanday aniq tashabbuslarni ko‘rib chiqmoqdasiz?

Hozirga qadar biz O‘zbekiston iqtisodiyotining turli sektorlarida umumiy qiymati 750 mln dollardan ortiq bo‘lgan operatsiyalarni bajarib, mamlakat salohiyatini oshirish bo‘yicha ko‘plab dasturlarni amalga oshirdik. ITFC aktiv faoliyat olib boradi va biz ushbu tashrif chog‘ida O‘zbekiston vazirliklarining vakillari bilan birgalikda imzolangan yangi hadli bitimlar doirasida iqtisodiyotning yanada ko‘proq sektorlarini qamrab oladigan portfelni diversifikatsiya qilishimiz mumkin.

ITFC o‘ziga a’zo mamlakatlarga taqdim etishi mumkin bo‘lgan mahsulotlar xilma-xilligi bilan noyobdir. So‘nggi yillarda ITFC Markaziy Osiyo davlatlari uchun strategik hamkorga aylanmoqda.

Shu sababdan biz mamlakatlarni savdoni rivojlantirishda hamda MDH davlatlariga investitsiyalar oshishida qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan juda muhim dasturni ishlab chiqdik. Umid qilamizki, ushbu dastur 2024-yil 2-mayda o‘tkazilishi kutilayotgan uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TIIF-III) chog‘ida yo‘lga qo‘yiladi.

  • O‘zbekistonning xilma-xil landshafti, jumladan qishloq xo‘jaligiga yo‘nalishni inobatga olgan holda, ITFC ushbu tarmoqning aniq ehtiyojlarini qondirish uchun o‘z ko‘magini qay tariqa moslashtirishni ko‘zlamoqda?

To‘g‘ri, qishloq xo‘jaligi sektori – biz uchun asosiy ustuvorlikdir. Hozirda qishloq xo‘jaligi global kun tartibida birinchi o‘rinda turadi, chunki ko‘plab a’zo-davlatlar yalpi ichki mahsulotining qariyb 60 foizini tashkil qiladi. Ular to‘qnash keladigan muammolar qatorida iqlim o‘zgarishi va uning qishloq xo‘jaligi sektoriga ta’siri mavjud.

Shu bois, biz fermerlarni qo‘llab-quvvatlash hamda mamlakatlarda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga, shuningdek O‘zbekiston uchun muhim bo‘lgan ushbu sektorni yaxshilashga doir yangi loyihalar amalga oshirilishiga ustuvor e’tibor qaratishimiz lozim. Biz yer maydonlari salohiyatini va hosildorlikni oshirishda fermerlarni qo‘llab-quvvatlaymiz.

  • Qishloq xo‘jaligi mamlakat uchun doim juda muhim sektor bo‘lib qoladi, lekin boshqalarichi? ITFC boshqa yo‘nalishlarda ham ishlaydimi?

Ha, albatta, bizda energetika sektorini moliyalashtirish va uning salohiyatini oshirish borasida katta tajriba mavjud. Endilikda, yangi global kun tartibini hisobga olib, biz qayta tiklanuvchi energiya manbalariga e’tibor qaratganmiz.

Shuningdek, tashkilotimiz a’zo-mamlakatlarning har qanday iqtisodiy tuzilishida katta foizni tashkil qiluvchi kichik va o‘rta biznesga (KO‘B) alohida e’tibor qaratamiz. Bizda KO‘Bni qo‘llab-quvvatlash va eksportda ularga yordam berish bo‘yicha qator dasturlar mavjud. COVID-19 pandemiyasi davrida esa ITFC sog‘liqni saqlash sektoriga alohida e’tibor qaratdi. Biz bilim va tajriba almashish orqali a’zo-mamlakatlarga ko‘mak ko‘rsatdik.

  • Umuman olganda Siz O‘zbekistondagi ishbilarmonlik va investitsiya muhitini qanday baholagan bo‘lardingiz?

Men O‘zbekistonga ilk marta to‘qsoninchi yillarda tashrif buyurganman va yillar davomida bu yerga ko‘p qaytganman. Men mamlakatda, ayniqsa oxirgi yillarda kuzatilayotgan o‘sishdan hayratdaman. O‘zbekiston xalqiga farovonlik va osoyishtalikni ta’minlash uchun katta kuch sarflanmoqda.

Hozirda umumiy global muammolarga qaramay, barcha tarmoqlar rivojlanayotganini ko‘rmoqdamiz. Aynan shu O‘zbekistonda yanada yirik portfelni yaratish uchun bizga jasorat bermoqda. Menga ma’lum bo‘lishicha, hozir yangi taraqqiyot rejasida bajarilishi lozim bo‘lgan yuzdan ortiq vazifa belgilangan. Bu hayratlanarli. Umid qilamanki, yaqin yillar ichida O‘zbekiston bilan shu yo‘nalishda hamkorga aylanamiz.

  • ITFC ayol tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlaydimi?

Ha, albatta. ITFC fikriga ko‘ra, ayollar a’zo mamlakatlarni rivojlantirishda juda muhim o‘rin tutadi. Bizda tashkilotga a’zo davlatlarda ayol tadbikorlar va yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan turli dasturlar mavjud. Biz savdoni kengaytirish hamda investitsiyalarni oshirish masalalarida a’zo mamlakatlar o‘rtasida “ko‘priklar qurishga” intilamiz. Bundan tashqari, ayol rahbarlarning salohiyatini oshirish, ularni biznes boshqaruvining yangi usullari bilan tanishtirishga harakat qilamiz.

Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasining rahbari O‘zbekiston bilan erishilgan 715 mln dollarlik bitim tafsilotlarini ma’lum qildi