6G. Oltinchi avlod mobil aloqa standarti bo‘lib, u signal uzatishdagi minimal kechikishli (1-2 ms) yuqori internet tezligi (25 Gbit/coniyagacha) ajralib turadi. Birinchi 6G tijorat tarmoqlari 2028-yilda paydo bo‘ladi.
Avitolog. Tovar va xizmatlar sotilishi haqidagi e’lonlarni joylashtirish uchun internet-maydonchalarda biznesni ilgari suradigan mutaxassis. Atama shunday maydonchalardan birining nomi — Rossiyadagi “Avito”dan (O‘zbekistondagi o‘xshash sayt — olx.uz) hosil bo‘lgan.
Avtonom transport vositalari. Aslida haydovchisiz avtomobil hujjatlar tilida aynan shunday nomlanadi. Biroq, bularning qatoriga yana uchuvchisiz yuk mashinalari, robot-taksilar va robot-shattllar ham kiradi. Masalan, Dubayda 2026-yildayoq uchar taksilar yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda.
Darkstor, yoki Dark kitchen. Yeguliklarni yetkazib berish uchun onlayn-buyurtmalar to‘planadigan maxsus oziq-ovqat ombori. Shuningdek, ularda taomlarning keng tanlovi tayyorlanadigan o‘z oshxonasi ham bo‘lishi mumkin, ammo tashrif buyuruvchilar uchun joylar mavjud emas, barcha taomlar faqat jo‘natish uchun tayyorlanadi.
Sun’iy intellekt qishi. Sun’iy intellekt sohasidagi tadqiqotlarni moliyalashtirish va ularga qiziqish pasayadigan davr. Bunday hodisa XX asr davomida bir necha marta yuz bergan. Hozirda esa bunday havotirlar mavjudligiga sabab hech kim sun’iy intellektni qo‘llashning yakuniy maqsadi qanday degan savolga hanuz javob topa olmagan; bundan tashqari, uni rivojlantirishga sarflanadigan xarajatlar u keltiradigan foydadan ancha yuqori bo‘lib, bu trend uzoq vaqtdan buyon o‘zgarmasdan kelmoqda.
Kliker. Asosiy harakat doimiy “klik”, ya’ni ekran yoki sichqoncha tugmasini bosish bilan bog‘liq bo‘lgan kompyuter o‘yini. Buning uchun o‘yinchi maxsus valyuta yoki turli virtual bonuslarga ega bo‘ladi. “Og‘maxon o‘yini” bunga yorqin misollardan biri hisoblanadi.
Mashinaviy unuttirish. Mashinaviy o‘qitish modelini noldan boshlab to‘liq qayta o‘qitishsiz undan qandaydir ma’lumotlarni o‘chirish jarayoni. Algorim yangi bilimlarga ega bo‘ladigan mashinaviy o‘qitishdan farqli ravishda, unuttirish jarayoni, aksincha, modelni ma’lum axborotni unutishga majbur qiladi. Bunday choralar, masalan, shaxsga doir ma’lumotlarni va mualliflik huquqlarini himoya qilish yoki xatolarni tuzatish uchun amalga oshiriladi.
Yerning fazodan yoritilishi. Yaratuvchilarning rejasiga ko‘ra, Yer yuzasining alohida hududlarida tunda ham xuddi kunduzgidek yorug‘ bo‘lishi uchun quyosh nurlarini ushlab, ularni ana shu hududlarga qayta yo‘naltiradigan aks ettiruvchi apparatlar tizimi.
Reskilling. Ish faoliyatidagi o‘tishni nazarda tutuvchi qayta malaka oshirish — yangi kasbni o‘rganish, boshqa faoliyat sohasiga o‘tish. Bunday trend tobora ommalashib bormoqda, chunki hozirda talab qilingan ko‘nikmalarning uchdan bir qismi bir necha yil ichida dolzarbligini yo‘qotib, yangilariga o‘rin bo‘shatmoqda.
Sintetik ma’lumotlar. Haqiqatdagi hodisalar emas, balki sun’iy ravishda shakllantiriladigan axborot. Undan haqiqiy ma’lumotlar tanqis bo‘lganida mashinaviy o‘qitishda foydalanadilar. So‘nggi vaqtlarda sintetik ma’lumotlar haqiqiylariga nisbatan ko‘payib ketmoqda va muxandislar bu holat kompyuterlarning noto‘g‘ri o‘qitilishiga sabab bo‘lishi mumkinligi yuzasidan havotirlanmoqda.
Aqlli kiyim. Tanada olib yuriladigan hamda salomatlik, fitnes va hayotning boshqa sohalari bo‘yicha ma’lumotlarni to‘playdigan qurilmalar. Ularga aqlli soat, fitnes-treker va boshqa taqiladigan gadjetlarni kiritish mumkin.
AGI. Artificial General Intelligence, “universal sun’iy intellekt” — sun’iy intellekt taraqqiyotining keyingi bosqichi. Uning qobiliyatlari yanada kuchli, deyarli insonnikiga teng bo‘ladi. U hattoki hard skills bo‘yicha professionallar bilan raqobatlasha oladi. Hozircha faqat prototiplar shaklida mavjud, ammo mutaxassislar shu o‘n yillikda uning paydo bo‘lishini kutmoqda.
FIRE. Financial Independence Retire Early, yoki Erta ketish harakati — uning asosiy g‘oyasi 35-40 yoshgacha ishlamasdan, passiv daromad hisobiga yashash imkonini beradigan kapitalni yaratishdan iborat.
Li-Fi. Wi-Fi tarmog‘ining nisbatan hamyonbop talqini bo‘lib, ma’lumotlarni uzatish uchun optik tashuvchi sifatida ko‘rinadigan yorug‘likdan foydalanadi. Ushbu tizim radiosignallar bilan interferensiyaga kirishmaydi, shu sababli yanada barqaror hisoblanadi, shuningdek hech narsa yorug‘lik tezligiga tenglasha olmaydi. Salbiy tomoni – yorug‘lik devorlar orqali o‘tmaydi.
SearchGPT. ChatGPTni yaratgan OpenAI kompaniyasi tomonidan prototipi sinovdan o‘tkazila boshlangan izlash tizimi. U sun’iy intellekt imkoniyatlari hamda internetdan onlayn olish mumkin bo‘lgan haqiqiy ma’lumotlarni birlashtirishi kerak.
Y3K, yoki 3000. Modadagi yangi trend, odamlar ming yildan so‘ng qanday ko‘rinishda bo‘lishini tasavvur qilishga urinish. Uslub fazo, metall, sun’iy intellekt, eng yangi texnologiyalar hamda odamlarning neyrotarmoqlarda shakllantirilgan qahramonlar singari ko‘rinishga intilishidan ilhomlangan.