Skip to main content

“Aqlli shahar” deganda nimani tushunamiz? “Smart city” g‘oyasi butun dunyo bo‘ylab Nyu-York, Singapur, Barselona, Tokio, Moskva, Amsterdam va boshqa o‘nlab megapolislarda allaqachon joriy qilinmoqda. Biroq, turli mamlakat va tashkilotlar mazkur tushunchani turlicha talqin qilishi mumkin.

Masalan, “aqlli shahar” uchun yechimlar bo‘yicha asosiy ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblangan IBM kompaniyasi uchta asosiy sifatni belgilaydi – jihozlangan, birlashgan va intellektual. Yevropa Parlamentining fikricha esa, “aqlli shahar” – bu jamoatchilik muammolarini axborot-kommunikatsiya resurslari hisobiga hal qilishga urinadigan maskan.

Tavsiflardagi farqlanishga qaramay, ushbu g‘oya yuzasidan dunyoda har holda umumiyroq bo‘lgan tasavvur yuzaga kelgan. “Aqlli shahar”larga doir bazaviy ta’riflar orasida – barqarorlik va ekologiklik, boshqaruvda jamoatchilik ishtiroki, ma’lumotlardan samarali foydalanish, xizmat ko‘rsatish sifati va turmush darajasini oshirishga intilish mavjud.

Aqlli shahar

“Smart city” g‘oyasining asosiy xususiyatlariga ko‘ra shahar quyidagi jihatlarga ega bo‘lishi kerak:

  • insonni markazlashtiruvchi– aholi, biznes, ishchilar, turistlarga yo‘naltirilgan;
  • odamlar va yangi g‘oyalar uchun ochiq;
  • o‘z faoliyatiga doir ma’lumotlarni oshkor etadi;
  • shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qiladi;
  • integratsiyalangan xizmatlar va infratuzilmaga asoslangan;
  • fuqarolarni o‘qitish va rivojlantirish yuzasidan proaktiv.

SMART CITY RIVOJLANISHI HAQIDA PATENTLARDAN NIMANI BILISH MUMKIN

“Aqlli shahar”larning buguni va kelajagi qanday texnologiyalarga tayanishini baholashda patentlarga oid axborot yordam beradi. Unda internetdagi maqolalar va ilmiy ishlarga nisbatan ixtirolarga oid ko‘proq batafsil ma’lumotlar mavjud. Patent hujjatlari mahsulot va texnologiyalari hamda ularning yangiligi yuzasidan batafsil texnologik tavsiflarga ega. Axborotning o‘zi esa ochiq va tizimlashtirilgan. Bundan tashqari, bu kabi ma’lumotlar ixtirolar muhofazasiga xarajatlarni tahlil qilish imkonini beradi, natijada har bir nou-xauning ahamiyati va istiqboli haqidaga bilvosita hukm qilish mumkin.

Bugun butun dunyo bo‘ylab “smart city” bilan bog‘liq 53,3 mingdan ortiq hujjat ishlab chiqilmoqda. Ulardan qariyb 8,1 mingtasi – ixtirolar uchun patentlardir.

Aqlli shahar

ENG ISTIQBOLLI “AQLLI SHAHAR” TEXNOLOGIYALARI

“Aqlli shahar”larning texnologik rivojlanishidagi asosiy trendlarni ajratish uchun ixtirolar kuchi ko‘rsatkichlarini baholash zarur: maqolalardan bevosita iqtibos keltirish holatlari, yangiligi, hududiy qamrovi va boshqa omillar. Bunda, tahlildan Xitoyni istisno qilgan ma’qul, chunki XXR bozori alohida ajralgan bo‘lib, mahalliy ixtirochilar uchun xalqaro darajaga chiqish juda qiyin.

Quyida “Aqlli shahar” bilan bog‘liq jahondagi barcha hujjatlar tahlil qilinganida birinchi o‘ringa chiqadigan bir nechta eng istiqbolli texnologiyalar bilan tanishtiramiz.

1. RFID yordamida harakatlarni kuzatish. Ishlanma muallifi – Janubiy Koreyaning KT Corporation kompaniyasi – mamlakatdagi eng yirik telekommunikatsiya xizmatlari provayderi. Kompaniya tomonidan taklif qilingan tizim radiochastotali belgilar (RFID) va aloqa tarmoqlaridan (simsiz, mobil yoki turg‘un) foydalangan holda, harakatlanayotgan obyektlarning holatini kuzatadi.

Bunday belgilarni shahar infratuzilmasiga xizmat ko‘rsatish sohasida band bo‘lgan ishchilarning maxsus kiyimi, mashinalari yoki asbob-uskunalarida joylashtirish mumkin. Bundan tashqari, texnologiya bo‘yicha hisobni yuritish va obyektlarga kirishni boshqarish imkoni mavjud.

2. Harakatdagi simsiz tarmoqlar. Harakatdagi radiokirish tarmoqlarini yaratish – simsiz aloqani rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlaridan biridir. Simsiz nuqtalar turli transport vositalari, jumladan shahar jamoat transporti, kommunal xizmatlarning mashinalari, taksi va uchuvchisiz moslamalarga o‘rnatiladi.

Ishlanma muallifi – Amerikadagi o‘zaro ulangan transport vositalari va bulut o‘rtasidagi ma’lumotlar harakatlanishiga ixtisoslashgan Veniam startapti. Kompaniya real vaqt rejimida yuklama o‘zgarishi va boshqa parametrlarga moslashadigan harakatdagi tarmoqlarning dinamik konfiguratsiyasini taklif qildi. Algoritmlar tarmoqlarning o‘tkazuvchanlik qobiliyati va ishonchliligini oshirishi, yo‘qotishlar va kechikishlarni kamaytirishi, “o‘lik hududlar”da aloqani ta’minlashi hamda xizmat ko‘rsatish xarajatlarini pasaytirishi mumkin.

Aqlli shahar

3. Buyumlar interneti uchun qurilma tarmoqlari. Amerikaning Qualcomm kompaniyasi tomonidan taklif etilgan texnologiya buyumlar interneti uchun telemetriya tarmoqlarini tez joriy qilish imkonini beradi. Gap bo‘g‘imlar “har biri boshqasi bilan” tamoyili bo‘yicha tutashadigan ko‘p xonali yoki mesh-tarmoqlarni hosil qilish haqida bormoqda. Bunday sxemani sozlash murakkab, ammo u yuqori barqarorlikni ta’minlaydi: bitta tutashuvning uzilishi yaxlit tarmoqning ishiga ta’sir ko‘rsatmaydi.

4. Ma’lumotlarni ko‘rinuvchi yorug‘lik orqali uzatish. Ushbu yechim Amerikaning Intel kompaniyasiga tegishli. Kompaniya ko‘zga ko‘rinadigan yorug‘lik, jumladan infraqizil yoki ultrabinafsha nurlardan foydalanadigan uzatuvchi tizimlarni yaratdi. Ishlanma transport sohasi uchun mo‘ljallangan: bir oqimda harakatlanayotgan mashinalar avariyalarning oldini olish uchun axborot almashishi mumkin.

VLC (Visible Light Communication) texnologiyasi asosi axborot signali yordamida yorqinlik hamda yorug‘lik jilvalanishi takroriyligini o‘zgartirishdan iborat. Biroq bu signal inson ko‘zi uchun sezilarsiz, chunki juda yuqori chastotada uzatiladi.

Aqlli shahar

Avtomobillardagi bort datchiklari turli yo‘l hodisalari – avariyalar, yo‘lning qatnov qismida hayvonlar yoki piyodalarning paydo bo‘lishi, yo‘l qoplamasining shikastlanganligini qayd qiladi. So‘ngra axborot zanjir bo‘ylab orqada harakatlanayotgan mashinalarga uzatiladi. Ya’ni, haydovchilar yo‘ldagi holat haqida uni ko‘rishdan avval xabar topadi.

Intel uzatgichlar sifatida stop-signal faralaridan yoki transport vositasining orqa qismidagi chiroqlardan foydalanishni taklif qiladi. Axborotni qabul qilish bilan esa old kameralar yoki avtomobildagi maxsus fotodatchiklar shug‘ullanadi.

VLC istiqbollari faqat transport bilan cheklanmaydi. Korxonalar yoki ko‘chalardagi har qanday yoritish moslamasini signal qabul qilish yoki uzatish vositasiga aylantirish mumkin. Algoritmlar esa ma’lumotlarni to‘plash va obyektlarni boshqarishga moslashtirilishi mumkin.

KELAJAK SHAHARLARI UCHUN TEXNOLOGIYALARNI KIM YARATADI

Aksariyat mamlakatlarda “aqlli shahar”lar bo‘yicha texnologik yetakchilik telekommunikatsiya gigantlari tomonidan qo‘lga olingan. Xitoydan tashqari segmentda patent oilalari soni (bitta ixtiroga taalluqli ilmiy maqolalar guruhi) bo‘yicha birinchi o‘rinni Samsung egallagan. Undan keyin katta farq bilan Amerikaning tarmoq qurilmalarini ishlab chiqishga ixtisoslashgan Cisco kompaniyasi o‘rin olgan.

Xitoy kompaniyalari orasida Huawei va Xiaomi ajralib turadi. Umuman olganja xitoylik ishtirokchilar boshqa mamlakatlarda kam taqdim etilgan, ammo aynan shu ikki gigant ishonchli tarzda hududiy ekspansiyaga mo‘ljal olgan.

Mahalliy shahar hokimiyatlariga o‘z hududlarini rivojlantirish uchun qanday maslahat berish mumkin? Avvalo, mamlakatda taqdim etilgan xorijiy yechimlar bo‘yicha patentga oid texnologik izlanish o‘tkazish, boshqa mamlakatlar va yetakchi kompaniyalarning tajribasini tahlil qilish.

Aqlli shahar

Ko‘plab mintaqalarda yetakchilar allaqachon ma’lumligiga qaramay, dunyoda yana erkin bozorlar qolgan. Hozirda ishlanma egalari faqat 27 mamlakatdagi bozor salohiyatini ko‘rib chiqmoqda. Shu bois texnologik yetakchilik yetarlicha rivojlanmagan mamlakatlarni o‘rganish zarur.

Bunda texnologiyalarning ikkita segmentiga alohida e’tibor qaratishni maslahat beramiz – “sanoat interneti” va “raqamli nusxa”. Ikkala yo‘nalishda patentlash uchun erkin hududlar mavjud.