Moliyaviy oqimlar tezligi kompaniyalar muvaffaqiyatini belgilaydigan sharoitda, faktoring o‘sish va barqarorlikning ajralmas, muhim vositasiga aylanmoqda. Bu nafaqat tez pul olish usuli, balki moliyaviy to‘siqlarni bartaraf etish va raqobatbardoshlikni oshirishning qudratli vositasi hamdir. Faktoringning korxonalarga kassa uzilishlari bilan bog‘liq muammolarni qanday hal qilishda yordam berishi va bu vositaning mamlakat iqtisodiy rivojlanishi uchun nima uchun muhimligi haqida O‘zbekiston raqamli faktoring bozorida innovator kompaniya bo‘lgan “Oz Planet”ning direktori Aleksandr Bogdanov so‘zlab berdi.
Bundan ikki yil oldin O‘zbekistonda faktoring bozori amalda yo‘q edi. 2022-yilda “Oz Planet” IT-kompaniyasi paydo bo‘lishi bilan vaziyat o‘zgara boshladi. Loyiha jamoasi bank sohasida 20 yillik tajribaga ega mutaxassislardan tashkil topgan bo‘lib, uning vujudga kelish g‘oyasi oddiy: biznesda shunday vositaga ehtiyoj paydo bo‘lgan edi va raqamlashtirish bu “muammo”ni eng samarali tarzda hal qilish imkonini bermoqda.
Keling, oddiy savoldan boshlaylik: faktoring nima va nima uchun u haqida so‘nggi paytlarda tez-tez gapirishmoqda?
Faktoring – bu biznesning eng dolzarb muammolaridan birini yechuvchi oddiy, ayni paytda o‘rnini bosa olmaydigan xizmat turidir. Tasavvur qiling: siz mahsulot yetkazib berdingiz yoki xizmat ko‘rsatdingiz, ammo shartnomaga ko‘ra xaridoringiz to‘lovni faqat 90 kundan so‘ng amalga oshiradi. Ko‘pincha, ayniqsa yirik kompaniyalar, o‘z pul oqimlarini boshqarish uchun to‘lovni kechiktirishni talab qilishadi. Yetkazib beruvchi uchun esa bu 90 kun juda uzoq muddatdir. Faktoring bu muammoni hal qiladi: kutish o‘rniga kompaniya darhol pul oladi, bank yoki faktoring kompaniyasi esa xaridordan to‘lovni undirish mas’uliyatini o‘z zimmasiga oladi. Mohiyatan, bu iqtisodiyotda pul aylanishini tezlashtirishdir.
Faktoring haqida ko‘p gapirilishining sababi, so‘nggi yillarda u har qachongidan ham ko‘proq talab qilinmoqda. Kichik va o‘rta biznes jiddiy bosimga duch kelmoqda: yirik mijozlar to‘lovni kechiktirishni talab qilishmoqda, bankdan kredit olish esa mushkul. Faktoring bu muammoni kredit olish yoki mulkni garovga qo‘yish zaruriyatisiz moliyalashtirish imkoniyatini taqdim etish orqali bartaraf etadi.
Demak, faktoring — bu kredit emas? Asosiy farqi nimadan iborat?
Kredit olganingizda, qarz pullarini foizlari bilan qaytarishingiz shart. Bu yerda esa boshqacha tizim mavjud: bank yoki faktoring kompaniyasi sizga tegishli bo‘lgan pulni olish huquqini sotib oladi. Ya’ni, siz qarz olmaysiz, balki xizmat uchun bankka ozgina foiz to‘lab, o‘z pulingizni muddatidan oldin olasiz. Bu muhim farq: kredit majburiyati yo‘qligi sababli, kompaniyaning qarz yuki oshmaydi.
Bundan tashqari, faktoring kredit olish imkoniyati bo‘lmagan kompaniyalar uchun alohida ahamiyatga ega. Odatda, banklar kredit berish uchun garov yoki boshqa kafolatlarni talab qiladi, ammo kichik korxonalarda bunday aktivlar ko‘pincha mavjud emas. Faktoring esa, kreditdan farqli o‘laroq, garov talab qilmaydi. Bu esa uni kichik va o‘rta biznes uchun yanada qulay moliyaviy vositaga aylantiradi.
Nima sababdan aynan kichik va o‘rta biznes uchun?
Bu jiddiy moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelayotgan korxonalarning alohida toifasidir. Ular ko‘pincha kredit olishda qiynalishadi, ayniqsa faoliyatini endigina boshlagan yoki kichik aylanma bilan ishlaydigan bo‘lsa. Biroq, ularning mijozlari – bozordagi o‘z mavqeidan foydalanib, uzoq muddatli to‘lovlarni o‘rnatadigan yirik kompaniyalardir. Masalan, siz mahsulot yetkazib berdingiz, xomashyo uchun to‘ladingiz, ijara haqini qopladingiz, xodimlarga ish haqi berdingiz, lekin pulni faqat uch oydan keyin olasiz. Shu vaqt davomida biznesni yuritish, soliqlarni to‘lash, yangi xomashyolar sotib olish kerak. Agar mablag‘lar 90 kunga muzlatib qo‘yilgan bo‘lsa, buni qanday amalga oshirish mumkin?
Faktoring kichik biznesga bu tuzoqdan qutulish imkonini beradi. Korxonalar mahsulot yetkazib berilgandan so‘ng darhol pul oladilar va o‘z bizneslarini rivojlantirishni davom ettira oladilar. Bundan tashqari, faktoring bilan ular yangi buyurtmalarni qabul qilishlari va majburiyatlarni bajarish uchun mablag‘ yetishmasligi haqida xavotirlanmasdan ishlashlari mumkin. Bu ularga o‘sishga va bozordagi o‘z mavqelarini mustahkamlashga yordam beradi.
Banklar, ushbu vosita bilan ishlash natijasida qanday foydaga ega bo‘ladi?
Birinchidan, bu kreditlarga qaraganda kamroq darajada xavfli mahsulotdir. Bank kredit berganda, aslida qarzdorga ishonch bildiradi va u pulni foizlari bilan o‘z vaqtida qaytarishiga umid qiladi. Faktoringda esa vaziyat boshqacha: bank allaqachon mavjud qarzlar, haqiqiy yetkazib berishlar va aylanmalar bilan ishlaydi. Bu yerda yetkazib beruvchi kompaniyaning holati emas, balki uning mijozlari – yirik debitor kompaniyalarning to‘lov qobiliyati muhim ahamiyatga ega. Bu bank uchun xatarlarni sezilarli darajada kamaytiradi.
Ikkinchidan, banklar mablag‘larni yanada samaraliroq boshqarishi mumkin, chunki pul kompaniyalarni chetlab o‘tib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib beruvchilarga boradi. Bu esa mablag‘lar harakatini nazorat qilish imkonini beradi va to‘lov bajarilmasligi ehtimolini kamaytiradi. Bundan tashqari, faktoring banklarga kredit portfelini oshirmasdan yangi daromad manbaini taqdim etadi.
Aynan sizning platformangiz nima sababdan o‘ziga xos ekanligi haqida gapirib bersangiz.
Oz Planet platformasi — bu faktoring uchun raqamli ekotizim. U banklar, ta’minotchilar va xaridorlarni birlashtiradi, bitim tuzish jarayonini iloji boricha oson va shaffof bo‘lishini ta’minlaydi. Ariza topshirishdan to moliyalashtirishni olishgacha bo‘lgan barcha jarayon avtomatlashtirilgan. Ta’minotchi platformaga kirib, ariza berishi va bir nechta banklardan takliflar olishi mumkin. Bularning barchasi bir necha daqiqada amalga oshiriladi, bu esa vaqt va kuchni sezilarli darajada tejaydi.
Banklar uchun bu juda katta afzallik, chunki ular platformamizga tezda ulanib, mijozlariga faktoringni taklif qilishni boshlashlari mumkin. Ular o‘z dasturiy ta’minotini ishlab chiqish uchun yillab vaqt sarflashlari shart emas – biz tayyor yechimni taqdim etamiz, buning ustiga ichki jarayonlarni yo‘lga qo‘yishda ham yordam beramiz.
Platformamizning noyobligi shundaki, u juda sodda va ham kichik kompaniyalar, ham yirik korxonalar uchun qulaydir. Endi ta’minotchi atigi bir-ikki marta tugmani bosish orqali moliyalashtirishga ega bo‘lishi mumkin, banklar esa qulay interfeys yordamida xatarlarni nazorat qilishi va bitimlarni boshqarishi mumkin.
Sizning tajribangizda faktoring mijozga muammoni yechishda yordam bergan holat bilan o‘rtoqlashsangiz?
Yorqin misollardan biri – yirik mijozlardan to‘lovlarni kechiktirish muammosiga duch kelgan kichik ishlab chiqarish korxonasi bilan ishlash. Ular mahsulotlarini yirik savdo tarmoqlariga yetkazib berishardi va to‘lovni 60-90 kun kutishga majbur bo‘lardi. Bu ularning o‘sishini jiddiy ravishda sekinlashtirar edi, chunki ular ishlab chiqarishni kengaytira olmasdan, yangi buyurtmalar uchun xom ashyo sotib ololmas edi.
Faktoring yordamida ular mahsulot yetkazib berilgandan so‘ng darhol pul olishni boshladilar. Bu esa ularga ishlab chiqarish hajmini oshirish va yangi buyurtmalarni qabul qilish imkonini berdi. Faktoring bilan ishlagan bir yil ichida ularning daromadi 30 foizga o‘sdi va ular o‘z bizneslarini kengaytirishga erishdilar. Bu faktoring biznesning o‘sishi va rivojlanishiga qanday yordam berishining aniq misolidir.
Davlat O‘zbekistonda faktoringni rivojlantirishda qanday rol o‘ynaydi?
Davlat bu jarayonda muhim rol o‘ynaydi. Yaqin vaqtgacha O‘zbekistonda faktoring bitimlarini tartibga soluvchi aniq huquqiy asos yo‘q edi, shu sababli ko‘plab kompaniyalar va banklar bu moliyaviy vositadan foydalanishdan cho‘chir edilar. Ammo hozirgi kunda vaziyat o‘zgarmoqda. Markaziy bank va hukumat faktoringning iqtisodiyot uchun ahamiyatini anglab, uning rivojlanishini faol qo‘llab-quvvatlamoqda.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqlarida faktoringni tilga olib, uni rivojlantirish uchun raqamli platforma yaratish zarurligini ta’kidladi. Bu esa davlat ushbu moliyaviy vositaning imkoniyatlarini to‘liq tushunganini va uning o‘sishiga ko‘maklashishga tayyor ekanligini ko‘rsatadi. Biz o‘z navbatimizda davlat idoralari bilan faol hamkorlik qilib, me’yoriy hujjatlarni tayyorlash bo‘yicha ishchi guruhlarda qatnashmoqda hamda faktoring uchun xavfsiz va shaffof infratuzilma yaratish ustida ishlamoqdamiz.
Yaqin yillarda ushbu bozorning qanday istiqbollarini ko‘rmoqdasiz?
Biz o‘sish uchun ulkan salohiyatni ko‘rib turibmiz. Tobora ko‘proq kompaniyalar bu nafaqat tezroq pul topish usuli, balki moliyaviy ko‘rsatkichlarini yaxshilash, o‘sishni tezlashtirish va bozorda o‘z o‘rnini mustahkamlash imkoniyati ekanligini tushunmoqdalar.
Banklar uchun esa bu mahsulot turlarini kengaytirish va yangi mijozlarni jalb qilish uchun ajoyib imkoniyatdir. Banklar daromadlarni diversifikatsiya qilish va risklarni minimallashtirish yo‘llarini izlayotgan bir sharoitda faktoring tobora jozibador bo‘lib bormoqda. Ko‘rib turganimizdek, ko‘plab yirik banklar bu yo‘nalishga faol qiziqish bildirmoqda va platformamizga ulanmoqda.
Ishonchim komilki, yaqin yillarda faktoring O‘zbekiston moliya tizimining muhim elementiga aylanadi. Biz, o‘z navbatida, ushbu bozorni rivojlantirishda davom etamiz, yangi yechimlarni taklif qilamiz va faktoring hamma uchun qulay va tushunarli bo ‘lishi ustida ishlaymiz.
Xorijiy hamkorlaringiz faktoringga qanday qarashadi? Xalqaro tajriba Sizning faoliyatingizga ta’sir qiladimi?
Biz boshqa mamlakatlarda faktoring qanday rivojlanayotganini diqqat bilan o‘rganamiz va eng yaxshi tajribalarni o‘zlashtirishga harakat qilamiz. Yevropa va AQShda faktoring allaqachon moliyaviy tizimning zaruriy qismiga aylangan va u yerda bu bozor allaqachon yetarli darajada rivojlangan. Masalan, ba’zi mamlakatlarda faktoring bitimlari hajmi YAIMning 20-30 foizini tashkil etadi, bu uning iqtisodiyot uchun ahamiyatini namoyish etadi.
Xorijiy hamkorlarimiz bilan hamkorlikda biz O‘zbekistonda faktoringni rivojlantirishda ularning tajribasidan ham foydalanamiz. Biz platformamizni xalqaro elektron imzo standartlari bilan integratsiya qilish imkonini beradigan texnologiyalarni allaqachon joriy qilganmiz, buning natijasida bizning bitimlarimiz yanada xavfsiz va shaffof bo‘ladi.
Faktoringdan foydalanishni boshlamoqchi bo‘lgan kompaniyalarga nima maslahat berasiz?
Mening asosiy maslahatim – yangi narsalarni sinab ko‘rishdan qo‘rqmaslik. Zero, faktoring – bu kredit, qarz majburiyati emas, balki o‘z pullariga tezroq va minimal tavakkalchiliklar bilan kirishning haqiqiy imkoniyati; bu vosita ko‘plab mamlakatlarda o‘z samaradorligini isbotlab bo‘lgan va hozirda O‘zbekistonda faol rivojlanmoqda.
Faktoringni murakkab yoki qimmat deb o‘ylamaslik kerak. Bizning platformamiz bilan u oddiy va qulay, biznes uchun esa bu o‘z rivojlanishini tezlashtirish, likvidlikni yaxshilash va moliyaviy to‘siqlarni olib tashlashning ajoyib usulidir.
Denis Sautov, moliyaviy ekspert:
O‘zbekistonda faktoring iqtisodiy o‘sishning haqiqiy katalizatoriga aylanmoqda. Ushbu xizmatlarga bo‘lgan talab kundan kunga ortib bormoqda va raqamlashtirish ularning rivojlanishining tabiiy bosqichiga aylanayotganligi ko‘rinib turibdi. Biz allaqachon oldinga katta qadam tashladik: OZ PLANET platformasi mamlakatda birinchi to‘liq raqamli faktoring bitimini muvaffaqiyatli amalga oshirdi, bu esa qog‘ozsiz operatsiyalar uchun yangi ufqlarni ochadi. 2024-2025 yillarda qo‘shimcha banklarni ulab, eksport va import faktoring yechimlarini ishga tushirish rejalashtirilgan. Bu mamlakat yalpi ichki mahsulotining 1,5 foizini iqtisodiyotga jalb qilishga yordam berishi kutilmoqda.
Sanjar Abduvaliyev, SQB boshqaruvi raisi:
SQB faktoringni faol rivojlantirmoqda, uning iqtisodiyot o‘sishi va biznes yuritish sharoitlarini yaxshilash uchun muhimligini anglamoqda. Ushbu moliyaviy instrument likvidlikni oshirish, kapital aylanishini tezlashtirish va moliyaviy tavakkalchiliklarni kamaytirish imkonini beradi. Bu borada jarayonlarni raqamlashtirish alohida ahamiyatga ega bo‘lib, u faktoringni bozorning barcha ishtirokchilari uchun qulay qiladi, operatsiyalarning shaffofligi va samaradorligini oshiradi.
Abdurashid Sohibnazarov, NBU kredit departamentining direktori:
Bugungi kunda faktoring respublika iqtisodiyotida, ayniqsa, kichik va o‘rta biznesda tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Davlatimiz rahbari ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va kapital aylanmasini jadallashtirishda faktoringning ahamiyatiga bir necha bor e’tibor qaratgan. Faktoringning rivojlanishi ushbu sohani tabiiy ravishda raqamlashtirishga olib keladi. O‘z navbatida, O‘zmilliybank biznesning o‘sishini rag‘batlantirish va mamlakatning barqaror iqtisodiy rivojlanishiga ko‘maklashish uchun faktoringni raqamlashtirishni rivojlantirishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi.
Akmal Mansurov, Asia Alliance Bank boshqaruv raisi o‘rinbosari:
Banklar uchun faktoring – mijozlar bazasini kengaytirish va qo‘shimcha moliyaviy mahsulotlarni taklif qilishning qulay usuli. Jahonning yetakchi mamlakatlari amaliyoti shuni ko‘rsatadiki, faktoring tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida pul aylanmasini oshirishning ko‘makchi vositalaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, mahsulot tannarxini pasaytirish va ishlab chiqarilayotgan tovarlar assortimentini ko‘paytirishga xizmat qiladi. Faktoring yordamida garov ta’minoti yetarli bo‘lmagan va moliyaviy ko‘rsatkichlari qoniqarsiz bo‘lgan mikro va kichik korxonalarni samarali moliyalashtirish mumkin bo‘ladi.
Asklepiy, O‘zbekiston Respublikasida farmatsevtika va parafarmatsevtika mahsulotlarining eng yirik distribyutori:
Faktoring o‘z moliyaviy oqimlarini boshqarishni yaxshilashga intilayotgan kompaniyalar uchun kuchli vositadir. Bu, ayniqsa, yuqori likvidlilik darajasini ushlab turish va kapital aylanishini tezlashtirish muhim bo‘lgan biznes uchun dolzarbdir. Biz uchun, Asklepiy kompaniyasida raqamli faktoring tajribasi haqiqiy yutuq bo‘ldi. Biz O‘zbekistonda birinchi bo‘lib faktoring bo‘yicha to‘liq raqamli bitimni amalga oshirdik, bu esa rasmiylashtirish muddatlarini sezilarli darajada qisqartirdi va qog‘oz hujjatlar zaruratini istisno qildi. Ushbu qaror bizga moliyalashtirishdan operativ foydalanish imkonini beribgina qolmay, balki ish samaradorligini oshirishga ham imkon berdi.
Matn: Anora Surayeva
Foto: Ruslan Mardanov