O‘zbekistonlik sportchi hal qiluvchi jang taassurotlari bilan bo‘lishdi, o‘zbek boksining istiqbollariga baho berdi va kelajakdagi rejalari o‘rtoqlashdi
Isroil Madrimov – muvafaqqiyat cho‘qqisida: u 8-mart kuni Ar-Riyodda rossiyalik Magomed Qurbonovni ishonch bilan mag‘lubiyatga uchratib, Butunjahon boks assotsiatsiyasi (WBA) versiyasi bo‘yicha O‘zbekiston tarixidagi birinchi boks chempioniga aylandi.
29 yoshli xivalik, militsiya kapitani, professional maqomga erishish uchun ko‘p mehnat qildi, havaskor sifatida 100 dan ortiq jang o‘tkazdi, qit’a miqyosidagi sovrinlarni qo‘lga kiritdi va Jakartadagi XVIII yozgi Osiyo o‘yinlaridagi g‘alabasi bilan faoliyatining birinchi bosqichiga toj o‘rnatdi. O‘shanda, 2018-yilda Isroil nafaqat boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining yetakchisi, balki milliy terma jamoaning bayroqdori ham bo‘lgandi. Yana bir ishonchli g‘alabadan so‘ng u professional sportchi bo‘lishga qaror qildi. Oradan 5 yil o‘tib “The Dream” taxallusi bilan yurgan bokschi o‘z orzusini amalga oshirib, O‘zbekistonga milliy qahramon sifatida qaytdi.
Vatanga qaytgach, kapitan Madrimovga Ichki ishlar vazirligi mayori unvoni topshirildi va chempion O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qo‘lidan yangi Chevrolet Tahoe avtomobili kalitini oldi.
“CHEVROLET TAHOE — MENING ILK YO‘LTANLAMASIM”
- Siz yaqinda rossiyalik bokschi Magomed Qurbonovga beshinchi raunddayoq ilk mag‘lubiyatni keltirib, WBA yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempionligini qo‘lga kiritdingiz. Jang kutilganidan osonroq kechdimi?
Magomed Qurbonov – ajoyib bokschi, u katta tajriba va juda yaxshi texnikaga ega, shu sababli biz jamoamiz bilan har qanday qiyin vaziyatlarga tayyor turgandik. Bu boks – unda har xil kutilmagan holatlar bo‘lishi mumkin. Men og‘ir jangga tayyorgarlik ko‘rgan edim, biroq jang haqiqatda kutganimdan oson kechdi.
- O‘zbekistonda Sizni milliy qahramon sifatida kutib olishdi. Vataningizga qaytganingizdagi taassurotlaringiz qanday bo‘ldi?
Bunchalik iliq kutib olishlarini kutmagan edim, tadbir yuqori darajada tashkil etilgani juda quvontirdi. Ayniqsa, yaqinlarimning kutib olgani va onamning xursandchiligi. Ta’riflashga til ojiz.
- Sizga mayor unvoni topshirildi. His qilgan tuyg‘ularingizni tasvirlab bera olasizmi?
Professional kasbiy faoliyatimdan tashqari men ichki ishlar organlarida xizmat qilaman. G‘alabadan keyin menga IIV vaziri Po‘lat Bobojonov tomonidan mayor unvoni topshirildi. Bu men uchun nafaqat quvonch, balki mas’uliyat hamdir.
- Bundan tashqari Siz Prezident nomidan qimmatli sovg‘a – yangigina Chevrolet Tahoe avtomobiliga ega bo‘ldingiz. Ushbu yo‘ltanlamasni drayv-testdan o‘tkazib ko‘rdingizmi?
Albatta! Drayv-testdan juda a’lo taassurotlarga ega bo‘ldim. Chevrolet Tahoe – ajoyib mashina: katta, sig‘imli va boshqaruvda juda qulay. Rulni egallar ekanman, uning chiroyi va quvvatidan zavq olaman, bir so‘z bilan aytganda, haydash jarayonida haqiqiy rohatni his qilaman. Tahoe har bir rangida bir xil chiroyli, u men haydab ko‘rgan eng yaxshi yo‘ltanlamasdir. Men va oilam uchun Prezidentimizdan bunday avtomobil sovg‘a olish katta ehtirom va faxr.
- Chevrolet Tahoe — katta mashina. Shahar va shahar tashqarisida harakatlanish qanchalik qulay, farqini his qildingizmi? Yangi avtomobilda tog‘larga chiqdingizmi?
Afsuski, yangi yo‘ltanlamasda tog‘larga chiqishga ulgurmadim, biroq tez orada bu geshtaltni yopishni rejalashtiryapman. Model yaxshigina haybatli, mashinaning gabaritiga o‘rganib olgach, haydovchi o‘zini qulay his qilishi aniq.
- Chevrolet Tahoe’ning asosiy afzalliklari, va agar bo‘lsa kamchiliklari haqida ham gapirib bering.
Menga uning dizayni juda yoqadi, mashina shunday o‘lchamlari bilan juda zamonaviy ko‘rinadi. Menga yo‘ltanlamaslar doim yoqqan. Tahoe menga xos bo‘lgan segmentni ifodalaydi: baland, baquvvat, keng. Kamchiliklaridan faqat ko‘p yonilg‘i sarflanishini ayta olaman, boshqa jihatlari men uchun ideal.
- Sizning bir nechta mashinangiz bor. Avto jamlanmangiz haqida ham gapirib bering, qaysi jihatlariga ko‘ra avtomobil tanlaysiz, ularning har birida aynan nimani qadrlaysiz?
Tahoe mening to‘plamimdagi uchinchi avtomobil va ilk yo‘ltanlamas bo‘ldi. Ikkita sedan avtomobilim bor – Chevrolet Cobalt va Toyota Camry. Avtomobillardagi men qadrlaydigan jihatlar – bu xavfsizlik va qulaylik, shu sababli men shahar bo‘ylab doimiy safarlarim uchun aynan ushbu modellarni tanlaganman.
- Mahalliy avto sanoatimizning yana boshqa avtomobillarini ham boshqarganmisiz?
Men turli brend avtomobillarini ham boshqarib ko‘rganman. Tahoe egasiga aylanmagunimcha, eng yaxshi avtomobil – Chevrolet Malibu deb javob bergan bo‘lardim. Tashqi ko‘rinishi, qulayligi, ishonchliligi – barchasi eng yuqori darajada. Sedanlar orasida men xush ko‘rgan 1-raqamli avtomobil deya olaman.
- Siz tez harakatlanishni xush ko‘rasizmi yoki sekin?
Menga tez harakatlanish yoqadi, lekin shahar ichida tez harakatlanish biroz mushkul.
“MEN MUTLAQ JAHON CHEMPIONI BO‘LISHNI ISTAYMAN”
- Keyingi rejalaringiz va maqsadlaringiz qanday?
Ar-Riyoddagi g‘alaba menga WBA versiyasi bo‘yicha jahon chempioni unvonini olib keldi. Va bu yo‘lning endigina boshlanishi: mening og‘irlik toifamda WBC, IBF, WBO bo‘yicha yana uchta orzuimdagi kamar bor. Mutlaq jahon chempioniga aylanishim uchun ularni qo‘lga kiritishni rejalashtirmoqdaman. Oxirgi 50 yil ichida birinchi o‘rta vazn toifasida faqat ikki bokschi – amerikalik Ronald Rayt va Jermell Charlo bunday muvaffaqiyatga erishgan.
- Siz dunyo bo‘ylab juda ko‘p muxlislarga egasiz, mashxurlikning eng yuqori cho‘qqisidasiz. Diqqat markazida bo‘lish Siz uchun qanchalik qulay?
Buni to‘g‘ri qabul qilishga harakat qilyapman. Sizni eng yaxshisi deya tan olishgani, muxlislar soni ko‘paygani, albatta, yoqimli. Biroq, o‘ziga ishonch mag‘rurlikka olib kelmasligi kerak. Maqtovlarga aldanib qolish mumkin. Meni qo‘llab-quvvatlayotganlari yangi g‘alabalarga erishishimda ruhlantiradi va o‘z imkoniyatlarimdan foydalanib, maqsadimni amalga oshirishim yo‘lida katta mehnat qilishim kerakligini eslatib turadi.
- O‘zbek bokschilari havaskor boks olamining eng yaxshilari qatorida. Qaysi sportchilarga alohida e’tibor qaratish zarur va qaysilarini Siz professional sportchi sifatida ko‘rishga ishonasiz?
Havaskor sport olamida o‘zbek bokschilari bilan kamdan-kam odam raqobatlasha oladi. Chunki biz juda kuchli maktabga egamiz, yil sayin istiqbolli sportchilar soni oshmoqda. Ular orasida hayolimga birinchi bo‘lib Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev va Abdumalik Halaqov keladi. Mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tgan va professional sportchi sifatida yutuqlarni ko‘rsata olgan sportchilarimiz – Bahodir Jalolov, Hasanboy Do‘stmatovlar eng yorqin sport namoyondalaridir.
- Sizni boks bilan shug‘ullanishga qaysi sportchilar ilhomlantirgan?
Menni Pakyao, Floyd Meyvezer, Gennadiy Golovkin – bular mening sevimli bokschilarim.
O‘z vatandoshlarimizga kelsak, menga katta ta’sir o‘tgazgan Ruslan Chagayev, Muxammadqodir Abdullayev, Elshod Rasulovlarni ta’kidlab o‘tishim zarur. Men ularning janglarini tomosha qilib ulg‘ayganman.
“BARCHASI YAXSHILIKKA”
- Boksdan tashqari yana qanday sport turlarini yoqtirasiz?
Futbolga qiziqaman – futbol o‘yinlarini tomosha qilaman, bo‘sh vaqtlarimda do‘stlarim bilan futbol o‘ynayman. Bundan tashqari, menga stol tennisi ham yoadi.
- Tarixdagi eng zo‘r bokschi sizningcha…?
Javobi aniq – bu boks qiroli Muxammad Ali. O‘ylashimcha fikrimga deyarli barcha qo‘shiladi.
- Sizni qiyinchilik damlarida ruhlantirib turuvchi sevimli iqtibosingiz?
“Barchasi yaxshilikka”! Men bu formulaga chin dildan ishonaman. Biz yo‘limizga to‘sqinlik qilayotgan barcha sinovlarni sharaf bilan yengib, barchasi yaxshi bo‘lishiga ishonishimiz kerak.
- Kunning eng dolzarb savoli: Fyurimi yoki Usik?
Savol darhaqiqat dolzarb. Mening fikrimcha – Fyuri. U juda o‘zgacha va iqtidorli bokschi.
- Bu yil yoz faslida 58 yoshni qarshi oluvchi Mayk Tayson 20-iyul kuni o‘zidan 31 yosh kichik bo‘lgan Jeyk Pol bilan ringa chiqishi kutilmoqda. Bunga munosabatingiz qanday?
Yengilmas Mayk shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Tayson – haqiqiy afsona, bloger bilan jang esa qandaydir bema’nilik. Bunga jang sifatida emas, balki shou deb qarashimiz to‘g‘riroq bo‘ladi.
- Chempionlikka erishish – bu ko‘proq iqtidormi yoki o‘z ustida mashaqqatli mehnat qilishmi?
Chempionlikka erishish – bu ko‘proq mehnatni talab etadi. Inson qanchalik mehnatsevar bo‘lsa, chempionlikka shuncha yaqinlashib boraveradi. Iqtidor faqat vaqtincha namoyon bo‘lishi mumkin, agar u rivojlantirilmasa va g‘ayrat bilan mehnat qilinmasa, birgina iqtidorning o‘zi bilan uzoqqa borib bo‘lmaydi.