OLTI NAFAR O‘ZBEK POLVONI 13 TONNALI SAMOLYOTNI 46,7 SONIYADA 100 METRGA SILJITDI.
Guinness World Records saytida 2024-yil 15-may kuni Toshkent xalqaro aeroportida qayd etilgan jahon rekordiga oid ma’lumotlar e’lon qilindi. Shu kuni Ginnes rekordlari kitobining komissari Mbali Masechaba Nkosi xonim ishtirokida O‘zbekiston Bodibilding va fitnes federatsiyasi jamoasi Silk Avia kompaniyasining 13 500 kg og‘irlikdagi ATR 72-600 laynerini atigi 46,7 soniya ichida 100 metr masofaga siljitishga erishdi.
O‘zbekiston Bodibilding va fitnes federatsiyasi prezidenti Timur Sabirov ushbu voqeani quyidagicha tavsifladi:
“Bu yutuq – birinchi navbatda jamoamizni tayyorgarlik jarayonining barcha bosqichlarida qo‘llab-quvvatlab kelgan 7SABER brendining ko‘magi natijasidir. Umuman olganda, butun dunyoda sport va bayroq sha’ni uchun bunchalik jon kuydiradigan biznes-tuzilma vakillarini topish qiyin. Bizga Orient Group, Uzbekistan Airports, The Burger, Silk Avia, hamda Milliy aviakompaniya tomonidan ko‘rsatilgan yordam aslida bebaho. Tabiiyki, ularning yordamisiz Ginnes rekordiga erisha olmasdik. Shuningdek, men polvonlarimizning haqiqatda yetuk natijasini alohida qayd etishni istardim: 46,7 soniya – misli ko‘rilmagan ko‘rsatkich. 15-may kuni aeroportda bo‘lgan barcha ekspertlar bu rekord hali uzoq amal qilishini bir ovozdan tasdiqlamoqda: bu ko‘rsatkichni yangilash juda qiyin bo‘ladi”.
Xususan, rekord birinchi urinishdanoq o‘rnatilganini alohida ta’kidlash joiz. Guinness World Records tomonidan dastlab 60 soniyada ulgurish sharti belgilangan edi. Sportchilarimiz tayyorgarlik mashg‘ulotlarida turli natijalarni namoyon etgan, ammo 15-may kuni qayd etilgan 46,7 soniya eng yaxshi natija bo‘ldi.
7SABER Bosh direktori Oraz Abdurazakov o‘z fikrini quyidagicha izohladi:
“Aslida Ginnes rekordiga oid g‘oya birinchi marta 2021-yilda Toshkentda bo‘lib o‘tgan bodibilding bo‘yicha Chempionat vaqtida yuzaga kelgan edi. O‘shanda sportchilarimiz ko‘p sonli medallarni qo‘lga kiritgan, bu orada mamlakat bo‘ylab millionlab odamlar bu sportning naqadar tomoshabop ekanligini tushungan. Biroq u vaqtda kichik aviatsiya rivojlanishi bunday loyihani yuksak darajada amalga oshirish imkonini bermasdi. Joriy yilga kelib barchasi o‘zgardi: O‘zbekistonda biryo‘la paydo bo‘lgan bir nechta aviakompaniyalarning ayrimlari o‘rtacha hajmdagi avialaynerlardan foydalanadi. Xon atlas uslubidagi yorqin rangli Silk Avia samolyotini ko‘rgach, bu layner rekord uchun yaratilganini tushundik. Oqibatda hammasi xuddi shunday bo‘ldi”.
Rekordchi sportchilar jamoasi: Bekzod Xudoyqulov, Sherzodbek Gaynazarov, Farxod Dadamuxamedov, Umid Xusanov, Baxshulla Sayfullaev va Abrorbek Fozilov.