Flat Preloader Icon
Obro‘ning qiymatiObro‘ning qiymati
04 Yanvar 2024

Obro‘ning qiymati

Obro‘ning qiymati

Karen Srapionov, Avesta Investment Group boshqaruv sherigi

Yosh o‘tgani yoki tajriba ortgani sayin, bilmadim, xotirjamlik va oldindan ma’lumlikni ko‘proq qadrlay boshlaysan. Ayniqsa faoliyatinga “investorlar kayfiyati”, “investitsiya muhiti” va “mamlakat imiji” kabi ko‘zga ko‘rinmas tushunchalar kuchli ta’sir qilgan davrda.

Ba’zan, hammasi to‘g‘ri va qonun bo‘yicha bajarilgandek ko‘rinadi, ammo begona manfaatdorlarga qarorlar “to‘g‘riligini” qay tarzda tushuntirish mumkinligi – noaniq. OAVda qaysidir kompaniyalarning ofisiga huquqni muhofaza qiluvchi organlar tashrif buyurgani, yana bir yilda ikkinchi marta butun boshli tarmoqni boshqarish yondashuvi o‘zgarayotgani haqida o‘qiganda buni kimgadir qanday tushuntirishni bilmaysan. Axir, barchasi nuqul mamlakatda biznes yuritishning mashhur “o‘ziga xosliklari” bilan bog‘lanadigan bo‘lsa, oxir-oqibat “tartibsizlik” – biznesni yuritish aynan o‘sha uslubi ekan, degan tasavvur uyg‘onadi.

Afsuski, ko‘pchilik hanuzgacha to‘g‘ri muloqot qilishning ahamiyati haqida unutmoqda. Hattoki yaxshi va foydali harakat, agar u tushuntirilmasa va barcha savollarga javob berishga harakat qilinmasa, mish-mishlar, uydirmalar va tushunmovchiliklar girdobida qolishi mumkin. Ayniqsa, aholimiz endigina davlat organlariga ishonch bilan qaray boshlayotgan bizning hududda. Ayniqsa, raqamli texnologiyalar hamda o‘ta sodiq auditoriyaga ega yuzlab turli telegram-kanallar asrida.

Investitsiyalarni jalb qilish sohasida bu muammo yanada keskin tus olgan, chunki o‘sha ko‘zga ko‘rinmas tushunchalar uchun pul ham to‘lash kerak ekan: kreditlar bir oz qimmatroq, ular bo‘yicha muddatlar qisqaroq, ko‘proq ta’minot talab etiladi, kompaniyalar qiymatini baholash esa egalari, jumladan davlatning o‘zi kutganidan ancha past bo‘lib chiqmoqda. Chunki, aksariyat investorlar uchun O‘zbekiston, afsuski, hamon birinchi navbatda paxta terish bo‘yicha majburiy mehnat ustidan erishilgan g‘alaba, o‘tkazilgan valyuta islohotlari va hattoki pandemiya davrida o‘sishda davom etgan iqtisodiyot mavjud mamlakat sifatida baholanmayapti.

Aytishlaricha, “investorlarning xotirasi qisqa bo‘larkan”. Bunda, investitsiyalar u yoki bu davrda barcha mamlakatlarga, hattoki u yerda avvallari investorlarning huquqlari buzilgan va qo‘yilmalar yo‘qotilgan bo‘lsa ham, baribir “kirib kelishi” nazarda tutiladi. Bu haqiqat. Ammo faqat qisman. Investitsiyalar keladi, lekin hammadan emas – asossan opportunizm tarafdorlari pul tikadi. Shuningdek, mazkur investitsiyalarning narxi juda yuqori: investorlar asosiy summani qaytarib, kelajakda foyda olish uchun kiritgan mablag‘larini bir-ikki yilda undirishni istashadi.

Hech bir farmon, qonun, muloqot va va’da muammoni hal qila olmaydi, zero aytilganidek “nufuz uzoq vaqt barpo etiladi va bir lahzada barbod bo‘ladi”. Hattoki yuqori mansabdagi rahbarning o‘zi investorlarni ularning manfaatlari ustuvorligi haqida ishontirgan taqdir ham, keyinchalik o‘rta va quyi darajada investorlar professional bo‘lmagan harakatlarga, qog‘ozbozlik, mas’uliyatsizlik va befarqlikka to‘qnash kelganida umumiy munosabat ham salbiy bo‘ladi.

Bugun nufuzga putur yetkazish juda oson. Ijtimoiy tarmoqlar, videoanjumanlar, xalqaro tadbirlar ko‘proq to‘qnashish imkoniyatlarini yaratmoqda. Miyada saqlab turish kerak bo‘lgan yangi mavzular ham yuzaga kelmoqda: ESG, SDG, geosiyosat va h.k.

Hayriyatki, investorlar, hamkorlar, yetkazib beruvchilar bilan munosabatlarni yo‘lga qo‘yishga yordam berayotgan mutaxassislar va kompaniyalar soni tobora ortmoqda. Yomon tomoni, bizda haligacha bunday xizmatlar uchun pul to‘lash holati yo‘qolmadi. Korrupsiya va befoyda tenderlarda bir necha millionlarni yo‘qotish, zarur sertifikatlarni olishni unutish va loyihani yarim yil – bir yilga kechiktirish – bularning barchasi normal ish jarayoni sifatida qabul qilinadi. Buning o‘rniga loyihani jadallashtirishga, investitsiyalarni yanada tezroq jalb qilishga, ishni qaytadan boshlash kerak bo‘lmasligi evaziga ortiqcha pul ishlatilishining oldini olishga yordam beradigan yuqori mahoratli mutaxassislar jamoasini ishga olish uchun o‘n yoki yuz ming sarflash qandaydir zodagonlarga xos hashamat va maqtanishdek ko‘rinadi. Bunday xarajatlar faqat oxirgi nuqtada, “bosh devorga tekkanida” va loyiha tahdid ostida qolganida amalga oshiriladi.

Zero, bunday jarayonlarda eng asosiysi – doim tayyor turish va barqarorlikdir. Boshqaruv ishlar holatidan xabardor bo‘lgan, loyiha to‘qnash kelishi mumkin bo‘lgan turli savollar, vaziyatlarga javoblarni biladigan hamda xalqaro OAVdagi salbiy maqola yoki boshqa shtatdan tashqari holat bo‘lishiga qaramay, tashqi va ichki muammolarga tezkor munosabat bildira oladigan mutaxassislarga murojaat qilishi mumkin bo‘lsa, yaxshi.

Obro‘ning qiymati

Bunday vaziyatlarga tayyor turish, salbiy ta’sirni minimallashtirish, doimiy ravishda to‘g‘ri faoliyati obrazini yaratish, ichki xodimlarni tashqi kommunikatsiyalarga o‘qitish, hamkorlar bilan o‘zaro munosabatlar jarayonlarini nazorat qilish va nizo yuzaga kelgunicha aralashish – bu katta va murakkab, ammo har qanday darajada bajarish mumkin bo‘lgan mehnat. Va bu mehnat, odatda, sarflangan pullarni oqlaydi.

Shartli xom-ashyo ishlab chiqaruvchi kompaniya uchun yerdan olinadigan foydali qazilmalarning hajmini oshirish eng muhimi hisoblangan davrlar o‘tib ketdi. Hozir bu ishlarni samarali bajarish talabi birinchi o‘ringa chiqmoqda, buning uchun investitsiyalarni jalb qilish, ekologik tavakkallarni nazorat qilish, loyihani aholi va xodimlarga to‘g‘ri tushuntirish, davlat organlari va xalqaro tashkilotlar bilan muloqotni yo‘lga qo‘yish, olingan foyda haqida to‘g‘ri hisobot berish kabi imkoniyatlarga ega bo‘lish zarur.

Hayriyatki, eng yuqori darajada, jumladan yirik xususiy kompaniyalarda bularning hammasini ancha oldin tushunib yetganlar. Biroq, bu hanuzgacha ommaviy trend emas, balki qoidadan istisno sifatida qabul qilinmoqda.

Hamkorlik yangiliklari