Muallif yodda tutishni tavsiya qilgan birinchi (va asosiy) qoida: vaqt shunchaki chegaralangan emas – u o‘ta chegaralangan. Insonning o‘rtacha umr ko‘rishi atigi to‘rt ming haftani tashkil etadi, va bu darhaqiqat juda oz. Shu sababli haqiqiy samarali taym-menejment vazifasi – bu sizga dunyodagi barcha ishlarni qayta qilishga imkon yaratish yoki barcha jamiki xatlarga javob berish emas, balki siz haqiqatda eng muhim ishlar bilan shug‘ullanishingizdir. Shunday qilib, siz oxir-oqibat ish va hayot o‘rtasida ideal muvozanatni o‘rnatasiz, bunda asosiy tushuncha ikkinchisidir.
* * *
“Vaqt yetishmovchiligi” muammosi insoniyatni doim ham tashvishga solmagan, bu “qiyinchilik” so‘ngi yuz yillikda yuzaga keldi. Ilgari kun uzunroq, har bir mavsum o‘z vaqtida bo‘lgan, va qilinadigan vazifalar ham bajarish imkoni darajasida edi, ko‘ngilxushliklar esa uncha ham ko‘p bo‘lmagan. Shuning uchun vaqt tushunchasi bunchalik ahamiyatli “vosita” emasdi va inson uning yetishmovchiligini his qilmagan.
Yo‘q, biz xotirjam bo‘lish uchun O‘rta asrlardagi dehqonlar hayotiga qaytish, demoqchi emasmiz, ammo o‘sha davrning “dunyo bilan uyg‘un yashash” tartibini o‘zimizga darslik qilib olsak yomon bo‘lmaydi. To‘g‘ri, zamonaviy voqelikni hisobga olsak, buni amalga oshirish deyarli mumkin emas.
* * *
Qancha ko‘p shoshsangiz – vazifalaringiz sizni shunchalik asabingizni buzadi, va siz atrofingizdagi barcha narsani qancha kuchli nazorat qilishga intilsangiz – o‘ta samaradorli bo‘la olmasligingizni shuncha ko‘p his qilasiz. Kitob muallifi o‘z o‘quvchilariga birgina oddiy (ammo yoqimsiz) haqiqatni tan olishingizni maslahat beradi: mana shu nomukammal, nazorat qilib bo‘lmaydigan va umuman ideal bo‘lmagan hayot – bu bizning yagona hayotimizdir, va uni hadeb to‘g‘irlayverishni bas qilish kerak.
Uni o‘zgartirish qo‘limizdan kelmaydi (siz abadiy yashay olmaysiz, barcha muammolarni hal qila olmaysiz, barcha pullarni ishlab topa olmaysiz), ammo bu uchun vaqtingiz sarflangani qoladi. Vaqtimiz esa, biz bilganimizdek, juda chegaralangan.
* * *
Oliver Berkman insonning mag‘rurligini va o‘zini qodir deb hisoblashni yengish haqida fikr yuritishda davom etar ekan, “vaqtdan foydalanishni” to‘xtatish haqida o‘ylab ko‘rishni maslahat beradi. U hayotni muvaffaqiyatga erishish yo‘lida jamiki rejalaringizni amalga oshirish uchun imkon deb emas, balki yashab turgan joyingiz va davringiz talablariga mos harakat qilish imkoni deb baholashingizni taklif qiladi.
Shuningdek, u ma’lum bir jamiyatga tegishli hayot maromidan ilgarilash fikrini tark etishingizni, va uni shunchaki boricha qabul qilishingizni maslahat beradi. Nemis byurokrat mashinasini qanchalik ko‘p shoshiltirsangiz ham, u tezroq ishlab ketmaydi, asablaringizni ortiqcha charchatasiz xalos. Har qanday mamlakatdagi hayot haqida ham shunday deyish mumkin.
* * *
Aybdorlik hissidan voz keching. Aynan shu narsa har kimga odamni manipulyatsiya qilish imkonini beradi. “Samaradorlik” g‘oyasi ostidagi aybdorlik hissi jamiyat tomonidan yuklanadi. Axir har bir jabhada eng yaxshisi bo‘lishni uddalash kerak: eng yaxshi xodim, eng yaxshi hamkor, eng yaxshi farzand va ota-ona. Odamlar boshqalardagi bu intilishni his qiladilar – va ularga yanada ko‘p majburiyatlarni yuklaydilar.
Tan oling, eng samarali ishchiga o‘rtacha ishlaydigan xodimga ko‘ra ko‘proq vazifa topshiriladi. Eng faol ota-onaga maktabdagi tantanani tashkillashtirish yuklanadi! Va ko‘pchilik buni bajaraveradi, chunki rad etgan taqdirda aybdorlik hissi, vijdon azobi va “foyda keltirmaganlik”dan go‘yoki uyalishadi. Bularning barchasini tartibga solishimiz kerak, va qancha tezroq bo‘lsa – shuncha yaxshi.
* * *
Vaqt bilan munosabatda bo‘lishda eslash kerak bo‘lgan muhim tamoyil: birinchi navbatda o‘zingizga to‘lang. Bu nima degani? “O‘zim uchun” keyin vaqtim qoladi deya umid qilib, barcha muhim ishlarni bajarib tugatishning imkoni yo‘q degani. Qolmaydi. Chunki, muhim ishlar kundan kunga ko‘payib boraveradi.
Shu sababli, agar siz uchun haqiqatda qadrli bo‘lgan – ijodiy ishingiz, munosabatlar, farzandingiz uchun vaqt o‘tqazish bo‘lsa, u holda aynan shu narsalarni birinchi o‘ringa qo‘yish kerak, boshqalarini emas. “Barcha ishlarni tugallab bo‘lmaydi” iborasi juda to‘g‘riligini yodda tuting, bu nafaqat kundalik odatiy ishlar, balki “ENG MUHIM IShLAR”ga ham tegishlidir.
* * *
Yana bir qimmatli maslahat – perfeksionist bo‘lishni va idellikka erishish uchun barcha vaqtingizni sarflashni bas qiling. G‘oyalarimizni haqiqatga aylantirish uchun qilayotgan har bir urinishimiz hech qachon orzularimiz bilan taqqoslanmaydi. Chunki haqiqatning tasavvurlardan farqi shundaki, biz jarayonlarni cheksiz ravishda nazorat qila olmaymiz va doim o‘z mukammal standartlarimizga muvofiq bo‘la olmaymiz.
* * *
Va nihoyat, desert uchun aniq bo‘lgan, lekin aslo ortiqchalik qilmaydigan maslahat: ijtimoiy tarmoqlardan uzoqroq bo‘ling! Buning sababi tarmoqlar faqatgina dunyo manzarasiga aldamchi tus beruvchi va bizni baxtsiz, samarasiz, xunuk va shunchalar qo‘rqinchli qiluvchi ulkan manmanlik makoni ekanligida emas, balki bu tom ma’noda vaqtimizni behuda sarflash degani hamdir. Buni esa ular uddalaydi.
Agar o‘ylab ko‘rsak, aynan shuning uchun ijtimoiy tarmoqlarda sahifasi bo‘lgan tashkilotlar bunchalik muvaffaqqiyatga erishmoqda va aynan istaganlaridek harakat qilishmoqda: reklama beruvchilar ularga insonlar ko‘proq ijtimoiy tarmoqlarda vaqtini sarflashi uchun pul to‘lashadi. Bu bilan, reklama sababli ko‘proq daromadga erishadilar. Insonning vazifasi bu yerda aksi bo‘lishi kerak, ya’ni ushbu virtual olamda kamroq yashashi kerak.