Shoxrux Kayumov – Fratelli Casa, Promowear, Uzbtextile.com hamasoschisi, to‘qimachilikda 16 yillik tajribaga ega.
Ishlab chiqarishga aloqador bo‘lmagan aksariyat hamyurtlarimiz nima sababdan chakana marketpleyslarda mahalliy ishlab chiqaruvchilar yo‘qligidan hayron bo‘ladilar. Buning sababini topishga urinib ko‘ramiz.
Sotuvlar B2C (chakana) va B2B (ulgurji) yo‘nalishlarga bo‘linadi. Masalan, Amazon, Etsy, Wildberries – bular chakana, ya’ni donabay sotuvlar.
O‘z navbatida, ishlab chiqaruvchilar ham ikki turga bo‘linadi:
а) kimningdir buyurtmalarini bajaruvchilar;
б) ulgurji va chakana usulda sotish uchun o‘z kolleksiyasini tikuvchilar.
Biz “b” guruhi haqida gaplashamiz va unga kiyim ishlab chiqarish va uning ulgurji savdolari bilan shug‘ullanuvchi O‘zbekistondagi barcha ishlab chiqaruvchilarning 90 foizi kiradi.
Ishlab chiqaruvchining eng katta xatosi – kompaniya kiyimning chakana brendini yaratishga qaror qilganidir. Bu o‘ziga-o‘zi chuqur qazishga o‘xshaydi: biznesni rivojlantirishning mutlaqo noto‘g‘ri strategiyasi (albatta, istisno holatlar ham bo‘ladi).
Kreativni yaratish va chakana sotuvlarga chiqish – chakana usuldagi brendni hosil qilishning normal yo‘li. Maqsad – kreativ qadri evaziga pul topishdan iborat. Bunda, o‘z ishlab chiqarishiga ega bo‘lmagan holda ishlash mumkin. Butun jamoa qo‘shilgan qiymat qadrini oshirish ustida ish olib boradi. Brending va ilgari surishga katta e’tibor qaratiladi.
Bu holatda tovarning tannarxiga sezilarli ustama qo‘shiladi. Kiyimda bu eng kamida 300 va undan ko‘proq foiz degani. Hayron bo‘lmang! Sotuvda kiyimlardan doim ko‘p qoldiqlar qoladi va kompaniyalar chakana sotuvni saqlash uchun salmoqli xarajatlarni sarflaydi. Bu xalqaro amaliyot.
Siz o‘z ishlab chiqarishingizga ega ulgurji brend egasi bo‘lgan taqdirda esa, e’tibor amaliyotni imkon qadar samarali yo‘lga qo‘yishga qaratiladi. Ulgurji xaridorlar uchun jozibali narxda sifatli tovarni ishlab chiqarish kerak. Brending va kreativ haqida o‘ylashga vaqt yo‘q. Siz juda chiroyli tovar ishlab chiqarishingiz mumkin, ammo narxi ulgurji xaridorni qoniqtirmasa, bunday mehnat samarasiz bo‘ladi.
Ishlab chiqarishning asosiy maqsadi nimadan iborat? Mashinalar to‘xtashiga yo‘l qo‘ymaslik. Ishlab chiqaruvchi mahsulotni donalab sotib, yaxshi savdo bo‘lishi kutgan holda chakana brendni rivojlantirishdan manfaatdor emas. Chakana usulda sotuvlar ba’zan bor, ba’zan yo‘q, ishlab chiqaruvchi esa tovarni uzluksiz topshirishi zarur.
Shu tariqa, chakana brend, bu – marketingga xarajatlar, ulgurji brend esa – birinchi navbatda, ishlab chiqarishga qo‘yilmalardir. Mahalliy ulgurji ishlab chiqaruvchilar ham aynan shu yo‘nalishdan boradi. Buzilgan lotlar (lot – barcha o‘lchamlarda taqdim etilgan kiyimning bitta seriyasi) va turli o‘lchamlardagi qoldiqlar – ishlab chiqaruvchi uchun eng qo‘rqinchli holat. U yig‘imlar, hujjatlar, fotosessiyalar, chakana xaridorlarning munosabati bilan ishlashni istamaydi. Uning maqsadi – katta partiyalarni ishlab chiqarish va ularni imkon qadar tezroq sotishdan iborat, qolgani esa mayda-chuyda narsalar, haqiqiy bosh og‘rig‘i kabi qabul qilinadi.
Shu sababdan, bizning ishlab chiqaruvchilar uchun chakana marketpleyslarga chiqish qiziq emas. Masalan, bir kunda 500ta futbolka ishlab chiqarib, ulgurji savdoda 10 million so‘m toza mablag‘ topish mumkin. Mahalliy marketpleyslarda chakanaga bunday sotishning iloji bo‘lmaydi.
Wildberries’da bunday imkoniyat mavjud. Ammo har yerning o‘z tosh-tarozisi bo‘ladi. Marketpleyslarda savdo tavakkal asosida olib boriladi. Bundan tashqari, WBda hozir ulkan raqobat kuzatilmoqda. Narxlar ishlab chiqaruvchilar uchun u qadar jozibali emas. Shunga qaramay, O‘zbekistonda aynan Wildberries uchun ishlaydigan sotuvchilar uchun tikadiganlar ham ko‘p. Ular qanday qilib buning uddasidan chiqmoqdalar?
Avval aytganimdek, chakana sotuvlar uchun o‘z ishlab chiqarishingga ega bo‘lishing shart emas. Sellerlar avval marketpleysdagi sotuvlar statistikasini ko‘taradilar – buni pulga sotib olish mumkin. So‘ngra ular sotuvlar xitiga o‘xshash dizaynni ishlab chiqadilar. Kimgadir tikish uchun buyurtma beradigan, o‘zlari esa fotosessiyalar bilan shug‘ullanib, marketpleysda o‘z akkauntiga trafikni jalb qilish uchun instagram-profillarni yaratadilar. Ular nimani qancha va qanday narxda sotishni biladilar.
Savdolar unchalik yaxshi bo‘lmagan taqdirda ham, ular bir oz sabr qilishlari yoki yangi olib kirishlarni shunchaki to‘xtatishlari mumkin. Ishlab chiqaruvchi esa bunday imkonga ega emas. Chunki, unutmang, uning asosiy vazifasi – ishlab chiqarishni to‘xtatmaslik.
Xulosa: har kim o‘z ishi bilan shug‘ullanishi kerak. Chakana sotuvlar – ishlab chiqaruvchining ishi emas.