Aksariyat o‘quvchilar filmlar va kitoblarda Yevropa mamlakatlari, AQSh, Osiyoning ilg‘or qismida moliyaviy vositalarga doir bilimlar qanchalik keng tarqalganligi, aksariyat odamlarda qimmatli qog‘ozlar mavjudligi va ular birja kotirovkalarini kuzatib borishlariga oid holatlarga ko‘p marta e’tibor qaratgani aniq.
Biroq, O‘zbekistonda aksiyalarga egalik qiluvchi odamni uchratish yetarlicha murakkab vazifa. So‘nggi yillarda 800 mingdan ortiq hisobraqamlar mavjudligi hamda yoshlar orasida faollik sezilarli darajada o‘sganligiga qaramay, bunday turdagi moliyaviy vositalarning jamiyat orasida tarqalish darajasi katta emas.
Albatta, bu vaziyatda maktabda iqtisodiy ta’limning umuman yo‘qligi va g‘arbiy bozorlarning bir necha yuz yillik davomidagi tarixiy rivojlanishini qayd etish mumkin. Lekin O‘zbekistonda ham aksiya va obligatsiyalar yetmish yillik tanaffus bilan bo‘lsa-da, XIX asr oxirlaridan mavjud bo‘lgan. joriy yilda esa amaldagi birja o‘ttiz yilligini nishonlaydi!
Afsuski, “chayqovchilik”, “passiv daromad”, “obligatsiyalar”, “xususiylashtirish” so‘zlari bizning jamiyatda ancha salbiy ma’noga ega. 1990-yillarda katta yoshdagi avlod vakillari tomonidan qisqa muddatli davlat obligatsiyalari va moliyaviy piramidalarda o‘z omonatlarining boy berilishi, uzoq yillar davomida ayrim aktivlarning budjetga muvofiq kompensatsiyasiz xususiy qo‘llarga samarasiz va ochiqdan-ochiq korrupsiya asosida o‘tishi, so‘nggi paytlarda firibgarlik sxemalari sonining ortishi moliyaviy vositalarni ilgari surish uchun hammasini noldan boshlashdan tashqari, aholi orasida to‘plangan salbiy tajribani yengib o‘tishni taqozo qilmoqda.
BANK MAHSULOTLARINING OMMALASHUVI
Xususan, rivojlangan ichki kapital bozorining mavjudligi resurslardan yanada samarali foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlarni ochadi. Pullar “yostiq ostidan” banklar va fond bozoriga qancha ko‘p o‘tkazilsa, rasmiy iqtisodiyotda resurslardan foydalanish imkoni shunchaga ortadi. Taklif qanchalik yuqori bo‘lsa, narx shunchalik pasayadi, ya’ni kompaniyalar uchun fondlashtirish qiymati qisqarishi mumkin. Odamlar o‘z mablag‘larini valyuta devalvatsiyasi darajasini “qoplaydigan” yanada yuqori stavka bo‘yicha joylashtira oladilar – avval bankdagi depozitlar, keyinroq kapital bozorining yanada tavakkalli va murakkab vositalariga.
Davlat bank mahsulotlarini ommalashtirish uchun sezilarli harakatlarni amalga oshirmoqda – depozitlar bo‘yicha kafolatlar bermoqda, hisobraqamlarni masofadan turib ochish va onlayn-xizmatlarni ko‘rsatish imkoniyati uchun qonunchilikni soddalashtirmoqda, banklarni fondlashtirmoqda – bu aholiga barcha mavjud usullar yordamida o‘z xizmatlari haqida xabar qilish va ularning ilovalar yoki depozit kabi oddiy mahsulotlar orqali darhol sinab ko‘rish imkonini bermoqda.
Biroq kapital bozori uchun hozircha bunday oddiy va tushunarli mahsulot mavjud emas. Zero aksiyalar va obligatsiyalar tanlovi emitent, uning moliyaviy tarixi, rivojlanish rejalari, defolt xatarlari bo‘yicha tahlil o‘tkazilishini talab qiladi: hattoki bozorda atigi bir necha xildagi qimmatli qog‘oz bo‘lganida ham keng doiraga kerakli investorlarni tanlash qiyin kechadi.
Bundan tashqari, aksiya va obligatsiyalarning ishlash tamoyili hamda o‘ziaro farqini ko‘pincha aksariyat odamlarga tushuntirish qiyin, chunki yuqorida aytib o‘tilganidek ular qimmatli qog‘ozlar bozori yuzasidan qarindoshlari yoki film va kitoblardan faqat salbiy ma’lumot olgan. Odamlar ko‘chmas mulk, mashina, oltin yoki hattoki mamlakat iqtisodiyotining umumiy rivojlanishi kabi aktiv turlarini yaxshiroq tushunadi: axir har kim shahar va mamlakatdagi o‘zgarishlar ko‘lamini ko‘rib, iqtisodiyot o‘sayotganini tushunishi mumkin.
JAMOAVIY INVESTISIYA SXEMALARI
Bunday vaziyatda kapital bozori investorlarning keng massalari uchun oddiy, hamyonbop, tushunarli va samarali mahsulotni taqdim qilish imkoniga ega bo‘lishi kerak. Bu “jamoaviy investitsiya sxemalari” nomi ostida birlashgan ko‘plab mahsulot turlari bo‘lishi mumkin – turli shakldagi qimmatli qog‘ozlar fondlari, ko‘chmas mulk fondlari, oltin va kumush yoki qimmatli qog‘ozlar kabi belgilangan bazaviy aktivlar bo‘yicha sotuvchi fondlarning aksiyalari.
Bunday mahsulotlarning mohiyati nimada va ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri kvartira yoki mashina xarid qilishdan nimasi bilan farq qiladi? Mohiyat shundaki, har kimda, hattoki qarz mablag‘laridan foydalanish orqali kvartira olish uchun yetarlicha pul bo‘lmaydi. Lekin aholining katta qismini ma’lum miqdorda jamg‘armalar mavjud. Biroq ko‘pchilik turli, jumladan yuqorida ko‘rsatilgan sabablarga ko‘ra depozitlarga ishonmaydi.
Odamlarga ana shunday fondlarning aksiyalarini xarid qilish evaziga kvartira, ofis, mashina, oltin quymasining bir qismini sotib olish taklif qilinsa, ular muntazam ravishda kichik sarmoyalarni amalga oshirish imkoniga ega bo‘ladi: har oyda bir million yoki yuz ming pul ajratish hamda bazaviy aktiv qiymati o‘sishidan daromad olish mumkin. Bunda investorlarga zudlik bilan mablag‘ kerak bo‘lib qolganida mavjud aksiyalarni sotish imkoniyati ham bor.
Bunday vositalarning joriy etilishi ancha salmoqli mablag‘lar hajmini yashirin naqd pul aylanmasidan olib chiqish va rasmiy iqtisodiyotga yo‘naltirish imkonini beradi: fondlar aksiyalarini xarid qilishdan tushgan mablag‘lar ko‘chmas mulk, boshqa aksiya va obligatsiyalarni sotib olishga, u yerdan esa – quruvchilarga, material va xizmatlarni yetkazib beruvchilarga, oylik maoshlarga, ishlab chiqarishni kengaytirishga yo‘naltiriladi. Shuningdek, bu bozorda qo‘shimcha likvidlik hajmini yaratish imkonini berib, emitentlarga ko‘proq summa yoki yaxshiroq narxda yangi aksiya/obligatsiyalarni muvaffaqiyatli joylashtirish yuzasidan ishonch hissini ta’minlaydi.
Ko‘plab investorlarning mablag‘larini jamlash hisobiga yirik loyihalarga sarmoya kiritish imkoniyatini oshirishdan tashqari (buni alohida tarzda amalga oshirish qiyin), bunday vosita investitsiyaga doir qarorlarni qabul qilish sifatini oshiradi: chunki bunday fondlarni investitsiyalar yoki fond sarmoya kiritayotgan aktiv turi bilan ishlovchi professionallar boshqarishi mumkin.
Har bir alohida investorning sifat, istiqbol kabi omillarni tushunish uchun yuzlab aksiya va obligatsiyalarni tahlil qilish, o‘nlab developerlar va yangi qurilish loyihalarini aylanib chiqishiga to‘g‘ri kelmaydi. Investorlar o‘zlari uchun tushunarli va maqbul boshqaruvchilar jamoasi, sarmoya kiritish strategiyasi, aktivlar turini tanlaydi, qolgan ishni esa professional boshqaruvchilar bajaradi.
Bunda, shubhasiz, bozorga tovlamachilar va professional bo‘lmagan shaxslarni kiritmaslik uchun davlat tomonidan yetarlicha qat’iy tartibga solish talab etiladi. Frod (axborot texnologiyalari, masalan telefon bilan bog‘liq tovlamachilik. – Tah. izohi) bozorni yo‘q qiladi. Shuning uchun hattoki bir dona tanazzulga uchrash yoki tovlamachilik holati, ayniqsa rivojlanishning dastlabki bosqichida va investorlar ishonchini qozonishda butun sanoat obro‘siga tahdid soladi.
SARMOYA KIRITISH OBYEKTLARI BO‘YICHA FOND TURLARI
Qimmatli metallar. Aksariyat odamlar uchun tushunarli eng oddiy sxemalar qimmatli metallar fondlari bo‘lishi mumkin. Masalan, Markaziy bank jamg‘arma tashkil qilib, unga shartli ravishda bir tonna oltin qo‘yishi va aksiyalarni investorlarga ushbu tonnaning bozordagi narxi bo‘yicha sotishi mumkin. Ya’ni jami aksiyalarning jami qiymati oltin qiymatiga teng bo‘ladi, ammo bitta aksiyaning narxi hattoki 1000 so‘m ham bo‘lishi mumkin.
Shu asnoda, har bir sarmoyador o‘ziga kerakli aksiyalar hajmini sotib olishi va kilogrammlab emas, balki ma’lum miqdordagi oltinga egalik qilishi mumkin. Agar oltinning narxi oshib boradigan bo‘lsa, bunga mutanosib ravishda aksiyalar qiymati ham o‘zgaradi va bunday aksiyalarga egalik qilish bevosita oltinga egalik bilan barobar hisoblanadi. Bunday vosita uchun boshqaruvchi jamoa yoki qandaydir maxsus xodimlarning keragi yo‘q – bunday fond aksiyalari birja savdolarida ishtirok etishi, investorlar esa ularni istalgan vaqtda sotib olishi va sotishi mumkin.
Ko‘chmas mulk. Bunday vositaning yana bir turi – ko‘chmas mulkka sarmoya kiritishdir. Ko‘p sonli investorlarning pullarini jamlab olgan fond bitta yirik ob’ektni yoki qator kichik ob’ektlarni xarid qilib, ularni ijaraga berishi yoki qayta sotishi mumkin. Bunday holatda fond aksiyalarining qiymati ko‘chmas mulk narxidagi o‘zgarishlar hamda ijara va sotuv bo‘yicha operatsiyalar samaradorligiga bog‘liq bo‘ladi. Bunday tuzilmada shubhasiz ham sarmoya kiritish, ham ko‘chmas mulk boshqaruvi nuqtai nazaridan professional rahbar bo‘lishi kerak.
Qimmatli qog‘ozlar. Aksiyalar, obligatsiyalar yoki ularning turli miqdordagi aralashmasi, ya’ni qimmatli qog‘ozlar fondlari eng murakkabi bo‘lishi mumkin. Bunda mahsulotlar xilma-xilligi juda ko‘p bo‘lib, ularga alohida yondashuv talab etiladi, chunki kelajakda bu segment pensiya islohotining yo‘nalishlaridan biriga aylanishi mumkin.
Mazkur vositalarni yaratish va samarali qo‘llash uchun ular orqali sarmoya kiritish soliq va ma’muriy samaradorlik bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya kiritishga imkon qadar yaqin bo‘lishi uchun juda qulay shart-sharoitlarni nazarda tutish zarur. Masalan:
- bunday tuzilmalarning tutash soliqqa tortilishi (ularni daromad va dividendlar bo‘yicha soliqdan ozod qilish, chunki bu soliqlar investor tomonidan biron-bir aktivlarni bevosita xarid qilgan vaqtidagidek to‘lanadi);
- qulay yaratish va boshqarish mexanizmi (xodimlar, hattoki direktorni tayinlash zaruratisiz, chunki yuridik shaxs faqat texnik funksiyani bajaradi);
- bunday mahsulotlarning xilma-xil modellari va tuzilmalarini yaratish imkonini beruvchi tushunarli qonunchilik va h.k.
Natijada ko‘p sonli investorlarning o‘rtacha sarmoya summalarini jamlash, ularni turli aktivlarga yanada samarali joylashtirish uchun professional menejerlar tomonidan boshqarilishi uchun oddiy mexanizmlarni yaratish imkoniyati paydo bo‘lishi kerak. Bu holat emitent kompaniyalarga qog‘ozlari muvaffaqiyatli joylashtirilishi yoki aktivlari sotilishiga umid qilish imkonini beradi.
Agar bunday mexanizm investorlar e’tiborini torta olsa, keyinchalik yangi mahsulotlarni yaratib, yangi sarmoyadorlarni qiziqtirishga yoki avvalgi boshqa fondlardan jalb qilishga urinadigan boshqaruvchilarda ham qiziqish uyg‘onadi. Raqobat esa doim iste’molchi uchun foyda keltiradi va bu vaziyatda iste’molchi investorning o‘zi bo‘ladi.