Flat Preloader Icon
Moliyaviy xavfsizlikMoliyaviy xavfsizlik

Moliyaviy xavfsizlik

Moliyaviy xavfsizlik

Ulug‘bek Kadirov – Sertifikatlangan firibgarlik tadqiqotchilari xalqaro uyushmasi a’zosi, Forensic kompaniyasi asoschisiForenzik — biznes uchun nisbatan yangi yo‘nalish bo‘lishiga qaramay, rivojlangan mamlakatlarda ancha keng qo‘llanilib kelmoqda. Oddiy so‘zlar bilan aytganda, bu tashkilotdagi moliyaviy yo‘qotishlarga oid xatarlarni aniqlash, korporativ firibgarlik omillarini oshkor etish va oldini olish uchun ekspertiza.

“Forenzik” so‘zi (ing. forensic) lotin tilidagi forensis so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, so‘zma-so‘z tarjima qilinganda “forum boshlanishidan avval” ma’nosini bildiradi. Bu Qadimgi Rim davrlariga havola bo‘lib, o‘shanda forum – katta auditoriya qarshisida nizolar yoki sud tortishuvlarini taqdim etish an’anasi bo‘lgan. Jinoyatchi ham, aybdor ham nutq bilan so‘zga chiqishi, o‘z isbotlari va asoslarini taqdim etishi kerak edi. Nutqi ko‘proq ishonarli bo‘lgan odam odatda ishni yutib chiqqan.

Ingliz tilida so‘zlashuvchi mamlakatlarda “forenzik” atamasi ko‘pincha jinoyatlar bo‘yicha surishtiruv olib borish haqidagi fan – kriminalistika sinonimi sifatida qo‘llaniladi. Bunda kriminalistika asosan jinoiy huquqbuzarliklarga e’tibor qaratsa, forenzik esa moliyaviy-iqtisodiy jinoyatlarni o‘rganadi.

Shunga qaramay, ularning ayrim uslublari o‘xshab ketadi, professional forenzistlar esa ko‘pincha huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan yordam uchun yollanadi: shu tariqa rivojlangan xorijiy mamlakatlar shtatni minimal songacha qisqartirish orqali nazorat qiluvchi organlarni ta’minlash bo‘yich davlat xarajatlarini maqbullashtiradilar.

Jahon amaliyotida “forenzik” atamasining yagona tavsifi mavjud emasligini inobatga olib, shuningdek amaliy tajriba va o‘rganilgan xalqaro adabiyotlar asosida ushbu maqolada mazkur tartib-taomilning mohiyatini ochib beruvchi asosiy tushunchani taqdim etamiz.

Forenzik — ekspert tahlili shakli bo‘lib, u rahbarlar, investorlar, aksiyadorlarning tashabbusiga ko‘ra tashkilotda firibgarlikni oshkor etish va moliyaviy yo‘qotishlar xavfini aniqlash maqsadida o‘tkaziladi.

Forenzik faqat sodir etilgan moliyaviy huquqbuzarliklar va firibgarliklarni aniqlash emas, balki kelajakda moliyaviy firibgarlik ehtimolining oldini olishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish uchun qo‘llaniladi.

Forenzik tartib-taomillarning ijobiy jihati shundaki, ularni ichki korporativ manfaatlarni hisobga olgan holda tartibga solish mumkin. Agar biznes uchun ko‘pincha tashkilot ichida firibgarlik holatlarini maxfiy ravishda aniqlash va masalan, zararning ixtiyoriy qoplanishi yoki aybdorlarning ishdan bo‘shatilishi bilan cheklanishning o‘zi yetarli bo‘lsa, jinoiy jarayon doirasida bu holat barcha salbiy oqibatlar bilan jinoiy javobgarlikka tortilishga olib kelishi mumkin.

Forenzik tashkilotdagi barcha jarayonlarning kompleks ekspert tahlilini tashkil etadi. Biroq, mazkur ekspertizaning hajmi uning qanday maqsadda o‘tkazilayotganiga qarab farq qilishi mumkin. Bunda, kompaniya hajmi yoki u faoliyat yuritadigan tarmoq kabi boshqa omillar ham o‘z ta’sirini o‘tkazadi.

Forenzistlar avvalo quyidagilarga e’tibor qaratadi:

  • kompaniya moliyaviy hisobotlarining to‘liqligi va ishonchliligi;
  • kompaniyada ichki nazorat tizimining mavjudligi;
  • korporativ reglament va siyosatlar, masalan xaridlar, kadrlar, moliyavyi hisob bo‘yicha siyosatning mavjudligi;
  • kompaniya ichida manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi;
  • o‘tgan yillar bo‘yicha auditorlik xulosalarining mavjudligi.

Forenzistlar, shuningdek, kompaniya rentabelligi ko‘rsatkichlari, rahbar yoki biznes egasi uchun tayyorlanadigan axborotning buzib ko‘rsatilishi holati mavjudligini tahlil qiladi. Bundan tashqari, maxsus uslublar yordamida biznes egasining xabarisiz aktivlarning olib chiqilishi xavfi yuzasidan tashkilot tuzilishi tahlildan o‘tkaziladi – bu biznesdagi zaif nuqtalarni aniqlashga va ularning oldini olishga yordam beradi.

Hujjatlar tahlili bilan parallel tarzda HUMINT (ing. Human source intelligence) – xodimlar bilan suhbat o‘tkaziladi. U turli shakllarda bo‘ladi va butun shtatni yoki alohida xodimlarni qamrab olishi mumkin. Olingan axborot asosida vazifalar yo‘nalishi bo‘yicha tavakkallar matritsasi yaratiladi.

Qayd etish zarurki, forenzik faqatgina kompaniyada moliyaviy tahdidlarga gumon mavjud bo‘lganida o‘tkazilmaydi. Forenzik – kompaniyadagi jamoa, ichki biznes-jarayonlarning samaradorligi bo‘yicha o‘ziga xos test sinovi hisoblanadi. Bu biznesning qanchalik yaxshi ishlayotgani va hozirda qanday xatarlar borligi yoki kelajakda yuzaga kelishi mumkinligini baholashning qulay imkoniyati.

Moliyaviy auditning forenzik-ekspertizadan farqi:

  • Auditorlik tekshiruvining maqsadi tekshiruv ostidagi moliyaviy hisobot va u bilan bog‘liq moliyaviy ma’lumotlarning ishonchliligini hamda buxgalteriya hisoboti to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiqligini belgilashdan iborat.
  • Forenzik tartib-taomilining maqsadi nafaqat moliyaviy faoliyat, balki umuman biznesning barcha jarayonlari bilan bog‘liq qoidabuzarlik holatlarini izlashdan iborat.

Mustaqil ekspertlar – forenzistlar biznesning kuchli va zaif tomonlarini ko‘rsatib berishi, inqirozdan chiqish yo‘llarini topishi, moliyaviy resurslar yo‘qotilishi xatarlari bo‘yicha baholash o‘tkazishi hamda daromadni oshirish yechimlarini topishi mumkin. Zarur hollarda ekspertlarning xulosasi dushmanlarning noqonuniy faoliyatini aniqlashda va ularni yetkazilgan zararni qoplab berish orqali javobgarlikka tortishda yordam berishi mumkin.

Forenzik qoidalariga muvofiq biznes egalari va tashkilot rahbarlariga maslahatlar:

  1. Ishon, ammo tekshir – kutilmaganda, yiliga ikki marta, jumladan hamkorlarni, kontragentlarni, jamoani va ichki nazoratni.
  2. Amaliy boshqaruvdan chiqish va boshqaruvni “ishonchli” odamlarga topshirish biznes yoki egallangan lavozim qo‘ldan boy berilishiga teng.
  3. Qarindoshlar bilan ishlamang: 90 foiz holatlarda samarasizlikka, ko‘pincha frodga (firibgarlik. – Tah. izohi) to‘qnash kelasiz. Unutmang: qarindoshlarni jazolash mumkin emas, chunki ular aynan qarindoshlar.
  4. Turmush tarzi doim daromadlari va xarajatlari muvofiq bo‘lmagan jinoyatchilarni oshkor qiladi. Xodimlarning xatti-harakatidagi o‘zgarishlarni kuzating.
  5. Shunchaki barcha jahon kompaniyalarining 99,9 foizida o‘g‘irlik mavjudligini yodda tuting.
  6. Siz nazorat tizimini takomillashtirayotgan bir vaqtda, jinoyatchilar uni aylanib o‘tish yo‘llari haqida o‘ylaydi. Afsuski, ichki nazoratingiz aksariyat holatlarda “tishsiz” bo‘lib chiqadi va buni faqat vaqt ko‘rsatadi.
  7. Muammolar yuzaga kelganida siz umid qiladigan aloqagan aksariyat holatlarda hafsalani pir qiladi. To‘g‘ri rasmiylashtirilgan hujjat ancha samaraliroq.
  8. Naqd pullarni o‘zlashtirish doim oson – naqd pullar aylanmasini bartaraf eting.
  9. Har qanday kompaniyadagi uchta asosiy xatar: aktivlarning noqonuniy begonalashtirilishi; moliyaviy hisobotning buzib ko‘rsatilishi; korrupsiyaga oid tavakkallar.
  10. Insofsiz harakatlar sodir etilishiga asos bo‘ladigan uchta omil yoki “firibgarlik uchburchagi”: qulay imkoniyat, sabab va oqlov.

Hamkorlik yangiliklari