Kutilmagan yo‘nalish: Volkswagen nima uchun sosiskalar ishlab chiqaradi?
MICHELIN
1880-yillarda aka-uka Mishlen kamarlar, gaz quvurlari, klapanlar, tutashtiruvchi elementlar, sug‘orish shlanglari va yong‘in nasoslarini ishlab chiqaruvchi firmaga asos solgan. Xullas, rezinadan ishlangan turli buyumlar deyish mumkin.
Bir kuni ularning ustaxonasi oldidan shinasi teshilgan velosipedchi o‘tgan. Aka-uka yordam berishga kirishgan va g‘ildirakdagi rezinani shunchaki alishtirish mumkin emasligi ma’lum bo‘lgan. Natijada muxandislikka oid g‘oya vujudga kelgan. Tez orada aka-uka ko‘chma pnevmatik shina bo‘yicha patentning egasiga aylangan. Butun dunyodagi shina montajchilari ana shu oddiy tadbirkor va ixtirochilardan minnatdor bo‘lishlari kerak.
Joriy etilgan yangilikka qaramay, sotuv hajmi keskin oshib ketmagan. Shunda aka-uka u davrda hali mavjud bo‘lmagan bozorni o‘zlari yaratishlari kerakligini tushunib yetishgan. Hisob-kitob oddiy edi: qancha ko‘p mashina sotilsa, avtomobil ishlab chiqaruvchilariga rezina shuncha ko‘p kerak bo‘ladi. Rezina qancha ko‘p kerak bo‘lsa, aka-ukaning cho‘ntagiga shuncha ko‘p pul tushadi. Shunday qilib, aka-uka Mishlen mamlakat bo‘ylab safarlarni faol reklama qila boshlagan! Aytishlaricha, ular birinchi navbatda avtomobil haydovchilariga qulay bo‘lishi uchun yo‘llar yoqasida yuzga yaqin ko‘rsatkichlarni o‘z qo‘li bilan o‘rnatib chiqqan. Keyingi qadam esa yo‘lko‘rsatkich bo‘lgan.
1900-yilda Michelin kompaniyasi sayohatchilar uchun birinchi gidni 35 ming nusxada chop etgan. Unda 399 sahifa bo‘lgan: asosan xaritalar va Fransiya shaharlariga oid ma’lumot. So‘ngra nashrga sayohatchilarga yordam beradigan tobora ko‘proq faktlar qo‘shib borilgan.
Restoranlarga oid ma’lumotlar yo‘lko‘rsatkichda faqat 1925-yilda paydo bo‘lgan. O‘shanda Michelin birinchi marta mazzali oshxonaga ega muassasalarni ko‘rsatgan. Ular besh toifaga bo‘lingan – elitalar uchun mo‘ljallanganidan tortib shunchaki yaxshi muassasalargacha. 1931-yilda biz uchun odatiy bo‘lgan toifalanish paydo bo‘lgan:
★ Juda yaxshi restoran.
★★ O‘ziga xos oshxona, tashrif buyurishga loyiq.
★★★ O‘ziga xos oshxona, alohida safarga munosib.
Aka-uka Mishlenning shinalari hozir ham sifatli hisoblanadi. Biroq, ma’lum davrda mashhur yulduzni qo‘lga kiritgan restoranlar darajasiga yeta olmaydi.
VOLKSWAGEN
Yirik avtogigant yiliga qariyb 6,2 million avtomobil va – 6,8 millionga yaqin sosiska ishlab chiqaradi!
Kompaniya sosiskalarni 1973-yilda – Germaniyaning Volfsburg shahrida joylashgan zavodidagi xodimlarning tushligi uchun ishlab chiqara boshlagan. Biroq retsept juda omadli bo‘lib chiqqan va tez orada sosiskalar butun shaharda iste’mol qilina boshlagan, keyinchalik esa ularga oid xabarlar butun Germaniyaga (aniqrog‘i GFR bo‘ylab) tarqalgan.
Bu qanday retsept ekan? To‘g‘risi, bizda bunaqasi ommalashmagan bo‘lardi. Qiyma faqat cho‘chqa go‘shtidan bo‘lishi kerak, shuningdek ortiqcha yog‘lar butunlay olib tashlanadi. Kompaniyada qabul qilingan standart bo‘yicha sosiskadagi yog‘ miqdori 20 foizdan ko‘p bo‘lmasligi kerak, bu orada do‘kondagi oddiy sosiskalarda mazkur ko‘rsatkich ko‘pincha 50 foizdan oshadi.
Zavodda ikki turdagi sosiska ishlab chiqariladi – standart 13 sm va katta 25 sm hajmda. Sexda ishlaydigan o‘ttiz nafar odamning mehnati natijasida yiliga qariyb 600 tonna mahsulot ishlab chiqariladi.
Shuningdek, avtogigant o‘z ketchupini ham chiqaradi. Biroq, u sosiskalar kabi keng ommalashmagan.
GUINNESS
Guinness nomini eshitganda hayolimizga pivo keladi; “pivo” deganda – Guinness nomini nazarda tutamiz. Qisqasi, birini ikkinchisidan deyarli ajratib bo‘lmaydi. Bu orada butun tarix davomida umumiy adadi xuddi birinchi “Garri Potter” singari 130 milliondan ortiqni tashkil qilgan juda ham mashhur bir kitob ham aynan shunday nomlangan. Va bu nomlar shunchaki bir-biriga o‘xshash emas.
1759-yilda Artur Ginnes ismli bir odam Dublin meriyasi bilan yer ijarasi bo‘yicha …to‘qqiz ming yil muddatga shartnoma tuzgan (mana buni uzoq muddatli rejalashtirish desa bo‘ladi!). Va unda pivo zavodiga asos solgan. Lekin jahon rekordlariga buning nima aloqasi bor? Buning ikkita asosiy farazi mavjud.
Birinchi farazga ko‘ra barlarda pivo ichib o‘tirgan odamlar ko‘pincha turli xil ahmoqona mavzularda bahslashgan. Bu bahslarni hech kim hal qila olmagan: tayanish mumkin bo‘lgan obro‘li manbaning o‘zi yo‘q edi.
Ikkinchi farazda esa pivo zavodining direktori Xyu Biver va uning do‘sti o‘rtasida ov paytida yuzaga kelgan aniq bahs qayd etiladi. Ular go‘yoki qaysi qush – kaklik yoki rjanka tezroq uchishini muhokama qilgan. Uyiga qaytib kelgach Xyu haqiqatning tagiga yetishdan tashqari, ana shu haqiqat …va biryo‘la boshqa holatlar qayd etiladigan kitobni yaratishga qaror qilgan.
U Londondagi faktcheking (faktlarni tekshirish) bilan shug‘ullanuvchi maxsus agentlikka murojaat qilgan va 1955-yilda kitob dunyo yuzini ko‘rgan. Hozirda Ginnes rekordlar kitobi har yili qayta nashr etiladi. O‘nlab tillardagi yuz minglab nusxada. Yana kitob seriallar, videoo‘yinlar, o‘yinchoqlar va boshqalar yaratilishiga asos sifatida xizmat qiluvchi yaxlit franshizaga aylangan. Biroq, bugungi kunda pivo va kitob brendlariga turli odamlar egalik qiladi.
ZIPPO
Butun dunyoga mashhur yondirgich modeli hammada kovboylar va umuman botirlik tasavvurini uyg‘otadi. Lekin, ma’lum bo‘lishicha Zippo yana atir ham ishlab chiqarar ekan.
Amerikaliklar qo‘shimcha ishlab chiqarishga yaqinda – 2010-yilda asos solgan. “Yondirgich” vakillari asosiy tovar sotuvining hajmi yildan-yilga pasaya boshlaganidan so‘ng o‘zi uchun notanish bozorni o‘zlashtirishga qaror qilgan. Chekish endi “urfda” bo‘lmay, odamlar elektron sigaretalar va tamakini qizdirish tizimlariga o‘tayotgan edi. Shunda Zippo diversifikatsiya vaqti yetdi, degan qarorga keldi.
Dastlab iforlar faqat erkaklar uchun mo‘ljallangan edi, ammo keyinroq ekspertlar ayollar uchun ham yangi qatorni yaratdilar. Umuman olganda, iforlar an’anaviy: greypfrut, olma, atirgul, binafsha, garmdori, kedr. Ayollar uchun shaftoli, olxo‘ri, ananas va boshqa shirin iforlar qo‘shiladi.
Bu ajoyibotlarning barchasi yondirgich shaklidagi shisha idishchalarda sotiladi! Qalpoqchani ochganda esa Zippo tomonidan patentlangan qarsillagan ovozi chiqadi. Qayd etish joizki, atirlar Zippo mutaxassislari emas, balki Italiyadagi Movive kompaniyasi tomonidan tayyorlanadi.
PEUGEOT
Peugeot — butun dunyoga dong‘i taralgan avtomobil, ammo bu biznes fransiyalik bir oilada tuz va murchni maydalash uchun qo‘l charxpalaklari tayyorlashdan boshlangan. Fransuz markasi ostidagi ilk “murch maydalagich” 1874-yilda chiqarilgan. Mexanizmga xuddi o‘shandagidek hozir ham umrbod kafolat beriladi.
XX asrda Peugeot avtomobillardan tashqari oshxona texnikasi, jumladan turli kombaynlarni ishlab chiqargan. Biroq, qaysidir davrda “oshxona biznesi” daromad keltirmay qo‘ygan va hozirgacha Pejo oilasi a’zolari tomonidan boshqarilib kelingan kompaniyani sotish qarori qabul qilingan. Bu voqea amakivachcha aka-ukalar orasida janjal va nizolarni keltirib chiqargan.
Natijada, Peugeot biznesining bir qismini sotib olgan kompaniya o‘zini bankrot deb e’lon qilgan va fransiyaliklar o‘z biznesini ancha arzonga qayta sotib olgan. Bugun har yili butun dunyo bo‘ylab 2,5 mln Peugeot mini-charxpalaklari sotiladi.
SAMSUNG
Samsung kompaniyasi Ikkinchi jahon urushidan keyin o‘z faoliyatini har qanday narsa, masalan tez eruvchi lag‘mon va hattoki to‘qimachilik mahsulotlarini sotishdan boshlagan. Kompaniyadagi elektronika bo‘limi avvaliga katta bo‘lmagan, ammo har yili o‘sib, tez orada asosiy bo‘limga aylangan. Shuningdek, Samsung saksoninchi yillardan buyon og‘ir qurilish texnikasi, jumladan ulkan ekskavatorlarni ishlab chiqaradi.
Korporatsiya asoschisi Li Byon Chxol vafotidan keyin Samsung amalda bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan beshta guruhga ajratilgan. Shu bois, kompaniya hozirda, jumladan, kemalarni ishlab chiqarish bilan ham shug‘ullanadi va hattoki kemasozlik tarmog‘ida o‘z manfaatlariga ega. Biroq, Samsung biznesining bir qismi Volvo guruhi tomonidan xarid qilingan. Shu bois hozirda bir qismi koreys kompaniyasi logotiplari, qolgan qismi esa shvetsiya logotiplari bilan bezatilgan mutlaqo bir xil ekskavatorlarni uchratish mumkin.
YANA NIMALAR?
KFC kompaniyasi rojdestvo bayramlari munosabati bilan sovg‘a to‘plamlarini chiqaradi. Ushbu to‘plamda an’anaviy ziravorlar bilan birga yonganida qovurilgan tovuq hidini chiqaradigan qadoqlangan o‘tinlar ham bo‘ladi. Mahsulotga AQShda katta talab mavjud.
Pringles kompaniyasining Osiyodagi bo‘linmasi nafaqat chipslar, balki smetana va piyoz ta’mli tez tayyorlanadigan lag‘mon ham ishlab chiqaradi. McDonald’s cheklangan miqdorda big-mak qaylasining iforiga ega dush gelini tayyorlaydi. Subaru kompaniyasi esa yapon avtokonserniga tegishli asalari fermalaridan olingan asalni sotadi.
Biroq omadi chopmagan g‘oyalar ham uchrab turadi. Colgate 1980-yillarda muzlatilgan lazanya bilan dunyoni hayratga solishga qaror qilgan, Cosmopolitan bir vaqtlar yogurtlar chiqargan, Harley Davidson esa butilkali suvni sotishga uringan. Lekin bu mahsulotlarning hech biri iste’molchilar orasida ommalashmagan.