Flat Preloader Icon
Beshovqin va changsizBeshovqin va changsiz
09 Yanvar 2024

Beshovqin va changsiz

Beshovqin va changsiz

Britaniyalik Jeyms Daysonga dunyoni o‘z ixtirolariga ishontirishi uchun o‘n yildan ortiq ketdi. Biroq endi uning nomi brendga aylandi. Sizga Dayson maishiy texnikaga odatiy yondashuvni qanday o‘zgartirishga muvaffaq bo‘lganini aytib beramiz.

Jeyms Dayson 1947-yil Norfolkda, o‘qituvchilar oilasida dunyoga keldi. Maktabni tugallayotgan yigit kelajakda nima ish qilishni istashini umuman bilmasdi, hatto Britaniya yoshlari odatda maktab tugallangandan keyin kollejga kirishi oralig‘ida oladigan bir yillik muhlat ham yordam bermadi.

Tanishi Daysonga mebel dizayni yo‘nalishida o‘zini sinab ko‘rishini taklif qildi, va u bunga qiziqib qoldi. Bayem san’at maktabida bir yil ta’lim olgach, u ixtisosligini maishiy dizayn yo‘nalishiga o‘zgartirdi. Nufuzli Qirollik san’at kollejiga o‘qishga kirdi va u yerda taniqli muhandis-novatorlar uning ustozlariga va kursdoshlariga aylanishdi. Aynan o‘sha yerda muhim uchrashuv sodir bo‘ldi: Dayson o‘zining bo‘lajak xotini va maslakdoshi – rassom Deydra Xindmarsh bilan tanishdi, va mana 55 yildirki birga yashab kelishmoqda.

Dayson o‘zining “Ixtiro: hayot” nomli avtobiografiya kitobida aynan mebel dizayni unda mukammallikka nisbatan qiziqish uyg‘otganini yodga olgan. U soatlab prototip ustida ish olib borishdan va tinmay sinovlar o‘tkazishdan umuman zerikmasdi. Axir g‘ayrat bilan bajarilayotgan ish jarayonida nimadir yangi narsa aniqlash mumkin edi. Uning fikricha, ixtirochining eng asosiy xususiyati muvaffaqiyatsizliklarni xotirjam qabul qila olishida edi, chunki bunday omadsizliklarning har biri uni yutuq tomon yetaklaydi.

Beshovqin va changsiz
Daysonning birinchi ixtirolaridan biri: har qanday qirg‘oqqa osonlikcha chiqa oluvchi, osti tekis bo‘lgan tez suzuvchi vosita

Dayson ishlab chiqishda qatnashgan ilk ixtirosi uning diplom ishi bo‘lgan Rotork Sea Truck edi. Bu desant kemalariga o‘xshash suv kemasi bo‘lib, har qanday, hattoki bu maqsad uchun mo‘ljallanmagan yuzaga kelib to‘xtash qobiliyatiga ega edi. Uch tonna yuk ko‘tarishga va soatiga 80 kilometr tezlikda harakatlanishga mo‘ljallanganligi tufali, undan neft va qurilish yuklarini tashishda foydalana boshlashdi.

Loyiha ustida ishlayotgan vaqtda Dayson 23 yoshda edi, va shundan keyin o‘zi uchun qaror qabul qildi: bir buyum qanday ko‘rinishi kerakligi haqida odatiy tasavvurlar bilan cheklanmaslik kerak, asosiysi u o‘z vazifasini yaxshi uddalashi zarur. Buning oqibatida Dayson yaratgan mahsulotlarning g‘alati dizaynlari uchun tanqid qilishdi, ammo ularning sifati hech qanday malomatlarga aslo gap qoldirmagan. Uning qaysi ixtirolari unga mashxurlikni olib keldi?

Siklon changyutkich

70-yillarda Dayson changyutkichni qanday qilib takomillashtirish haqida o‘ylab qoldi. O‘sha paytlarda changyutkichlar chang yig‘ish xaltalari bilan jihozlangan edi, va ularni to‘lish darajasiga qarab almashtirish kerak edi. Daysonga uning changyutkichi (o‘sha paytdagi eng mashxur Hoover rusumi) tez-tez chang bilan to‘lib qolayotgandek tuyuldi. Xaltacha qanchalik to‘la bo‘lsa, changni shunchalik yomon va sekin tortardi.

Dayson uchun ilhom manbai sifatida havo oqimini ajratgan holda yog‘och qirindilarini saralovchi siklon tizimli arra xizmat qildi. Ammo maishiy sanoatda bunday tizimni hech kim qo‘llamagan edi, va Dayson bir qancha vaqt buni amalga oshirishni o‘ylab yurdi.

Beshovqin va changsiz
Xaltachali Hoover changyutkichi, 1970-yillar. Daysonning ixtirosi changni yirik axlatdan ajratish, shuningdek, xaltachani shaffof idishga almashtirishga qaratilgan edi

Bir necha yil u o‘z ishini tashlab qo‘ydi va o‘zini yangi turdagi changyutkich yaratishga butunlay bag‘ishladi. Boshlanishida uni xotini Deyrdra qo‘llab turdi, ular shu vaqt davomida uning maoshiga kun ko‘rishga majbur bo‘ldilar. O‘sha paytda Daysonning kompaniyada ulushi bor edi, ammo patent og‘irlik qilgani sababli undan voz kechishga to‘g‘ri keldi: bir necha yil oldin u dalada ishlash uchun qulayroq mashina modelini ixtiro qilgan edi, ammo sobiq hamkasbi bu g‘oyani o‘g‘irlab, mashinalarni AQShda ishlab chiqarishni boshladi. Ming afsuski, Dayson patentni o‘z nomiga emas, balki kompaniya nomiga qayd qilgan edi, va kompaniyaning boshqa rahbarlari ham sudlashishni istashmadi.

1980-yillar boshida ixtirochi oddiy skoch yordamida ko‘zlagan natijasiga erisha oldi: tortiluvchi havo oqimini ajratishni, changni va axlatni saralashni uddaladi. Dayson quyidagilarni yodga oladi: “1983-yilda, to‘rt yillik ishlab chiqish ustidagi mehnat va 5127 ta siklon prototipi ustida tajribalardan keyin, va nihoyat, men buni uddaladim. Ehtimol, men ustaxonadan yugurib tashqariga chiqib, qo‘llarimni yuqoriga ko‘targan holda baland ovozda “Evrika!” deb baqirishim kerak edi. 5126 ta omadsiz kechgan tajribalardan keyin, bunday qilish mantiqan to‘g‘ri bo‘lardi, men baxtni emas, balki tushkunlikni his qilgan edim”.

Albatta, shuncha uzoq va g‘ayratli mehnat qilinganiga qaramay, bir dona omadli prototip hali kam edi. Birinchidan, changyutkich xaltachalarini ishlab chiqaruvchilar lobbisi benihoyat kuchli edi, va ularning biznesini sindiruvchi boshqa birini bozorga kirishiga yo‘l qo‘yishmasdi. Ikkinchidan, Daysonning ixtirosini raqobatchilar yana o‘zlashtirishga harakat qilishdi. Misol uchun, u o‘z prototipini jo‘natganlari orasida mashxur Amerika brendi Amway bo‘lgan. Ular unga javob berishmadi, ammo bir oz muddat o‘tgach, o‘z nomlari ostida shunga o‘xshash shubhali changyutkichni e’lon qilishdi. Dayson mualliflik huquqi buzilganligi haqida sudga murojaat qildi va yutib chiqdi.

Beshovqin va changsiz
Dayson tomonidan 1980-yillarda ishlab chiqilgan va Xalqaro dizayn ko‘rgazmasida sovrinni qo‘lga kiritgan G-Force changyutkichi

1980-yillar o‘rtasida Dayson changyutkichni Yaponiyada litsenziyaladi va G-Force nomli changyutkich rusumi sotuvga chiqarildi. 1991-yilda ushbu rusum Xalqaro dizayn ko‘rgazmasida sovrinni qo‘lga kiritdi. Yaponiyadagi sotuvlardan tushgan daromad Dayson, va nihoyat Buyuk Britaniyada o‘z kompaniyasiga asos solishga imkon berdi. Shunday qilib, changyutkich baribir Britaniya bozorlarida “Xaltachalarni butkul unuting!” istehzoli shiori ostida paydo bo‘ldi.

Yana bir yangicha yechim bu xaltachani o‘rnini bosuvchi shaffof idish edi. Avvaliga ishlab chiqaruvchilar biroz shubhalanishdi, chunki hammaga ham kirlik va changni ko‘rib turish yoqmasdi. Ammo sotuvlar buning aksini isbotladi. Ko‘pgina foydalanuvchilar changyutgichni idishning qanchalik to‘lganligini bilish uchun qismlarga ajratishning hojati yo‘qligini qulay deb bilishdi.

Kir yuvish mashinasi

2000-yil takomillashgan uy maishiy texnikalari qatoriga kir yuvish mashinasi ham qo‘shildi. Kir yuvish mashinasi har doim ham kirni ketkaza olmasdi, va shuning uchun ham ba’zida qo‘lda kir yuvish afzalroq edi. Dayson, agar odatiy kir yuvish mashinasini bir-biriga qarama-qarshi yo‘nalishda aylanuvchi ikkita baraban bilan jihozlansa, qo‘lda kir yuvilgandek harakatni o‘xshatish haqida o‘ylab qoldi.

Beshovqin va changsiz
Qarama-qarshi tomonga aylanuvchi ikki barabanli “Dyson” kir yuvish mashinasi

Bir qancha vaqt “Dyson” shunday kir yuvish mashinalarini ishlab chiqardi. Kir yuvish sifatining yaxshilanganidan tashqari, uning yana bir o‘ziga xos sifati – mashinani istalgan joyga yurg‘izishga imkon beruvchi g‘ildiraklari va tortma tutqichi edi. Afsuski, xaridorlar orasida nisbiy mashhurlik va yaxshi sharhlarga qaramay, loyiha mahsulotning yuqori narxi tufayli 2005-yilda yopilishga majbur bo‘ldi.

Qo‘llar uchun quritkich

Jamoat joylari uchun odatiy bo‘lgan qo‘llarni tez quritish moslamasi ishlab chiqilganiga hali ko‘p bo‘lmadi, ya’ni bu 2006-yilda amalga oshdi. Odatiy quritkichlar, xuddi fen o‘xshab, qo‘llarga issiq havo oqimini jo‘natadi. O‘z navbatida, Dyson Airblade’dan chiqayotgan sovuq havo soniyasiga 180 metr tezlikda harakatlanadi va u havo tomchilarini quritmaydi, balki teri yuzasidan uchirib yuboradi.

Beshovqin va changsiz
“Dyson” quritkichlarida ikkita innovatsiya mavjud: ular issiq havo oqimisiz ishlaydi, havo oqimining yuqori tezligi hisobiga esa qo‘llarni tezroq quritishga imkon yaratadi

Boshqa odatiy qurilmalar qo‘l quritishga 47 soniya sarflagan bir vaqtda, ushbu quritkich yordamida qo‘llarni 10 soniyada quritish mumkinligini ta’kidlashadi. Bundan tashqari, u sovuq havodan foydalangani uchun 80% ga kam elektrni sarflaydi. Ishlab chiquvchilar qo‘llarni bir-biriga ishqalash oqibatida bakteriyalar o‘tishiga sabab bo‘lishini, va shuning uchun aynan shunday quritkichlar gigiyenaga ko‘proq mos ekanligini ta’kidlashmoqda.

Fen

“Dyson”dan ikkinchi superxit bozorlarda 2016-yilda paydo bo‘ldi. Nima uchun Dayson e’tiborini aynan fenga qaratdi? Uning aytishicha, ushbu odatiy moslama anchadan beri hech kim tomonidan yangilanmadi, axir unda takomillashishi uchun imkoniyatlari ko‘p. Daysonga odatiy fenlarning o‘ta yuqori harorati, shovqin darajasi va og‘irligi yoqmasdi. Shu sababli, u o‘z fen rusumini ishlab chiqish uchun 100 million funt va sinvdan o‘tkazish uchun yana 100 million sarfladi.

Endilikda fenning moslama tutqichida joylashuvchi kichkina motorchasi (shu orqali uning umumiy vazni kamaytirildi), va haroratni doimiy nazorat qiluvchi mikroprotsessori bor edi. Quritish paytidagi ovoz esa inson qulog‘i bilan deyarli farqlanmaydigan bo‘ldi. Aynan shuning uchun ham nomi – “Supersonic” (tovush tezligidan ham tez).

Beshovqin va changsiz
“Dyson” fenida havo oqimining ishlash tarzi. Kompaniya ushbu qurilmani ishlab chiqish uchun taxminan 200 million funt sarfladi

Qurilmaning narxi o‘rtacha qiymatdan sezilarli darajada yuqori bo‘lib chiqdi – taxminan 300 funt, lekin sotuvlar barcha rekordlarni yangiladi. O‘shandan beri bir necha bor biroz mukammallashlangan ushbu fen yuqori narxidan qo‘rqmagan professional stilistlar, hamda oddiy foydalanuvchilarning sevimli feniga aylandi.

Bugungi kunda Jeyms Dayson Buyuk Britaniyaning eng boy odamlari beshtaligi qatoriga kirgan. Biroq, shunga qaramay, hozirgacha o‘zini biznesmen deb atamasliklarini so‘raydi. Birinchi o‘rinda Dayson – muhandis va dizayner. U tez-tez o‘z mahsulotlari reklamasida ko‘rinib turadi va shunday deydi: “Men ularni reklama qilmayman va sotib olishlarini so‘ramayman – men shunchaki, ularni nima uchun yaratganimni tushuntiraman”. Biroq, Dayson “brend” so‘zining ishqibozi emas, va mahsulotlarining rusumi sifat va ergonomik jihatlardan tashqari, boshqa ajralib turuvchi xususiyatlar bo‘lmasligi kerak deb hisoblaydi. Va shunga qaramay, “Dyson” so‘zi allaqachon ko‘plab mahsulotlar uchun umumiy nomga aylandi.

Hamkorlik yangiliklari