Biz maishiy turmushda foydalanadigan kseroks yoki pamperslar kabi ko‘plab buyumlar marketologlar tufayli o‘z nomlariga ega bo‘lgan. Biz kelib chiqishi haqida gumon qilmagan yana bir qancha shunday so‘zlarni topdik.
Akvalang
Aqua lung – tom ma’noda “suvli o‘pka” degani. Suv ostida nafas olish uchun mo‘ljallangan moslamaning o‘zi XIX asrda ixtiro qilingan bo‘lib, turlicha nomlanganiga qaramay (masalan, “rebrizer”), Sovet Ittifoqida aynan Aqualung brendining nomi ommalashgan – ushbu modelning mualliflari mashhur sayoxatchi Jak-Iv Kusto va muxandis Emil Ganyan bo‘lgan.
Aspirin
Bayer nemis farmatsevtika kompaniyasi Aspirin (atsetilsalitsil kislotasi) dori nomiga 1988-yilda patent olgan. Biroq, hozirda aksariyat mamlakatlarda rusumidan qat’iy nazar, o‘xshash dori xuddi shunday nomlanadi.
Vazelin
XIX asr o‘rtasida olim Robert Chesbro tomonidan o‘ylab topilgan. Ilk nomlanish – petroleum jelly (neft jelesi) xaridorlarga uncha yoqmagan va Chesbro uni Vaseline deb nomlashga qaror qilgan – wasser (“suv” nemischada) + elaion (“moy” yunonchada). Bu so‘z keyinchalik mahsulot bilan birga butun dunyoga tarqalgan.
Doshirak
Aslida koreyscha tez tayyorlanadigan lag‘mon brendining nomi “dosirak” deb talaffuz qilinadi, ammo rusiyzabon bozorga chiqarish uchun yaxshiroq eshitilishi uchun “sh” harfi qo‘shilgan. Endilikda istalgan “tezkor” lag‘mon bir nechta davlatlarda (O‘zbekiston, Qozog‘iston, Rossiya) doshirak deb nomlanadi.
Djakuzi
Gidromassajli vanna Jacuzzi oilaviy kompaniyasida ixtiro qilingan (bu italyancha Yakutssi familiyasining biroz noto‘g‘ri, amerikalashtirilgan talaffuzi). Dastlab Yakutssi qishloq xo‘jaligi uchun suv nasoslarini ishlab chiqargan, ammo oiladagi bolalarning biriga revmatoidli artrit tashxisi qo‘yilganida gidroterapiya uchun moslama o‘ylab topilgan.
Diktofon
Ovoz yozish moslamasining nomi 1907-yilda Kolumbiya grafofon kompaniyasi (hozirda biz uni Columbia Records mashhur ovoz yozish studiyasi sifatida bilamiz) tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Biroq, ingliz tilida bu so‘z “a” harfi bilan – “diktafon” deb yozilgan.
Djip
Ushbu nomning kelib chiqishi aniq ma’lum emas va bugun AQShda Ikkinchi jahon urushi davrida keng tarqalgan yo‘ltanlamaslar aynan djiplarga aylangani yuzasidan ko‘plab talqinlar mavjud. Biroq, brend sifatida aynan shu nom ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Shuningdek, Willys-Overland avtomobil kompaniyasi mashinaning qishloq xo‘jaligidagi foydasiga urg‘u berish uchun AgriJeep talqinini ham ko‘rib chiqqan, ammo baribir qisqa va ifodali Jeep nomida to‘xtagan.
Yo-yo
O‘yinchoqning ta’rifi Qadimgi Yunonistonga borib taqaladi. Lekin uning yodda qoluvchi nomini 1928-yilda AQShda Yo-Yo Manufacturing kompaniyasiga asos solgan filippinlik tadbirkor Pedro Flores o‘ylab topgan. Yana bir biznesmen Donald Dunkan o‘yinchoqlarning marketing salohiyatini baholab, Floresning biznesini sotib olgan va “Yo-yo” savdo belgisini ro‘yxatdan o‘tkazgan.
Kedalar
Keds, rezina tagcharmga ega sport poyabzali, 1916-yilda AQShda chiqarila boshlagan. Qizig‘i, dastlab u Peds (“oyoqlar” lotin tilidan tarjimada) deb nomlashnishi kerak edi, ammo bu nom allaqachon olingan bo‘lib chiqqan. Shu bois birinchi harfni o‘zgartirishga to‘g‘ri kelgan.
Konyak
Fransiyadagi Konyak shahri hududida tayyorlanadigan brendi navi. Shunday bo‘lsa-da, ko‘p sonli xalqaro konyak ishlab chiqaruvchilari mavjud bo‘lib, fransiyalik hamkasblari ular bilan savdo markasiga eksklyuziv huquq ustida tortishib keladi.
Linoleum
Pol qoplamalarini tayyorlash uchun mashhur moddani XIX asrning o‘rtasida angliyalik Frederik Uolton o‘ylab topgan. Biroq u avvaliga raqobatchilarining mahsulotiga uyg‘un nom berishni o‘ylagan va Uolton fikrini o‘zgartirmaganida bugun biz linoleum emas, kamptikon ustidan yurgan bo‘lardik. Bizga ma’lum savdo nomlanishi esa – lotincha linum (zig‘ir) va oleum (moy) so‘zlarining birikmasidir.
Ilovalar do‘koni
Aslida App Store so‘z birikmasi Apple tomonidan ilk marta qo‘llanilib, unga patent ham olingan. Tabiiyki, app (ilova) so‘zining o‘zi ham tarqalib ketgan va Apple’ning so‘z birikmasiga bo‘lgan mualliflik huquqini himoya qilish va raqobatchilarga undan foydalanishni taqiqlashga urinishlari omadga uchramagan.
Neylon
Inglizcha nylon so‘zi ushbu mashhur polimerni kashf qilgan DuPont firmasida o‘ylab topilgan. Avvaliga materialni no-run (cho‘zilmaydigan) deb nomlashni o‘ylaganlar, ammo unda baribir cho‘zilgan qismlar paydo bo‘lgan hamda qisqa ifodali so‘zni izlash natijasida bizga ma’lum “neylon” nomi kelib chiqqan.
Odekolon
Fransuzchadan tarjimada “kyoln suvi” degan ma’noni bildiradi. Ushbu nom ostidagi birinchi parfyumeriyalangan suvi XVIII asr boshida Kyoln shahrida yaratilgan va keyinchalik atama nafaqat Yevropa, balki butun dunyoga tarqalgan.
Ping-pong
“Ping-pong” nomi o‘yin ta’rifida anchadan buyon bo‘lgan, ammo XX asr boshida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Savdo markasining egalari tezlikda raqobatchilariga “ping-pong” so‘zidan stol tennisining sinonimi sifatida foydalanishni taqiqlagan. Shu bois rus tilida bu atamalar bir-biring o‘rnini bosadi, lekin, masalan, AQShda rasmiy musobaqalarda faqat “stol tennisi” atamasidan foydalanish talab qilinadi.
Plastilin
Bolalar yaxshi ko‘radigan qo‘lda yasash uchun mo‘ljallangan material o‘z nomini XIX asr oxirida paydo bo‘lgan nemis savdo markasi – Plastilin sharafiga olgan.
Rieltor
AQShda rieltor – bu ko‘chmas mulk bo‘yicha shunchaki istalgan agent emas, balki aniq, rasman ro‘yxatdan o‘tgan – Milliy rieltorlar uyushmasi brendining vakili. Rus tilida esa ko‘chmas mulk sotuvlari bo‘yicha barcha mutaxassislar shunday nomlana boshlagan.
Skotch
Yopishqoq tasma XIX asrning oxiridan buyon mavjud, ammo rus tilida 1930-yildan boshlab chiqariladigan aniq mahsulot nomi – Scotch Tape ommalashgan. Aytgandek, shotlandiyaliklarning bunga aloqasi yo‘q: o‘sha davrda Scotch so‘zi odamlar tilida past sifatli arzon mahsulotni anglatgan. Bir safar ixtirochi Richard Dryu yopishqoq tasmani sinovdan o‘tkazayotgan bo‘lgan, u esa ko‘chib ketishda davom etgan. Shunda norozi mijoz “Buni past-bosslarga (Scotch bosses) qaytarib olib bor, yelimni ayamasinlar!” deb aytgan.
Slansi
Geografik nomlanish bir vaqtning o‘zida brend va mahsulot nomi sifatida qabul qilingan antiqa holat. Sovet davridagi rezina shippaklarning tagcharmida “Slansi” so‘zi yozilgan bo‘lgan. Chamasi, ko‘plik soni va “shlyopansi” so‘ziga o‘xshashligi tufayli xaridorlar uni mahsulot nomi sifatida qabul qilgan. Biroq, aslida bu ishlab chiqaruvchi “Polimer” zavodi joylashgan Leningrad viloyatidagi shaharning nomlanishi.
Quruq muz
Ilmiy nuqtai nazardan, bu qattiq shakldagi uglerod ikki oksidi, ammo aynan 1925-yilda AQSh patentlangan Dry Ice brendining nomlanishi tarqalgan. Qizig‘i, keyinchalik kompaniya savdo markasiga huquqini qo‘ldan chiqargan: sud “quruq muz” nomi umumqabul qilingan nomga aylanganini tan olgan.
Tabloid
XIX asr oxirida Londondagi Burroughs Wellcome & Co farmatsevtika kompaniyasi presslangan tabletkalarning yangi turini Tabloid deb nomlagan. Biroq, bu nom tez orada kichik hajmgacha siqilgan hamma narsani anglata boshlagan va 1901-yilga kelib sahifalarida axborot juda qisqa shaklda yoziladigan gazetalar shunday nomlana boshlagan.
Termos
Suyuqlik haroratini saqlab turishga qobir idish olim Djeyms Dyuar tomonidan o‘ylab topilgan va ilmiy tilda u – Dyuar idishi deb nomlangan. Unda “termos” so‘zi qayerdan kelib chiqqan? Gap shundaki, avvaliga Dyuar o‘z ixtirosini patentlashni istamagan. Tabiiyki, boshqalar bunday biznes-imkoniyatni qo‘ldan chiqarmagan: nemis shishadamgari Reyngold Byurger xuddi shu tamoyil asosida ishlovchi Thermos moslamasiga patentni ro‘yxatdan o‘tkazgan. Dyuar ko‘chirmakash ustidan sudga murojaat qilgan, ammo, afsuski, yengilgan. Shu bois, bugun biz safarlarga aynan termosni olib ketamiz.
Teflon
Asosan idishlar uchun kuymaydigan qoplama sifatida ma’lum bo‘lgan politetrafloretilen 1930-yillarda AQShda o‘ylab topilgan. Teflon (nisbatan qisqa va esda qoladigan talqin) savdo nomlanishi jsa 1945-yilda ro‘yxatdan o‘tkazilgan va butun dunyoga tarqalgan.
Tosol
Avtomobillar, jumladan antifriz muqobillari uchun texnik suyuqliklarning Sovet davridagi markasi. Hozirda “tosol” nomi ostida ko‘pincha asl mahsulotga aloqasi bo‘lmagan turli suyuqliklar sotiladi.
Unitaz
Rus tilida keramika bo‘yicha ingliz mutaxassisi Tomas Tvayford tomonidan ishlab chiqilgan Unitas – XIX asr oxiriga mansub eng ommabop santexnika modellaridan birining nomi keng tarqalgan. So‘zning kelib chiqishiga oid mashhur “xalqona” nazariyalar esa (masalan, bu “universal jom” qisqarmasi ekanligi) oddiy uydirmalar xolos.
Fen
Aslida “fyon” deb gapirish to‘g‘riroq bo‘lardi, zero sochlarni quritish uchun mo‘ljallangan nemis moslamasi markasi aynan shu nomdagi Avstriya iliq shamoli sharafiga nomlangan (Fön).
Flomaster
Sovet Ittifoqida bolalar yaxshi ko‘radigan ingichka va yorqin markerlar Amerikaning Flo-Master brendi tufayli shunday nomlana boshlagan. Qizig‘i, bu brend ko‘proq turli yuzalar, jumladan shisha ustida yozish mumkin bo‘lgan qalin sterjenli an’anaviy markerlarni ishlab chiqarishi bilan nom qozongan.
Frisbi
Frisbee – toza havodagi o‘yinlar uchun plastik disklarni ishlab chiqaruvchi Amerika kompaniyasining ilk nomlanishi emas, ammo 1950-yillarning o‘rtalarida aynan shu nom keng tarqalgan. Avvaliga disklar Flyin’ Saucers – “uchar likopchalar” deb nomlangan va aniqroq bo‘lgan, ammo u qadar qisqa va ifodali emasdi.
Sellofan
Shveysariyalik olim Jak Brandenberger tomonidan ixtirok qilingan va patentlangan: u dasturxon uchun nam bo‘lmaydigan materialni yaratish ustida bosh qotirgan. Nomlanish cellulose (sellyuloza) va diaphane (shaffof) so‘zlaridan tuzilgan. Ayrim davlatlarda u oddiy so‘zga aylangan, boshqa davlatlarda esa hamon Cellophane brendiga havola qiladi.
Shampan vinosi
Bunda vaziyat xuddi konyak bilan bog‘liq holatga o‘xshaydi: fransuzlar faqat ma’lum standartlar asosida tayyorlangan faqat Shampan hududida chiqarilgan ichimliklik shampan vinosi deb nomlanishi mumkinligini ta’kidlaydilar. Biroq, aksariyat mamlakatlar (masalan, AQSh va Kanada) “shampan vinosi” brendi ostida mahsulot chiqarishda davom etadi, Rossiyada esa har qanday gazlangan vino turi hech qanday hududga bog‘lanmagan holda shunday nomlanadi.
Eskalator
Avtomatlashgan zinapoya XIX asr o‘rtasida AQShda ilk prototiplari paydo bo‘lgan vaqtdan buyon bir nechta nomlanishni almashtirgan – oddiy “harakatlanuvchi zinalar”dan tortib biz uchun boshqa ma’noda odatiy tus olgan “elevator”gacha. Escalator nomi esa keng foydalanish uchun mo‘ljallangan tijorat eskalatorining prototipi paydo bo‘lgan 1899-yilda patentlangan va keng tarqalgan.
Eskimo
1920-yillarning o‘rtalarida amerikalik Kristian Kent Nelson muzqaymoq va shokoladli batonchani “chatishtirishga” qaror qilgan. Paydo bo‘lgan tayoqchali shirinlikka Eskimo Pie (eskimocha pirog) deb nom bergan. Qisqartirilgan shakldagi “eskimo” nomi Sovet Ittifoqiga yetib kelgan va tez orada bu yerda ham tayoqchali muzqaymoq ishlab chiqarila boshlagan.