“Bu bizning insoniyatga sovg‘amiz”.
Yil oxirlaganida Toshkentda AI EVOLUTION 2024 konferensiyasi tashkil etildi. Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohasidagi yetakchi mutaxassislarni birlashtirgan ushbu keng ko‘lamli tadbir Central Asian Universityda bo‘lib o‘tdi va yangi g‘oyalar va innovasion yechimlarni o‘rganish uchun platformaga aylandi. Shuningdek, konferensiya dasturida xakaton finali, startap taqdimotlari va IT sohasi yetakchilari bilan dolzarb masalalar muhokamasi ham o‘rin olgan.
Kechaning “Xedlaynerlari”ga dunyoga mashhur ekspertlar taklif qilindi — yetakchi mutaxassis Zak Kass va Vikipediya asoschisi Jimmi Ueyls, tantanali kechada chiqish qilishdan tashqari, mahalliy jurnalistlarga intervyu berishga vaqt ajratdilar. Biz, The Mag Business tahririyati, oldingi safda edik. Darvoqe, jurnalimiz tadbirning axborot homiysi edi.

“Wiki”ning o‘zbek sigmenti haqida
Vikipediya uch yuz tilda ishlaydi va shuni ta’kidlaymanki, o‘zbekcha versiyasi jahon reytingida mashhurlik bo‘yicha 41-o‘rinda turadi. Bugungi kunga qadar saytda o‘zbek tilida 300 mingdan ortiq maqolalar mavjud. Tarjima va tahrirlashda yordam beradigan ko‘ngillilar guruhi bor — ular asosan talabalar. Biz Vikipediyaga o‘zbek tilini rivojlantira oladigan odamlarni yanada ko‘proq jalb qilmoqchimiz.
O‘zbekistonda IT rivoji haqida
Men bu masalani o‘rganishga muvaffaq bo‘ldim va aytmoqchimanki, siz IT sohasini rivojlantirish bo‘yicha ulkan ish qilyapsiz. Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, yosh tadbirkorlar hamjamiyatini shakllantirish, startaplarni rivojlantirish juda to‘g‘ri va muhim. Xatolardan qo‘rqishning hojati yo‘q: masalan, Silikon vodiysida minglab g‘oyalar sinab ko‘riladi, agar g‘oya o‘zini oqlamasa, bu muvaffaqiyatsizlik emas, balki yanada yaxshi ishlash uchun motivatsiyadir.

Sun’iy intellekt ensiklopediyalar o‘rnini egallaydimi yo‘qmi, shu haqida
Agar siz sun’iy intellektga umumiy savol bersangiz, ehtimol, tez fursatda yuqori sifatli javob toparsiz. Savol teranroq va murakkabroq bo‘lsa, u holda qiyinchiliklar boshlanadi. Maqolalarni tarjima qilishga kelsak, SI bu vazifani a’lo darajada bajara oladi. Men neyron tarmoqlar bilan ko‘p ishlayman va ba’zida ular tomonidan yozilgan juda yaxshi matnlarni topaman. Ammo sun’iy intellekt hali ham insoniy qobiliyatlardan uzoqdir.
Ilhomlanish haqida
Bilasizmi, ishni boshlagan paytlarimiz internet noma’lum imkoniyatlar ummoni kabi edi. Bundan ilhom olib, o‘zimga tegishli nimadir yaratmoqchi edim. Hozir ham xuddi shunday: sun’iy intellekt ko‘p imkoniyat yo‘llarini ochadi! O‘zingiznikini tanlang, lekin unutmangki, siz faqat o‘zingizni qiziqtirgan ishni qilishingiz kerak.

Vikipediya dizaynidagi o‘zgarishlar haqida
Mendan Vikipediya qachon yangi ko‘rinishga ega bo‘lishi haqida tez-tez so‘rashadi. Bir necha yil oldin maqsadli qayta dizaynni amalga oshirdik va qaysidir vaqtlarda hatto kattaroq yangilanishlarni ham sinab ko‘rdik, ammo bu ish bermasligini angladik. Vikipediyaning qanday ko‘rinishi unchalik muhim emas, balki uning qanday ishlashi, ma’lumotlarni diqqat bilan kuzatib boruvchi foydalanuvchilar uchun qanchalik qulayligi muhim.
Vazifalarimiz haqida
Bizning xarajatlarimiz juda ko‘p, lekin Vikipediyadan deyarli pul ishlamaymiz — u bepul va hamma foydalanishi mumkin. Bu bizning insoniyatga hadyamiz.