Podkastlar fenomeni ko‘plab savollarga sabab bo‘lmoqda.
Nima uchun tobora ko‘proq odamlar klipli fikrlashga moslashayotgan va muntazam ravishda biridan ikkinchisiga sakraydigan zamonaviy dunyoda kamida 40 daqiqa davom etadigan podkastlar bu qadar ommalashmoqda? Bundan tashqari, statistikaga ko‘ra, podkastlar bir daqiqadan kamroq davom etadigan reklamalarga nisbatan ko‘proq oxirigacha tinglanadi.
O‘zbekistonda podkastlar shakli jadal ommalashib bormoqda. Bular asosan boshlovchilar va mehmonlar studiyada suhbat quradigan YouTube’dagi videolavhalardir. Juda kamyob hollarda bunday chiqishlar boshqa maydonchalarda ham takroriy joylanadi: Yandeks.Musiqa, Apple Podcasts, Spotify.
Barcha kanallar O‘zbekistondan tashqarida, odatda Qo‘shma Shtatlarda yoki Qozog‘istonda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ba’zan ro‘yxatdan o‘tish joyi yashirilgan bo‘ladi. Deyarli barcha kanallar hamkorlik va chiqishda reklama joylashtirishni taklif qiladi. Ko‘pincha video tavsifida saytga havola yoki donat uchun karta raqami ko‘rsatiladi.
Taklif qilingan mehmonlar bilan suhbat hamda yangiliklar muhokamasi, yumor va biznes, tarixiy va ijtimoiy masalalar eng ko‘p talabga ega janrlar bo‘lib qolmoqda. Bu orada, moda va go‘zallik, sport, sog‘lom turmush tarzi, ekologiya, texnologiya va hayot, shaxsiy moliya, bolalar rivojlanishi, kino va musiqa, yuridik maslahatlar kabi tor sohadagi mavzularga bag‘ishlangan kanallar soni juda kam yoki umuman mavjud emas. Biz turli mavzular bo‘yicha bir nechta eng qiziqarli podkastlarni tanladik.
CashTalk
- 3,46 ming obunachi
- 144 ta video
- 258,9 ming marta ko‘rilgan
- rus tilida

Qadriyatlar va tadbirkorlar tajribasi orqali pul topish haqidagi podkast. Olib boruvchi — Said Talibov, “ASKLEPIY Group” egalaridan biri, “STM HOLDING” kompaniyasi egasi, bir nechta mamlakatlarda turkum ishlab chiqaruvchi tadbirkor hamda turli brendlarning asoschisi. U podkastning maqsadi sifatida yoshlarni moliyaviy va ma’naviy jihatdan rivojlantirishni belgilagan bo‘lib, endilikda efirga O‘zbekiston, shuningdek, yaqin va uzoq xorijdagi eng yaxshi tadbirkorlarni taklif qiladi. Studiyaning mehmonlari orasida startapchilar, huquqshunoslar va restoratorlar, blogerlar va hattoki “Forbes” ro‘yxatidagi tadbirkorlar ham bor.
Bu Podcas
- 49,3 ming obunachi
- 395 ta video
- 8,2 mln marta ko‘rilgan
- o‘zbek tilida

Abdurahmon Avazbekov tomonidan asos solingan podkastning asosiy maqsadi odamlarga yaxshi kayfiyat ulashishdan iborat bo‘lib, unda efirga “faqat qiziqarli suhbatdoshlar” taklif qilinadi. Blogerlar, inflyuyenserlar, aktyor va qiziqchilardan tashqari, studiyada treyder, professional sportchilar va murabbiylar ham ishtirok etgan. Studiyadagi do‘stona va xotirjam muhitga qaramay, boshlovchi va mehmonlar ancha jiddiy masalalarni tilga oladi: kiber-tovlamachilik, ko‘pxotinlilik, sportni rivojlantirish yoki anime-kontentni o‘zbek tiliga tarjima qilish muammolari.
Biznestan
- 2,3 ming obunachi
- 55 ta video
- 192,5 ming marta ko‘rilgan
- rus tilida

“Locals Central Asia” agentligining loyihasi 2021-yilda O‘zbekistondagi birinchi tor ixtisoslikka oid podkastlardan biriga aylandi. Unda Markaziy Osiyoga xos biznes-kontentni yaratish maqsadi ko‘zlanganligi sababli studiyaning mehmonlari sifatida ko‘pincha muvaffaqiyatga erishgan tadbirkorlar, biznes, marketing, IT, PR sohalari mutaxassislari, davlat organlari vakillari taklif qilingan. Boshlovchilar Farhod Norboyev va Shuhrat Niyazmetov bilan suhbat chog‘ida ular o‘zlariga yaqin narsalar haqida ochiq ulashib, biznes uchun muhim sanalgan xususiy brend, yutuqlar va omadsizliklar, ekspatlar oqimi, bloging va startaplarga doir mavzularni muhokama qilgan.
Keyingi bir necha oy ichida kanal yangilanmagan, ammo yuklangan mavzular mintaqamizda ishbilarmonlik kontenti uchun qimmatli ensiklopediya bo‘lib qolmoqda. Kanal mahsulotini Yandeks.Musiqa, Apple Podcasts, Spotify kabi audio-maydonchalardan ham topish mumkin.
QURULTOY
- 30,5 ming obunachi
- 67 ta video
- 1,6 mln marta ko‘rilgan
- o‘zbek tilida

“Qurultoy” — mintaqamizning boy tarixi haqida ekspert darajasida va qiziqarli shaklda hikoya qilinadigan ilmiy-ommabop podkastning noyob misollaridan biri. Nodir Nishonov va Eldar Asanov studiyaga tarixchilar va tilshunoslar, musiqachilar va adabiyotshunoslar, etnograflar va faylasuflarni taklif qiladi. Studiyada ko‘tariladigan mavzular murakkab va ko‘p jihatdan og‘riqlidir, ammo oqilona modellashtirish va mehmonlarning qiziqishi tanish haqiqatlarni mutlaqo yangi tomondan ochib beradi. Kanalda joylangan 67 ta mavzu orasida bizga jadidlar, Markaziy Osiyo numizmatikasi, maqomning hududiy xususiyatlari, o‘tmish va hozirdagi suv muammolariga doir suhbatlar ayniqsa qiziqarli bo‘lib ko‘rindi.
Lolazor
- 221 ming obunachi
- 205 ta video
- 13,5 mln marta ko‘rilgan
- o‘zbek tilida

Mashhur bloger va huquqshunos Xushnud Xudoyberdiyev biryo‘la jiddiy mavzulardan boshlagan bo‘lib, xotirjam suhbat va o‘tkir masalalar muhokamasini uyg‘unlikda olib borishda davom etmoqda. Xushnudbek studiyasining asosiy mehmonlari — davlat amaldorlari, shu bois podkastda ta’limdagi korrupsiya masalalari bemalol muhokama qilinadi, “qaysi vazirliklar zarurat yo‘qligi uchun yopilishi kerakligi” hal qilinadi yoki AES qurilishi va JST tarkibiga kirish zarurati haqida fikr yuritiladi.
Parda Podcast
- o‘zbek tilida

Xotin-qizlarning muammolariga bag‘ishlangan podkast “Profsoyuz” PR-agentligiga tegishli “LOYIHA” maydonchasining bir qismi hisoblanadi. Medialoyiha faol ayollarni taklif qilib, ularga dolzarb masalalarning ochiq muhokamasi uchun maydoncha taqdim etadi. Loyihaning maqsadi o‘zini ifoda etish imkoniyati va mediamakonda xotin-qizlar taniqliligini oshirishdan tashqari, jamiyatda gapirish noqulay bo‘lgan masalalar muhokamasi orqali auditoriya ma’rifatini oshirishdan iborat. Podkastning mehmonlari orasida mashhur blogerlar, musiqachilar, pedagoglar, faollar, shifokor va olimlar bo‘lgan. Muhokama qilinadigan mavzular ko‘lami juda keng: “mukammal kelin” qiyofasidan tortib o‘z tanasini qabul qilishgacha, amazonkalar madaniyatiga tarixiy nazardan tortib kibersportdagi irimlargacha.
“LOYIHA” maydonchasida “Yuzma-yuz” nomli yana bir ijtimoiy loyiha chiqadi. U o‘z ishida muvaffaqiyatga erishgan kuchli ayollarning hikoyalarini to‘playdi. Loyihaning bosh maqsadi — motivatsiya va ayollar uchun rol modellarini yaratish.
Ayollar klubi
- o‘zbek tilida
Bir qarashda podkast haqiqiy ayollar klubidek ko‘rinadi: aktrisa va stendapchi Indira Miftahova boshchiligidagi bir guruh qizlar kafeda o‘tirib, kuladilar va gaplashadilar. Biroq “yengil” tashqi ko‘rinish ortida ayollarni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash uchun muhim loyiha yashiringan. Taklif qilingan mashhur shaxslar dasturda ayollar to‘qnash keladigan qiyinchiliklarni muhokama qiladilar, ekspertlar esa noqulay vaziyatlarning oldini olish yoki muammoni hal qilish yuzasidan javoblar beradilar.
Janob shaharlik
- 8,4 ming obunachi
- 241 ta video
- 944 ming marta ko‘rilgan
- rus tilida

Feruzxon Yoqubxo‘jayev tomonidan olib boriladigan “Janob shaharlik” kanalida mavzular turli formatda chiqariladi. Bular, masalan, mashina boshqarish madaniyati, havo sifati, shaharning dizayn-kodi kabi mavzularda muallif yo‘lda ko‘ziga tushgan narsani muhokama qiladigan qisqa avtopodkastlar, yo‘ldagi qaydlar, studiyada mashhur shaxslar bilan intervyu va hattoki Feruzxon o‘tkir axborot sabablari yuzasidan fikr bildiradigan “Yetib keldik” (“Pripeklo”) rukni. Xullas, bu bitta yo‘nalishga urg‘u qaratmasdan, turli sohalarni qamrab olgan kamyob podkast turi, shu bois unda tinglash uchun istalgan mavzu topiladi.
ZBS Podcast
- 28,3 ming obunachi
- 342 ta video
- 12,5 mln marta ko‘rilgan
- rus tilida

Zamonaviy musiqa va albomlar chiqarishga ixtisoslashgan “Premium Stuff” prodyuserlik markazining podkasti. Studiya mehmonlari orasida ko‘pincha blogerlar, tik-tokerlar, musiqachilar, qiziqchilar, sportchilar va O‘zbekistonning boshqa yorqin namoyandalarini uchratish mumkinligi bejiz emas. Efirda doimiy xushchaqchaqlik, qo‘shiqlar va hazillar hukm suradi, lekin ularning orasida boshlovchilar mehmonning shaxsiyatini yetarlicha chuqur ochib berishga, yangiliklarni bo‘lishishga hamda ichki va tashqi muammolarni muhokama qilishga ulguradilar. Loyihaning alohida xususiyati — hafta davomidagi eng qaynoq yangiliklarni xip-xop usulida muhokama qilish.
NmaGap Suhbat
- 226 ming obunachi
- 1188 ta video
- 24,1 mln marta ko‘rilgan
- o‘zbek tilida

Loyiha ikki yo‘nalishda rivojlanadi. “SUHBAT” podkasti — odatda blogerlar, aktyorlar, prodyuserlar, OAV va reklama sohasi vakillaridan iborat studiya mehmonlari bilan yengil va xotirjam suhbatlar. Sardor Salyamov va Rajabboy Allayarov suhbatlar yengil olib borayotgandek ko‘rinishiga qaramay, juda muhim mavzular ko‘tariladi: OIV bilan yashash, ekofaollik, o‘zbek futboli va boksining kelajagi, treyderlik.
Parallel tarzda loyihada 2-3 soatlab davom etadigan hamda kamroq tanilgan odamlar taklif qilinadigan dasturlar mavjud. Xususan, efirda mashhur diniy va’zxon, shifokorlar, siyosatchilar, kitob nashriyotchilari bo‘lishga ulgurgan. Studiyada muhokama qilinadigan mavzular ancha jiddiy, ammo boshlovchilarning qiziqishi va jonli muloqot uzun podkastlarga qiziqarli va axborotga boy tus beradi.
Sigma Podcast
- 17,4 ming obunachi
- 114 ta video
- 676,4 ming marta ko‘rilgan
- o‘zbek tilida

Loyiha ijtimoiy va ilmiy yo‘nalishga ega bo‘lgani sababli studiyaga astrofizik, geograf yoki moda olami mutaxassisi tashrif buyurishi mumkin. Albatta, podkast faqat eng yaxshi kitoblar ro‘yxati, qora tuynuklar va yadro energetikasi muhokamasi bilan cheklanib qolmagan. Bu yerda o‘zbekcha fantastik filmlar haqida ma’lumot olish, rep o‘qish yoki kibersport kelajagi haqida tinglash mumkin. Podkast ilmiy-ommabop va texnik mavzularga ixtisoslashgan “Texnoplov” loyihasining mualliflari tomonidan yaratilgan.
Foydali Suhbat
- 2,27 ming obunachi
- 11 ta video
- 171,6 ming marta ko‘rilgan
- o‘zbek va rus tillarida

“Foydali Suhbat” podkastida Lobar Jonova suhbatga o‘zini ilhomlantirgan ayollarni taklif qiladi. Odatda uning mehmonlari hayotda qandaydir natijaga erishgan va endilikda insaytlar va bilimlarini tomoshabinlar bilan bo‘lishishga tayyor insonlar bo‘ladi. Loyihaning maqsadi — mehmonlar tomoshabinlarga hayotda rivojlanishga va yangi darajaga chiqishga yordam beradigan ilhom beruvchi va dohiyona fikrlari, sirlari bilan bo‘lishadigan “qiziqarli va foydali suhbat” olib borish. Shaxsiy transformatsiyaga oid suhbatlardan tashqari, kanalda, masalan, ipotekani tushunish va xonadonni qulay shartlar asosida xarid qilish kabi amaliy maslahatlar ham bor.