Bog‘ga rasman asos solingan vaqt 1924-yil hisoblanib, o‘shanda Sirdaryo viloyati harbiy gubernatori Nikolay Ivanovich Grodekovga tegishli bo‘lgan sobiq dala-hovli hududining bir qismida hayvonot bog‘i yaratilgan! Aslida bungacha general-gubernatorning dala-hovlisida kichik hayvonlar to‘plami mavjud bo‘lib, u aynan shu hududda joylashgan badiiy muzeyning bir qismi sanalgan.
Avvaliga hayvonot bog‘i atigi uch gektar maydonni egallagan. Hozirgi Ekobog‘ va Mirzo Ulug‘bek nomidagi Markaziy bog‘ (1934-yilda asos solingan sobiq Telman nomidagi bog‘) hududlari bir vaqtlar aynan o‘sha gubernator dala-hovlisining yagona maydonidan iborat bo‘lgan. Faqat keyinchalik maydon ikkita alohida bog‘ga ajratilgan.
1997-yilda Toshkent hayvonot bog‘i Botanika bog‘i hududiga ko‘chib o‘tgan, “eski hayvonot bog‘ining” o‘rnida esa to 2017-yilgacha ichida ko‘l mavjud ko‘rimsiz bog‘ bo‘lgan. Asta-sekin daraxtlar va butalar bilan qoplanib borgan bog‘ uzoq vaqt davomida sayrlar uchun sokin maskan sifatida xizmat qilgan va XXI asr boshiga kelib uning infratuzilmasi sezilarli darajada eskirdi.
YANGI DAVR: EKOBOG‘GA AYLANTIRISH
Ekobog‘ning tarixi 2017-yildan boshlanadi, o‘shanda hudud Orient Group korxonalaridan biriga investitsiya kiritish majburiyati bilan uzoq muddatli boshqaruvga topshirilgan. Yangi boshqaruvchi kompaniya Toshkentdagi markaziy ekologik bog‘ maqomini saqlab qolishga qaror qildi. Shu davrda unga Zahiriddin Muhammad Bobur nomi berildi.
Bog‘dagi asosiy rekonstruksiya ishlari to‘rt oyda bitirildi, uni sifat jihatidan yaxshilash esa hozirgacha davom etmoqda. Rekonstruksiya chog‘ida bironta ham daraxt kesilmadi, aksincha – qo‘shimcha ravishda yana 18 mingdan ortiq daraxt, butalar va boshqa o‘simliklar ekildi. Butun hudud bo‘ylab sug‘orish tizimi yangilandi. Shuningdek, ko‘lni tozalash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi: endilikda undagi suv ancha tozalangan, qirg‘oqlar esa tozaroq holga kelgan.
EKOBOG‘ BUGUN: SPORT, HORDIQ VA SHAHARGA G‘AMXO‘RLIK
Bugun Ekobog‘da turli yosh va qiziqishlarga ega shahar aholisi jamlanadi: skandinavcha yurish, badminton, plyaj voleyboli, stol tennisi, vorkaut, yoga, futbol, skvosh, fitnes ishqibozlari va, albatta, yuguruvchilar. Do‘stlar davrasi bu yerda qaynoq yoz kechalarida sayr qilib, piknik-hududidagi maysalar ustida dam oladi yoki daraxtlar soyasida stol o‘yinlarini o‘ynaydi, yosh onalar esa farzandlari bilan maxsus maydonchada vaqt o‘tkazadi yoki kichkintoylari toza havoda aravachada tin olishini kutib o‘tiradi.
Ko‘ldagi suv shovullashi va qurbaqalar qurillashi ish kunidan keyin xotirjamlik hissini bag‘ishlaydi. Bog‘dagi bir nechta kafeda tamaddi qilish yoki ko‘chma do‘konchalarda muzqaymoq sotib olish mumkin. Bog‘ga kirish bepul, kunu-tun ishlaydigan qo‘riqlash xizmati va videokuzatuv bu yerda xavfsiz vaqt o‘tishini ta’minlaydi.
KELAJAKKA REJALAR
Bog‘ tabiiy ko‘rinishi va megapolis markazidagi ekologik sof hudud maqomini saqlab qolgan holda, faol rivojlanishda davom etmoqda. Biz bu haqida The Tower FMG direktori Dilshod Po‘latov bilan suhbatlashdik.
- 2017-yilda bog‘ga oid loyiha muhokamasida qanday talqinlar ko‘rib chiqilgan?
Bular bog‘dagi mavzuga doir konsepsiya va dizayn, undagi ob’ektlar joylashuvi va hududlarni to‘g‘ri taqsimlash, hattoki o‘simlik turlarini tanlash yuzasidan xilma-xil qarashlar edi. Infratuzilma, tashrif buyuruvchilarning qulayligi, ekologik barqarorlik va, albatta, xavfsizlik masalalari sinchkovlik bilan o‘rganilgan.
Biz dam olish va sport uchun hududlar, bolalar maydonchalarini tashkil qilish, shuningdek bog‘da madaniy va ko‘ngilochar tadbirlarni o‘tkazish imkoniyatini rejaga darhol kiritganmiz. Loyihachilar mahalliy aholi hamda shahar muhitini obodonlashtirish bo‘yicha ekspertlarning barcha fikr va takliflarini inobatga olishga harakat qilganlar. Aslida, biz bugun ham bog‘ni yanada qulayroq qilish uchun odamlarning fikriga quloq tutishda davom etmoqdamiz.
- Sizningcha, Ekobog‘ nimasi bilan boshqa bog‘lardan ajralib turadi? U qanday qiyofaga ega?
Ekobog‘ o‘zining ekologik barqarorlikka bo‘lgan e’tibori bilan ajralib turadi. U mahalliy flora va faunadan foydalangan holda tabiiy uslubda bezatilishi bilan birga, turli tadbirlarni o‘tkazish uchun qulay jihozlangan. Bunday bog‘lar shaharda haqiqiy vohaga aylanib, tabiat va bioxilma-xillikni saqlab qolish zaruratiga e’tiborni jalb qilmoqda. Va albatta, Ekobog‘ shaharliklarga chekka hududlarga bormasdan, vaqtni tabiat qo‘ynida o‘tkazish naqadar muhimligi va mumkinligini eslatib turadi.
- Ekobog‘ga hozir qanday odamlar tashrif buyuradi?
Men bu yerda tabiatni qadrlovchi va atrof-muhitga g‘amxo‘rlik qiluvchi odamlarni ko‘raman. Ular turli yosh va qiziqish egalari, ammo ularni tabiatga muhabbat va toza havoda vaqt o‘tkazishga intilish birlashtirib turadi. Bu bolalik oilalar, sport bilan shug‘ullanuvchi odamlar yoki shunchaki piyoda sayrlardan zavq oluvchilardir.
- Yaqin kelajakda bog‘da qanday o‘zgarishlar kutilmoqda?
Ekobog‘ ekologik faollik markazi sifatida rivojlanishda davom etadi. Bunda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha ishlar, infratuzilmani yaxshilash, o‘tkaziladigan tadbirlarni kengaytirish kabi vazifalar nazarda tutilgan. Bularning barchasi – bog‘ yanada jozibali va qulay shaklga ega bo‘lishi uchun amalga oshiriladi.
* * *
Orient Group va The Tower FMG toshkentliklarni poytaxtimizdagi eng sevimli va mashhur maskanlardan birining yubiley sanasi bilan samimiy tabriklaydi! Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Ekobog‘ shaharga ekologik g‘amxo‘rlik va madaniy merosga sodiqlikning jonli timsoli sifatida shaharliklarni quvontirishda davom etadi.