Bir necha yil avval jahon okeanini qoplab olgan mayda zarrachalar – mikroplastikka doir tadqiqotlar dunyoni larzaga soldi. O‘shanda mikrolpastik haqidagi ma’lumotlar plastikdan voz kechish zarurati hamda atrof-muhitning mislsiz darajada ifloslanishi haqida yana bir marta yodga solishdek ko‘ringandi. Endilikda esa olimlarda yanada salbiy kuzatishlar paydo bo‘ldi: mikroplastikning jiddiy kasalliklarga aloqadorligi isbotini topdi.
MIKROPLASTIK O‘ZI NIMA?
Plastikning zarari haqida bir necha avlod xabar topib bo‘lgan va dunyoda plastikdan foydalanishni qisqartirish yoki imkon qadar undan voz kechishga undovchi ko‘p sonli tashabbuslar mavjud. Shunga qaramay, 1950-yilda dunyoda 2 million tonna plastik ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2019-yilga kelib bu raqam 230 martaga oshib 460 million tonnagacha plastikni tashkil qildi. Endi ma’lum bo‘lishicha, plastik chiqindilar – faqatgina uzoq mamlakatlardagi ifloslangan plyajlar yoki axlat poligonlaridan iborat emas ekan. Afsuski, u bizga o‘ylaganmizdan ham yaqinroq bo‘lib chiqdi.
Plastik buyumlar va chiqindilar hajmi bo‘yicha toifalanadi. Makroplastik, bu – yaxlit buyumlar, masalan ishlatilgan plastik butilka yoki polietilen paketlar. Mikroplastik esa – 5 mm va undan kamroq hajmdagi plastik zarrachalardir. Bundan tashqari, nanoplastik ham mavjud bo‘lib, eng yangi toifalanishga binoan bu 1 mkmdan (1 millimetr 1000 mikrometrga teng) kamroq hajmdagi o‘ta mayda zarrachalar.
Mikro va nanoplastikda ham umumiy plastikda bo‘lgan barcha zararli sifatlar mavjud. 2021-yilda Shveysariyada o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, plastik ishlab chiqarilishida 10 mingdan ortiq kimyoviy moddalar ishlatilib, ularning 2400dan ziyodi inson uchun xavfli hisoblanadi. Bundan tashqari, plastik haddan tashqari sekin chiriydi: uning turidan kelib chiqib, chirish jarayoniga yuz yildan ming yilgacha vaqt sarflanishi mumkin. Bu kamchiliklarga zarralarning mikroskopik o‘lchamlarini qo‘shadigan bo‘lsak, sur’at yanada tashvishli tus oladi.
MIKROPLASTIK NIMADAN OLINADI VA QAYERGA YO‘QOLADI?
Birlamchi va ikkilamchi mikroplastik farqlanadi. Birlamchi mikroplastik masalan, maishiy kimyo yoki kosmetika uchun maxsus ishlab chiqariladi. Xususan, tarkibida mikroskopik granulalar mavjud yuz va tana uchun kosmetik skrablar, tish pastasi, dush uchun gellar bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Qayd etish kerakki, qator mamlakatlarda mikroplastikdan ifloslanishga doir tashvishli axborotlar sharoitida undan sanoat maqsadlarida foydalanish taqiqlangan.
Ikkilamchi mikroplastik esa parchalanish yoki sintetik materiallar bilan mexanik o‘zaro aloqaga kirishish natijasida paydo bo‘ladi. Masalan, bunday zarralar avtomobil shinalarining asfaltga ishqalanishi, shuningdek sintetik kiyimlar mashinada yuvilishi natijasida atrof-muhitga tarqaladi. Shuningdek, makroplastik yuqori harorat, shamol yoki suv ta’siri ostida ma’lum vaqtdan keyin mikrozarrachalarga parchalanishi mumkin.
Hozirda plastik bilan suvning ifloslanishi ko‘proq o‘rganilgan. Jahon okeaniga turli hajmdagi plastik noqonuniy chiqindi uyumlari, shuningdek yuvdirilmaydigan plastik buyumlar tushib qoladigan kanalizatsiya orqali tushadi.
Bu orada, kir yuvish, yig‘ishtirish va idish yuvishda foydalaniladigan maishiy yuvish vositalari alohida muammo hisoblanadi. Ular bilan birga kanalizatsiyaga aynan o‘sha sintetik mikrozarralar va tolalar tushadi. Tadqiqotlarga ko‘ra, kiyimlar bir marta mashinada yuvilganidan keyin 700 minggacha mikrozarralar hosil bo‘lishi mumkin. Tabiiyki, zamonaviy tozalash inshootlarining o‘tkazuvchanlik qobiliyati bunday hajmdagi zarralarni tutib qolish va filtrlash uchun mo‘ljallanmagan.
Suvda mikro va nanoplastikning mavjudligi ozuqa zanjirlariga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Hozirda tadqiqotchilar noxush xulosaga kelgan: mikroplastik barcha yeguliklar tarkibida mavjud. Xususan, 2022-yilda o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, mikroplastik dengiz mahsulotlarining 74 foizida (jumladan, mollyuskalar, qisqichbaqalar, treska, mintay, laqqa baliq, krevetkalar, tilapiya va tunets) mavjud ekan. Bunda, birinchi bo‘lib ifloslangan suvda yashovchi dengiz jonzotlari aziyat chekkani hayratlanarli emas. Hozirga qadar tarkibida mikroplastik aniqlangan boshqa mahsulotlar orasida – asal, shakal, tuz, guruch va hattoki mevalar ham bor.
Ichimlik, ayniqsa qadoqlangan suv bilan bog‘liq vaziyat ham qoniqarli darajada emas. Yaqinda o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, qadoqlangan suvning bir litrida hajmi 50dan 100 nanometrgacha bo‘lgan (taqqoslash uchun: virusning hajmi xuddi shunday) taxminan 250 000 nanoplastik zarrachalari aniqlangan. Bu raqam olimlar faraz qilganidan kamida 10 karra yuqoriroq.
Ta’kidlash joizki, gap faqat bitta qadoqlangan suv haqida bormoqda, ammo mikroplastik zarrachalari ham oddiy quvur suvida, ham boshqa ichimliklarda (masalan, alkogol) mavjudligi tasdiqlangan. Shuningdek, nanoplastik zarrachalari ifloslangan suv ishtirokida tayyorlangan barcha mahsulotlarda aniqlanishini taxmin qilish qiyin emas.
Mikroplastikni qanday yeymiz, ichamiz va undan nafas olamiz
Mikroplastik zarralarining yegulik, suv va havodagi o‘rtacha miqdori:
- Qadoqlangan suv – 94,37 – zarracha bir litrda
- Pivo – 32,27 – zarracha bir litrda
- Havo – 9,8 – zarracha bir metr kubda
- Quvur suvi – 4,24 – zarracha bir litrda
- Dengiz mahsulotlari – 1,48 – zarracha bir grammda
- Shakar – 0,44 – zarracha bir grammda
- Tuz – 0,11 – zarracha bir grammda
- Asal – 0,1 – zarracha bir grammda
Har yili bir odam tomonidan bir yilda 78 mingdan 211 minggacha mikroplastik zarrachalari iste’mol qilinadi.
Manba: Environmental Science & Technology
INSON UCHUN QANDAY XAVF MAVJUD?
Bundan bir necha yil avval olimlarda bu savolga bir xil javob bo‘lmagan, ammo, afsuski, tobora ko‘proq tadqiqotlar mikro va nanoplastikning zararini tasdiqlamoqda. Taxminlarga ko‘ra, salomatlik bilan bog‘liq muammolar mikroplastikning to‘planuvchi ta’siri natijasi sifatida yuzaga kelishi mumkin: darhaqiqat, biz organizmimizda plastikni avval taxmin qilinganidan ko‘proq to‘playmiz.
2019-yildagi hisoblarga ko‘ra, 24 soat davomida o‘rtacha 272 dona mikro va nanoplastik zarralari nafas bilan odam ichiga tusharkan. Bunga ifloslangan havo va chang ko‘chalar, shuningdek oddiy maishiy chang aybdor. O‘rtacha statistikaga mansub uydagi materiallarning taxminan 33 foizi sintetika bo‘lganligi sababli, xilma-xil mikrozarralar, masalan, uy yig‘ishtirish vaqtida havoga aralashishi mumkin.
Yegulikka keladigan bo‘lsak, joriy hisoblarga ko‘ra, biz bir haftada oziq-ovqat bilan birga 5 gramm mikro va nanoplastikni yoki bitta shartli plastik kartani iste’mol qilamiz. Bir yil ichida bu ko‘rsatkich 52000 donagacha mikroplastik zarrachalariga yetishi mumkin.
2024-yilda Neapoldagi tadqiqotchilar to‘qimalarida mikroplastik aniqlangan yurak-qon tomir kasalliklaridan aziyat chekuvchi bemorlarda keyingi uch yil davomida infarkt, insult yoki o‘lim xavfi ikki baravarga ko‘proq, degan xulosaga kelgan. Yana bir tadqiqot natijalariga ko‘ra, mikroplastik inson tanasidagi 17ta arteriyaning har birida aniqlangan – taxminlarga ko‘ra, mikroplastik zarrachalari xuddi tromblar singari arteriyalarni bloklashi mumkin.
Yuqorida qayd etilgan hazm qilish tizimidagi mikroplastikka oid misolga keladigan bo‘lsak, uning mavjudligi ichak bezovtaligi kabi keng ommalashgan sindromga, shuningdek immunitet bilan bog‘liq umumiy muammolarga sabab bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, nafas bilan kiruvchi mikroplastik, ayniqsa nafas olish tizimining surunkali kasalliklaridan aziyat chekuvchi odamlarda nafas organlari zo‘riqishini hosil qiladi.
2024-yilda mikroplastik har bir o‘rganilgan platsenta namunasida topilgan. Boshqa tadqiqotda aniqlanishicha, chaqaloqlar axlati namunasida kattalarnikiga nisbatan 10 karra ko‘proq mikroplastik mavjud ekan. Ikkala holatda ham PET yoki bizga yaxshi tanish bo‘lgan paketlar va butilkalarni ishlab chiqarishda ishlatiladigan polietilen nazarda tutiladi. Albatta, bu holat olimlarda ko‘plab xavotirlarni yuzaga keltiradi: chamasi, zamonaviy bolalar turli organlarida mikroplastik bilan tug‘iladi.
Nihoyat, hayvonlarda o‘tkazilgan sinovlarning ko‘rsatishicha, mikroplastikning hattoki qisqa muddatli ta’siri ham organizmda yallig‘lanish jarayonlarini rivojlantirishi mumkin ekan – bunda miya va jigar ko‘proq aziyat chekadi. Masalan, mikroplastik ta’siri o‘rganligan sichqonlarda demensiyani eslatuvchi kasalliklar rivojlangan.
Nima qilish kerak?
Albatta, mikroplastika haqidagi axborotning ko‘pligidan sarosimaga tushib qolish mumkin, ammo yaxshi yangiliklar ham bor. Birinchidan, xuddi avvalgidek o‘z yashash tarzingizni doim tuzatishingiz mumkin. Ekspertlar sintetik matolarni kiyish va qadoqlangan suvni ichishdan voz kechishni tavsiya qilmoqdalar. Shuningdek, maishiy hayotda plastikdan voz kechish yordam beradi: xususan, plastik paketlardan foydalanmaslik va polietilen qadoqdagi yeguliklarni sotib olmaslik tavsiya qilinadi.
Ikkinchidan, eng oxirgi tadqiqotlar plastik o‘rnini bosuvchi biochirishga moyil polimerlar yaratilishi samarasini isbotladi. Xususan, yaqinda suv o‘tlari asosida polimerlar yaratib, ularni olti yil davomida sinovdan o‘tkazgan San-Diyegodagi Kaliforniya universiteti olimlarining ishi chop etildi. Bu vaqt ichida polimerlar, masalan sellyuloza kabi biochirishga (deyarli 100%) moyilligi isbotlandi. Shuningdek, olimlar 200 kun davomida mikroplastik va polimerlarning zarrachalarini kuzatgan: birinchilari mutlaqo chirimagan, ikkinchilaridan esa atigi 3 foiz qolgan.
Nihoyat, plastik chiqindilarni to‘plash va qayta ishlash vaziyatni yaxshilashda katta ahamiyat kasb etadi. Hozirda makroplastik bilan shu ish amalga oshirilmoqda, ammo suvdan, jumladan magnit va filtrlar yordamida mikro va nanoplastikni ajratib olish imkoniyatlari o‘rganilmoqda. Biroq, albatta, plastikdan global darajada voz kechish va uni ishlab chiqarish hajmlarini kamaytirish hamon asosiy vazifa bo‘lib qolmoqda.