Flat Preloader Icon
O‘rniga-o‘rinO‘rniga-o‘rin
15 Yanvar 2024

O‘rniga-o‘rin

The State of AI Report hisoboti 2018-yildan buyon sun’iy ong investorlari Neytan Benaich hamda Air Street Capital jamoasi tomonidan har yili chop etiladi. Unga sun’iy ong sohasining turli yo‘nalishlariga mansub 30dan ortiq ekspert taqriz yozadi. Oktabr oyida chop etilgan 2023-yil hisobotida nimalar yozilgani haqida qisqacha hikoya qilamiz.

Hisobotda navigatsiya va ob-havo bashoratlaridan tortib o‘zi yurar avtomobillar va musiqa yaratishgacha bo‘lgan sun’iy ong bilan bog‘liq ko‘plab mavzularni qamrab olingan hamda to‘rtta yo‘nalish ajratib ko‘rsatilgan:

  • Tadqiqotlar
  • Biznes
  • Tartibga solish
  • Xavfsizlik

Tadqiqotlar

2023-yilda katta til modellarining (KTM) keng ko‘lamli qo‘llanilishi kuzatildi. Ularning orasida GPT3.5 vorisi – matnlar va tasvirlarga o‘rgatilgan GPT-4 eng ko‘p e’tiborni tortdi. GPT-4 ham sun’iy ong, ham inson uchun mo‘ljallangan test sinovlarida (ayniqsa dasturlash va ma’lumotlar tahlilida) qolgan barcha KTMni ortda qoldirdi.

Hozirda odamlarga xos qayta aloqaga chiqishni qo‘llagan holda sun’iy ongni o‘qitish KTMning muvaffaqiyatli faoliyatida markaziy o‘rin tutadi. Biroq, bu usul ma’lum cheklovlarga ega. Masalan, yaxshi va yomon javoblar bo‘yicha odamlar baholashining xilma-xilligini qamrab olish qiyin, chunki baholar madaniyat va mentaliletga qarab farq qiladi.

Meta kompaniyasining Llama 2 til modeli tadqiqotchilar va tijoratda foydalanish uchun bepul taqdim etilmoqda. Bu qaror KTMdan foydalanish sohasida demokratlashtirish to‘lqinini hosil qildi: Falcon va Mistral singari ochiq pirovard kodli yangi modellar paydo bo‘ldi. Biroq, hisobot mualliflarining qayd etishicha, aksariyat foydalanuvchilar modelni ijtimoiy tarmoqlarda ommalashganiga qarab tanlaydilar.

O‘rniga-o‘rin

Shu bilan birga, o‘sib borayotgan iqtisodiy stavkalar va xavfsizlik tushunchalari ilg‘or tadqiqotlar shaffofsizligi madaniyatining shakllanishiga sabab bo‘ldi. OpenAI va Google kompaniyalari o‘zlarining GPT-4 va PaLM-2 ilg‘or modellariga doir batafsil axborotni oshkor qilmaslik rejimiga o‘tdi.

KTM muvaffaqiyatining asosiy elementi – ma’lumotlardir. Bu yuqori sifatga ega qimmatli resurs, ammo Epoch AI tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot odamlar tomonidan hosil qilinayotgan ma’lumotlar zaxirasi tugab borayotganini ko‘rsatmoqda. Bu sohadagi taraqqiyotni sekinlashtirishi mumkin.

Past sifatli til ma’lumotlari zaxiralari 2030-2050-yillarga, yuqori sifatli til ma’lumotlari zaxirasi – 2026-yilga, vizual ma’lumotlar zaxirasi esa – 2030-2060-yillarga borib nihoyasiga yetadi.

Ayrim sun’iy ong modellari, jumladan Google kompaniyasining Med-PaLM 2 modeli tibbiyotda aniq vazifalarni hal qilish borasida hattoki ekspert odamlardan o‘zgan holda, sun’iy ongning o‘sib borayotgan rolini namoyon etmoqda. Bundan tashqari, kasalliklarni tashxislashda eng yangi texnologiyalar samaradorligi qayd etiladi.

Sun’iy ongning kontent yaratish imkoniyatlari rivojlangani sayin suv belgilari yoki sun’iy ong ishining boshqa istalgan markirovkasiga talab ham o‘smoqda. Masalan, Merilend Universiteti tadqiqotchilari matnda til modellari tomonidan shakllantiriladigan ingichka suv belgilarini dasturlash ustida ishlamoqda, bu orada Google DeepMind kompaniyasining SynthID tizimi tasvirlardagi piksellarga raqamli suv belgilarini joylamoqda.

Bugungi kunda yog‘ingarchilik bo‘yicha qisqa muddatli prognozlar aniq emas va sekin amalga oshiriladi. Sanoqli prognozlashning aniq usulidan foydalaniladigan o‘rtacha muddatli global ob-havo prognozlari hisoblashga doir katta xarajatlarni taqozo etadi. Sun’iy ong modellari ikkala vazifani hal etish doirasida professional meteorologiya samaradorligini oshirishi mumkin. Google tomonidan ishlangan WeatherBench 2 kabi modellar ma’lumotlar jamlanmasi asosida meteorologik modellar ishlab chiqilishiga yo‘l ochadi.

24 foiz – jami korporativ venchur investitsiyalar 2023-yilda sun’iy ong bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalarga yo‘naltirilgan

Google, Meta va ishlab chiqaruvchilar hamjamiyatining ochiq pirovard kodli yangi modellari shakllantirilgan musiqa sifatini sezilarli darajada oshiradi. Riffusion modeli, shakllanadigan musiqa sifati nuqtai nazaridan eng yaxshisi bo‘lmasa-da, eng innovatsion modelga aylandi. Tadqiqotchilar keyinchalik audiokliplarga o‘zgaradigan spektrogrammalar tasvirlarida Stable Diffusion modeliga qo‘shimcha ishlov berdilar. Meta kompaniyasining MusicGen modeli tomonidan hosil qilingan musiqiy treklar nisbatan jarangliroq.

Biznes

2023-yilning ikkinchi choragida NVIDIA ma’lumotlarni qayta ishlash markazlaridan tushgan daromad bo‘yicha $10,32 mlrd rekord ko‘rsatkichni qayd etib, bozor kapitalizatsiyasi $1 trln bo‘lgan kompaniyalar klubiga a’zo bo‘ldi.

Yana bir sezilarli tendensiya – matn, tasvirlar yoki boshqa mediama’lumotlarni ko‘rsatkichlarga javob (promptlar) shakliga keltira oladigan generativ sun’iy ong (GenAI). Bundan tashqari, GenAI 2023-yilda sun’iy ongda investitsiyalarni barqarorlashtirishda hal qiluvchi rolni o‘ynagan. GenAI bo‘lmaganda sun’iy ongni moliyalashtirish sezilarli darajada qisqargan bo‘lardi.

O‘rniga-o‘rin

Joriy yilda sun’iy ongdan foyda ko‘rgan yetakchi tarmoqlar qatoridan korporativ dasturiy ta’minot, moliyaviy texnologiyalar va sog‘liqni saqlash o‘rin oldi.

Amerikaning Waymo va Cruise kompaniyalari San-Fransisko shahrida inson-haydovchisiz kunu-tun davom etadigan safarlar bo‘yicha pulli xizmatlarni yo‘lga qo‘yishga ruxsat oldi. Avvalroq pulli safarlar faqat avtomobilda nazorat uchun haydovchi bo‘lgan taqdirda amalga oshirilardi.

Kompaniyalar sun’iy ong tizimlarini keng ko‘lamda o‘rganish uchun ommaviy tarzda bulutli hisoblash quvvatlarini sotib olmoqda. 2023-yilda sun’iy ong sohasiga ixtisoslashgan kompaniyalar boshqa startaplarga taqqoslaganda ko‘proq mablag‘ jalb qilmoqda.

Tartibga solish

Buyuk Britaniya va Hindiston xavfsizlikka investitsiya kiritish hamda sun’iy ong ilg‘or modellaridan erta foydalanishni ta’minlash orqali yengil tartibga solish pozitsiyalarini tanlamoqda. Yevropa Ittifoqi va Xitoy esa, aksincha, sun’iy ongga nisbatan qat’iy choralarni nazarda tutuvchi qonunlarni qabul qilmoqda. AQShda sun’iy ong bilan bog‘liq federal qonun mavjud emas va alohida shtatlar o‘zlarining normativ hujjatlarini qabul qilmoqda. 2024-yilda AQSh o‘tishi kutilayotgan prezidentlik saylovlari sun’iy ongning siyosatdagi roli yuzasidan xavotirlarni yuzaga keltirmoqda.

Sun’iy ongning ilg‘or hisob-kitoblari uchun zarur yarim o‘tkazgichlarni ishlab chiqarish sanoati AQSh va Xitoy o‘rtasidagi geosiyosiy tig‘izlik markaziga aylandi, bu kelajakda sun’iy ong sohasidagi global imkoniyatlarga ta’sir qiladi.

Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, sun’iy ong rivojlanishi yurisprudensiya, tibbiyot va moliya kabi kasblarda ish o‘rinlarining sezilarli qisqarishiga olib kelishi mumkin. Biroq, sun’iy ong bilimlar demokratlashishi hamda yuqori malakani talab qiluvchi ish o‘rinlarida mehnat sharoitlari tenglashishiga sabab bo‘lishi ham mumkin.

Xavfsizlik

Sun’iy ongning yuqori unumdorlikka ega tizimlari bilan bog‘liq xavotirlar Amerikaning Kelajak hayoti institutini (Future of Life Institute) GPT-4 modelidan kuchliroq sun’iy ong ishlanmasini to‘xtatishga chaqiruvchi ochiq xat yozishga majbur qildi. Biroq, hozircha mazkur xavotirlar dolzarb tus oladigan aniq xatarlar va vaqt ko‘rsatkichi mavjud emas.

Sun’iy ong laboratoriyalari xatarlarni kamaytirish bo‘yicha o‘z strategiyalarini amalga oshirmoqda: xavfli ehtimollarni baholash vositalari, mas’uliyatli ko‘lamlashtirish siyosati, xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha majburiyatlar. Bundan tashqari, OpenAI modellarida noqonuniy foydalanishni aniqlash hamda unga foydalanish siyosatiga muvofiq munosabat bildirish uchun infratuzilma mavjud.

Sun’iy ongning qaysi modellari xavfsizroq ekanligiga doir munozaralar davom etmoqda: pirovard kodi ochiq bo‘lganimi yoki yopig‘imi. Ochiq pirovard kodli modellar tadqiqotlar o‘tkazishga yordam beradi, lekin noqonuniy foydalanish xavfidan xoli emas, bu orada yopiq pirovard kodli modellar ko‘proq nazoratni ta’minlaydi, ammo yetarlicha shaffof emas.

Tadqiqotchilar an’anaviy uch fazali o‘qish o‘rniga inson bilan qayta aloqaga chiqishni bevosita KTM dastlabki o‘qitish jarayoniga qo‘shishni taklif qilmoqda. O‘rtacha modellarda namoyish etilgan va Google kompaniyasi tomonidan PaLM-2 modelida qo‘llanilgan mazkur yondashuv hosil bo‘ladigan zararli kontent miqdori kamayishini ko‘rsatdi.

Yangi yondashuv rahbariy tamoyillar va minimal qayta aloqa to‘plamiga asoslangan. Modellar kelgusi sozlanishda qo‘llaniladigan tanqidiy sharhlar va tuzatishlarni o‘zi hosil qiladi. Bu yechim inson qayta aloqasini qo‘llashga nisbatan yaxshiroq bo‘lishi mumkin, chunki buzib kirishning oldini olish imkonini beradi. Shu bilan birga, xavfsizlik bayonotlarini aylanib o‘tuvchi ishoralarni yaratish bilan bog‘liq muammo hanuzgacha yechim topmagan.

O‘rniga-o‘rin

Yaqin yil uchun prognozlar

  • Gollivud kinosida vizual effektlarni yaratish uchun sun’iy ong qo‘llaniladi.
  • Sun’iy ongdan foydalanuvchi mediakompaniyaga nisbatan 2024-yilda AQShdagi saylovlar davomida sun’iy ongdan noqonuniy foydalanganlik yuzasidan tergov boshlanadi.
  • Texnologiyalar sohasida IPO-bozor turg‘unlikdan chiqmoqda, bunda sun’iy ongga yo‘naltirilgan kamida bitta yirik listing bo‘ladi.
  • Sun’iy ongni ko‘lamlashtirishga bo‘lgan ishtiyoq keyinchalik kompaniyalar guruhi bitta yirik ko‘lamli modelni o‘qitishga $1 mlrd.dan ortiq mablag‘ sarflashiga olib keladi.
  • Ish yuklamasi va hisob-kitoblarga xarajatlar sezilarli darajada o‘sishi munosabati bilan, sun’iy ongga ixtisoslashgan yirik kompaniya (masalan, OpenAI) sun’iy ong chiplarini ishlab chiqaruvchi kompaniyani sotib oladi.
  • Sun’iy ong tomonidan yaratilgan qo‘shiq Billboard Hot 100 top-o‘ntaligiga yoki Spotify 2024 top-xitlari ro‘yxatiga kiradi.

Hamkorlik yangiliklari