Flat Preloader Icon
O‘zbekiston bugun – professional va ijodiy salohiyatni ro‘yobga chiqarish uchun eng ma’qul maskanO‘zbekiston bugun – professional va ijodiy salohiyatni ro‘yobga chiqarish uchun eng ma’qul maskan
19 Yanvar 2024

O‘zbekiston bugun – professional va ijodiy salohiyatni ro‘yobga chiqarish uchun eng ma’qul maskan

Uzum milliy tizimi 2023-yilda asosiy yangiliklar manbaidan biriga aylandi: kompaniya biryo‘la qator yangi xizmatlarni yo‘lga qo‘yib, logistika majmuasi qurilishini boshladi, butun mamlakat bo‘ylab infratuzilmani yaratib, tadbirkorlar va ularning mijozlari odatlarini o‘zgartirdi. Biz Uzum hamasoschisi va bosh direktori Jasur Jumayevdan mamlakat ishbilarmonlik hayotidan 2023-yilni xotirada qoldiradigan asosiy tendensiyalarni ajratib ko‘rsatishni so‘radik.

O‘zbekiston bugun – professional va ijodiy salohiyatni ro‘yobga chiqarish uchun eng ma’qul maskan

Iqtisodiy o‘sish va “O‘zbekiston-2030” strategiyasi

Mamlakatimiz Prezidenti tomonidan 2023-yilning sentabr oyida tasdiqlangan “O‘zbekiston-2030” strategiyasi hukumat va biznes faoliyati uchun asosiy yo‘nalishlarni belgilab beradi hamda mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish va raqamlashtirish uchun amalga oshirilgan harakatlarni tizimlashtiradi.

Kichik va o‘rta biznesning o‘sishi, chet el investitsiyalarini jalb qilish, yangi korxonalarni tashkil etish va IT-sohasini rivojlantirish – bu mavzular mamlakatning ishbilarmonlik kun tartibidan o‘rin olgan bo‘lib, strategiyada ham o‘z aksini topdi. Bugun O‘zbekiston iqtisodiyoti haqiqatdan hayratlanarli o‘sishni namoyon etmoqda: O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining prognoziga ko‘ra 2023-yil davomida mamlakat yalpi ichki mahsuloti hajmi 5,6 foizga o‘sadi. Biroq strategiyada O‘zbekiston davlat organlari, biznes va xalqaro sheriklari uchun ulkan maqsad belgilangan: kelgusi yetti yillikda mamlakat yalpi ichki mahsuloti hajmini ikki baravarga oshirish.

Biz va boshqa yirik milliy kompaniyalar bu maqsadga erishish, shuningdek strategiyada belgilangan boshqa vazifalarni hal qilish uchun nimalarni amalga oshirishimiz kerak? Logistika infratuzilmasini rivojlantirish: e-commerce bozorining keskin o‘sishi omborxona ko‘chmas mulki va transport magistrallariga bo‘lgan talab ortishiga turtki bo‘lmoqda. 2023-yilda Uzum Market butun mamlakatni qamrab oluvchi buyurtmalarni topshirish shoxobchalari tarmog‘ini yaratib, ikkita ombor majmuasini ishga tushirdi hamda mamlakatdagi eng yirik logistika xabi qurilishini boshladi. Va biz, albatta, faqat shu bilan cheklanib qolmaymiz.

Strategiyadagi biznes uchun yana bir muhim band – chet el investitsiyalarini jalb qilishdir. Uzum yetakchi xalqaro jamg‘armalardan 300 mln dollar jalb qilish jarayonining birinchi bosqichini yakunlab bo‘ldi. Bu bizga joriy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish hamda ekotizim doirasida yangi raqamli mahsulotlarni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi. Bu butun mamlakat bo‘ylab kichik va o‘rta biznesda Uzum doirasida minglab ish o‘rinlari yaratilishini anglatadi. 2023-yilda ekotizim mamlakatdagi top yirik soliq to‘lovchilar safidan o‘rin oldi, keyingi yilda esa g‘aznaga yanada ko‘proq ajratmalar to‘lashni ko‘zlaganmiz.

Mamlakatda kichik va o‘rta biznesning rivojlanishi

Statistika agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilning uchinchi choragida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 51 foizdan oshgan. Bu orada yangi kompaniyalar soni ham ko‘paymoqda – tadbirkorlik asta-sekin urfga kirib, soya ostidan chiqmoqda. Joriy yilda Uzum rahbarlari bir nechta startap-dasturlarga murabbiylik qildi. Ushbu startaprlarning har birida mamlakatning turli shahar va hududlaridan hamfikrlarni izlash va o‘z ishini yo‘lga qo‘yishga tayyor bo‘lgan o‘nlab yoshlar ishtirok etdi.

Raqamli xizmatlar rivojlanib borgani sayin biznesni rasman ro‘yxatdan o‘tkazish va yuritish majburiy tus olmoqda. Xususan, Uzum Market infratuzilmasidan foydalanish, xususiy biznesni rivojlantirish hamda butun mamlakat bo‘ylab tovar/xizmatlarni sotish yoki xaridorlarga Uzum Nasiya yordamida bo‘lib to‘lash evaziga sotib olish imkoniyatini berish uchun tadbirkor yoki yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tish zarur.

Biroq umuman raqamlashtirish va xususan milliy raqamli ekotizimni rivojlantirish tadbirkorlar uchun kirish chegarasini pasaytirgan holda, biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish va yuritish jarayonini ancha osonlashtirmoqda. Masalan, hisobraqamni bankka bormasdan ochish, barcha to‘lov va sotuvlarni esa butun respublikadagi tajribali va boshlayotgan tadbirkorlar onlayn rejimda boshqarishlari mumkin. Uzum Business xizmatini rivojlantirish doirasida opsiyalar yanada ko‘payadi, demak tadbirkor biznesni rivojlantirishga ko‘proq e’tibor qaratishi mumkin.

Hozir hukumatimiz tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlariga trillionlab so‘m mablag‘ ajratmoqda, ammo odamlarga o‘z ishini yuritishi uchun infratuzilma, bilim va qulay vositalarni taqdim etish ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Moliya va bank sektorlaridagi o‘zgarishlar

Mamlakatda moliyaviy xizmatlar va to‘lov tizimlari faol o‘sishi, shuningdek chet ellik investorlar jalb qilinishi doirasida tartibga soluvchining roli ham kuchaydi. Markaziy bankning yaxshi o‘ylangan va tizimli siyosati – xalqaro investitsiya jamg‘armalari uchun muhim omillardan biri.

O‘zbekiston bugun – professional va ijodiy salohiyatni ro‘yobga chiqarish uchun eng ma’qul maskan
Uzum Academy barcha hududlardagi yoshlarga IT-kasbni egallashda yordam beradi

Xususan, 2023-yil davomida Markaziy bank tomonidan banklarning ustav kapitaliga qo‘yilgan talablarni kuchaytirilib, to‘lov tashkilotlari tomonidan xalqaro o‘tkazmalar amalga oshirilishi va banklar tomonidan kreditlar taqdim etilishiga cheklovlar belgilandi, shuningdek valyuta operatsiyalari o‘tkazilishi ustidan nazorat kuchaytirildi. Bu choralarning barchasi u yoki bu nuqtai nazardan mamlakat moliya tizimining barqarorligini ta’minlash hamda qonunchilik talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishga qaratilgan.

Qayd etish kerakki, Markaziy bank va boshqa banklar oldida moliyaviy vositalarni ommalashtirish va aholining moliyaviy savodxonligini oshirish yuzasidan ulkan ishlarni amalga oshirish vazifasi mavjud. Mamlakatda kredit va qarzlarning katta ulushi hamon qarindoshlar, do’stlar yoki tanishlardagi naqd pullar ishtirokida amalga oshiriladi, bu borada o‘zbekistonliklarga bo‘lib to‘lash, kredit, omonatlardan foydalanish asoslarini, jumladan qulay xizmatlarni rivojlantirgan holda, o‘rgatish mamlakatdagi fintex va bank sohalari uchun muhim o‘rin tutadi.

Ta’lim loyihalarini rivojlantirish va One million uzbek coders

2023-yil davomida Uzum Academy sotuvchilari uchun mo‘ljallangan ta’lim dasturi doirasida biz 2000dan ortiq mahalliy tadbirkorlarni marketpleysda biznes va soliq hisobini yuritish asoslari, markirovkalash bilan ishlashga o‘rgatdik.

Uzum Market milliy marketpleysi yuzaga kelib, o‘sganidan keyin sotuvchilar uchun, jumladan platformamizda muvaffaqiyatli biznes qurgan odamlardan ko‘plab ta’lim dasturlari ochildi. Biz ta’lim loyihalarini faol qo‘llab-quvvatlaymiz, bunda ish boshlayotgan tadbirkor qanday dasturni tanlashi muhim emas – shunchaki mamlakat aholisiga bilim olish imkoniyatini ta’minlash muhim.

“O‘zbekiston-2030” strategiyasida tilga olingan yana bir muhim yo‘nalish – IT-sohani rivojlantirish hamda dasturiy ta’minot yaratish sohasida 300 ming yoshlarning bandligini ta’minlashdir. Hozirda mamlakat mehnat bozorida IT bilan bog‘liq turli mutaxassislarga katta ehtiyoj mavjud va mazkur vazifani hal qilishning eng samarali yo‘li – universitetlar va raqamli mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi kompaniyalar o‘rtasida hamkorlikni tashkil etishdan iborat. Faqat shu yo‘l bilan yosh mutaxassislar ham nazariy tayanch bilimiga, ham ish boshlash uchun muhim amaliy tajribaga ega bo‘lishlari mumkin.

  • Hukumat prognoziga ko’ra, 2023-yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 5,6 foizga o‘sadi
  • Uzum infratuzilmani rivojlantirish va mahsulotlarni yo‘lga qo‘yish uchun yetakchi xalqaro jamg‘armalardan 300 mln dollar jalb qiladi
  • Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilning 3-choragida mamlakat yalpi ichki mahsulotida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik ulushi 51 foizga o‘sgan
  • Mamlakatdagi >2000 tadbirkor Uzum Academy sotuvchilar uchun ta’lim dasturida o‘qishni bitirdilar

O‘zbekistonda bu yo‘nalishda qator muvaffaqiyatli loyihalar, jumladan IT Park University mavjud bo‘lib, 2023-yilda bu ro‘yxatni amaliyotchi-o‘qituvchilar va ekotizim kompaniyalaridan tyutorlar rahbarligi ostida ko‘p talab qilingan mutaxassisliklarni egallash mumkin bo‘lgan Uzum IT-akademiyasi ham to‘ldirdi.

Bugun mamlakatimizda ta’lim sohasida haqiqiy inqilob kuzatilmoqda va shu tariqa kichik biznes, IT-soha va startaplar yanada o‘sishi uchun zarur zamin yaratilmoqda.

Xalqaro hamkorlikni faollashtirish

2023-yil davomida hukumatimiz va yirik milliy kompaniyalarning izchil faoliyati samarasi o‘laroq O‘zbekiston jahon maydonida o‘z pozitsiyalarini sezilarli darajada kuchaytirdi. Arab va Yevropa davlatlari bilan aloqalarning mustahkamlanishi, o‘zbek-turk hamkorligining kuchayishi, MDH davlatlari bilan yangi qo‘shma loyihalar – bularning bari mamlakatga kelgusida o‘sish uchun zarur manbalarni olish imkonini berib, sanoatni rivojlantirish va investitsiyalarni jalb qilishga jiddiy turtki beradi. Masalan, noyabr oyida Saudiya Arabistoni delegatsiyasining O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida 12 mlrd dollarlik loyihalarni amalga oshirish yuzasidan bitimlar imzolandi.

Biroq, men mamlakatimizning faqat iqtisodiy emas, balki jahondagi madaniy ta’siriga ham e’tibor qaratishni istardim: 2023-yilda O‘zbekistonning boy madaniyati va hamyurtlarimizning iste’dodidan faxrlanish uchun qator sabablar guvohiga aylandik.

O‘zbekiston bugun – professional va ijodiy salohiyatni ro‘yobga chiqarish uchun eng ma’qul maskan
2023-yil Parijda O‘zbekistonning madaniy merosiga bag‘ishlangan katta ko‘rgazma ochildi

Luvrda mamlakatimiz tarixiga bag‘ishlangan ekspozitsiya taqdim etildi. Bizning ko‘magimiz ostida va Visa xalqaro to‘lov tizimi ishtirokida o‘zbekistonlik dizaynerlar Parijda o‘tkazilgan Grand Fashion Week doirasida o‘z to‘plamlarini namoyish etdilar. BDKI Toshkentdagi filiali talabasi Gulnara Ivanovaning Stivet King asari asosida suratga olingan filmi bir qancha xalqaro tanlovlar sovrindoriga aylandi.

Mamlakatimiz uchun muhim hodisalar va tendensiyalar ro‘yxatini yakunlar ekanman, quyidagilarni ta’kidlashni istardim: O‘zbekiston bugun – biznesni rivojlantirish hamda professional va ijodiy salohiyatni amalga oshirish uchun, ehtimol, eng yaxshi maskanlardan biri. Ishonchim komilki, 2024-yilda bizda g‘ururlanish uchun yutuqlar va sabablar yanada ko‘proq bo‘ladi, Uzum esa milliy raqamli ekotizim sifatida O‘zbekiston dunyodagi yetakchi texnologik mamlakatlar xaritasidan o‘rin olishi uchun o‘z hissasini qo‘shadi.

Hamkorlik yangiliklari