Fermer xo‘jaligi haqida o‘ylaydigan bo‘lsak tasavvurimizda katta ehtimol bilan dalalar, hosilni yig‘ib olayotgan traktorlar va odamlar yuzaga keladi. Biroq, 2024-yilda rivojlangan qishloq xo‘jaligi ko‘proq hosil sifati va miqdori ustida sun’iy ong, dronlar va robotlar ish olib boradigan olimlar laboratoriyasi yoki fazoviy stansiyani eslatadi. Turli mamlakatlarda hosilni oshirish va xarajatlarni qisqartirishga qanday yondashuvlar mavjudligi haqida hikoya qilamiz.
KATTA MA’LUMOTLAR
Qishloq xo‘jaligida o‘zgarishlarning birinchi va asosiy harakatga keltiruvchi kuchi – ma’lumotlardir. Fermerlar tuproq sifati, namlik darajasi, havo haroratiga doir ma’lumotlarni to‘plab, ulardan ishlab chiqarishni samarali boshqarish uchun foydalanadilar.
Aniq dehqonchilik (Precision Farming). Bu yo‘nalish qishloq xo‘jaligida asosiy innovatsiyalardan biriga aylandi. Bayer gigantining sho‘‘ba korxonasi hisoblangan AQShdagi Climate Corporation kompaniyasi tomonidan yaratilgan FieldView platformasi tuproq holati, iqlim sharoitlari va avvalgi hosillar bo‘yicha ma’lumotlarni tahlil qiladi. Fermerlar ushbu ma’lumotlar yordamida o‘g‘itlarni aniq taqsimlash, ekish ishlarini maqbullashtirish va hosil prognozlari bo‘yicha tavsiyalarga ega bo‘ladilar.
Natijada fermalarning unumdorligi 20-30 foizga oshadi, o‘g‘it va suvga xarajatlar esa sezilarli darajada pasayadi. Bundan tashqari, FieldView fermerlarga real vaqt rejimida dalalar holatini monitoring qilish orqali ehtimoliy xatarlarning oldini olish va ob-havo o‘zgarishlariga munosabat bildirish imkonini beradi.
Mingdan ortiq gektar yerda bodom yetishtiruvchi Harris Woolf (AQSh) kompaniyasining egasi Jastin Morxedning aytishicha, avvallari kompaniya barcha dalalarni “an’anaviy tarzda” borib tekshirishga majbur bo‘lgan, endilikda esa mutaxassislar kompyuter ekranida har bir maydonning aniq suratini ko‘rishi mumkin va qarorlar ma’lumotlar asosida qabul qilinadi. Bunday texnologiyalar hozirda Lotin Amerikasi va Afrika mamlakatlarida faol qo‘llanilib, qurg‘oqchilikka moyil mintaqalarda barqaror hosil olishda yordam beradi.
GENOM ISHI VA GENETIK INJENERIYA
Genetikaga oid texnologiyalar ham qishloq xo‘jaligini o‘zgartirmoqda. CRISPR kabi genlarni tahrirlashning yangi usullari o‘simliklarning yangi navlari seleksiyasini sezilarli darajada tezlashtirish imkonini berdi. Avvallari ularni yaratishda 10-15 yil sarflangan bo‘lsa, endi bu jarayon ancha tezroq amalga oshiriladi.
Qurg‘oqchilikka chidamli ekinlar. Keniyada Biosciences eastern and central Africa-International Livestock Research Institute Hub (BecA-ILRI Hub) kompaniyasi makkajo‘xorining qurg‘oqchilikka chidamli yangi navlarini yaratish ustida faol ish olib boradi. DroughtTEGO deb nomlanuvchi ana shunday navlardan biri hattoki yomg‘ir uzoq vaqt bo‘lmagan davrda ham hosildorlik 30 foizga oshganini ko‘rsatdi. Makkajo‘xori va bug‘doyning bunday navlari fermerlar ko‘pincha qurg‘oqchilik va beqaror iqlim sharoitlariga duch keladigan Hindiston va Xitoyda ham ishlab chiqilmoqda.
Yuqori ozuqaviy qiymatga ega navlar. Turli mamlakatlardagi olimlarni birlashtiruvchi HarvestPlus xalqaro dasturi boshoqlilar va sabzavotlarning tarkibida yuqori miqdorda temir va tsink mavjud navlarini yaratish ustida ishlab keladi. Hindistonda fermerlar hozirdanoq tarkibida A vitamini yuqori miqdorda bo‘lgan kartoshkani yetishtirmoqda. Bu nav mamlakatda A vitamini tanqisliga qarshi kurashishda yordam beradi.
Afrikada tadqiqotchilar mahalliy manioka va batatning aholi uchun ozuqaviy qiymatini oshirish uchun temir va tsink bilan boyitilgan navlarini yaratishdi. Genetik injeneriya nafaqat hosildorlikni oshirish, balki oziq-ovqat mahsulotlari sifatini yaxshilashga ham yordam beradi. Bu ayniqsa nochorlik darajasi baland mamlakatlar uchun juda muhim.
ROBOTOTEXNIKA VA AVTOMATLASHTIRISH
Jarayonlarni avtomatlashtirish fermerlarga tezroq va samaraliroq ishlash imkonini beradi. Robotlar va avtomatlashtirilgan tizimlar ekish, sug‘orish va hosilni yig‘ish kabi vazifalarni o‘z zimmasiga olish orqali fermerlarga boshqaruv va strategik rejalashtirishga ko‘proq e’tibor qaratish imkonini beradi.
Robot-fermerlar. Fransiyadagi Naio Technologies kompaniyasi dalalarni qazish uchun robotlarni ishlab chiqaradi. Masalan, Dino roboti kuniga 15 gektargacha yerga ishlov berib, millimetrgacha aniqlikda ajriqlarni yo‘qotadi. Britaniyadagi Small Robot Company startapi esa sun’iy ong yordamida dalalarni o‘rganib, ajriqlar va kasalliklarni aniqlashtira oladigan Tom ismli robotni ishlab chiqdi. Tom dalani yuqori aniqlikda skaner qilib, ajriqlar xaritasini yaratadi, so‘ngra gerbitsidlarni faqat ajriqlarga nuqtali sepib chiqadi. Bu pestitsidlardan foydalanish darajasini 95 foizga kamaytirish va fermerlikda ekologik tozalikni sezilarli darajada oshirish imkonini beradi.
Aholining ish qobiliyati tobora kamayib borayotgan Yaponiyada ham robotlar o‘ziga ish topmoqda. Spread kompaniyasi tomonidan robotlar ekish va sug‘orishdan tortib yig‘ish va qadoqlashgacha bo‘lgan barcha operatsiyalarni bajaradigan salat yetishtirish bo‘yicha butunlay avtomatlashtirish fabrika yaratildi. Bu odamlarning minimal ishtirokida kuniga 30 000 gacha bog‘lam salatni ishlab chiqarish imkonini beradi.
Qishloq xo‘jaligida dronlar. Dronlar dalalarni monitoring qilish va o‘g‘itlarni kiritishda qo‘llaniladi. Xitoydagi XAG kompaniyasi 40 mingdan ortiq sepuvchi dronlarni sotishga ulgurdi. Ular sun’iy ong tizimi bilan uyg‘unlikda ishlaydi va fermerga o‘g‘it tashlashda 90 foizgacha suvni tejash imkonini beradi.
Avstraliyada fermerlar yaylovlarning holati va chorvaning ko‘chishini kuzatish uchun dronlardan faol foydalanadi. Dronlar yo‘qolgan hayvonlarni topishda va ularning salomatligini kuzatishda, shuningdek o‘t sifatini baholash va yaylovlar boshqaruvini maqbullashtirishda yordam beradi. Bu fermerlik maydonlari ulkan hududlarni qamrab olgan Avstraliyada alohida ahamiyatga ega.
AVTOMATLASHGAN ISSIQXONALAR VA VERTIKAL FERMALAR
Texnologiyalar nafaqat an’anaviy dehqonchilikni, balki ekinlarni nazorat ostidagi sharoitlarda yetishtirish usullarini ham o‘zgartirmoqda. Vertikal fermalar, gidroponika va akvaponika, avtomatlashgan issiqxonalar – bularning barchasi zamonaviy qishloq xo‘jaligidan chuqur o‘rin olgan bo‘lib, uni yanada samaraliroq qiladi.
Vertikal fermalar. Amerikaning Plenty kompaniyasi tomonidan barpo etiladigan vertikal fermalarda ekinlar ko‘p qavatli stellajlarda diodli lampalar ostida yetishtiriladi. Barcha jarayonlar avtomatika va sun’iy ong tomonidan boshqariladi, datchiklar esa har bir yarusdagi mikroiqlimni kuzatib turadi. Bu 95 foiz suvni tejagan holda yil davomida hosil olish imkonini beradi. Plenty kompaniyasining vertikal fermalari AQSh, Singapur va BAAda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, aholini sarhil sabzavotlar va ko‘katlar bilan ta’minlaydi.
Vertikal dehqonchilik bo‘yicha Amerikaning yana bir mashhur kompaniyasi – AeroFarms. Uning Nyu-Jersi shtatining Nbyuark shahridagi innovatsion fermasi atishi 7000 kv.m. maydonda yiliga 2 mln kilogramm salat ishlab chiqaradi. Avtomatlashtirilgan tizimlar barcha parametrlarni – yoritish va haroratdan tortib namlik va ozuqaviy eritmalarning tarkibigacha – hammasini boshqaradi. Ferma yil davomida ishlaydi hamda mahalliy do‘kon va restoranlarga yangi mahsulotni yetkazib beradi.
Avtomatlashgan issiqxonalar. Niderlandiyadagi Agro Innovation agroparki – avtomatlashtirilgan issiqxonalar, laboratoriyalar va gulxonalar ekotizimidir. Issiqxonalarda harorat va namlikdan tortib yoritish kuchigacha barchasi datchiklar, dronlar va robotlar yordamida nazorat qilinadi. Natijada an’anaviy fermalarga qaraganda bir kvadrat metrdan 3-4 martaga ko‘proq sabzavotlar olish mumkin. Golland fermalari ushbu texnologiyalardan pomidor, bodring, garmdori va Yevropaning barcha mamlakatlariga eksport qilinuvchi boshqa sabzavotlarni yetishtirish uchun foydalanadi.
BIOINJENERIYA VA MUQOBIL QISHLOQ XO‘JALIGI
Olimlar bioinjeneriya texnologiyalari yordamida madaniylashtirilgan go‘sht va hasharotlardan olinadigan protein kabi oqsil va yog‘larning innovatsion manbalarini, shuningdek yuqori ozuqaviy qiymatiga ega meva va sabzavotlarning boyitilgan navlarini yaratmoqda.
Hujayra go‘shti. Isroildagi Future Meat Technologies kompaniyasi madaniylashtirilgan hujayralardan laboratoriya go‘shtini yaratmoqda. Bunday mahsulot iste’molga butunlay tayyor bo‘lib, tarkibida 50 foizga kamroq to‘yingan yog‘larga ega bo‘ladi. 2023-yildan buyon Future Meat Technologies mahsuloti Singapur va Isroilning bir nechta restoranlarida sotiladi. Laboratoriya go‘shti shuningdek, AQSh, Niderlandiya va Yaponiyada ham ishlab chiqarilmoqda. Yaqin yillar ichida u ana’anaviy go‘sht o‘rnini bosuvchi ommaviy mahsulotga aylanishi mumkin.
Hasharotlar proteini. Isroildagi yana bir innovatsion kompaniya – Hargol FoodTech chigirtkadan oqsil ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Hasharotlar asosida tayyorlangan proteinli kukun va batonchalar – oddiy hayvon oqsilllariga barqaror muqobillikdir. Hargol FoodTech kompaniyasi o‘z mahsulotini Yevropa va Shimoliy Amerikaga yetkazib beradi hamda yaqin kelajakda Osiyo bozoriga chiqishni rejalashtirmoqda.
Aspire Food Group (AQSh) kompaniyasi chigirtkalardan oqsil ishlab chiqarish orqali soya va go‘sht oqsiliga nisbatan barqaror muqobil mahsulotni yaratmoqda. Mahsulot sportchilar va sog‘lom turmush tarziga amal qiluvchi odamlar orasida yaxshi ommalashgan.
Akvaponika va gidroponika. Bu ekinlarni tuproqsiz yetishtirish usullari. Gidroponika tizimlarida ekinlar ozuqa moddalarini quvurlarda aylanuvchi eritmalardan oladi. Akvaponika o‘zida gidroponika va akvamadaniyatni birlashtiradi: akvariumlarda ko‘paytiriluvchi baliqlar ajratib chiqaradigan organik moddalar ekinlarni oziqlantirish uchun qo‘llaniladi.
AQShning AeroFarms kompaniyasi suvdan an’anaviy dehqonchilikka nisbatan 95 foizga kamroq foydalangan holda, ko‘katlar va sabzavotlarni vertikal gidroponika tizimlarida yetishtiradi. Singapurda Sustenir Agriculture kompaniyasi tomonidan qurilgan akvaponika tizimida mahalliy bozor uchun baliqlar va sabzavotlar yetishtiriladi.
XULOSA O‘RNIDA
Qishloq xo‘jaligidagi innovatsiyalar fermerlik faoliyati usullaridan tashqari, global iqtisodiyotni ham o‘zgartirmoqda. Aniq ma’lumotlar, robototexnika, genetik injeneriya va muqobil qishloq xo‘jaligi o‘sib borayotgan aholi soni va o‘zgaruvchan iqlim da’vatlarini yenga oladigan yangi agrosektorni shakllantirmoqda. Texnologiyalar rivojlangani sayin qishloq xo‘jaligi tobora avtomatlashib va barqarorlashib boradi hamda oziq-ovqat mahsulotlarini atrof-muhitga kamroq ta’sir ko‘rsatgan holda ishlab chiqarish imkoniyatini oshiradi.