O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning poytaxtimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid strategik rejalaridan kelib chiqqan holda, Toshkent shahri Fitch xalqaro agentligi reytingiga qaytish va 2030 yilga borib, yashash uchun qulay bo‘lgan dunyoning eng yaxshi 50ta shahri qatoriga kirishga qaror qildi. Ushbu qadam shaharning nafaqat Fitch indekslarida, balki boshqa global baholash reytinglarda ham o‘z mavqeini yaxshilashga qaratilgan strategiyaning muhim elementiga aylanmoqda.
Shunday shart-sharoitlarda, 2023-yilning may oyida shahar hokimligi ta’sischiligida “Tashkent Invest Company” AJni tashkil etish to‘g‘risidagi qaror juda dadil va g‘ayrioddiy ko‘rinadi. Kompaniyaning maqsadi – investitsiyalarni jalb qilish va shahar xo‘jaligida strategik islohotlarni amalga oshirish uchun asosiy vositaga aylanishdir. Xalqaro va mahalliy investorlar bilan hamkorlik, ekologiya, shaharsozlik va raqamlashtirish sohasidagi loyihalarni amalga oshirish “Tashkent Invest” faoliyatining atigi bir necha yo‘nalishlari xolos.
Poytaxtimiz qanday qilib iqtisodiy rivojlanish va shaharsozlik taraqqiyoti markaziga aylanmoqchi ekanligi to‘g‘risida batafsil The Mag tahririyatining yangi materialida mutolaa qiling.
2023-yilda, “Tashkent Invest” kompaniyasining ishga tushirilishi bilan birga, Toshkent rivojlanishning yangi bosqichiga qadam qo‘ydi. Bunday qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 26-iyuldagi “Toshkent shahrini 2030-yilga qadar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan qabul qilindi. Mazkur qadam poytaxt aholisi va mehmonlari zamonaviy texnologiyalar va yuqori turmush sifatidan bahramand bo‘lishlari mumkin bo‘lgan muvozanatlangan va farovon shahar muhitini yaratishga qaratilgan ulkan strategiyaning bir qismi bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Rejalarga ko‘ra, 2030-yilga borib Toshkent “Economist Intelligence Unit” reytingiga binoan, yashash uchun eng qulay shaharlar 50taligiga kirishi lozim (hozirda esa u 157-o‘rinda), YaIM hajmini 500 trln so‘mgacha (178,9 trln so‘mdan) yetkazish ko‘zda tutilmoqda. Sanoat va xizmat ko‘rsatish sohasida 40 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish, sanoat, xizmat ko‘rsatish va turizm sohalarida eksport hajmini 7,5 milliard so‘mgacha oshirish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini kengaytirish va to‘liq modernizatsiya qilish rejalashtirilgan.
“Tashkent Invest” qanday tashkilot?
“Tashkent Invest” — bu shunchaki moliyaviy tashkilot emas. Bu shahar infratuzilmasining asosiy tarmoqlarini yaxshilashga qaratilgan o‘ziga xos investitsion katalizatordir. Toshkent shahar hokimiyati tashabbusi bilan tashkil etilgan va innovatsion strategiya bilan qo‘llab-quvvatlanuvchi mazkur kompaniya iqtisodiy barqaror bo‘lgan zamonaviy shaharni yaratish mas’uliyatini o‘z zimmasiga oldi.
“Har qanday poytaxt yoki megopolis — bu o‘zgarib turishi kerak bo‘lgan dinamik tirik organizmdir. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan belgilab berilgan sur’at, jiddiy sa’y-harakatlarni talab qiladi. Bunga qodir bo‘lgan shaharni rivojlantirish instituti sifatida “Tashkent Invest” tashkil etildi. Jamoat joylari va shahar parklarini yaratish, oqilona rivojlantirish, shahrimiz tumanlarini, jamoat transporti kompleksini, kommunal xo‘jalik, energetika, reklama biznesini rivojlantirish, shuningdek, shahardagi tibbiyot va sug‘urta, kommunal to‘lovlar tarmoqlarini raqamlashtirish loyihalarini amalga oshirish, ekologiyani asrab-avaylash, kanallar va qirg‘oqlarni obodonlashtirish, bozorlardagi shart-sharoitlarni “normallashtirish”, turistik va investitsion jozibadorlikni oshirish – bular “Tashkent Invest” rivojlantirishda ishtirok etayotgan yo‘nalishlarning bir qismigina xolos. Kompaniya, umuman olganda, har bir yo‘nalishga moslab maxsus loyiha kompaniyalarini yaratayotgan, o‘ziga xos boshqaruv xoldingiga aylanmoqda”, — deydi “Tashkent Invest Company” boshqaruv ma’muriyati rahbari Murat Barayev The Mag bilan suhbatda.
Kompaniya, shuningdek, Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi deb nomi o‘zgartirilayotgan shahar hokimiyati huzuridagi Tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘armasini ham boshqaradi. Jamg‘armaning asosiy vazifasi infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish, aholining kundalik hayotidagi kommunal va boshqa sohalardagi kechiktirib bo‘lmaydigan masalalarni tezkor hal etishdan iborat bo‘ladi. Jamg‘arma mablag‘lari davlat-xususiy sheriklik (DXSh) loyihalarini amalga oshirish, Toshkent shahri infratuzilmasini rivojlantirish bilan bog‘liq istiqbolli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, poytaxtning alohida hududlarini rivojlantirish va renovatsiya dasturlarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi. Jamg‘armaning vazifalariga qurilayotgan ob’ektlar uchun bosh reja, loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, iqtisodiy va ijtimoiy soha ob’ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va asbob-uskunalar bilan ta’minlash, shuningdek, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirishga oid ishlarni olib borish kiradi.
Boshqacha qilib aytganda, kompaniya zimmasiga davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishning yangi tizimini joriy etish, qurilish ishlarini muvofiqlashtirish, kommunal va shahar mulkini samarali boshqarish kabi vazifalar yuklatilgan. U keyinchalik xususiy investorlar bilan birgalikda amalga oshirish maqsadida ruxsat beruvchi hamda loyihaviy hujjatlar bilan birga “tayyor biznes” loyihalarini tayyorlash uchun mas’ul bo‘ladi.
“Tashkent Invest” poytaxt resurslaridan foydalanish huquqini boshqarish imkoniyatiga ega. Bu zamonaviy monetizatsiya imkoniyati bo‘lib, shu munosabat bilan, bizning vazifamiz biznesni yuklash emas, balki jarayonlarni optimallashtirishdir. Ma’lumki, hozirgi ko‘rinishda shahar boshqaruvi bu — murakkab jarayon. Hech kim unga o‘rgatmaydi. Shuning uchun bizning vazifamiz — xatolarni minimallashtirishdir”, – deydi Murat Barayev.
O‘sish nuqtalari
Kompaniyaga ishonib topshirilgan vakolatlar doirasi odatiy chegaralardan anchayin kengroq. “Tashkent Invest” infratuzilmani qayta qurishdan tortib transport islohotlarigacha, ekologik barqarorlikdan tortib raqamli transformatsiyagacha bo‘lgan asosiy yo‘nalishlarni rivojlantirish uchun javobgar sanaladi. “Tashkent Invest” boshchiligida innovatsion kelajak shahrini yaratish vazifasi qo‘yilgan yuqori professional mutaxassislar jamoasi shakllantirilmoqda.
“Ikki oylik ishimiz davomida biz 20 nafar mutaxassisni ishga jalb qildik, ularning roppa-rosa 50 foizini chet ellik mutaxassislar, shu jumladan Rossiya va MDH davlatlari fuqarolari tashkil etadi. Mutaxassislarni biz ham mahalliy, ham xalqaro miqyosda qidiramiz. Vazifamiz nafaqat “Tashkent Invest” jamoasini shakllantirish, balki mahalliy kadrlarni o‘qitish uchun platforma yaratish hamda ularga xorijlik mutaxassislar tajribalarini o‘rgatishdir. Shu bilan birga, ushbu tajriba g‘oyatda serqirra: biz ham mahalliy, ham xalqaro miqyosda davlat idoralari bilan ham, xususiy korxonalar bilan ham hamkorlik qilamiz. Biz universal mutaxassislarni tayyorlamoqdamiz”, – deydi kadrlar bo‘limi boshlig‘i Aliya Mingaliyeva.
Shahar infratuzilmasini rivojlantirishga oid vazifalarni yanada muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun “Tashkent Invest” jamiyati tizimida har biri maqsadli ishlarning amalga oshirilishi va belgilangan natijalarga erishishni ta’minlovchi rivojlanishning muayyan yo‘nalishi uchun javobgar bo‘lgan loyiha ofislari tashkil etilmoqda. Bu muayyan loyihalar doirasidagi sa’y-harakatlarni samarali muvofiqlashtirish va ularning muvaffaqiyatli tarzda amalga oshirilishini ta’minlash imkonini beradi.
Yashil shahar
Ekologik toza megapolisni yaratish yo‘lida “Tashkent Invest” nafaqat moliyaviy oqimlarni boshqaradi, balki poytaxtni toza havo va yashil hududlar vohasiga aylantirish bo‘yicha ulkan loyihalarni hayotga tadbiq etadi. Toshkent shahri aholisi va mehmonlari uchun shahar muhitini yanada qulay qilish maqsadida kompaniya istirohat bog‘lari, xiyobonlar va ko‘chalar qiyofasini faol ravishda qayta formatlamoqda, shuningdek, yashil hududlar sonini sezilarli darajada oshirmoqda.
“Biz asosiy e’tiborni ekologik biznes loyihalarni ishlab chiqishga qaratgan holda, 15 dan ortiq yo‘nalishni qamrab olmoqdamiz. Ikkilamchi xom-ashyolarni qayta ishlash, suv tozalash inshootlarini modernizatsiya qilish, kommunikatsiyalarni almashtirish va boshqalar muhim jabhalarga aylanmoqda. Kundalik takrorlanuvchi qatnovlar va tobora o‘sib borayotgan aglomeratsiya tufayli keskinlashib borayotgan ekologik muammo tizimli yondashuv orqali o‘z yechimini topmoqda”, — deya bo‘lishdi Murat Barayev.
Ushbu jarayonda suv resurslarini boshqarish muhim o‘rinni egallaydi. Favvorali purkagichdan tomchilatib sug‘orish usuliga o‘tish sug‘orish tizimini qayta ko‘rib chiqishning kichik bir qismidir. Ushbu jarayonda suv resurslarini boshqarish muhim o‘rinni egallaydi. Favvorali purkagichdan tomchilatib sug‘orish usuliga o‘tish sug‘orish tizimini qayta ko‘rib chiqishning kichik bir qismidir. “Istirohat bog‘lari, toza shahar, yashil hudud” loyiha ofisi rahbari Alisa Barannikovaning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya gullardan ko‘p yillik mavsumiy butalarga o‘tish va o‘ziga xos obodonlashtirish standartlarini yaratish orqali ko‘kalamzorlashtirishga bo‘lgan yondashuvini faol ravishda o‘zgartirib bormoqda.
Faoliyatning asosiy yo‘nalishlaridan biri shaharni jadal sur’atlarda ko‘kalamzorlashtirish bo‘lmoqda. Shahardagi daraxtlarning 80 foiziga kasallik tahdid solayotgan va ularning hayoti xavf ostida bo‘lgan sharoitda, “Tashkent Invest” yashil hududlarni ko‘paytirish choralarini ko‘rmoqda. Ekologiya sohasidagi talabalar, bitiruvchilar va yosh mutaxassislar ishtirokidagi loyiha ekologiyani yaxshilash va fuqarolar uchun qulaylik yaratishga qaratilgan strategiyaning ajralmas qismiga aylanmoqda. Shahar sharoitiga moslasha oladigan daraxtlarni tanlab olish bo‘yicha ekspert bazasini yaratish uchun Botanika bog‘i bilan hamkorlik qilish muhim qadam sanaladi.
“Bizning ishimiz faqat ko‘chat ekish bilan cheklanib qolmay, balki istirohat bog‘lari sonini ko‘paytirish va ularni aholiga yaqinroq bo‘lishi uchun shahar bo‘ylab oqilona taqsimlashga ham qaratilgan. Bunday strategiya nafaqat har bir fuqaroning farovonligini oshiradi, balki shaharning umumiy ekologiyasini yaxshilagan holda, havoning ifloslanish darajasini ham kamaytiradi”,— deb hisoblaydi Alisa Barannikova.
Infratuzilma loyihalari
Zamonaviy va innovatsion megapolisni yaratish yo‘lidagi yana bir muhim yo‘nalish – bu “aqlli” shaharsozlik tamoyillarini joriy etishdir. Shu munosabat bilan, kompaniyaning maqsadi qurilishni yagona yondashuvdan foydalangan holda muvofiqlashtirish va, shu bilan birga, qurilish hajmiga moslashtirilgan yo‘l infratuzilmasini kengaytirishdan iborat.
“Jamoamiz turli mamlakatlarning yetakchi mutaxassislari tajribasidan foydalangan holda, transport kompleksini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqdi. Beshyog‘och maydonini rekonstruksiya qilish, obodonlashtirish va yo‘l harakatni tartibga solish bo‘yicha sinov loyihalari – “aqlli shahar”ni yaratishga yo‘naltirilgan ishlarning kichik bir qismi, xolos”, – deya tushuntirdi “Tashkent Invest” kompaniyasi boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Aleksandr Gurko.
Nafaqat yo‘l harakatini qayta ko‘rib chiqish, balki shahar infratuzilmasiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish ham muhim bosqich sanaladi. Toshkent shahri yo‘llarida namlikni o‘ziga singdiruvchi va, shu bilan birga, yorilib ketmaydigan yangi qoplama paydo bo‘ladi. Shunday qilib, yo‘l qoplamasi harorat o‘zgarishiga va iqlim o‘zgarishiga nisbatan ancha chidamli bo‘ladi.
Shaharni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishi yo‘l infratuzilmasi va YHTM – Yo‘l harakatini tashkil qilish markazi (Dubay, Moskva, Bokudagi RTAga o‘xshash) bilan birgalikda amalga oshiriladigan zamonaviy menedjment, shahar transportini boshqarish bo‘yicha yagona markazni yaratish, shuningdek, yo‘l harakatini boshqarishning barcha tizimlarini birlashtirish, jamoat transporti (shu jumladan taksilar) va elektromobillar ustidan nazorat o‘rnatish va uni amalga oshirish bo‘lmoqda. Aqlli svetoforlar, boshqariladigan piyodalar o‘tish joylari va boshqa infratuzilma elementlarini yaratish loyihalari nafaqat zamonaviy texnologiyalar, balki odamlarni shaxsiy transportdan jamoat transportiga “o‘tkazish” vositasi hamdir.
“Taraqqiyot strategiyamizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri – bu mikromobillikdir. Odamlar besh kilometrgacha bo‘lgan masofada mustaqil harakatlana olish imkoniga ega bo‘lishlari kerak. Buning uchun biz velosiped to‘xtash joylari va aqlli bekatlarni yaratmoqdamiz. Yana bir yangilik – MaaS (Mobility as a service) tipidagi ilova, u insonga kerakli yo‘nalishni “kaftida” yaratishga va o‘ziga ma’qul transport turini (samokat, velosiped, metro, taksi) tanlashga yordam beradi. Bitta chipta xarid qilib, butun yo‘nalishni bosib o‘tasiz”, — deb tushuntirdi Murat Barayev.
Biroq, ish faqatgina transport infratuzilmasi bilan cheklanib qolmaydi. Raqamlashtirish doirasida kommunal xizmatlar uchun yagona hisob-kitob markazini yaratish, munitsipalitetlar (o‘zini-o‘zi boshqarish organlari) faoliyatini avtomatlashtirish va loyihalarni yanada samarali boshqarish rejalashtirilmoqda. Kompaniya munitsipalitetlarni xarid qilish va kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni qayta ishlashni boshqarish uchun yagona platforma yaratishga intilmoqda.
“Tashkent Invest” kompaniyasi rahbarligida shaharda soliq solishning gibrid shakliga ega sanoat zonasini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu poytaxtning markazida joylashgan ishlab chiqarish korxonalarini chekka hududlarga ko‘chirishga yordam beradi. Barcha zarur shart-sharoitlar yaratilib, aloqa liniyalari yotqiziladi.
“Bu yer resurslaridan yanada oqilona foydalanish usulidir. Mavjud ishlab chiqarish korxonalari sanoat zonalariga jalb qilinib, imtiyozli shartlarda besh yil va undan ortiq muddatga ijaraga beriladi. Shahar markazidagi bo‘shatilgan hududlarda biz yer egalariga yangi loyihalar – o‘quv binolari, ofislar, savdo markazlari va hokazolarni yaratish imkoniyatini beramiz”, — deydi “Tashkent Invest Company” boshqaruv ma’muriyati rahbari.
Ushbu yo‘nalishdagi kompaniyaning vazifasi – biznes uchun qulay bo‘lgan shart-sharoitlarni yaratishdir. Shu jumladan, “kulrang” zonadan “oq” zonaga chiqishga ko‘maklashish va shu bilan soliq tushumlarini oshirish. Qolaversa, jarayonlarni xususiy sektor uchun ham, davlat uchun ham foydali bo‘ladigan tarzda yo‘lga qo‘yish.
Ko‘rinib turibdiki, “Tashkent Invest” poytaxtni innovatsion o‘sish markaziga aylantirgan holda, ulkan shaharsozlik strategiyasini amalga oshirishda asosiy ishtirokchiga aylanmoqda. Turli soha mutaxassislarini o‘z qanoti ostida to‘plagan kompaniya, shunga qaramay, hamisha dadil va muvaffaqiyatli nomzodlarni kutib qoladi. Shubhasiz, “Tashkent Invest” shahar kelajagiga sezilarli ta’sir ko‘rsatib, uni nafaqat madaniyat va tarix markaziga, balki zamonaviy progressiv megapolis namunasiga aylantiradi.