BlackBerry telefonlarini ishlab chiqishga mas’ul bo‘lgan Kanadaning Research in Motion (RIM) kompaniyasi 1984-yilda Mayk Lazaridis va uning Vaterloo universitetidagi kursdoshlari asos solingan – ularning barchasi startap uchun o‘qishni tashlashgan. Kelib chiqishi grek bo‘lgan Lazaridislar oilasi Turkiyadan AQSh ga ko‘chib o‘tishgan. Mayk bolalik chog‘laridan elektronikaga qiziqdi: maktab o‘quvchisi bo‘la turib, qo‘shnilarning buzuq televizorlarini tuzatardi.
Lazaridis deyarli har qanday qurilmani nafaqat tuzata olardi, balki takomillashtirishni ham osonlikcha uddalar edi, va shunga qaramay, uning orzusi IT sohasidagi ishni telekommunikatsiyalar bilan birlashtirish edi. U har doim maktab o‘qituvchisi va ustozining so‘zlarini esladi: “Kelajak kompyuter va mobil telefonlar bilan “do‘stlasha” oladigan va ular o‘rtasida ma’lumot almashishni yo‘lga qo‘ya oladiganlar qo‘lida”.
Agar boshqa bir ambitsiyali odam – Jim Bolsilli e’tibor bermaganida, ehtimol kompaniya noma’lumligicha qolar edi. U bolaligidanoq takabburlik bilan chegaradosh bo‘lgan qat’iyatliligi bilan ajralib turardi. Uning hayotda juda aniq maqsadlari ham bor edi: Ontariodagi nufuzli Trinity kollejiga o‘qishga kirish, keyin Goldman & Sachs kompaniyasida ishlash va nihoyat Garvardga kirish. Hech kim bilan chiqisha olmaydigan va shiddatli Bolsilli tezda “Bolls” (po‘lat tuxum) laqabini oldi.
U ko‘pincha o‘zining sevimli kitobi “Urush san’ati” dagi tamoyillardan foydalangan, unda xayoliy dushmanni doimiy keskinlik va sarosimada ushlab turish tavsiya etiladi. Va barcha maqsadlariga erishgach, Bolsilli to‘satdan atrofidagilar uchun faoliyat yo‘nalishini o‘zgartirdi va Uoll-stritda ishlash o‘rniga Sunderland & Schultz kompyuter kompaniyasiga ishga kirdi.
Biroq, rahbariyatning o‘zgarishi natijasida Bolsilli ishsiz qoldi (yangi rahbarga uning biznes yuritish uslubi yoqmas edi) va o‘shanda u bir necha yil oldin ularning kompaniyasi bilan hamkorlik qilgan istiqbolli yosh RIM startapi asoschilarini esladi. Va ularga hamkorlik qilishni taklif qildi.
Lazaridisning qarindoshlari va hamkasblari o‘z shubhalarini bildirdilar, ularga Bolsilli haqiqiy nahang bo‘lib tuyuldi. “Balki, bizga aynan nahang kerakdir”, – deb falsafiy javob berdi Lazaridis. Texnologiyalar bozoridagi vaziyat haqiqatan ham kichik kompaniyalar uchun noqulay edi, chunki unda adolatsiz raqobat va aldovlar avj olgandi.
RIM allaqachon ularni kasodga uchratishiga oz qolgan yirik raqobatchisi – US Robotics kompaniyasining qurboniga aylanib ulgurgandi. Bu kompaniya 16 million dollarlik modemlarga buyurtma berib, so‘ngra yolg‘on bahonalar bilan ularni olishdan bosh tortgan. Ularning asosiy buyurtmachilari bo‘lgan Mobitex kompaniyasi ham ular bilan hamkorlikni davom ettirishga ikkilanib qolishgan edi. Ehtimol, aynan mana shunday vaziyatlar uchun ham Bolsilli kabi nafaqat qat’iyatli, balki tahdid soluvchi hamda ta’sir o‘tkazuvchi “nahang mutaxassis” kerak edi.
“BlackBerry bizni jadallashtirdi va ishimizni samaraliroq qildi, shu bilan birga bizni yengil nevrozga olib keldi”
Mobitex bilan hamkorlikni davom ettirish uchun zudlik bilan noyob mahsulotni o‘ylab topish kerak edi. Raqobatchilar hanuzgacha hech narsaga erisha olishmayotgan edi: IBM telefoni qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirishi, fakslar va xatlarni qabul qilishi mumkin edi, lekin bu foydalanuvchilar uchun juda murakkab bo‘lib chiqdi, Motorola qurilmasi faqat siyqasi chiqqan iboralar bilan xabarlarga javob bera olardi, Nokia 9000 proto-smartfoni esa naqd 800 dollar turardi. Taqdirning hazili bilan o‘sha paytdagi eng muvaffaqiyatli gadjet RIM US Robotics kompaniyasini chuv tushirganlar tomonidan yaratilgandi: ularning Palm Pilot telefonidan foydalanish oson, klaviaturasi bor va faqatgina simsiz tarmoqqa ulana olmas edi.
Bir nechta muvaffaqiyatsiz prototiplardan so‘ng, u Lazaridis bir narsani tushunib yetdi: telefonni shaxsiy kompyuterni takrorlaydigan qo‘shimcha funksiyalar bilan murakkablashtirish emas, balki uni soddalashtirish va qulayroq qilish kerak edi. Shunday qilib BlackBerry’ning “Leapfrog” deb nomlangan prototipi yaratildi, u kuchli akkumulyator va ergonomik klaviaturaga ega bo‘lgan kichik qurilma bo‘lib, uning yordamida bosh barmoqlar bilan matn va raqamlarni terish mumkin edi.
Mobitex uchun taqdimot barbod bo‘lishiga sal qoldi: nutq oldidan Lazaridis namoyish etiluvchi qurilmani mashinada unutib qoldirganini angladi. Shunga qaramay muammo bartaraf etilgach, ushbu taqdimot muvaffaqiyatli bo‘lgani aniq bo‘ldi. Mijozlar qo‘lda ixcham joylashuvchi telefonni zavq bilan tomosha qilish uchun qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketdi.
Tez orada qurilmaga BlackBerry nomi berildi. Birinchidan, kichkina bo‘rtma klavishalar maymunjon rezavorini eslatardi, ikkinchidan esa, rezavorning nomi tez va oson talaffuz etilardi. Va ushbu qurulma bilan biznes uyushmalarning qiziqishini uyg‘otish vaqti kelganida esa Bolsillida allaqachon reja tayyor edi.
RIMning marketing xodimlari ofisdan chiqib, uylariga emas, balki odatda biznesmenlar to‘planadigan elita klublar, tennis kortlar va restoranlarga borishdi. Har bir xodimning qo‘lida yangi BlackBerry bor edi. Odamlar qiziqib, savollar berishni boshlaganlarida, ular brend nomi bilan emas, balki: “Men shunchaki pochtamni o‘qiyapman” iborasi bilan javob berishlari kerak edi. “Sarafan radio” juda yaxshi ishladi: barchada qo‘ng‘iroq qilish va Internetda muloqot qilish uchun qulay bo‘lgan telefon sotib olish istagi uyg‘ondi.
Keyingi bir necha yil davomida BlackBerry qurilmalari barcha yirik biznesmenlar va siyosatchilarning qo‘lidan joy oldi. Misol uchun, prezidentlik lavozimiga o‘tgach, o‘zining BlackBerry telefonidan aslo voz kechmasligini bildirgan: axir uning himoyalangan va xavfsiz shaxsiy aloqa kanali bor edi. O‘z navbatida Kim Kardashyan bir daqiqa ham telefonidan ayrilmasligini va uyida unutib qoldirishi mumkin bo‘lgan holatlar uchun unda naqd uchta BlackBerry gadjetlari borligini aytib maqtangan edi.
Oddiy foydalanuvchilar ham, ayniqsa bir kunda 24 soat aloqada bo‘lishni istagan o‘smirlar ham uni xush ko‘rishar edi. Brend Crackberry laqabi bilan ham ommalashdi – go‘yo u giyohvand modda kabi qaramlik uyg‘otardi.
“Signalni yo‘qotib: BlackBerry’ning hayratlanarli uchishi va qulashi tarixi” kitobining mualliflari Jek MakNish va Shon Silkoff shunday yozishgan edi: “BlackBerry nafaqat biznes olamini, balki bizning hayot tarzimizni ham o‘zgartirdi… Hamkasblarimiz, mijozlarimiz, oila a’zolarimiz va do‘stlarimiz bizni qayerdan bo‘lsa ham topa olishardi – buning uchun faqat simsiz signal u yerlarga yetib borsa bo‘ldi edi. Ishimiz endi faqat 9 dan 5 gacha emasdi – u endi aslo tugamaydigan bo‘ldi. Bu munosabatlarimizga ham tegishli – endi biz aslo yolg‘iz emasdik. BlackBerry bizni jadallashtirdi va ishimizni samaraliroq qildi, shu bilan birga bizni yengil nevrozga olib keldi”.
iPhone’ga yetib olish va oshib ketish
Qachon barchasi kutilganidek ketmadi? 2007 yilda Stiv Jobsning afsonaviy taqdimoti bo‘lib o‘tdi, u erda u birinchi iPhone modelini namoyish qildi. Jobs raqobatchilarni nomma nom, jumladan BlackBerry’ni ham tanqid qildi. Agar klaviaturani katta sensorli ekran bilan almashtira olsak, katta hajmli beso‘naqay klaviatura nima uchun kerak? O‘sha paytda RIM bu so‘zlarga hech qanday ahamiyat bermadi: Lazaridis foydalanuvchilarning hech qachon jismoniy klaviaturadan voz kechmasligiga ishonchi komil edi.
Keyingi ikki yil davomida, iPhone muvaffaqiyatiga qaramay, BlackBerry hali ham bozorda hukmronlik qildi. RIM rahbarlari, o‘z navbatida, bunga javoban iPhone’ning batareya quvvati zaif va elektron pochta xabarlarini qabul qilib bo‘lmasligini aytib, omma oldida masxara qila boshladilar. Lekin, albatta, ular raqobatchilarga eng yaxshi javob faqat kuchliroq smartfon bo‘lishi mumkinligini tushunishardi.
BlackBerry Storm brendning virtual klaviaturaga ega birinchi sensorli gadjetiga aylandi. U 2008-yilda iPhone’ga yetib olish va undan oshib ketish maqsadida chiqarildi. Afsuski, Storm’ni tarixdagi eng muvaffaqiyatsiz smartfon deb atashdi. Dastlabki sotuvlar muvaffaqiyatli bo‘lgandi, ammo foydalanuvchilar telefon ekraniga tegilganda juda uzoq “o‘ylayotganini” tezda aniqladilar.
Sotilgan million gadjetlarning deyarli barchasi ko‘plab shikoyatlar tufayli almashtirilishiga to‘g‘ri keldi va RIM 500 million dollardan ko‘proq zarar ko‘rdi. RIM xodimlari Bolsillini hamma narsada aybladilar: aynan u hali tayyor bo‘lmagan mahsulotni sotuvga chiqarishga shoshiltirdi (kompaniya xodimlari pichirlab uni Shit Storm – “axlat bo‘roni” deb atashardi).
IPad bilan raqobatlashishi kerak bo‘lgan Playbook planshetining chiqarilishi ham xuddi shunday muvaffaqiyatsiz bo‘ldi. Gadjetda ilovalar ancha kam edi va… hatto xatlarni qabul qilish va yuborish ham mumkin emas edi. Sensor ekranli yana bir smartfon – BlackBerry 10 ni chiqarishga urinish oxirgi tomchi bo‘ldi. Garchi u Storm’ga qaraganda ancha mukammalroq bo‘lgan bo‘lsa-da, sharhlar hafsalani pir qildi: ishlab chiquvchilar BlackBerry mahsulotlarini noyob qiluvchi barcha narsadan voz kechgan edilar.
Bolsilli vaziyatni saqlab qolishga qaror qilib, uyali aloqa operatorlarini odatdagi SMS tizimi o‘rniga BlackBerry tomonidan ishlab chiqilgan boshqa BBM tizimidan foydalanishga majbur qilmoqchi bo‘ldi. Bu g‘oya uyali aloqa operatorlariga ham, Bolsillining RIMdagi hamkorlariga ham yoqmadi – 2012 yilda u kompaniyani tark etib, u bilan barcha aloqalarni uzdi. Bir yil o‘tgach, Lazaridis ham cheksiz moliyaviy muammolardan charchagan holda kompaniyani tark etdi. Shu tariqa BlackBerry’ning bozordagi hukmronligi davri tugadi. Raqobatchilar ortidan quvish va yangi auditoriyani qo‘lga kiritish uchun muvaffaqiyatsiz urinishlar natijasida, brend hatto eng sodiq muxlislarni ham hafsalasini pir qilishga muvaffaq bo‘ldi.
2023-yilda esa unutilgan brend Silkoff va MakNish kitobi asosida BlackBerry yaratuvchilari haqidagi biografik filmning premyerasidan so‘ng yana jurnal sarlavhalarida paydo bo‘ldi. Mayk Lazaridisni Jey Barushel, Jim Bolsilli rolini Glenn Xauerton ijro etdi. E’tiborga loyiq jihati shuki, Bolsillining o‘zi, uning ismidagi personaj 95 foiz uydirma ekanligini aytgan, lekin baribir Xauertonni juda maqtagan va hatto filmni qo‘llab-quvvatlash uchun promo-intervyu ham bergan. Rejissyorlar hujjatli aniqlikka intilmagan bo‘lsalar ham, ular raqobat va shon-shuhrat ortidan quvishning telbanamo energiyasini tomoshabinlarga yetkazishga muvaffaq bo‘lishdi.