Flat Preloader Icon
Xuddi uydagidekXuddi uydagidek
09 Fevral 2024

Xuddi uydagidek

1. O‘ta tor tushunchalar

Kompaniyaning uchta asoschilari – Brayan Cheski, Jo Gebbia va Natan Blecharziklar tomnidan sevib aytiluvchi afsonaga ko‘ra, Airbnb g‘oyasi ularda 2007-yil San-Fransiskoda paydo bo‘lgan. Shaharda IT-dasturlovchilarining anjumani bo‘lib o‘tayotgan edi, shu sabab mehmonxonalarda joy yetishmasligi kuzatildi. Shunda universitetni bitirgan ikki talaba – Cheski va Gebbia o‘z kvartirasida bir nechta havoli to‘shak joylashtirishdi va 80$ evaziga tunab qolish va ertalabki nonushta taklif qilishdi. Ular bunday xizmatni AirBed&Breakfast deb nomalashdi va xuddi shu nomdagi saytni ishga tushirishdi.

Xuddi uydagidek
Dastlab Airbnb qoidalariga ko‘ra, uy egalari alohida karavot bilan ta’minlay olsalarda, mehmonlarga faqatgina havoli to‘shak taqdim qilishlari kerak edi

Hatto keyinchalik uy egalari haqiqiy karavot bilan ta’minlashga tayyor bo‘lsalar-da, xizmat qoidalarida aynan havoli to‘shak berilishi talab qilindi. Bunday xizmat odamlarga noodatiy bo‘lib tuyuldi: o‘rnatilgan qoidaga muvofiq bo‘lishi uchun, Cheski bir marta karavot berishni istagan uy egasiga, uning ustiga havoli to‘shak qo‘yilishi kerakligini tavsiya qildi. Vaqt o‘tib, uy egalaridan biri uyini butunligicha ijaraga bera olishi mumkinligini so‘rab qiziqdi. Cheski va Gebbia bunga rad javobini berishdi, chunki agar uy egasi uyda bo‘lmasa, unda kim mehmonga nonushta taklif qiladi? Bu kabi savollar AirBed&Breakfast biznesini o‘zgartirib yubordi: ular tufayli asoschilar loyihaning imkoniyatlari o‘ylaganlaridan ham ko‘p ekanligini tushunib yetishdi. Ular to‘shak va nonushtaga nisbatan talablarni soddalashtirdi, endi ular turar joyni butunligicha ijaraga berish opsiyasini kiritishdi va kompaniya nomini ham qisqartirishdi.

200 mln – yiliga shuncha turar-joy Airbnb orqali band qilinadi

2. Ilk raqobatchilar

Cheskining g‘oyasi yangilik emasdi: unga bobosi 1950-yillarda sayohat chog‘ida xuddi shu tarzda bir-birining uyida tunab qolishganini aytib bergan. Uy-joy qidirish saytlari (HomeAway, Vrbo) rivojlanayotgan va o‘sib borayotgan bozorda, birinchi navbatda, mulk egalari potentsial mijozlar bilan aloqalarni mustaqil ravishda boshqarishda o‘z mulklarini reklama qiladigan elektron e’lonlar taxtasi sifatida ishladilar. To‘lovlar bevosita sotuvchi va haridor o‘rtasida o‘tkazilar edi. Craigslist sayti xuddi shu tarzda ish olib borgan.

Xuddi uydagidek
craigslist.org sayti hanizgacha hech qanday dizaynsiz oddiy e’lonlar taxtasidek ko‘rinishga ega. Airbnb o‘zining ilk saytlaridan birida shunday yozgan edi: “Craigslist kabi, ammo undan yaxshiroq”

Keyinchalik paydo bo‘lgan Airbnb platformasi ulardan bir qancha farq qiladi. Uning interfeysi intuitiv ravishda tushunarli. Mijozlarning tanlovi yanada shaxsiy bo‘lib qoldi: veb-sayt uy egalarining profillarini va uy maydonining professional darajada tayyorlangan fotosuratlarini o‘z ichiga oladi. Tizim o‘zini o‘zi ta’minlaydi va to‘lovlar, xabarlar va mijozlarga xizmat ko‘rsatish kabi operatsiyalarning to‘liq spektrini taqdim etadi. U Silikon vodiysining yangi oltin davri ilg‘or texnologiyalari – arzon va kuchli bulutli ma’lumotlarni qayta ishlash vositalari, tezkor hisoblash imkoniyatlari, algoritmlar yordamida natijalarni qidirish va tanlashning yuqori darajasi asosida qurilgan. Ehtimol, Airbnb’ning undan oldingi paydo bo‘lgan xizmatlardan asosiy farqi, uning kurort maskanlari emas, balki katta shaharlar uchun mo‘ljallanganidadir.

3. Xavfsizlik muammolari

Dastlabki sarmoyadorlarni qo‘rqitgan sabablardan biri bu xavfsizlikka oid savol edi, axir begona insonni o‘z uyiga tunab qolishi uchun kiritish tavakkal ish edi, va bu ko‘ngilsizlik bilan tugashi ham mumkin. Eng boshidanoq kompaniya foydalaniladigan vositalar: shaxsiy profillar va mezbonlar va mehmonlarning fotosuratlari, tavsiyalar tizimi har qanday muammolarni oldini olishi kerak deb hisoblardi. Biroq, 2011-yil Airbnb ijarachilari EJ initsialli bir ayolning uyida uyishtirgan tartibsizliklari haqidagi voqea Internetni portlatdi, ular uy egasining qulflangan javonini buzib ochib, fotoapparat, kompyuter, qimmatbaho buyumlar va xujjatlarni o‘g‘irlashgan, kaminda buyumlarni yoqib, uyni qora tutunga to‘ldirishgan, va uy jihozlarini oqartirgich bilan rasvo qilishgan edi. Shundan so‘ng, Airbnb qoidalarida uy egasi uchun yetkazilgan zararni qoplab berish bandi kiritildi, tunu kun ishlaydigan “qaynoq liniya” yaratildi va mijozlarga xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar soni ko‘paytirildi.

Xuddi uydagidek
To‘rtta ijarachi Kanadaning Kalgari shahridagi uyni ijaraga olib, u yerga yuzga yaqin odam chaqirib, bazm uyushtirishgan, hamda butun uyni ag‘dar-to‘ntar qilishgan. Oqibatda Airbnb uy egalariga yetkazilga zarar uchun 75 000$ to‘lashgan

Yana bir shunga o‘xshash holat to‘rt yildan so‘ng Madridda sodir bo‘ldi. O‘n to‘qqiz yoshli yigit Airbnb saytida topilgan kvartirada xujumga uchradi. U o‘z onasiga SMS orqali xabar berishga ulgurdi, onasi kompaniyaning mijozlar bilan ishlash bo‘limiga qo‘ng‘iroq qildi, ammo unga javoban, kvartira manzili faqatgina Madrid politsiyasi tomonidan talab qilingandagina berilishi mumkinligini aytishdi. Shu bilan birga, ularning o‘zi ham politsiyaga murojaat qila olishmadi. EJ bilan bo‘lgan holatdagi kabi, bu voqea shov-shuvga aylanib, kompaniyaning mijozlar uchun xizmatning “teshiklari”ni aniqlashga sabab bo‘ldi. Airbnb shu zahotiyoq o‘z qoidalariga o‘zgartirish kiritdi: endi xodimlar favqulodda holatlarda politsiyaga murojaat qilishiga ruxsat berildi, foydalanuvchilarning profillarida ishonch raqamlarini joylashtirish imkoniyati paydo bo‘ldi, shuningdek, mijozlarning do‘stlari va oila a’zolarni o‘z yo‘nalishi haqida xabardor qilish tizimi soddalashtirildi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, bunday holatlar juda kam – atigi bir foizda uchraydi, biroq aynan ular Airbnb imijiga jiddiy zarar yetkazadi.

55% – Airbnb’da e’lon beruvchi uy egalari – bu ayollar (ikki milliondan ortiq). Platforma ma’lumotiga ko‘ra, COVID-19 pandemiya vaqtida dunyo bo‘yicha 180 ming ayol hech bo‘lmaganda bitta e’lon joylagan. Shundan buyon ular 600 mln dollardan ortiq daromadga erishdilar

4. Irqchilik

Airbnb uy egalari va mehmonlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarga moslashtirilgan yondashuvni qo‘llaydi. Shaxsiy profil va suratlar orqali o‘zaro ishonch darajasini oshirishga chaqirildi, biroq bular ham yoqimsiz oqibatlarga, masalan, diskriminatsiyaga olib kelishi mumkinligi aniqlandi. 2016-yil Airbnb bazasida tadqiqot o‘tkazildi va shu narsa aniqlandiki, “oqtanli bo‘lmagan” ismlar “oqtanli” ismlarga qaraganda uy egalari tomonidan rad etilish 16% ga ko‘p uchrab turar ekan.  Uy egasi bir ayolning terisi rangini ro‘kach qilib, rasistlarcha haqoratlash bilan rad javobini bergani oqibatida janjal kelib chiqdi.

Xuddi uydagidek
Blogerlar shov-shuv ko‘targach, Airbnb’dan janubiy plantatsiyalarda joylashgan sobiq qullarning kulbalari e’lonlarini olib tashlashdi

Airbnb shu zahotiyoq bunday irqchilikka yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidlab javob qildi. Kompaniya platformaning har bir foydalanuvchisidan jamoat qoidalariga yozma rozilik va irqchilikka qarshi siyosatga amal qilishni talab qildi. U yangi “ochiq eshiklar” qoidasini kiritdi, unga ko‘ra irqchilik asosida rad javobi olgan har bir mehmon Airbnb yoki boshqa qayerdadir turar-joy bilan ta’minlanadi. Kompaniya irqchilik bilan kurash bo‘linmasini tashkil etdi va tasdiqlashsiz darhol bron qilish imkoniyatini beruvchi e’lonlar sonini ko‘paytirdi. Bir necha yil o‘tgach esa, hatto janubiy plantatsiyalardagi sobiq qullarning kulbalarini turar joy sifatida taklif qilgan akkauntlarni butunlay blokirovka qildi.

5. Ko‘chmas mulk bozori

Kompaniyaning o‘sishi va xizmatdagi uy egalarining soni oshib borishi bilan yana bir muammo paydo bo‘ldi. Airbnb orqali xonadonlarni qisqa muddatga ijaraga qo‘yish, ularni “odatiy tarzda” ijarachilarga topshirishga qaraganda bir muncha samaraliroq ekanligi ma’lum bo‘ldi. Yangi uylardagi xonadonlar, va hatto uylar butunligicha kelajakda ularni platforma orqali ijaraga qo‘yish niyatida sotib olinadi. Bunda turar-joy topish muammosi vujudga keladi. Kompaniyaning raqiblari Airbnb ko‘chmas mulk bozoridan obyektlarni tortib olayotganini ta’kidlamoqda, bu esa uzoq muddatli ijara stavkalarining o‘sishiga bevosita ta’sir qiladi. Agar sayyohlarga berilgan ijara haqqidan haftasiga 2000 yevro ishlash va oddiy ijarachilarga berib oyiga 800 yevro ishlash imkoniyati o‘rtasida tanlov bo‘lsa, uy egalari albatta birinchi variantni tanlaydilar, yoki narxni ko‘taradilar. Barselonaning tarixiy markazida odatiy narxlarning o‘zgarishi tarixi shundan dalolat beradiki, sayyohlarning misli ko‘rilmagan oqimi tufayli uzoq muddatli ijara uchun kvartira topish deyarli imkonsiz bo‘lib qoldi va mavjudlarining narxi esa 30 foizga oshdi.

Xuddi uydagidek
Airbnb asoschisi Brayan Cheski Nyu-Yorkdagi reklama ekranida

Biroq, Airbnb mavjudligidan ko‘ra, ko‘plab omillar turar-joy tanqisligi va “osmon” narxlarga bevosita ta’sir qiladi. Misol uchun, hududlash qoidalari, qurilishning yuqori narxi, qat’iy yer qonunchiligi, boy xorij haridorlarining doimiy oqimi va katta shaharlarga intilishning ortishi undagi aholining yuqori darajaga yetishiga sabab bo‘lmoqda. Airbnb turizmni rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidlamoqda. Airbnb turar joylari odatda an’anaviy turistik hududlardan tashqarida joylashganligi sababli, sayyohlar pullarini ilgari bormagan joylarda qoldirishadi, bu esa, o‘z navbatida, mahalliy biznes va infratuzilmaning rivojlanishiga foydali ta’sir ko‘rsatadi. Biroq, kompaniya tashkil etilganidan beri mehmonxona biznesi lobbichilarining ko‘magida qisqa muddatli turar joylarni cheklashni xohlaydigan mahalliy qonunchilar bilan uzoq vaqtdan beri huquqiy kurashlarga duch kelmoqda. Jang ayniqsa, Nyu-Yorkdagi Airbnb’ning uchinchi yirik bozorida shiddatli kechdi.

6. Mehmonxonalar

Dastlab Marriott, Hilton, Holiday Inn kabi yirik o‘yinchilar Airbnb’ning ortayotgan mashhurligiga ahamiyat berishmadi va unda raqobatni payqashmadi. Qulay xona, xona xizmati, har doim yangi choyshab, tayyor nonushta va kutilmagan hodisalarning to‘liq yo‘qligi – xususiy uyda bunday darajadagi mehmonxona xizmatini taqdim etish mushkul. Mehmonxonachilar sayohatchilarning yillar davomida o‘zgarmagan tushunarli ehtiyojlarini qondirib kelishgan. Ammo Airbnb ning bir xil standart xonalardan charchagan yosh, sarguzashtlarga tayyor milleniallar orasidagi muvaffaqiyati mehmonxona sanoatini jiddiy raqobatchini tan olishga majbur qildi. 2015-yilda Marriott rahbari Airbnb mehmonxona biznesini o’zgartirayotganini aytdi.

Xuddi uydagidek
Venetsiya aholisi Airbnb’da kvartiralarni joylash maqsadida butun binolarni hech kim tartib saqlamaydigan mehmonxonalarga aylantirayotgan developerlarga qarshi norozilik bildirmoqda

Mehmonxonalarda Airbnb’da mavjud bo‘lmagan ko‘p narsalar, misol uchun, qabulxonadagi jamoat joyi; sizni kutib oluvchi xodim; qo‘shimcha ko‘rpa so‘rash yoki masalan, dush yoki muzlatgich ishlamayotganligi haqida xabar berish uchun qabulxonaga qo‘ng‘iroq qilish imkoniyati mavjud. Shu bilan birga, aksariyat mehmonxonalar qisqa muddatli joylashuv va noan’anaviy turar joy variantlarini taklif qilish, milleniallarga yoqadigan qulayliklar qo‘shish, maxsus xona dizayniga pul tikish va butik mehmonxonalar tajribasini o‘zlashtirish bilan tajriba o‘tkazishni boshladi. Airbnb mehmonxona biznesiga xavf tug‘dirmasligiga ishontirgan holda, an’anaviy mehmonxonalar biznesining bir qismiga da’vo qila boshlaydi. Misol uchun, sayt endi biznes sayohatlari va korporativ mijozlar uchun takliflar taqdim qiladi, bu segment an’anaviy ravishda mehmonxonachilarga ajoyib daromad keltiruvchi hisoblanadi.

7. Pandemiya

COVID-19 epidemiyasi barcha kompaniyalar ishiga, o‘zini o‘zi yakkalash rejimi va xalqaro yo‘lovchilarni tashishga ta’qiq esa sayohatchilarni qabul qilishga mo‘ljallangan kompaniyalarga, shu jumladan Airbnb’ga jiddiy zarar keltirdi.  2020-yilning mart oyida band qilish hajmi nafaqat nolga teng bo‘ldi, balki 4,1 mln salbiy qiymatni ko‘rsatdi (bu shuni anglatadiki, bir oy ichida yangi buyurtmalardan ko‘ra ko‘proq bekor qilishlar bo‘lgan). Biroq may oyidayoq ijobiy qiymat tiklandi (9 mln yangi band qilishlar).

Xalqaro sayyohlar hatto o‘zlari yetib borishi mumkin bo‘lgan mamlakatlarga ham sayohat qilishga shubha bilan qarashgan bo‘lsa-da, bir mamlakat ichida sayohat katta parvozni boshdan kechirayotgan edi. Brayan Cheski aytganidek, “yo‘nalishlarni qayta taqsimlash” sodir bo‘ldi. Odamlar samolyotlardan voz kechib, shaxsiy transport vositalarida sayohat qilish va sayyohlik joylari o‘rniga alohida joylashgan uylar va uzoq makonlarni tanlashdi. Eng muhimi, ular ishdan uzoq vaqt dam olishgani natijasida uzoq muddatli bandlik ko‘rsatkichlari sezilarli darajada oshdi (28 kun yoki undan ko‘proq). Bularning barchasi pandemiyaning avj olgan davrida sodir bo‘ldi.

Xuddi uydagidek
Airbnb’ning Kaliforniyadagi shtab-kvartirasi tomida joylashgan bilborddagi reklama. Bilborddagi matn: “Biz ham sayohatlarni qo‘msaymiz”

Bu Airbnb’ga oson bo‘lganini anglatmaydi. U hali ham talab va taklifni muvozanatlashi kerak edi. Agar odamlar mahalliy yo‘nalishlarni afzal ko‘rsalar, ushbu hududlarda takliflarni ko‘paytirishga, ko‘proq mezbonlarni jalb qilishga va ularni Airbnb’da o‘z mulklarini ro‘xatdan o‘tkazishga ko‘ndirishga e’tibor qaratishi lozim edi.

O‘zgaruvchan muhitga tez moslashgan kompaniya xarajatlarni ham tezda kamaytirdi. U marketing xarajatlarini qisqartirdi, ba’zi jasoratli kengaytirish g‘oyalarini to‘xtatdi, xodimlarining chorak qismini haq to‘lanmaydigan ta’tilga jo‘natdi va odamlar orasida vositalik qilish bo‘yicha asosiy biznesiga e’tibor qaratdi. 2020 yil oxiriga kelib esa, u deyarli pandemiyagacha bo‘lgan darajaga yetib, va hamon omon qolgan Booking va Expedia’ni ortda qoldirdi. Bundan tashqari, o‘sha yilning dekabr oyida kompaniya nihoyat birjada aksiyalarini joylashtirdi va 3,5 milliard dollar yig‘ishga muvaffaq bo‘ldi.

Rejalar

Platforma yaqinda Airbnb Rooms – uy egasi ham yashovchi uylardan alohida xona ijaraga olish va uy egalari bilan til topishishlari uchun ularning to‘liq shaxsiylashtirilgan profillari bilan yaqindan tanishish imkoniyatini taqdim etdi. Ushbu format kompaniya faoliyatining boshida, u hali AirBed&Breakfast deb atalgan paytda nazarda tutilgan edi. Cheski, shuningdek, mezbonlar va mehmonlar o‘rtasida kripto-to‘lovlarni joriy etish mumkinligiga ishora qilmoqda – bu fikr platformaning ko‘plab foydalanuvchilari tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Bir paytlar Airbnb’da dunyodagi eng kichik “uy” e’lon qilingan edi. Berlinda joylashgan bir kvadrat metrli suv o‘tkazmaydigan konstruksiya bir kishi uchun mo‘ljallangan. Ichiga karavot, stol va stul sig‘adi. Kuniga bir yevro evaziga g‘ildirakli uycha Yevropadagi eng arzon taklifga aylandi. Ijara shu qadar mashhur bo‘lib ketdiki, shunga o‘xshash “uy” Bostonda ham yasaldi va u ham Airbnb’da ham joylashtirildi.

Hamkorlik yangiliklari