Skip to main content

Rastalar, universal do‘konlar, pochta orqali yetkaziladigan kataloglar, ilk kassa apparatlari va sotuvchisiz peshtaxtalar: chakana savdoning qisqacha tarixi

Ko‘proq odam – ko‘proq mahsulot

Bizga ma’lum bo‘lgan zamonaviy savdoning tarixi XVIII asrda – Yevropada mislsiz demografik o‘sish yuz bergan davrda boshlangan: o‘shanda aholi sonining o‘sishi 45 foizni tashkil qilgan. 1800-yildan 1900-yilgacha jsa yevropaliklar soni 186dan 398 mln odamgacha yoki 2,1 baravarga o‘sgan.

Sotuvchilar barchaga xizmat ko‘rsatishga jismonan ulgura olmasdi. Bir vaqtning o‘zida tobora yangi bozorlar vujudga kela boshlagan: choy va chit, tayyor kiyim va poyabzal, sovun va kerosin ommaviy tovarlarga aylanib borgan.

Butun Yevropa bo‘ylab navbatlar yuzaga kelgan, ularda kuniga bir necha martadan kutishga to‘g‘ri kelgan: go‘sht do‘koni, boqqol do‘koni, sut, mayda-chuydalar, yana ko‘katlar sotuvchisi, keyin ip olish kerak… XIX asr boshiga kelib butunlay savdo rastalaridan tashkil topgan parallel ko‘chalarga yopiq o‘tish joylari – rastalar urfga kirgani hayratlanarli emas.

Tovarning yuzi

Parijdagi Qirollik saroyida yog‘och galereyalar, 1825

Dunyoning boshqa shaharlari ham ana shunday tartibsiz asosda yuzaga kela boshlagan fransuzcha savdo tor ko‘chalaridan nusxa ko‘chira boshlagan. Biroq, universal do‘konlar boshqa yangiliklar ketma-ketligida dastlabki haqiqiy “chakana savdo kashfiyoti”ga aylangan.

Tarixchilar mazkur savdo shaklini kim o‘ylab topgani ustida hozirgacha bosh qotiradilar, xususan Londondagi “Xerrods” (asoschi Genri Xerrod nomi sharafiga) hamda Aristid va Busikoning Parijdagi “Le Bon Marshe” do‘konlari o‘rtasida (ular muvofiq ravishda 1823 va 1838-yillarda paydo bo‘lgan) shiddatli bahs-munozaralar olib boriladi. Aslida, na Xerrod va na Busiko ilk kashshoflar bo‘lmagan: bunday savdo shakli Angliyaning Derbi shahrida 1734-yilda mavjud bo‘lgan (!).

Universal do‘konda mutlaqo hamma narsani topish mumkin edi – har holda muassasa egalari shunga intilgan. Yangi do‘konlar g‘ayrioddiy bezatilgan ulkan peshtaxtalari, cheklarni uzatish uchun mo‘ljallangan pnevmatik pochta yoki arqonli “arg‘imchoq” kabi xilma-xil noyobliklar (1880-yillarda ularning o‘rnini kassa apparatlari egallaydi va chekni chiroyli nikellangan mashinkada bosib chiqarish yorqin shou sifatida qabul qilina boshlaydi), aylanadigan eshiklar, lift va eskalatorlar (ular birinchi marta “Xerrods”da ishga tushirilganida jasur foydalanuvchilarga bunday “qahramonlik” evaziga asablarni tinchlantirish uchun brendi taklif qilingan) bilan ommani hayratga solgan. “Xerrods”da ilk choy ichish xonasi – hozirgi fast-fudlar muqobili paydo bo‘lgan.

Tovarning yuzi

Dastlabki universal do‘konlar tashkil etilgan davrda dunyo bo‘ylab pul tanqisligi kuzatilgan hamda Londondagi “Xerrods” singari savdo uylari juda katta miqdorda qarz mablag‘lari jalb etilishini talab qilgan. Biroq, XIX asrning ikkinchi yarmida vaziyat o‘zgargan. Aytish mumkinki, biznes sanoat inqilobi va mass-market vujudga kelishi samarasidan foydalish imkoniyatiga ega bo‘lgan – va universal do‘konlar faqat poytaxtlarda emas, balki chekka shaharlarda ham ko‘p sonda ochila boshlagan.

Shunga qaramay, chakana savdo hamon eng chekka hududlardagi aholigacha yetib bora olmasdi, bunday joylarda, hattoki katta shaharlar rivojlanishiga qaramay, aksariyat xaridorlar istiqomat qilgan va universal do‘konlar qurilishi shunchaki norentabel hisoblangan. Biroq, logistika jarayonlari ham bir joyda qotib turmagan.

Kataloglar orqali buyurtmalar

1830-yillarda Angliyada pochta xizmati o‘ta qimmat bo‘lgan (masalan, xat jo‘natish uchun 1,5 shilling to‘langan – bu oddiy ishchining kundalik maoshidan ko‘proq). Maktab o‘qituvchisi Roulend Xill temir yo‘l qurilishi sur’atlarini inobatga olgan holda, pochtaga ommaviy va hamyonbop tus berish mumkinligini anglab yetgan.

Tovarning yuzi

U pochta to‘lovi belgisi – markani o‘ylab topgan, ya’ni avvaldan puli to‘langan jo‘natmalarni kashf etgan (avvallari pochta uchun oluvchi haq to‘lar edi). Bu pochtani qayta ishlash jarayonini soddalashtirib, yetkazib berish qiymatini keskin – deyarli 18 baravarga pasaytirgan. Hajmlarning ko‘p miqdorda ortishi tannarxning keskin arzonlashishiga olib kelgan: islohotning birinchi yilidayoq pochta jo‘natmalari soni bir yilda 1,5 mln donadan 70 mln donagacha o‘sgan va bu o‘sish bir yarim yuz yillik davomida to‘xtamagan. 1860-yillarga kelib ingliz pochtasi dotatsiyaviy shakldan rentabelb shaklga o‘tgan va butun dunyo aynan shu modeldan nusxa ko‘chira boshlagan.

Pochta fenomenida savdoga oid foydani ko‘ra bilgan birinchi odam katalog orqali savdoni hamda buyurtma berilgan tovarlarni pochta orqali jo‘natishni tashkil qilgan tadbirkor Prays-Jons bo‘lgan. Bu juda muvaffaqiyatli faoliyatga aylangan. Prays-Jonsning xaridorlari orasida hattoki qirolicha Viktoriya va, masalan, undan yaqindagina ixtiro qilingan 70 ming uxlash qoplarini xarid qilgan Prussiya armiyasi bo‘lgan.

Bu voqeada yana bir qahramon bor – qo‘shni stansiyalardagi telegrafchilarga soatlarni sotgan chikagolik temir yo‘l xizmatchisi Richard Sirs. Bir kuni u telegraf o‘rniga xatlardan foydalanilsa, salohiyatli iste’molchilar doirasini sezilarli darajada kengaytirish mumkinligini anglab yetgan – bu xaridorlar geografiyasini kengaytirib, muloqotni arzonlashtirgan.

Tovarning yuzi

XX asrda tovarlarni “masofadan” ilgari surishning asosiy vositasi hisoblangan kataloglar

1886-yilda Sirs olti oy ichida o‘zining ilk 5 ming dollarini ishlab topgan – bu pullar, ehtimol dunyodagi eng katta, katalog bo‘yicha savdo qiluvchi kompaniya tarixida poydevorga aylangan. 1893-yilga kelib kompaniyaning pul aylanmasi 450 ming dollarni, atigi uch yildan keyin esa 700 ming dollarni tashkil qilgan.

Butun XX asr kataloglar tantanasi asriga aylandi: yangidan-yangi kompaniyalar tashkil topa boshladi, kataloglar xalqaro pochta yordamida nafaqat mamlakatlar, balki mintaqalarni ham zabt eta boshladi. Biroq, XXI asr kataloglar davrining intixosiga aylandi: tovarlarni yetkazib berish uchun aynan o‘sha pochta tarmog‘idan (yoki Roulend Xill tomonidan shakllantirilgan tamoyillar asosida xususiy tarmog‘ini yaratgan) hamda xaridorlar bilan muloqotning yanada tezkor usuli sifatida internetdan (pochta kataloglariga taqqoslaganda) foydalanuvchi kompaniyalar maydonga chiqdi.

O‘g‘rilarga qarshi kurash

Parallel ravishda “peshtaxta ortidagi” muammolar, ya’ni sotuvchilar bilan bog‘liq muammolar hal qilingan. Ularning orasida eng muhimi o‘g‘irlik bo‘lgan. Ishboshilar va sotuvchilar shunchaki do‘kon egalaridan tushumning bir qismini yashirgan, bunda “yashirishlar” ko‘lami ba’zida mislsiz hajmlarga yetgan va hattoki do‘kon egalarining bankrotligiga sabab bo‘lgan.

Barchasi kassa apparati ixtirochisi Jeyms Ritti o‘zi hech eplay olmagan ishini Jon Pattersonga sotgan 1882-yilda tez sur’atlarda o‘zgara boshlagan. Patterson kassa apparatlarini ishlab chiqarish va sotishni jahon miqyosidagi biznesga aylantirgan. Kassa apparatlari peshtaxtalar ortidan tovlamachi sotuvchilarni “yo‘qotib”, mijozlarga xizmat ko‘rsatish vaqtini ham qisqartirgan: kirim-chiqim kitobida yozuv kirishga qaraganda chek urish ancha tezroq edi.

Tovarning yuzi

Jon Ritti tomonidan yaratilgan dunyodagi ilk kassa apparati

Biroq, xizmat ko‘rsatish tezligiga (jumladan, tovarlarni hisobga olish) bog‘liq muammolarni juda uzoq – o‘ttiz yildan ortiq vaqt mobaynida yaratilgan shtrix-kod hal qilib berdi: avval texnika darajasi muammoga yechim topish imkonini bermagan, so‘ngra savdo konservatizmi to‘siqqa aylangan. Lekin, 1974-yilda IBM kompaniyasi hozirgi kungacha deyarli o‘zgarishsiz yetib kelgan yechimni taklif qilgan.

Divan ustidagi do‘konlar va sotuvchisiz peshtaxtalar

Radio ommaviy qiziqishga aylanib ulgurmasidan faqatgina reklamadan iborat dasturlar (DRR — Direct Response Radio) paydo bo‘lgan. Unda biron noyob va o‘ziga xos mahsulotlar maqtalgan. Xuddi shu holat televideniyeda ham yuz bergan, ya’ni DRTV — Direct Response TV shakli paydo bo‘lgan. Bu “Divan ustidagi do‘konga” o‘xshab ketadi.

Xaridorning yuragi (hamyoni)ga qisqa yo‘lni izlash davom etayotgan bir vaqtda Frenk Vulvort savdo sohasida haqiqiy inqilobchiga aylangan. Afsonaga ko‘ra, uning patologik uyatchanligi aynan shu “ixtiro” yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan ekan. Frenk yoshligida Pensilvaniyadagi kichik shaharchada joylashgan do‘konga sotuvchi bo‘lib ishga kirgan. Introvert Frenk xo‘jayinini yaxshigina jahlini chiqarardi. Oxir-oqibat do‘kon egasi xaridorlardan yashirinib oladigan sotuvchi uchun sinov o‘ylab topgan: ajoyib kunlarning birida Vulvort yolg‘iz savdo qilishi kerak edi.

Xo‘sh, bu qo‘rqoq, duduqlanuvchi yigitcha nima qilgan deb o‘ylasiz? U savdoni mijozlar bilan muloqotni minimal darajaga yetkazish shaklida tashkil qilgan: peshtaxtalarni olib tashlab, tovarlarni “tashqariga” chiqarib qo‘ygan va har biriga narxini yozib chiqqan. Omborda turib qolgan tovarlarni do‘kon o‘rtasidagi stol ustiga to‘kib, yoniga “Hammasi besh tsentdan” degan yozuvni joylagan.

Tovarning yuzi

Avvallari do‘kondagi tovarlar faqat sotuvchi orqasida bo‘lgan. Amerikalik Frenk Vulvort birinchi bo‘lib tovarni bevosita kirish joyida taxlagan va darhol tushumni yetti baravarga oshirgan

Bu tovarlar xaridorni “ko‘z qirida” baholagach, uning tashqi qiyofasiga mos narxni to‘lashni taklif qiladigan sotuvchining ortida turadigan joriy savdo shaklidan mutlaqo farq qilardi. Vulvort tajribasi natijasida bir kunlik tushum do‘konning bir haftalik aylanmasidan oshib ketgan.

O‘sha kun Vulvortni o‘zgartirib, unga ilhom bergan: u darhol do‘konni tark etib, beshta “besh tsentlik” do‘kondan iborat xususiy tarmog‘ini ochadi. Bu voqea 1886-yilda yuz bergan, keyingi asr boshlanishiga kelib bunday do‘konlar soni 59taga yetgan, kompaniya aylanmasi esa o‘sha davr uchun mislsiz 5 mln dollardan oshgan.

Aynan Vulvort narx ko‘rsatkichlari hamda tovarlarni peshtaxtalarda joylashtirish bo‘yicha butun bir fanni (joylashuv har ikki haftada o‘zgartirilgan: xaridorlar do‘konda “o‘z” tovarini izlayotganida yo‘l-yo‘lakay ularni qiziqtirishi mumkin bo‘lgan boshqa mahsulotlarni ko‘rib qolishlari mumkin edi) o‘ylab topgan. U sotuvchilar o‘rniga peshtaxtalar doim tovarlarga to‘la turishini nazorat qiladigan malakasiz xodimlarni yollagan; iste’molchilar talabini o‘rgangan holda, talabgir bo‘lmagan tovarlarning arzonlashtirilgan savdosini o‘tkazgan; vositachilardan voz kechib, faqat ishlab chiqaruvchilar bilan ishlagan.

1919-yilda Vulvort vafot etganida uning imperiyasi butun dunyo bo‘ylab tarqalgan bo‘lib, pul aylanmasi 65 mln dollarni tashkil qilgan. Vulvort o‘ylab topgan savdo shakli o‘sha davrda amalda bo‘lgan shakllar orasida eng keng ommalashgani hisoblangan. Shunga qaramay, faqatgina 1962-yilda Walmart asoschisi Sem Uolton Arkanzasda ulgurji narxlarga imkon qadar yaqin qiymatga ega birinchi do‘konni ishga tushirgan. Xaridor bu g‘oyani mamnuniyat bilan qabul qilgan va bugungi kunda Walmart pul aylanmasi bo‘yicha faqat internet-savdo “chempionlariga” yengilishi mumkin bo‘lgan sayyoradagi eng yirik savdo tarmog‘i hisoblanadi.

Tovarning yuzi

Amerikaning Olbani shahrida dunyodagi eng katta Walmart do‘koni

Bir qarashda, Amazon asoschilari Stefan Shambax, Jeff Bezos, eBay asoschisi Pyer Omidyar, “Alibaba”ning “otasi” Jek Ma, JD asoschisi Richard Lyu yoki “Wildberries” asoschilari er-xotin Bakalchuklar qanday “mahluqlarni” shakllantirayotganini anglaganiga hech qanday ishonch mavjud emas. Dastlabki internet-do‘konlar paydo bo‘lgan vaqtda tez orada internet-gigantlarning aylanmasi bo‘yicha dunyodagi eng yirik savdo tarmoqlaridan o‘zib keta olishi kimningdir hayoliga kelgani ehtimoldan yiroq. Biroq, bugun ko‘rib turganimizdek, so‘nggi o‘n yillik ichida, jumladan ko‘z o‘ngimizda aynan shu voqea yuz berdi. Hozirda oflayn-do‘konlar va marketpleyslar o‘rtasidagi farq faqat ortib bormoqda: masalan, Amazon kapitallashuvi 2022-yilda 1 trln dollardan oshdi, Walmart aylanmasi esa – 0,3 trln dollarni tashkil qildi.