Visa va Ipak Yuli Bank O‘zbekistonda She’s Next tashabbusi birinchi to‘lqinining g‘oliblarini aniqladi ⋆ TheMag
Flat Preloader Icon

Visa va Ipak Yuli Bank O‘zbekistonda She’s Next tashabbusi birinchi to‘lqinining g‘oliblarini aniqladi

Visa va Ipak Yuli Bank O‘zbekistonda She’s Next tashabbusi birinchi to‘lqinining g‘oliblarini aniqladi.

Toshkent shahrida Visa kompaniyasining Ipak Yuli Bank bilan hamkorlikda ayollar yetakchiligi va tadbirkorligini rivojlantirish maqsadida amalga oshirayotgan She’s Next, Empowered by Visa global tashabbusi birinchi to‘lqinining final bosqichi – She’s Next Pitch Day bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekistonda ilk bor joriy yilning aprel oyida yo‘lga qo‘yilgan ushbu tashabbus mamlakatimizning turli hududlaridan 5000 dan ortiq tadbirkor ayollarni birlashtirdi. Ro‘yxatdan o‘tgach, ishtirokchilar ta’lim bosqichiga yo‘llanma oldi. Ushbu bosqich doirasida ular tadbirkorlik, marketing, moliyaviy rejalashtirish va biznesni rivojlantirish yo‘nalishlarini video darslar shaklida o‘rgandilar hamda har bir moduldan so‘ng test topshirib, o‘z bilimlarini mustahkamladilar. O‘quv kursi yakunida ishtirokchilar o‘z biznes-rejalarini tayyorlab, ekspert komissiyasi ko‘rigiga taqdim etishdi.

photo_2026-08-24_20-13-58_20260824_172624

Biznes-rejalari ekspert komissiyasi tomonidan eng yuqori baholangan 30 nafar finalchi o‘z loyihalarini hakamlar hay’ati a’zolari oldida himoya qilish uchun Toshkentga taklif qilindi. Hakamlar hay’ati tarkibidan Visa kompaniyasi va Ipak Yuli Bank vakillari, shuningdek, biznes hamjamiyati yetakchilari o‘rin oldi.

photo_2026-08-24_20-14-01_20260824_172627

“Faoliyat yuritayotgan biznes”, “Ish boshlayotgan biznes” va “IT-biznes” yo‘nalishlaridagi yettita eng yaxshi loyiha mualliflari o‘z biznesini rivojlantirish uchun umumiy qiymati 22 000 AQSh dollari bo‘lgan pul grantlarini qo‘lga kiritdi.

Faoliyat yuritayotgan biznes:

  • Birinchi o‘rinni Maftuna Mutallibxo‘jayeva egallab, 6000$ miqdoridagi grantga ega bo‘ldi.
  • Ikkinchi o‘rinni Qodirova Nigoraxon egallab, 4000$ miqdoridagi grantga ega bo‘ldi.
  • Uchinchi o‘rinni Fatima Bazarbayeva egallab, 2000$ miqdoridagi grantga ega bo‘ldi.

Ish boshlayotgan biznes:

  • Birinchi o‘rinni Mohinur Oxnorova egallab, 4000$ miqdoridagi grantga ega bo‘ldi.
  • Ikkinchi o‘rinni Nargiza Mahmudova egallab, 2000$ miqdoridagi grantga ega bo‘ldi.
  • Uchinchi o‘rinni E’zoza Mirsaotova egallab, 1000$ miqdoridagi grantga ega bo‘ldi.

IT-biznes:

  • Sevinch Makhmudova g‘olib deb topilib, 3000$ miqdoridagi grantga ega bo‘ldi.

“Biz uchun She’s Next tashabbusi – bu avvalambor o‘z biznesini rivojlantirayotgan ayollarni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatidir. Har bir ishtirokchi tadbirkorning eng asosiy fazilatlaridan biri – ish boshlashga bo‘lgan jasoratga ega ekanligini allaqachon isbotlab bo‘ldi. Ishtirokchilarning g‘oyalari bilim, murabbiylik va ekspert ko‘magi tufayli istiqbolli biznes-loyihalarga aylanib borayotganini ko‘rishdan mamnunmiz. Ishonchim komilki, grantlar g‘oliblarga o‘z g‘oyalarini amalga oshirish, mavjud biznesini kengaytirish va eng ulkan rejalarini hayotga tatbiq etishga yordam beradi”, – deya ta’kidladi Visa kompaniyasining O‘zbekistondagi mintaqaviy menejeri Bexzod Abduraxmanov.

 “Biz barqaror o‘sish o‘z ishini rivojlantirishga tayyor bo‘lganlar uchun teng imkoniyatlar yaratishdan boshlanadi, deb qat’iy ishonamiz. “She’s Next” loyihasining birinchi to‘lqini O‘zbekistonda kuchli g‘oyalar va yuqori tadbirkorlik salohiyatiga ega minglab iqtidorli ayollar borligini tasdiqladi. Vazifamiz nafaqat moliyaviy vositalarni taqdim etish, balki bilim, murabbiylik va hamkorlikdagi qo‘llab-quvvatlash orqali bu g‘oyalarning muvaffaqiyatli biznesga aylanishiga yordam beradigan muhitni yaratishdan iborat. Aynan shuning uchun biz “She’s Next”ni uzoq muddatli ESG strategiyamizning bir qismi deb bilamiz va bu kabi tashabbuslarni rivojlantirishda davom etamiz”, – deya izoh berdi Ipak Yuli Bank boshqaruvi raisi (CEO) Umidjon Hakimov.

“Bugungi kunda texnologiyalar tadbirkor ayollarga o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish uchun misli ko‘rilmagan imkoniyatlarni bermoqda. Tizimli ish natijalari allaqachon global miqyosda ko‘zga tashlanmoqda: Coursera statistik ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston bu borada jahon yetakchisiga aylandi — mamlakatimizda generativ sun’iy intellekt kurslariga yozilganlarning 58,9 foizini xotin-qizlar tashkil etadi.

“She’s Next” dasturining hamkori sifatida biz ilg‘or raqamli tendensiyalarni ayollar tadbirkorligini amaliy qo‘llab-quvvatlash bilan birlashtirmoqdamiz. Maqsadimiz — startap asoschilariga o‘z loyihalariga sun’iy intellekt va innovatsiyalarni joriy etishga, ularning raqobatbardoshligini oshirishga hamda raqamli iqtisodiyot yetakchilarining kuchli hamjamiyatini shakllantirishga yordam berishdir”, dedi Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Kamola Sobirova.

Fotolar: Visa Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha matbuot xizmati

Интересные новости