Uztelecom dastlab yaratishni rejalashtirmagan yettita yechim va ularning barchasi qanday qilib bitta ekranda jamlangani haqida.
Yaqin-yaqingacha aloqa operatoriga beriladigan asosiy savol juda oddiy edi: internet qachon yaxshi ishlaydi? Bugun esa internet deyarli hammada bor, uning tezligi esa bir yil ichida bir yarim baravar oshdi. Bu masala kun tartibidan chiqdi. U bilan birga aloqa operatorining biz o‘rganib qolgan roli ham o‘zgara boshladi.
Eng qizig‘i esa endi boshlanadi. Yillar davomida aloqa xizmatlarini ko‘rsatib kelgan kompaniya endilikda elektromobillarni quvvatlamoqda, sug‘urta polislarini rasmiylashtirish va uyga santexnik chaqirish imkonini ham bermoqda. Yaqin vaqtgacha faqat balansni tekshirish uchun ochiladigan ilovada esa bu xizmatlarning barchasi bir joyga jamlandi. Biz shunday yettita yo‘nalishni sanab chiqdik va Uztelecom marketing departamenti direktori Jahongir Adilovdan bu o‘zgarishlar qanday yuz bergani hamda kompaniya faoliyatining chegarasi qayerdan o‘tishini so‘rashga qaror qildik.
«Elektr energiyasi ham bir paytlar mo‘jiza edi»
— Butun dunyoda telekommunikatsiya sohasi o‘sish imkoniyatlari chegarasiga yetib kelgandek ko‘rinadi. O‘sishga joy qolmagandek, tariflarga bosim kuchli, eng qiziqarli yangiliklar esa tarmoqlarning o‘zida emas, balki ular asosida xizmatlar yaratayotgan kompaniyalarda yuz bermoqda. Bu fikrga qo‘shilasizmi?
— Qisman. Chegara bor, albatta. Ammo u ko‘pchilik o‘ylagan joydan o‘tmaydi. Aloqa haqiqatan ham tanqis xizmat bo‘lmay qoldi. Odamlar esa hamma uchun odatiy holga aylangan narsaning qadriga avvalgidek yetavermaydi. Yaxshi ishlaydigan har qanday infratuzilmaning taqdiri shunday. Elektr energiyasi ham bir paytlar mo‘jiza edi. Bugun esa uni faqat o‘chib qolganida eslaymiz. Bu kompaniyaga alam qiladimi? Balki. Lekin, aslida, bu ishimizni uddalaganimizning belgisidir.
Shundan keyin ikki yo‘l bor: mavjud vaziyatni qabul qilib, shunchaki aloqa yetkazib beruvchi bo‘lib qolish yoki barpo etilgan infratuzilma asosida yana nimalar yaratish mumkinligini o‘ylash. Soha, asosan, ikkinchi yo‘lni tanlamoqda. Dunyodagi eng yirik operatorlar daromadining qariyb uchdan bir qismi hozir aloqa xizmatlaridan tashqari yo‘nalishlarga to‘g‘ri keladi. Yetti yil ichida bu ulush 18 foizdan 28 foizga oshgan.
Bu yerda sabab bilan natijani adashtirmaslik muhim. Biz yana qayerdan daromad topsak bo‘ladi, deb izlanmadik. Davlat kompaniyasida masalaga boshqacha yondashiladi. «Raqamli O‘zbekiston — 2030» strategiyasi bor. Oddiy qilib aytganda, uning mazmuni shuki, odamlarning kundalik yumushlari Toshkentda ham, Nukusda ham birdek tez hal bo‘lishi kerak. Biz gaplashadigan xizmatlar ham yangi daromad manbalarini izlashdan emas, aynan shu ehtiyojdan kelib chiqqan. Avval odamning muammosini hal qilish, undan keyin iqtisodiy manfaat haqida o‘ylash kerak. Bizning holatimizda buning aksicha yo‘l tutish samara bermaydi.
— Lekin tarmoqlar asosida yangi xizmatlar yaratish deganda hamma har xil narsani tushunadi. Kimdir fintexga, kimdir mediaga, yana kimdir bulutli texnologiyalarga e’tibor qaratmoqda.
— To‘g‘ri. Bu barcha mamlakatlarga birdek mos keladigan tayyor yechim yo‘qligining eng yaxshi dalili bo‘lsa kerak. Masalan, Afrikada Orange kompaniyasi to‘lov tizimini odamlarning bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyati cheklangani uchun yaratgan. Bugun Orange Money’ning o‘n millionlab faol foydalanuvchisi bor. Janubiy Koreya operatorlari esa ko‘ngilochar xizmatlar va «aqlli shahar» yechimlarini rivojlantirmoqda. Hamma joyda mantiq bir xil: mamlakatda nima yetishmayotganini aniqlaysiz va o‘zingizda bor imkoniyatlardan foydalanib, shu ehtiyojga yechim topasiz. Buning uchun hamma ishni bir o‘zingiz qilishingiz yoki kimningdir o‘rnini egallashingiz shart emas. Boshqalarning tajribasini shunchaki ko‘chirib bo‘lmaydi: ularning yechimlari o‘sha mamlakatdagi muayyan ehtiyojlardan kelib chiqqan.
Bizda ham o‘zimizga xos, juda oddiy muammo bor edi: kundalik yumushlarning deyarli har biri uchun qayergadir borishga to‘g‘ri kelardi. Bu muammoni bitta kompaniya hal qilayotgani yo‘q. Umumiy yo‘nalishni davlatning raqamlashtirish dasturi belgilaydi, keyin esa har kim o‘z sohasida ishlaydi: banklar to‘lovlar bilan, savdo platformalari yetkazib berish bilan, biz esa aloqa va o‘z infratuzilmamiz asosida rivojlantirish mumkin bo‘lgan xizmatlar bilan shug‘ullanamiz. Bu katta g‘oyaning muallifi biz emasmiz, o‘z yo‘nalishimizdagi ijrochisimiz. To‘g‘ri, bizga tegishli yo‘nalish ham anchagina keng.
«Biz tarmoq quryapmiz deb o‘ylagandik, aslida esa bankomat quribmiz»
— Masalan?
— So‘nggi yillardagi eng qiziqarli va ilhomlantiruvchi tajribalarimizdan biri elektromobillarni quvvatlash stansiyalari bilan bog‘liq. Aslida, quvvatlash stansiyasi oddiy rozetka emas. U tarmoqqa ulangan, ma’lumot uzatish, billing, foydalanuvchini avtorizatsiya qilish, monitoring va boshqaruv imkoniyatlariga ega qurilma. Biz Telecom Charge’ni butun mamlakat bo‘ylab ishlaydigan tarmoq sifatida rivojlantirdik: yagona tarif, yagona akkaunt, turli shaharlardagi stansiyalar. G‘oya yaxshi edi. Keyin o‘z ma’lumotlarimizni tahlil qildik va mijozlarning 40 foizdan ortig‘i doimo aynan bitta stansiyada avtomobilini quvvatlashini ko‘rdik. Mijozlar umumiy «bizning tarmog‘imiz»ni emas, uyi yoki ishxonasi yaqinidagi aniq bir stansiyani tanlar ekan.
Demak, biz tarmoq qurayotganimizni o‘ylaganmiz, odamlar uchun esa bankomatga o‘xshash xizmat yaratgan ekanmiz. Axir odam bankomatni ham eng yoqqaniga qarab emas, eng yaqiniga qarab tanlaydi-ku. Shundan so‘ng mamlakat xaritasiga umumiy nazar tashlashdan ko‘ra, aniq tumanlar va avtoturargohlar ehtiyojini o‘rganishga ko‘proq e’tibor bera boshladik.
— Elektromobillar bozori bir yil ichida uchdan bir qismga o‘sdi. Infratuzilma bu sur’atga ulguryaptimi?
— Yo‘q, ulgurmayapti. Hozirgi bosqichda dunyoning hech bir joyida to‘liq ulguryapti, deb bo‘lmaydi. Ammo bundan ham qiziq jihat bor: elektromobil, umuman, har qanday avtomobil bilan birga elektr energiyasiga aloqasi bo‘lmagan ko‘plab yumushlar ham paydo bo‘ladi. Haydovchi jarimalarini tekshirishi, sug‘urtasini uzaytirishi, mashina sotib olishdan oldin uning tarixini ko‘rib chiqishi kerak. Alohida qaraganda, bular mayda ishlardek tuyuladi. Lekin har biri uchun boshqa xizmatga kirish, alohida akkauntdan foydalanish talab etiladi.
Biz bularning barchasini bitta ilovaga jamladik va uni HAMROH deb nomladik. Jarimalar bilan shug‘ullanishni orzu qilganimiz uchun emas. Shunchaki, odam baribir o‘sha o‘nta ishni qiladi, faqat o‘nta joyga kirib bajaradi.
Keyin HAMROH’da aynan telekommunikatsiya kompaniyasi taqdim eta oladigan imkoniyatlar paydo bo‘ldi. Ilovadagi navigator Toshkentdagi svetoforlarni boshqarish tizimiga ulangan. Ushbu tizimda 938 ta svetofor kontrolleridan 442 tasi allaqachon ishlamoqda. Shu sababli ilova tirbandlikni taxmin qilib ko‘rsatmaydi, balki yo‘ldagi haqiqiy holat haqida ma’lumot beradi: yo‘llarning bandlik darajasi, yo‘l-transport hodisalari va eng yaqin chorrahada yashil chiroq yonishiga necha soniya qolgani. Bugun HAMROH’dan 300 mingdan ortiq kishi foydalanadi, yuzdan ziyod tashkilot esa o‘z avtoparkini shu ilova orqali boshqaradi.
— Bu jarayonda sizlarni eng ko‘p nima hayron qoldirdi?
— Menimcha, avtomobilni vaqtincha boshqa kishiga berish imkoniyati. Bizda mashinani aka-uka yoki do‘stga bir haftaga shunchaki og‘zaki kelishib berib turish odatiy hol. Bir oy o‘tib jarimalar kelgach esa hech kimga yoqmaydigan savol tug‘iladi: o‘sha kuni rulda kim bo‘lgan? Biz ilovada avtomobilni kim, qachon va qancha muddatga olganini qayd etish imkoniyatini yaratdik. Texnik tomondan buning murakkab joyi yo‘q. Lekin shu oddiy funksiya oiladagi kelishmovchiliklarning oldini olishi mumkin. Bunday xotirjamlik esa, ochig‘i, har qanday texnologiyadan qadrliroq.
«Wi-Fi’ni sozlashga boramiz, bizdan esa elektr ustasini so‘rashadi»
— Xizmatlaringiz orasida sug‘urta polislarini rasmiylashtirish ham, santexnik chaqirish ham bor. Qayerda to‘xtamoqchisizlar? Tashqaridan qaraganda, go‘yo istalgan xizmatni taklif qila oladigandeksizlar.
— Bu taassurot aldamchi. Biz har bir xizmatni bitta mezon bilan baholaymiz: odam nega aynan shu xizmat uchun bizga murojaat qilishi kerak? Agar yagona javobimiz «chunki abonentlarimiz ko‘p» bo‘lsa, bu yaxshi asos emas. Katta abonentlar bazasi mahsulotning ustunligini isbotlamaydi, faqat uni tezroq ommalashtirishga yordam beradi. Bu ikki xil narsa.
Masalan, sug‘urta sohasida biz sug‘urta kompaniyasiga aylanishni maqsad qilmaganmiz. Polisni ALSKOM rasmiylashtiradi. Bizning vazifamiz esa mijoz yarim kun navbatda turmasdan, hammasini telefoni orqali bir necha daqiqada hal qila olishini ta’minlash. Sug‘urta zaxiralari va aktuar hisob-kitoblar bilan shug‘ullanishni esa bu sohani yaxshi biladigan mutaxassislarga qoldirgan ma’qul.
— Santexnik-chi? Bu xizmatning aloqaga umuman daxli yo‘q-ku.
— Santexnik xizmati — yangi xizmatlar qanday qilib o‘z-o‘zidan paydo bo‘lishiga men keltiradigan eng yaxshi misol. Dastlab qo‘limizdan keladigan ishni qilardik: Wi-Fi’ni sozlash, videokamera o‘rnatish, «aqlli uy» tizimini ulash. Mutaxassisimiz mijozning uyiga borib, ishini tugatadi. Shunda mijoz: «Aytgancha, yaxshi elektr ustasini tanimaysizmi?» deb so‘raydi. Bunday holat qayta-qayta takrorlanaverdi. Chunki odamlar ishonchli ustani ko‘pincha qo‘shnisidan so‘rab topadi, boshqa qulay yo‘l esa yo‘q.
Smart Services shu tariqa paydo bo‘ldi. Biz yangi bozorga kirishni rejalashtirganimiz yo‘q. Shunchaki mijoz ehtiyojining ketidan bordik. Yo‘lning yarmida to‘xtash esa g‘alati bo‘lardi.

«AI so‘zini olib tashlang-da, hal qilinadigan vazifa qoladimi, qarang»
— Hozirgacha odamlar ekranda ko‘radigan xizmatlar haqida gaplashdik. Ko‘zga ko‘rinmaydigan qismida nimalar bo‘lyapti?
— U ko‘zga ko‘rinadigan qismidan ham tezroq rivojlanyapti. Bu yerda qiziq bir qarama-qarshilik bor: atrofimizdagi narsalar qanchalik raqamlashtirilsa, odamlar odatda e’tibor bermaydigan jihatlar shunchalik muhim bo‘lib boradi. Ma’lumotlar qayerda saqlanyapti, qayerda qayta ishlanyapti va bu jarayonlar bir soatga to‘xtab qolsa, nima bo‘ladi?
— Bu yerda sun’iy intellekt nima uchun kerak?
— Buni har qanday taqdimotdan yaxshiroq tushuntiradigan bir kuzatuv bor. Videokuzatuv monitorlari qarshisida o‘tirgan odam taxminan o‘n ikki daqiqadan so‘ng ekranda sodir bo‘layotgan voqealarning yarmini payqamay qo‘yadi. Yigirma daqiqadan sal ko‘proq vaqt o‘tgach esa deyarli hammasini o‘tkazib yubora boshlaydi. Bu xodimlarning yomon ishlashidan emas, inson diqqatining tabiati shundayligidan. Muammoni ko‘proq odam yollash bilan ham hal qilib bo‘lmaydi: o‘nta xodimni o‘tqazsangiz ham, ularning diqqatini jamlash imkoniyati cheklanganligicha qoladi.
Shuning uchun AI Vision paydo bo‘ldi. Tizim uzluksiz kuzatadi va zarur paytda operatorni ogohlantiradi: mana bu yerda tutun chiqyapti, bu yerda navbat uzayib ketdi, anavi yerda esa kimdir kirish taqiqlangan hududga o‘tib ketdi.
Aytgancha, menda sun’iy intellektga asoslangan har qanday mahsulotning qanchalik foydali ekanini tekshirish uchun oddiy mezon bor: uning ta’rifidan «AI» so‘zini olib tashlang-da, hal qilinadigan aniq vazifa qoladimi, qarang. Bizning holatimizda qoladi. Lekin bizga shunday takliflar ham ko‘p keladiki, ulardan «AI»ni olib tashlasangiz, deyarli hech qanday mazmun qolmaydi.
— Biznes mijozlarga ham xuddi shu — «hammasi bir joyda» g‘oyasini taklif qilyapsizlarmi?
— Ha, faqat biznesda bu masalaning ahamiyati boshqacha. Odatdagi kompaniya to‘rt-beshta xizmatga obuna bo‘ladi: elektron pochta alohida, videoaloqa alohida, fayllarni saqlash alohida, ulardan foydalanish huquqlarini boshqarish alohida. Natijada to‘rtta hisob-faktura keladi, ayrimlari xorijiy valyutada. Biror nosozlik bo‘lsa, to‘rtta yetkazib beruvchi aybni bir-biriga yuklaydi. Biz bularning barchasini UzCloud Hub’da birlashtirdik: yagona muhit, so‘mda to‘lov, elektron imzo ham shu yerning o‘zida. Hujjatni bir xizmatdan boshqasiga ko‘chirib yurishga hojat qolmaydi. Albatta, bu inqilob emas. Lekin vaqtni ham, asabni ham sezilarli darajada tejaydi.
«Internet va qayerga borishni bilish»
— Qaysi yo‘nalishda ayni vaqtida to‘g‘ri qaror qabul qilganingiz yaqqol seziladi?
— Turizmda. O‘tgan yili mamlakatimizga qariyb o‘n ikki million xorijiy mehmon keldi. Bu undan oldingi yilga nisbatan bir yarim baravar ko‘p. Ularning deyarli barchasiga kelgan dastlabki o‘n besh daqiqadayoq ikki narsa kerak bo‘ladi: internet va qayerga borishni bilish.
Keyin bir ehtiyoj ikkinchisini keltirib chiqaradi. Avval aloqa kerak bo‘ladi. Shundan keyin Telecom Travel va MyUzbekistan kabi xizmatlarga ehtiyoj paydo bo‘ladi: chiptalar, mehmonxonalar, restoranlar, yo‘nalishlar. Biz turizm sohasiga kirishni istaganimiz uchun emas, balki internetga ulangandan keyin odamga aynan shular ham kerak bo‘lgani uchun bu xizmatlarni rivojlantirdik.
Bundan tashqari, turizm deganda faqat O‘zbekistonga kelayotgan mehmonlarni tushunmaslik kerak. Dunyo bo‘ylab sayohat qilayotgan fuqarolarimiz ham bor. Shu sababli har ikki yo‘nalish uchun xizmatlarni rivojlantiryapmiz. Masalan, Travel eSIM xorijda ham aloqada qolish imkonini beradi. Buning uchun boshqa mamlakatga yetib borgach, mahalliy SIM-karta qidirib yurish shart emas. Elektron SIM-kartani safarga chiqishdan oldin ham faollashtirish mumkin.
— Ammo chiptalar, mehmonxonalar va restoranlar bilan bu sohaning o‘z mutaxassislari allaqachon shug‘ullanmoqda. Bu yerda aloqa operatoriga qanday ehtiyoj bor?
— Biz ular bilan raqobatlashishni maqsad qilmaganmiz. Kimdir o‘z ishini bizdan yaxshiroq bajarayotgan bo‘lsa, uning o‘rnini egallashga hojat yo‘q. Bizning vazifamiz — odamni ortiqcha ovoragarchilikdan xalos qilish. Odam internetga ulangach, har bir keyingi ishi uchun alohida xizmat qidirib yurmasin. Chiptani tashuvchi kompaniya sotadi, xonani mehmonxona taklif qiladi. Biz esa ularga yetib borishni bir qadamga osonlashtiramiz.
«Ilgari hammasi shu yerda tugardi»
— Demak, quvvatlash stansiyasidan tortib mehmonxona band qilishgacha bo‘lgan bu xizmatlar bir-biridan qanchalik farq qilmasin, foydalanuvchi uchun bitta joyda tutashadi. Ilovadami?
— Ha. Bu faqat biz o‘ylab topgan yo‘l emas, butun sohada kuzatilayotgan yo‘nalish. Suhbat boshida tilga olganimiz Orange’ni olaylik. Bugun u nafaqat to‘lov tizimi, balki barcha xizmatlarini birlashtirgan Max it ilovasi bilan ham tanilgan. Undan yigirma milliondan ortiq kishi foydalanadi. Sohada buni «superilova» deyishadi. Lekin atamani chetga sursak ham, mohiyat oddiy: hamma bir yo‘nalishda harakat qilmoqda, faqat ilovalar mazmuni mamlakatlardagi ehtiyojlarga qarab farqlanadi. Operatorning roli ham o‘zgarmoqda: u endi faqat aloqa uchun haq to‘lanadigan tashkilot emas, balki kundalik masalalarni hal qilishga yordam beradigan platformaga aylanmoqda.
— Buni raqamlarda ham ko‘rish mumkinmi?
— Mumkin. Faqat bu raqamlarni odatdagidan boshqacharoq talqin qilishni taklif qilgan bo‘lardim. Ilovaning oylik faol foydalanuvchilari soni bir yil ichida 21 foizga oshib, 2,3 million kishiga yetdi. Albatta, bu yaxshi ko‘rsatkich. Lekin uning o‘zi ko‘p narsani anglatmaydi: abonentlarimiz shundoq ham ko‘p. Ancha qiziq raqam boshqa: shu bir yil ichida ilovadagi xizmatlar soni beshtadan o‘n to‘qqiztaga yetdi. Bu shunchaki tugmalar yoki funksiyalar emas, balki foydalanuvchi ilovadan chiqmasdan bajara oladigan turli yumushlardir.
— Baribir ochig‘ini aytsangiz: odam ilovaga samolyot chiptasini sotib olish uchun kiradimi yoki qancha internet-trafik qolgani bilan tanishish uchunmi?
— Ko‘proq ikkinchisi uchun. Buni yashirish niyatim ham yo‘q. Bizda eng ko‘p ochiladigan sahifa — bosh sahifa. Keyingi o‘rinlarda xarajatlar tafsiloti, tariflar va paketlar turadi. Foydalanuvchi ilovada o‘rtacha olti daqiqa vaqt o‘tkazadi. Men buni yomon emas, yaxshi ko‘rsatkich deb bilaman. Axir hech kim operator ilovasida uzoq vaqt o‘tirishni istamaydi. Odam ishini tezroq bitirib, chiqib ketishni xohlaydi. Shu bois biz ilovada qancha vaqt o‘tkazilganiga emas, shu olti daqiqada nechta ishni bajarish mumkinligiga qaraymiz. Ilgari hammasi balansni tekshirish bilan tugardi: qoldiqni ko‘rasiz-da, ilovani yopasiz. Bugun esa shu olti daqiqada xizmatlar uchun to‘lov qilish, sug‘urta polisini rasmiylashtirish va avvallari bir nechta ilovaga kirishni talab qilgan boshqa ishlarni ham bajarish mumkin. Ekotizim balansni tekshirishning o‘rnini bosmaydi, aksincha, aynan shundan boshlanadi.
«Aloqa poydevor bo‘lib qoladi. Faqat qavatlar soni o‘zgaradi»
— Lekin buning xavfi ham bor: bir vaqtning o‘zida hamma soha bilan shug‘ullangan kompaniya oxir-oqibat birortasida ham yetarli mutaxassis bo‘lmay qolishi mumkin.
— Bu xavf bor, albatta. Men buni inkor etmayman. Buning oldini olishning yagona yo‘li — har bir xizmatda o‘z rolingizni ochiq aytish. Qaysidir yo‘nalishda infratuzilma bizga tegishli. Boshqasida biz platformani taqdim etamiz, asosiy ishni hamkorimiz bajaradi. Yana birida esa turli kompaniyalarning tizimlarini bitta ilovada birlashtiramiz, xolos. Muammo kompaniya bu rollarning farqiga bormay, o‘zini barcha sohalarning mutaxassisi deb hisoblay boshlaganida yuzaga keladi.
— Besh yildan keyin ham sizlarni telekommunikatsiya operatori deb atash to‘g‘ri bo‘ladimi?
— Faqat telekommunikatsiya operatori deyish endi yetarli bo‘lmaydi. Faoliyatimiz yo‘nalishlari shunchalik kengaydiki, Uztelecom raqamli ekotizim sari bormoqda. Lekin aloqa uning poydevori bo‘lib qoladi va biz bu yo‘nalishni rivojlantirishdan to‘xtamaymiz. Atrofimizdagi raqamli texnologiyalar qanchalik ko‘paysa, ular tayanadigan asos ham shunchalik muhim bo‘ladi. Optik tolali tarmoqlar, mobil aloqa, ma’lumotlar markazlari, bulutli hisoblash quvvatlari — bular ortda qolgan bosqich emas. Biz har kuni aynan shu infratuzilma ustida ham ishlaymiz. O‘zgarayotgan narsa poydevor emas, balki uning ustiga qurish mumkin bo‘lgan qavatlar sonidir.
— Xo‘sh, hozircha nechta qavat qurildi?
— Hozircha dastlabki qavatlar. Bugun gaplashgan yettita yechimimiz — tayyor bino emas, balki uning keyingi rivoji uchun asos. Keyinchalik yana qanday qavatlar qad rostlashini hozirdan aniq aytolmayman. Axir besh yil avval menga quvvatlash stansiyalari yoki santexnik xizmatlari haqida savol berishganida, ularni ham sanab bera olmagan bo‘lardim. Ammo bunday yechimlar soni sezilarli darajada ko‘payishiga ishonchim komil.
— Demak, keyingi yettita yechim ham allaqachon rejalashtirilganmi?
— Tayyor ro‘yxat yo‘q. Agar hamma narsa oldindan aniq bo‘lganida, bu endi yechim izlash emas, oddiy reja bo‘lib qolardi. Lekin bir narsani va’da qilaman: besh yildan keyin shu mavzuda yana suhbatlashsak, gapimiz yettita yo‘nalish bilangina cheklanib qolmaydi.
Asrning asosiy ezgulik ulashuvchisi: Vikipediyaning “otasi” Jimmi Ueyls The Mag savollariga javob berdi
Xavfli tavakkalchilik: o‘zbek Ilon Maski — Silikon vodiysi va sun’iy intellekt haqida
O‘zbekistondagi eng qiziqarli podkastlar tanlanmasi