Uztelecom SuperApp Hamrohni taqdim etdi: navigator, avtopark va uy bir oynada ⋆ TheMag
Flat Preloader Icon

Uztelecom SuperApp Hamrohni taqdim etdi: navigator, avtopark va uy bir oynada

Uztelecom ICT Week ko‘rgazmasida shahar bo‘ylab navigatsiya, korporativ avtoparkni boshqarish, kommunal xizmatlar va mikromobillikni bir joyda jamlagan SuperApp Hamroh ilovasini namoyish etdi.

Nima uchun Toshkentdagi navigator odatdagidan ko‘proq narsani bilishi mumkin?

Har qanday navigator marshrutni mavjud ma’lumotlar va taxminlar asosida tuzadi. Ko‘chada mashinalar sekinlashganini ko‘rib, u tirbandlik yuzaga kelgan, degan xulosaga keladi. Chorrahaning o‘zida nima bo‘layotganini esa u bilmaydi — svetofor uning uchun xuddi uch kvartal naridagi haydovchi uchun bo‘lgani kabi ko‘rinmas obyekt hisoblanadi. Hamroh esa boshqacha tuzilgan: u ushbu svetoforlarni boshqaradigan tizimga ulangan.

Toshkentda yo‘l infratuzilmasini raqamlashtirish ishlari olib borilmoqda. Harakatni boshqarishning yagona tizimiga 938 ta svetofor kontrolleridan 442 tasi, 2652 ta transport svetofori va 1326 ta ustun allaqachon ulangan. Uskunalarning bir qismini butunlay almashtirishga to‘g‘ri keladi: eski svetoforlar ma’lumot uzatishni ham, buyruqlarni qabul qilishni ham bilmaydi, ular shunchaki soniyalarni sanaydi, xolos.

Raqamli chorraha jadval bo‘yicha emas, balki vaziyatga qarab ishlaydi: tizim har bir yo‘lakda nechta mashina turganini ko‘radi va signallarni o‘zi o‘zgartiradi. Shuningdek, tizim shaharda sodir bo‘lgan hodisani ertasi kungi hisobotda emas, balki u yuz berishi bilan darhol ko‘rish imkonini beradi.

photo_2026-09-25_16-44-53_20260925_114642

“Ushbu tizim real vaqt rejimida butun shahar bo‘ylab transport oqimlarini nazorat qilish va optimallashtirish, tirbandliklarning oldini olish va shu orqali yo‘l harakatini boshqarish imkonini beradi. Masalan, jamoat transporti, tez yordam va o‘t o‘chirish mashinalariga ustuvorlik bergan holda, mahalliy darajada ma’lum bir chorrahani nazorat qilish mumkin”, — dedi TelecomSoft direktori o‘rinbosari Ramiz Mingazov.

Hamroh shunchaki tirbandliklarni emas, balki haqiqiy yo‘l vaziyatini — yo‘llardagi yuklama, yo‘l-transport hodisalari va svetoforlarning ishlash holatini ko‘rsatadi. Siz nafaqat qayerda harakatlanish qiyinlashganini, balki eng yaqin chorrahada yashil chiroq yonishiga qancha vaqt qolganini ham ko‘rasiz.

Bu biznes uchun nimani o‘zgartiradi?

Katta avtoparkni qo‘lda samarali nazorat qilib bo‘lmaydi. Hamroh B2B kabineti barcha ma’lumotlarni bir ekranda jamlaydi: qaysi mashinaga sug‘urta kerakligi, qaysi birining texnik ko‘rikdan o‘tish vaqti kelgani, qanday to‘lovlarni amalga oshirish kerakligi va hozir nimalarga e’tibor qaratish lozimligi. Bitta mashinadan tortib mingtagacha bo‘lgan butun avtoparkni muddatlarni o‘tkazib yubormasdan va ortiqcha xatolarsiz nazorat qilish mumkin.

“Bugun biz ICT Week Uzbekistan 2026 ko‘rgazmasidagi Uztelecom stendida o‘zimizning SuperApp Hamroh ilovamizni ishga tushirmoqdamiz. U birinchi navbatda B2B sektori uchun mo‘ljallangan. Unda butun transport ekotizimingizni nazorat qilishingiz mumkin. Platforma real vaqt rejimida katta avtopark bilan ishlashni tashkil etish hamda har bir avtomobil, haydovchi va ularning harakatlanishi haqida ma’lumot olish imkonini beradi. Shuningdek, ilovada O‘zbekiston Respublikasida allaqachon ishga tushirilgan intellektual transport tizimi bilan integratsiya qilingan interaktiv navigatordan foydalanish mumkin”, — ta’kidladi TelecomSoft direktori o‘rinbosari Ramiz Mingazov.

Avtomobilni karshering tamoyili asosida aniq bir haydovchiga biriktirish mumkin — shunda undan foydalanish mas’uliyati butun park zimmasida emas, balki bevosita haydovchining o‘zida bo‘ladi. Hozirda Hamroh tizimida 100 dan ortiq tashkilot ishlamoqda, ular orasida Uztelecomning o‘zi ham bor.

Faqat avtomobil haqida emas

Ilovada allaqachon kommunal xizmatlar bo‘limi mavjud, Paket yetkazib berish xizmati esa sinov rejimida ishlamoqda. U yirik tarmoqlar uchun emas, balki na POS-terminali, na ombori bo‘lgan mahallalardagi do‘konlar uchun mo‘ljallangan. Odatda, bunday nuqtalar tizimga kirish imkoniyati yo‘qligi sababli yetkazib berish xizmatidan chetda qoladi. Paket xizmatidan foydalanish uchun do‘konga o‘z infratuzilmasi kerak emas: pilot loyihaga allaqachon 50 ga yaqin savdo nuqtasi ulangan va har qanday biznes ushbu loyihaning bir qismiga aylanishi mumkin.

photo_2026-09-25_16-44-45_20260925_114626

ICT Week 2026 ko‘rgazmasining dastlabki kunlaridayoq Hamroh 300 mingdan ortiq foydalanuvchiga ega bo‘ldi. Aslida, bu shaharga raqamli chorrahalar nima uchun kerak, degan savolga javobdir: yo‘lda to‘plangan ma’lumotlar shu yo‘ldan harakatlanayotgan insonga yetkaziladi. Ilovani App Store va Google Play’dan yuklab olish mumkin.

Интересные новости