2025-yilda Toshkentda pulli avtoturargohlar paydo bo‘lishi kutilmoqda. Ularning tarixi va bugungi kunda ko‘chalarni qanday tartibga solishi (va asabga tegishi) haqida so‘zlaymiz.
«Bir oyoqli o‘g‘ri»
Pulli avtoturargohlar insoniyat ilk marta avtomobillar soni haddan tashqari ko‘payib ketgan shaharda paydo bo‘lgan. Bu 1930-yillarda AQShda yuz bergan. Aslida, xavotirga ulkan Chikago yoki Nyu-Yorkning aholisi sababchi bo‘lmagan. Birinchi parkomat va muvofiq ravishda pulli avtoturargoh uncha katta bo‘lmagan Oklahoma-Sitida paydo bo‘lgan.

Ushbu eng odatiy Amerika shaharchasida do‘koncha va restoranlar joylashgan birgina markaziy maydon bo‘lgan. Uning oldidagi to‘xtash joyi deyarli doim tiqilinch bo‘lgan. Bunday xaridlar uchun kelganlar ham, biznesning o‘zi ham aziyat chekkan, chunki bu yerga har kim mashinalarini qoldirib ketaverardi.
Natijada ko‘chmas mulk ijarachilari va egalari birlashib, mahalliy advokat — filantrop va jamoat arbobi Karl Medjiga murojaat qilganlar. U to‘xtab turish vaqtini hisoblashga qodir eng yaxshi ixtiro bo‘yicha tanlovni shaxsan tashkillashtirib, o‘tkazgan. Oxir-oqibat 1933-yilda nima uchundir “Qora Mariya” deb nomlangan birinchi parkometr taqdim etilgan.
Lekin bu qurilma darhol ko‘chaga o‘rnatilmagan. Medji uni biroz qayta ishlashga qaror qilgan. Shuningdek, shahar hukumati bilan kelishish, qandaydir qonunlarni qabul qilish talab etilgan. Oklahoma-Sitida parkometr rasman faqat 1935-yilning yozida ishga tushirilgan.
U taxminan hozirgidek ishlagan — har bir haydovchi avtomobilini joylashtirgan vaqtda taloncha olib, old oyna ostiga qo‘yib qo‘yishi kerak bo‘lgan. So‘ngra amalda sarflangan vaqt bo‘yicha ushbu taloncha bo‘yicha to‘lovni amalga oshirish nazarda tutilgan. Shu xolos.

Biroq, albatta, yangilik barchaga manzur bo‘lmagan. Birinchi parkometr tag-tugi bilan sug‘urib olinib, bo‘laklari tevarak-atrofga sochib yuborilgan. Ikkinchisi izsiz yo‘qolgan, uchinchisi ham yaxshi yakun topmagan.
Hattoki mahalliy muxbirlar ham yangilikka qarshi chiqqan. “Oklahoma-Siti Star” mahalliy gazetasida bepul avtoturargoh — bu har bir amerikalikning konstitutsiyaviy huquqi ekanligi haqida maqolalar chiqa boshlagan. “Biz mashinalarni bir vaqtlar bobolarimiz otlarini qoldirganidek qoldiramiz”, — deb yozardi nafratlangan mahalliy aholi. Bunday qurilmalar uchun alamli laqab ham o‘ylab topilgan — “bir oyoqli o‘g‘ri”.
Biroq avtoturargohni bepul qilish zarurligiga oid da’vo ishlari g‘alaba qozonmagan. Shahar rahbariyatiga bu g‘oya ma’qul kelgan va u faqat pul to‘lab to‘xtab turish mumkin bo‘lgan joylarni tobora faolroq tanlashda davom etgan. Shahar byudjeti haydovchilardan bir soat to‘xtab turganlik uchun qo‘shimcha besh sent va har bir jarima uchun 20 dollar ola boshlagan.
Qizig‘i, bu ta’sir qila boshlagan! Avtoturargohlar soni ancha ko‘paygan. Bir necha yil o‘tgach esa vaziyat tubdan o‘zgargan. Endilikda xususiy kompaniyalarning o‘zi mashinalar uchun mo‘ljallangan kamsonli joylarni begona odamlar egallab olmasligi uchun shahar rahbariyatidan ofislari oldida avtoturargohlarni o‘rnatishni so‘raydigan bo‘lgan.

Oklahomaliklarning tajribasi boshqa shtatlarning rahbariyatini qiziqtirib qo‘ygan. “Qarang, bizda ham yo‘l chetidagi joylar bo‘shadi, ham shahar byudjeti to‘ldi”, — deya aytilardi shahar hukumatida. Shu bois qo‘shni shaharlar, keyinroq esa uzoqdagi megapolislar ham bu yangilikdan foydalanishga kirishgani bejiz emas. 1940-yillarning boshidayoq AQShda 140 mingta parkomat o‘rnatilib, mashinani nisbatan arzonga qoldirish mumkin bo‘lgan ko‘p qavatli avtoturargohlar qurilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, tez orada pulli avtoturargohlar hamma yerda paydo bo‘ldi. Deyarli hamma yerda desa ham bo‘ladi. Hattoki Yevropada ham. Birinchilardan bo‘lib bu g‘oyani britaniyaliklar o‘zlashtirgan. Ularda ilk parkomat 1958-yilda paydo bo‘lgan.
Bu orada AQShda turli obyektlar uchun minimal mashina o‘rinlari soni bo‘yicha majburiy normativlar ishlab chiqilgan. Bu ko‘rsatkich kasalxonalar uchun yotish o‘rinlari sonidan, restoranlar uchun — o‘tirish joylari sonidan, mehmonxonalar va kondominiumlar uchun — xonalar miqdoridan, kutubxonalar uchun esa pol maydonidan kelib chiqib belgilanadi.
To‘g‘ri ustunliklar
Lekin 1980-yillarga yaqin kelib burilish yuz berdi. Shaharsozlar qulay va hamyonbop avtoturargohlar — odamlarni shahar markaziga avtoda kelishga undaydigan signal ekanligini isbotlashga kirishdilar. Ammo insonlarga boshqa signalni yetkazish kerak. Taxminan mana bunday: “Do‘stim, yaxshisi, mashinani uyda qoldir. Bu yerga mashinada kelma, jamoat transportida kel. Shu tariqa tirbandliklarda turib qolmaysan va avtoturargoh uchun pul to‘lashga to‘g‘ri kelmaydi”.
Bu fikr birinchi bo‘lib Yevropa davlatlarida yuzaga kelgan. Bu yerda avtomashinalarga ishqibozlik AQShdagidek rivojlanmagan va velosiped katta hurmatga ega.

Hozirda Yevropa shaharlari hukumatlari uchun ustunliklar ro‘yxati quyidagicha ko‘rinishga ega: piyoda — yo‘l harakatining eng muhim ishtirokchisi, ikkinchi o‘rinda ixcham va sog‘liq uchun foydali velosiped, so‘ng — jamoat transporti, uning ortidan — taksi va turli karsheringlar. Shundan keyingina shaxsiy avtomobil zanjirni yakunlaydi.
Masalan, Amsterdam hukumati “Yashil infratuzilma 2050” dasturi doirasida avtoturargohlarni qisqartirmoqda. Dastur o‘z ichiga ko‘proq avtomobillardan xoli yashil hududlar hamda qo‘shimcha velosiped va piyodalar yo‘laklarini oladi. Hukumat shaharning transport tizimini avtomobillarga kamroq e’tibor qaratib, jamoat transportini rivojlantirishni afzal ko‘radigan shaklda o‘zgartirishni maqsad qilgan.
Osiyo davlatlari yevropaliklarning tajribasini o‘rganmoqda. Masalan, avtomobillar uchun dahalar orasidan o‘tishni qisman yopish zarurati xitoyliklar tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
Shuning uchun ko‘plab Yevropa davlatlarining ma’muriyatlari to‘qsoninchi yillar boshidan minimal avtoturargohlar miqdoridan voz kechish yo‘lidan borib, asta-sekin shahar yoki uning markaziga pulli kirishni joriy eta boshladilar. Bunday kirish anchagina yuqori narxga ega avtoturargoh uchun alohida pul to‘lash zaruratidan ozod qilmaydi.
Bunda britaniyaliklar peshqadamga aylangan. Londonda pulli hududlar 2003-yildan buyon amal qiladi. To‘lov ish kunlari soat 7:00 dan 18:00 gacha undiriladi. Pullar avtomobil raqamlarini o‘qiydigan kameralar tufayli avtomat tarzda yechib olinadi. Kirish narxi taxminan 10 £. Mahalliy aholi va fuqarolarning alohida guruhlari uchun chegirmalar ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Stokgolm, Oslo (yana Norvegiyaning yettita shahri), Milan, Yurmala markaziga kirish uchun haq to‘lash zarur.

Okean ortida esa San-Fransisko rahbariyati shaharga kirish uchun qisman to‘lov undirish haqida o‘ylamoqda. Xususan, shaharga Oltin Darvoza ko‘prigi orqali kirishda 7,5 $, shuningdek, Oklend sun’iy yo‘ldosh shahriga olib boruvchi ko‘prik orqali kirishning alohida hollarida (4–6 $) haq undiriladi. Kelajakda boshqa tumanlarga kirishni ham pulli qilish rejalashtirilgan.
Biroq hozirda ushbu shaharlarning rahbariyatlari boshqa muammoga duch kelgan: bular ko‘chalar va avtomobillar to‘xtash joylarini tirband qilayotgan yetkazib berish va taksi xizmatlaridir. Ilg‘or aql egalari hozircha bunday “tabiiy ofat”ga qarshi qanday kurashish mumkinligi haqida yechim topmadi.
Darvoqe
2014-yilda amerikalik professor Donald Shup “Bepul avtoturargohning yuqori narxi” nomli kitob yozgan. Uning aniqlashicha, tirbandlikda turgan avtomobillarning o‘rtacha 30 foizi to‘xtash joyini izlayotgan bo‘lar ekan. Uning fikricha, bepul ko‘cha avtoturargohi — bu shunchaki bizning avtomobilga bo‘lgan ehtiyojimizni faqat oshiradigan va hattoki avtomobili bo‘lmagan ham to‘lashga majbur bo‘ladigan asfalt yotqizilgan jamoatchilik farovonligidir. Bundan tashqari, to‘xtash jarayonining o‘zi ham yoqilg‘ini sarflab, yo‘l harakatini qiyinlashtiradi va havoni ifloslantiradi.

Shup aksariyat vaziyatlarda, pulli avtoturargohni hisobga olmaganda to‘xtash joylari bepulligi, chunki “bepul to‘xtash joyining narxi shahar byudjeti, milliy iqtisodiyot, atrof-muhitga xarajatlarda yashiringanligiga doir tasavvurni rad qiladi. Har qanday restoran yoki do‘kon avtoturargoh uchun to‘laydigan soliqlarni o‘z mahsulotlarining narxiga qo‘shadi. Biznes bu xarajatlarni “har bir kapuchino finjoni hisobiga qo‘shgan, ammo uni sotib oladiganlarning hammasi ham haydovchilar emas”.
Bizda nima gap?
Endi avtoturargohlar bilan bog‘liq o‘zgarishlar Toshkentga ham yetib keldi.
Shahar hokimiyati vaqti-vaqti bilan pulli to‘xtash joyi O‘zbekiston poytaxtida ham paydo bo‘lishini e’lon qilgandi. Birinchi marta bu ehtimoli yuqori holat sifatida 2018-yilda tilga olingan edi. Keyinroq ma’lum vaqt g‘oyani o‘ylab chiqish, tegishli qonunchilik bazasini yaratish va bularning barchasini qanday yo‘lga qo‘yishni tamoman tushunishga sarflandi.
Hozir prezidentga taqdim qilingan mamlakat iqtisodiyotidagi o‘zgarishlar dasturida pulli avtoturargoh haqida ham yozilgan. Demak, ortga yo‘l yo‘q. Zero, Shavkat Mirziyoyev 2019-yildayoq 2020-yil 1-iyulgacha bo‘lgan muddatda shaharlarda, viloyat va tuman markazlarida avtomobil yo‘llari va ko‘chalari bo‘ylab pulli to‘xtash joylari tarmog‘ini tashkil etishni buyurgan. 2021-yilda sinov loyihasi doirasida mashinalar turishi uchun pul yig‘ishni tashkillashtirish qaror qilingan dastlabki o‘nta markaziy ko‘cha tanlandi.
Dastlab pulli avtoturargohlar poytaxtning Fidokor, Amir Temur, Nukus, Bratislava, Mirobod, Glinka, Avliyo ota, Taras Shevchenko, Said Baraka, Moshtabib va Yakub Kolas ko‘chalarida paydo bo‘lishi nazarda tutilgandi. U yerda 2,2 mingdan ortiq to‘xtash joylarini yaratish va 72 ta parkomat o‘rnatish rejalangan edi. Joylarning bir qismi imkoniyati cheklangan avto egalari pulli hududda bepul to‘xtashi uchun band qilinishi kerak edi.
Endi gap loyiha ko‘lamini yanada kengaytirish ustida bormoqda. Bu 20 ta ko‘chadagi 10 ming joyga mo‘ljallangan pulli to‘xtash joylari tarmog‘i bo‘lib, oltita metro stansiyasi yonida kelgusida egallanadigan va auksionga qo‘yiladigan avtoturargohlarni qurish rejalashtirilgan.
Hozirda Toshkent hokimining qarori bilan pulli to‘xtash joylari uchun tariflar tasdiqlangan. Narxlar tarif hududlariga qarab belgilangan bo‘lib, bir soat uchun 5 mingdan 12 ming so‘mgacha oraliqda.