Aka-uka Vulvortlar hamda ular chakana savdo bozorini qanday o‘zgartirgani haqida hikoya qilamiz.
“Hammasi … so‘mdan” arzon tovarlar do‘konlari har bir xaridorga yaxshi tanish. Biroq ularning g‘oyasi birinchi bo‘lib kimning xayoliga kelgani va bu imperiya qanchalik daromadli bo‘lgani haqida ko‘pchilik bilmaydi.
Frenk Vulvort 1852-yilda Nyu-Yorkda tug‘ilgan va bolaligidan tadbirkor bo‘lib ishlashni orzu qilgan. Dastlab Vulvort yoshligi va tajribasi yo‘qligi sababli ishga kirish yuzasidan ko‘p rad javoblarini olgan, so‘ngra u biznes kurslarida o‘qib, nihoyat do‘konda sotuvchi bo‘lib ishlay boshlagan.
Vulvortning sotish ko‘nikmalari yuqori darajada bo‘lmagan va rahbariyat uning mijozlar bilan muloqot qilishiga ruxsat bermagan. Biroq kutilmaganda yigitchaning boshqa iste’dodi namoyon bo‘lgan — u tovarlarni sotuvlar darajasini oshiradigan shaklda terish qobiliyatiga ega edi. Aynan shu vaqtda Vulvort tovarlar to‘g‘ri terilgan bo‘lsa, sotuvchi umuman kerak emasligi haqida birinchi marta o‘ylay boshlagan: xaridor o‘ziga yoqqan narsani tanlaydi va kassaga olib boradi.
Afsonaga ko‘ra, Vulvortning ish beruvchisi baribir yosh sotuvchidan qoniqmagan va bir safar unga do‘konning bir kunlik foydasini topishni, agar topa olmasa, ertasiga ishdan bo‘shashni buyurgan. Shunda Frenk barcha tovarlarga imkon qadar past narx yozib, qolib ketgan mahsulotlarga “Yoyma savdo: hammasi besh sentdan!” belgisini yopishtirib qo‘ygan.

Tabiiyki, odamlar peshtaxtalardan tovarlarni “supurib” ketgan va bir kunda odatiy tushumdan olti marta ko‘proq pul ishlangan. Shundan keyin yosh Vulvortda o‘ziga ishonch paydo bo‘lib, shaxsiy biznesini ochishga yo‘l olgan.
Katta ehtimol bilan bu gaplar o‘ylab topilgan. Vulvort qolib ketgan tovarni belgilangan narxda sotishni o‘ylab topgan birinchi odam bo‘lmagan. Turli manbalar bunday aksiyalar paydo bo‘lganiga va Vulvort ular haqida aynan qayerdan bilganiga oid turli talqinlarni keltiradi. O‘sha vaqtda tovarda narxning ko‘rsatilishi umuman amalda bo‘lmagan: sotuvchi ko‘pincha xaridorning moliyaviy salohiyatini chamalab, tegishli narxni aytgan va savdolashgan.
Shunga qaramay, fakt faktligicha qoladi: aynan Frenk Vulvort bu g‘oyani muvaffaqiyatli pullab, yangi darajaga olib chiqqan. U chindan ham ishidan bo‘shab, sobiq ish beruvchisidan 300 dollar qarz olgan va 1879-yil 22-fevralda Nyu-Yorkda “Hammasi besh sentdan” ilk do‘konini ochgan.
Avvaliga do‘kon xaridorlarning katta qiziqishiga sabab bo‘lgan, ammo tez orada foyda pasaya boshlagan. Shunda Vulvortning do‘sti unga boshqa manzilni tanlab, yana bir bor urinib ko‘rishni taklif qilgan. Endi “Hammasi o‘n sentdan” nomli yangi do‘kon Pensilvaniya shtatidagi Lankaster shahrida ochilgan va nisbatan barqaror foyda keltira boshlagan. Bu davrda Frenk ko‘proq Sam laqabi ostida mashhur bo‘lgan ukasi Charlz Samner Vulvortni biznesiga jalb qilgan.
Vulvort-kichik ham bu davrda savdo bilan shug‘ullanardi. Qizig‘i, Frenk mijozlar bilan ishlashni yoqtirmasdi, Sam esa aynan kirishuvchanligi va muvaffaqiyatli sotish qobiliyati bilan ajralib turgan. Aynan shuning uchun Pensilvaniyada uchinchi do‘konni ochishga qaror qilgan Frenk ukasini menejer qilib tayinlagan.

1879-yildan 1889-yilgacha, dastlabki o‘n yillik faoliyat davomida tarmoq o‘n ikkita do‘kongacha kengayib, sotuvlar ikki yarim baravarga oshgan. XX asr boshiga kelib, Vulvortlar umumiy tushumi besh million dollarga teng (hozirgi davrda 150 million) bo‘lgan ellik to‘qqizta do‘konga egalik qilgan.
Frenk kichik do‘konchalar tarmoqlarini sotib olish va raqobatchilarni biznesdan chetlatish orqali tajovuzkor ekspansiyaga o‘tgan. Uning ukasi shaxsan o‘zi javob beradigan va barqaror yuqori daromad olib keladigan faqat bir nechta do‘konni rivojlantirishni afzal ko‘rgan. Shu bilan birga, tabiiyki, tarmoqning muvaffaqiyati raqobatchilar hasadi va tanqidiga to‘qnash kelgan. “Vulvort”ni noinsof raqobat, demping va mayda sotuvchilarni atayin bozordan siqib chiqarishda ayblaganlar.
1912-yilda turli boshqaruvchilarga ega 596 ta do‘kon rasman “F. W. Woolworth Company” nomli savdo tarmog‘i ostida birlashtirilib, Frenk Vulvort uning prezidentiga aylangan. 1913-yilda esa keyingi 16 yil davomida dunyodagi eng baland bino maqomiga ega bo‘lgan “Woolworth Building” osmono‘pari qurilgan. Uni tantanavor tarzda AQSH prezidenti Vudro Vilson shaxsan ochib bergan: u Oq uydagi ramziy tugmani bosib, osmono‘par binodagi elektr yoritish tizimini yoqqan.
Shu bilan birga, Vulvortlar xalqaro bozorga chiqish haqida o‘ylay boshlagan. Shu tariqa, yaqin bir necha yil ichida Buyuk Britaniyada 44 ta do‘kon ochilib, ularga oilaviy an’anaga binoan Vulvortlarning amakivachchasi Fred boshchilik qilgan. Birinchi jahon urushi avj olganiga qaramay, do‘konlar juda katta muvaffaqiyatga erishgan.
Biroq Yevropadagi harbiy harakatlar bilan bog‘liq muammolar ularni baribir chetlab o‘tmagan: odatda “Woolworth”da sotiladigan Germaniya tovarlari importi hammasidan ko‘proq aziyat chekkan. Urush davrida Frenk eng ommabop nemis tovarlari analoglarini AQSHda ishlab chiqarishni topshirgan, Birinchi jahon urushi tugaganidan so‘ng esa import va eksport ikki karra kuch bilan qayta tiklangan, chunki Yevropa iqtisodiyotiga putur yetgan bo‘lib, oddiy odamlar uchun “Hammasi … sentdan” do‘konlari xaridlar uchun eng arzon variantga aylangan.
Vulvortlar tomonidan joriy etilgan yangiliklar orasida o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish usulini qayd etish mumkin. Do‘konlardagi narxlar uzoq vaqt bir maromda belgilangan bo‘lib qolgan (xuddi nomida ko‘rsatilganidek, besh va o‘n sent) va 1930-yillarda bu amaliyotdan bosh tortilganiga qaramay, to‘g‘ri narxlar ko‘rsatilgan holatda sotuvchilarga ehtiyoj bo‘lmagan. Shuningdek, Frenk Vulvort xodimlarni e’tiborlilik yuzasidan tekshirishni yaxshi ko‘rgan va muntazam ravishda o‘g‘ri-xaridor ko‘rinishida do‘konlariga tashrif buyurgan. Uni o‘g‘irlik ustida qo‘lga olgan do‘kon rahbari mukofot olgan yoki yangi lavozimga ko‘tarilgan.

1919-yilda Vulvort 66 yoshida qon zaharlanishi sababli vafot etgan. Bu vaqtga kelib uning davlati 76 million dollar miqdorida, mingdan ortiq do‘konlardan iborat tarmog‘i esa 65 million dollarga baholangan (hozirgi davrda 800 milliondan ortiq).
Afsuski, boylik tadbirkorni shaxsiy ko‘ngilsizliklardan asray olmagan: undan bir necha yil oldin uning qizi vafot etgan, rafiqasi esa qayg‘u tufayli aqldan ozgan. Aynan Vulvortning bevasi, muomalaga layoqatsiz bo‘lishiga qaramay, uning davlati merosxo‘riga aylangan, chunki u o‘limi arafasida yangilangan vasiyatnomani imzolashga ulgurmagan. Do‘konlar tarmog‘iga Sem Vulvort rahbarlik qilishda davom etgan: u yana chorak asr shu lavozimda qolgan va 1944-yilda 87 yoshida nafaqaga ketgan.
Besh sentli imperiya o‘z asoschisining vafotidan keyin nafaqat zaiflashmagan, balki uzoq vaqt o‘sishda davom etgan. Xususan, 1960-yillarda kichik do‘konchalar o‘rniga “Woolco” nomli butun qavatni egallagan universal do‘kon (univermag)lar paydo bo‘lib, u yerda avvalgidek xilma-xil arzon tovarlar sotilgan.
Raqobatchilar tezda “Woolworth” misoliga amal qilib, o‘zlarining kattaroq do‘konlarini ocha boshlagan — shu tariqa Amerikaning mashhur “Target”, “Walmart” va “Kmart” taqmoqlari paydo bo‘lgan. Aynan shu davr odamlar faqat xarid uchun emas, balki ko‘ngil ochish yoki shunchaki sayr qilish uchun boradigan savdo markazlari tarixining boshlanishi hisoblanadi.
Tarmoqning yana bir yangiligi fud-kortlar bo‘lgan. “Woolworth” rahbariyati tarmoqning Britaniyadagi do‘konlarida alohida joyda emas, balki univermag zalining o‘zida joylashgan arzon yeguliklar sotiladigan nuqtalar katta talabga ega bo‘lganiga e’tibor qaratgan. Bu amaliyotni butun tarmoqda qo‘llashga qaror qilingan va tez orada boshqa yirik do‘kon tarmoqlari ulardan o‘rnak olgan. Shunday qilib, har bir katta savdo markazida bugungi kunda bizga yaxshi tanish bo‘lgan va xaridorlarga xariddan uzilmagan holda tamaddi qilish imkonini beruvchi fud-kortlar paydo bo‘lgan.
Qizig‘i, AQSH tarixidagi eng mashhur norozilik namoyishi aynan “Woolworth” tarmog‘i do‘konidagi fud-kort bilan bog‘liq bo‘lgan: aynan shu yerda segregatsiyaga yakun yasashda katta ahamiyat kasb etgan irqchilikka qarshi kurash faollarining kutuvchi norozilik namoyishi o‘tkazilgan.
Shimoliy Karolina shtatining Grinsboro shahrida mahalliy kollejning to‘rt nafar qora tanli talabasi ularga fud-kortda emas, faqat “Woolworth” do‘konida xizmat ko‘rsatilishi yuzasidan norozilik bildirishga qaror qilgan va ular har kuni rahbariyatning e’tiborini tortish uchun fud-kortdagi stullarni egallagan. Tez orada ularga boshqa faollar kelib qo‘shilgan va ayrim kunlarda zaldagi odamlar soni uch yuzga yetgan.
Namoyish boshqa shaharlarga ham tarqalgan, politsiyada norozilarga qarshi hech qanday asos bo‘lmaganligi sababli (ular hech narsa demasdan, shunchaki jimgina joy egallagan), ma’lum vaqtdan keyin do‘konlarning menejerlari barcha mijozlarga teng xizmat ko‘rsatishga majbur bo‘lgan.
1979-yilda “Woolworth” tarmog‘i o‘zining yuz yilligini nishonlagan. Shu yili kompaniya dunyodagi eng yirik savdo tarmog‘i sifatida Ginnes rekordlar kitobiga kiritilgan. Biroq taxminan shu davrda “Woolworth”ning asta-sekin so‘nishi va zaiflashishi boshlangan.
1980-yillarda kompaniya rahbariyati raqobatchilarga qarshilik ko‘rsata olmasligini his qilgan holda Frenk Vulvortning an’anasiga ko‘ra tajovuzkor kengayish g‘oyasini ilgari surgan. Buning uchun ko‘proq yangi do‘konlarni ochishdan tashqari, ularning har biri uchun noyob ixtisoslashuvni o‘ylab topish ham talab etilardi (masalan, ayollar uchun tovarlar yoki qishki kiyimlar). G‘oya omadsiz bo‘lib chiqqan va yangi savdo nuqtalari hali ochilmasidan yopilishni boshlagan. Negaki bozor turli savdo tarmoqlarining shu kabi do‘konlari bilan allaqachon to‘yingan edi.
Tez fursatda “Woolworth” AQSHda 800 dan ortiq do‘konni yopib, o‘z mashhurligini biroz saqlab qolgan Kanadadagi do‘konlarni yangi nom ostida qoldirgan. Kompaniyaning o‘zi esa rebrending amalga oshirib, yo‘nalishini o‘zgartirgan: endilikda u “Foot Locker Inc” nomi ostida faqatgina sport kiyimlari bilan shug‘ullanadi. Bugungi kunda “Walmart” do‘konlari tarmog‘i “Vulvort” dastlabki g‘oyasining asosiy “ma’naviy merosxo‘ri” hisoblanadi.