Flat Preloader Icon
Kashfiyot qiymati: Nobel mukofoti nima uchun va kimga beriladiKashfiyot qiymati: Nobel mukofoti nima uchun va kimga beriladi

Kashfiyot qiymati: Nobel mukofoti nima uchun va kimga beriladi

oblozhkanobel

Iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti nima uchun va kimga beriladi hamda ular hayotimizni qanchalik o‘zgartiradi?

Mikrokreditlarning ixtiro qilinishi

Aslida, bangladeshlik iqtisodchi va tadbirkor Muhammad Yunus iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofotini olmagan. Xo‘sh, unda bu ro‘yxatga u qanday tushib qoldi? Gap shundaki, Muhammad Yunus nochorlikka qarshi kurash yo‘lidagi yutuqlari uchun … tinchlik mukofotini olgan. Uning eng muhim innovatsiyasi — bugungi kunda hammaga yaxshi tanish bo‘lgan mikrokreditlardir.

6nobel
Muhammad Yunus

Yunus 1970-yillarda AQSHda Vanderbilt universitetini tamomlab, Bangladeshga o‘z vatandoshlari ahvolini o‘rganish va yaxshilash istagi bilan qaytib kelgan. Kambag‘allarning asosiy muammosi yuqori foiz evaziga olingan ko‘psonli kreditlar bo‘lib chiqdi. Yunus keyinchalik bir odam va uning oilasini boqa oladigan kichik biznesni boshlash uchun minimal summa kerak bo‘lishini taxmin qildi. Tadbirkor oyoqqa turib, pul topa boshlaganidan so‘ng kamtarona qarzni qaytarish juda oson bo‘ladi.

Shu tariqa, Yunus tomonidan bambukdan mebel yasaydigan ayollarga taqdim etilgan ilk mikroqarz ularning har biri uchun atigi 27 dollarni tashkil qilgan. Vaqt o‘tishi bilan bunday qarzlarning qaytarilishi ehtimoli juda yuqori ekanligi aniqlangan. Yunus olingan ma’lumotlarga asoslangan holda Grameen Bank ilk mikromoliya tashkilotiga asos solgan.

Jahon iqtisodiyotida 1980-yillar oxiridan 2000-yillar boshigacha mikrokreditlash eng nufuzli trendlardan biri hisoblangan: 2013-yilga kelib mikroqarz olgan odamlar soni 211 milliondan oshdi. Shu bilan birga, zamonaviy tadqiqotlar global ommalashuvga qaramay, mikrokreditlash nochorlikning davosi emasligini isbotladi (bu haqda keyinroq gaplashamiz).

Bu usul o‘zining e’lon qilingan asosiy vazifasi — kambag‘allikka qarshi kurashishni avval taxmin etilganidek samarali hal qilmaydi. Mikrokreditlar kam ta’minlangan odamlarga ko‘proq imkoniyatlarni (masalan, kutilmagan vaziyatda tez pul topish) taqdim etishiga qaramay, statistikaga ko‘ra, ular biznes ochish o‘rniga kundalik xarajatlarga ko‘proq pul sarflashga majbur bo‘ladi. Bundan tashqari, ayrim tanqidchilar kam miqdordagi kredit moyillikka sabab bo‘ladi degan fikrda: uni olish mutlaqo qiyin bo‘lmagani uchun moliyaviy muammolari bo‘lgan odamda bunday kreditlarga “o‘rganib qolish” yuzaga kelishi va u katta qarzlarga botib qolishi mumkin.

Siyosatchilar haq bo‘lavermaydi

Bu yil Daniel Kaneman hayotdan ko‘z yumdi: isroillik-amerikalik psixolog va 2002-yilda iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori 91 yoshida vafot etdi. U mukofotini iqtisodchi Vernon Smit bilan bo‘lishgan. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, olimlar birgalikda ishlagan, ammo iqtisodiyot bo‘yicha mukofot ko‘pincha mavzusi bo‘yicha o‘xshash tadqiqotlar uchun taqdim etiladi. E’tiborlisi, mukofotning psixologga nasib qilganidir: zero Nobel mukofotida psixologiya, sotsiologiya va boshqa gumanitar fanlar bo‘yicha nominatsiyalar mavjud emas.

9nobel
Daniel Kaneman

Kaneman va uning ko‘pyillik hammuallifi Amos Tverskining eng mashhur asarlaridan biri hisoblangan “Istiqbollar nazariyasi”da olimlar iqtisodiy tadqiqotlarda fanlararo yondashuvning ahamiyatini isbotlab berganlar. Uzoq vaqt mobaynida iqtisodchilar faqat matematika va statistikaga e’tibor qaratganlar, odamlar fe’li esa oqilona va qo‘shimcha tahlilga muhtoj emasdek ko‘ringan. Biroq Kaneman va Tverski bizning iqtisodiy xatti-harakatimiz u qadar oqilona emasligini taxmin qilganlar: individual darajada ham, butun mamlakatlar darajasida ham qarorlar qabul qilinishi ko‘pincha adashishlar va kognitiv xatolarga asoslangan bo‘ladi.

Keyinroq Kaneman o‘z nazariyasini “Tez fikrla… Sekin hal qil” nomli mashhur kitobida bayon etgan. Uning asosiy fikri biz o‘ta tez mulohaza qilishga qodirligimiz, so‘ngra esa sekin va oqilona tarzda uning asosida to‘g‘ri qaror qabul qilishga urinishimizga doir faraz bilan bog‘liq edi. Lekin mulohaza avvaldan noto‘g‘ri bo‘lsa-yu, “sekin” tahlil qilish jarayoni xatoni tuzatmagan bo‘lsa, biz kognitiv yanglishish domiga tushib qolamiz.

Tengsizlikning qolgan hamma narsaga ta’siri

Amerikalik tadqiqotchi Klaudiya Goldin mehnat bozoridagi gender tengsizlikni o‘rganadi va o‘z faoliyati uchun 2023-yilda Nobel mukofotiga loyiq topildi. Goldin nima uchun ko‘plab mamlakatlarning mehnat bozorida ayollar teng taqdim etilmagani hamda nima uchun hattoki rivojlangan jamiyatlarda ham erkaklar va ayollar maoshida sezilarli farq mavjudligi sabablarini o‘rganadi.

3nobel
Klaudiya Goldin

Amerikalik tadqiqotchi Klaudiya Goldin mehnat bozoridagi gender tengsizlikni o‘rganadi va o‘z faoliyati uchun 2023-yilda Nobel mukofotiga loyiq topildi. Goldin nima uchun ko‘plab mamlakatlarning mehnat bozorida ayollar teng taqdim etilmagani hamda nima uchun hattoki rivojlangan jamiyatlarda ham erkaklar va ayollar maoshida sezilarli farq mavjudligi sabablarini o‘rganadi.

Shuningdek, Goldin nima uchun boshqa teng ko‘rsatkichlar sharoitida ayollarga erkaklar qatorida barqaror rivojlanuvchi karyerani qurish mushkulroq ekaniga doir farazni shakllantirgan. Masala “onalik solig‘i” bilan bog‘liq: hattoki eng faol va baquvvat ona ham bo‘sh vaqtining bir qismini farzandlarini tarbiyalashga sarflaydi, bu esa uni karyera bilan bog‘liq yechimlarni qabul qilishda moslashuvchanlikdan mosuvo qiladi. O‘z navbatida, erkaklar, odatda, karyera tanlovida nisbatan mustaqil, shuningdek, boshliqning ba’zida adolatsiz talablarini bajarishga, masalan, ortiqcha vaqt ishlashga ko‘proq moyil bo‘ladi.

Ayrim tanqidchilar Goldinga mukofotning taqdim etilishini tarafkashlik sifatida baholagan bo‘lishiga qaramay, bu holat qator davlatlarda — ayniqsa, hukumat demografiya inqiroziga to‘qnash kelgan hududlarda ko‘proq tenglikka erishish, hammaga bir xil haq to‘lash va ayollarga oilasidan voz kechmagan holda karyerada o‘sish imkonini taqdim etish yuzasidan munozaralar boshlanishiga turtki bo‘ldi.

Havo isishi ko‘ringanidek qo‘rqinchli emas

Amerikalik iqtisodchilar Uilyam Nordhaus va Pol Romer 2018-yilda “innovatsiyalar va iqlimni o‘sish iqtisodiyotiga integratsiya qilganligi uchun” jumlasi bilan iqtisodiyot bo‘yicha mukofotni qo‘lga kiritgan. Nordhaus 2013-yilda barcha mamlakatlarda “uglerod narxi” joriy etilishini taklif qiluvchi iqlim o‘zgarishi masalalari bo‘yicha xalqaro hamkorlik modelini taqdim qilgan.

2nobel
Uilyam Nordhaus va Pol Romer

Bunda aniq choralar har bir hukumat tomonidan vaziyatdan kelib chiqib belgilanadi — bu uglerod chiqarilishiga soliq, chiqarishlarni cheklash, uglerod birliklari bo‘lishi mumkin. Strategiya xalqaro tashkilotlar, jumladan Jahon banki va Xalqaro valyuta jamgʻarmasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.   

Nordhausning ta’kidlashicha, iqlim jahon iqtisodiyotining atigi 3 foizi to‘g‘ri keladigan qishloq xo‘jaligiga bevosita ta’sir qiladi. Taxminlarga ko‘ra, Selsiy bo‘yicha uch darajaga global isish jahon yalpi ichki mahsulotini atigi 2,1 foizga, olti darajaga isish esa muvofiq ravishda 8,5 foizga kamaytiradi.

Shu bois Nordhausning fikricha, iqtisodiyot va ishlab chiqarishda “yashil” choralarning qiymati global isish bilan bog‘liq potensial yo‘qotishlardan sezilarli ravishda ko‘proq bo‘ladi. U go‘yoki iqlim bilan bog‘liq vaziyatni turg‘unlashtirish uchun yetarli bo‘ladigan uglerod chiqarilishiga nisbatan yumshoq soliqlarni joriy etish bilan cheklanishni taklif qilmoqda. O‘z navbatida, asosiy yutuqlari qatorida endogen o‘sish nazariyasini ishlab chiqqan Romerning taxminiga ko‘ra, global isishini bir yarim gradus darajasida saqlab turish katta kuch va qat’iy choralarni talab qilmaydigan, bemalol erishish mumkin bo‘lgan vazifadir.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Nordhaus va Romerga mukofotning taqdim etilishi darhol iqlim o‘zgarishining iqtisodiyotga ta’siri sezilarli darajada kamaytirilgani va taklif qilinayotgan choralarning haddan tashqari yumshoqligi uchun tanqid qilindi, bu orada ayrim olimlar taklif etilayotgan xulosalarni hattoki xavfli deb baholamoqda. Xususan, tanqidchilar qishloq xo‘jaligi faoliyatning boshqa ko‘plab sohalariga bilvosita ta’sir ko‘rsatishini qayd etmoqda. Iqlim borasida ham xuddi shunday: masalan, ekstremal ob-havo sharoitlari (to‘fon, toshqin va boshqalar)ning tez-tez takrorlanishi global infratuzilmaga vayronkor ta’sir ko‘rsatmoqda va bu iqtisodiyotga zarar keltirmay qolmaydi.

Nochorlarga to‘g‘ri yordam berish

2019-yilda bir guruh iqtisodchilar nochor mamlakatlarga yordam ko‘rsatish dasturlarining samaradorligini sezilarli ravishda oshirish imkonini bergan kam ta’minlangan odamlarning iqtisodiy xatti-harakatiga bag‘ishlangan tadqiqoti uchun mukofotga sazovor bo‘lgan.

2005-yilda iqtisodchi Abhijit Banerji Jahon banki tomonidan kambag‘allikka qarshi an’anaviy tarzda qo‘llanadigan tadqiqot usullarini tanqid qilgan. Masalan: kam ta’minlangan oilalarning farzandlari uchun maktabda ta’lim olishga vaucherlar, qizlarni o‘qitish uchun maxsus dasturlar, kambag‘al qishloqlar uchun kompyuter stansiyalari va h. k. “Lekin mana shu barcha g‘oyalarning amaliy foydasini qayerdan bilishimiz mumkin? — deya savol bergan Banerji. — Ular qanday qilib, qayerda va kim tomonidan sinab ko‘rilgan? Ularning samaradorligi isbotlanmay turib, ularni jahon amaliyotiga joriy qilish mumkinmi?”.

Banerji, Ester Dyuflo va Maykl Kremer tomonidan olib borilgan ko‘psonli dala tadqiqotlari natijasida aniqlanishicha, qator ommabop choralar kambag‘allarning moliyaviy ahvoliga unchalik ta’sir ko‘rsatmaydi — ularning orasida yuqorida tilga olingan mikrokreditlar ham bor. Boshqa tarafdan, aniq samarador mexanizmlarni shakllantirish va sinovdan o‘tkazish uchun imkon yaratildi.

Olimlarning tadqiqoti kambag‘al aholiga yordam ko‘rsatish muammolari va strategiyalariga yanada aniq tavsif berish bilan birga sotsiologiya va iqtisodiyotda tasodifiy nazorat ostidagi sinovlarni ommalashtirishga yordam berdi. Bunday sinovlar keng tarqalgan bo‘lib, allaqachon tibbiyotda, xususan yangi dorilar ta’sirini o‘rganish uchun amalga oshiriladi. Sinov ishtirokchilari ikki guruhga ajratiladi, ularning biri dorini, ikkinchisi esa platsebo qabul qiladi. Kim qaysi guruhga mansubligini olimlardan tashqari hech kim bilmaganligi sababli nisbatan xolisona natijalar olinadi.

Taxminlarga ko‘ra, bunday usul yordamida hamma narsani — maktab nonushtalaridan tortib moliyaviy odatlargacha tadqiq qilish mumkin. Dyuflo, Banerji va Kremer bu usuldan iqtisodiy odatlarni o‘rganishdan foydalanishga qaror qildilar.

Tabiiyki, bu yutuq ham tanqidchilar e’tiboridan chetda qolmadi. Xususan, ko‘pincha aynan tasodifiy sinovlar usuli tanqid ostiga olinadi: emishki, bunday tadqiqot natijalari ustidan doim ham tashqi tekshiruv o‘tkazib bo‘lmas ekan. Boshqa masala — aholining eng nochor qatlamlari ustida tajriba o‘tkazish qanchalik axloq tamoyillariga to‘g‘ri kelishi bilan bog‘liq.

Hamkorlik yangiliklari