Flat Preloader Icon
Soqqa qayerdanSoqqa qayerdan
09 Yanvar 2024

Soqqa qayerdan

Bugungi kunda katta sport, shubhasiz, katta pulga bog‘liq. Tadqiqotchilarning faraz qilishicha, 2023-yilda sport sanoatining jahon iqtisodiyotidagi ulushi $1,3 trln ni tashkil etadi.  Ommaviy auditoriyani statistik ko‘rsatkichlar hamda matchlar analitikasidan ko‘ra, eng ilg‘or sportchining qancha pul topishi va klubning yangi hamkor bilan qancha summaga shartnoma imzolagani ko‘proq qiziqtiradi.

Aynan shu sababli ham Forbes har yili atletlar va jamoalar daromadi bilan bog‘liq bir talay reytinglarni e’lon qilib boradi, butun dunyo esa bu yili kim cho‘qqida turibdi – Krishtianu Ronaldumi yoki Messi, shuni bilish maqsadida ularni intiqlik bilan kutadi. 2023-yilda eng ko‘p haq to‘lanadigan sportchlar reytingida portugaliyalik futbolchi argentinalik raqibidan o‘zib ketdi: Krishtianuning hisobida $136 mln, Messida esa sal kamroq – $130 mln.

Beysbol superyulduzlari

Sportning ko‘ngilochar sanoatning bir qismi sifatida yuksala boshlagan davr deb, ilk pulli sport bellashuvlari bo‘lib o‘tgan vaqt – 1858-yilni keltirish mumkin. Bruklin (o‘sha paytlarda mustaqil shahar bo‘lgan) va Nyu-York jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan  beysbol matchida tribunaga o‘tish uchun tomoshabinlar yarim dollar to‘lashlariga to‘g‘ri kelgan, bu esa o‘sha vaqtlarda amerikalik yollanma ishchi bir haftada ishlab topadigan daromadining to‘rtdan birini tashkil etardi.

Turgan gapki, sportga jalb qilingan pul jamiyatning sanoatlashuviga xizmat qildi. Odamlarda jamg‘arilgan pullar va bo‘sh vaqt ko‘paygani sari faolroq stadionlarga tashrif buyurishar, keyin esa sport musobaqalarini kuzatib borish uchun televizor yoqishardi. Sportga qiziquvchi keng omma tovarlarini targ‘ib qiladigan kanal izlab yurgan reklama beruvchilarning e’tiborini tortdi.

Bu mavqeni birinchi bo ‘lib tamaki kompaniyalari egalladi: 1870-yilning o‘zida sigaret qutilari ichiga ustiga taniqli shaxslar, shu jumladan, sportchilar surati tushirilgan to‘plam kartochkalarini solib chiqara boshladilar. Shuni ham aytish kerakki, 2022-yilda 1909-1911-yillarda chiqarilgan seriyadagi beysbolchi Xonus Vagner surati tushirilgan “tamaki kartochkasi” xususiy katta savdoda $7,25 mln ga sotib yuborilgan.

Soqqa qayerdan
Taniqli beysbolchilar tasviri tushirilgan va sigaret qadoqlari ichiga joylangan kolleksiya kartochkalari, 1870-yillar

Sportning ommalashuvi katta pul aylanmasini vujudga keltirdi. 1920-yillarda Angliyada futbolchilarning maoshini haftasiga 8 funt sterling atrofida ushlab turilgan bir vaqtda, 1920-yilda bir mavsum ichida beysbol matchlariga 1,8 millionta chipta sotilgan AQSH da top o‘yinchilarga yiliga $10000 taklif qilishgan. 1930-yilda afsonaviy beysbolchi Beyb Rut bilan $80000 ga shartnoma tuzilgan (AQSH prezidenti Gerbert Guverning maoshidan ham yuqori!), biroq u sportdan tashqari ham bundan-da ko‘proq pul ishlab topgan. Bo‘lajak mashhur yulduz sifatida kichik komediyalarda beysbol o‘yini haqidagi kulgili stendap chiqishlari bilan gastrollarda $100000 jamg‘argan.

Homiylar bilan ishlash

Dunyoning eng oldi sportchilari hozirda sportdan tashqari faoliyatida ham ancha daromad topmoqdalar. Deylik, 2020-yili tennischi Rojer Federer kortda atigi $6,5 mln ishlab topgan, biroq bu unga yirik miqdordagi $100 mln lik tijoriy daromad  bilan Forbes ning sport reytinglarida birinchi qatorlarni band etishiga xalal bermagan. Bunga shveytsariyalik sportchining Uniqlo mass-bozori bilan $300 mln lik shartnomasi hamda 12 ta turli hamkorlari bilan, xususan, Nike sport brendi, Credit Suisse moliyaviy konglomerati, mahsulot ishlab chiqaruvchi Barilla kompaniyasi va Rolex soat brendi zamin yaratgan.

Jiddiyroq homiyni qo‘lga kiritish ilinjida ba’zi sportchilar xiyla ishlatadilar. Misol, rossiyalik tennischi Aslan Karatsev Australian Open 2021 yarimfinaliga chiqqach, uning “Katta dubulg‘a” turnirida yil bo‘yi nouneym maykada ishtirok etadi. “Ko‘plab takliflar kelib tushdi, ammo biz kattaroqlarini kutmoqdamiz. Bir nechta kiyim ishlab chiqaruvchi kompaniyalar allaqachon bog‘lanishdi. (Aslan) Agar mavsumni top-20 yoki top-30 bilan yakunlasa, ko‘proq pul topishi mumkin”, deya izohlagandi o‘shanda uning agenti.

Alaloqibat, “yirik laqqa baliq”ni qarmoqqa ilintirishga muvaffaq bo‘lishmadi: ATP reytingining 14-satrigacha ko‘tarila oldi, biroq ro‘yxat cho‘qqisida uzoq muddat turmadi. Shu sabba, avvaliga Hydrogen italyan brendi Karatsevning kiyim-kechak bilan ta’minlovchi homiysiga aylandi, 20203-yilning yozida esa bu mavqe Bonifique yosh belorus markasiga o‘tdi.

Tennisdagi tartibsizlik

Bugungi kunda tennischilar har yili eng boy sportchilar ro‘yxatiga kiirb bormoqdalar, turnir sovrindorlari esa yildan yilga yangi rekordlarni qayd etishmoqda: 2023-yilda o‘tkazilgan “Katta dubulg‘a” turnirlarining o‘zida  dunyodagi birinchi raqamli raketka ustasi Novak Jokovich $9 mln ishlab topdi (to‘rtta unvonning uchtasini qo‘lga kiritdi). 1968-yilga qadar tennisda endi Ochiq era boshlangan va musobaqalarda barcha ko‘ngillilar ishtirok etishi mumkin bo‘lgan paytlarda, sportchilarga “Katta dubulg‘a” unvoni yoki sovrin pulidan birini tanlashlariga to‘g‘ri kelgan.

Soqqa qayerdan
Tennischi Rojer Federer (hozirda karyerasini yakunlagan) Barilla pastalari reklamasida

U paytlari havaskor tennischilarga o‘yinlarda pul ishlab topish taqiqlangan edi, shuning uchun ham turnirlarda ularga pul to‘lanmagan. Deylik, 1964-yilda har to‘rttala turmirda g‘olib bo‘lgan avstraliyalik Rod Leyver  (Avstraliya va AQSH chempionati, “Rolan Garros” va “Uimbldon”) bi yil o‘tgach, pul ishlab topish uchun professional tennisdan ketishga majbur bo‘ldi. Biroq oradan besh yil o‘tgach, havaskor tennis uchun pul eshiklari ochildi, “Katta dubulg‘a” da sovrin pullari paydo bo‘ldi, turnirga qaytgan Leyver karyerasi so‘nggiga qadar $1,5 mln ishlab topgan holda millioner tennischiga aylandi.

Ko‘p millionli konsert

Yirik musobaqalar mavjudligining ilk davrlaridanoq tijoriy hamkorlar tomonidan egallana boshlandi. Olimpiadaning “Homiylik dasturi” tashkil etilganiga deyarli 130 yil to‘ldi: 1896-yildagi dastlabki Zamona o‘yinlarida sport bayramlarini tiklash musobaqa dasturi va o‘yin natijalari kitobiga o‘z reklamasini joylashtirgan  Amerikaning Eastman Kodak kompaniyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlagan edi.

Hozirgi kunda Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi jahondagi 14 ta yirik kompaniyalar, shu jumladan, turar joy ijara xizmati bilan shug‘ullanuvchi Airbnb kompaniyasi, Xitoyning gigant Alibaba internet-bozori, eng avvalboshida, ya’ni 1928-yildan O‘yinlar homiysi bo‘lgan Coca Cola bilan imzolagan shartnomalar evaziga to‘rt yillik davr mobaynida $700 mln ishlab topmoqda. Parijda bo‘lib o‘tadigan va yaqinlashib kelayotgan Olimpiada ro‘yxatida taxminan 70 ta hamkor kiritilgan

Soqqa qayerdan
AQSh’ning Milliy futbol ligasi finali taymlari orasida taklif etilgan yulduzlar chiqish qiladilar. Buning uchun ularga gonorar berilmaydi, chunki Superboul – Amerika TVsidagi reytingi eng yuqori bo‘lgan shou hisoblanadi

Biroq eng yirik sport reklamasi maydoni “Superboul” deb nomlanuvchi Milliy futbol ligasi (amerika futboli bo‘yicha) chempionatining final o‘yini hisoblanadi. 2023-yilda translyatsiya vaqtidagi 30 sekundlik rolik reklama beruvchilarga $7 mln ga tushgan. Tanaffuslar vaqtida yulduzlar chiqishi, efir mobaynida qatorasiga 70ta rolik namoyishi, reklamadan tushgan bir kunlik kirim $500 mln ga yetadi. Bularning bariga Superboulning har yili ekranlardan yuzlab tomoshabinlarni to‘plashi sababdir. 2023-yilda barcha TV-huquqlari egasi Fox ning barcha platformalardagi translyatsiyasini 113 million kishi tomosha qilgan.

Har bir taym orasida yulduzlar chiqish qilishi haqida eshitgan bo‘lsangiz kerak. Bu tasodifan o‘ylab topilgan. 1993-yilga qadar Superboulda teleauditoriya ekran qarshisini tark etgan va tomoshani qaytib davom ettirmagan. O‘shanda inqilobiy yechim paydo bo‘lgan: bungacha orkestr va qor parchasi va multqahramonalr kostyumida raqqoslar chiqish qilgan xalftaym-shouda megayulduz Maykl Jekson paydo bo‘ladi.

Pop-musiqa qiroli ishtirokidagi shou muvaffaqiyati TV-reytinglarida yaqqol aks etadi. Yulduzlar konserti odat tusiga kirganidan beri, vaholanki artistlarga buning uchun bir sent ham to‘lanmaydi: ularga millionlab auditoriya taqdim etiladi, teleko‘rsatuv rahbarlari va MFL barcha xarajatlarni o‘z zimmasiga oladi. Ustiga ustak, MFL bundan baribir foyda chiqarib olishni uddalamoqda: 1996-yildan boshlab shou tanaffuslarida o‘zining bosh homiylari paydo bo‘ldi. Pepsi kompaniyasi shu nomad 11 marta ishtirok etgan, 2023-yilda esa Apple Music $50 mln to‘lagan holda ilk bor shou homiysiga aylandi.

  • AQSh Milliy futbol ligasi finali – Superboul translyatsiyasi vaqtida 30 soniyalik reklama roligi $7 mln turadi.
  • 2023-yilda sport sanoatining jahon iqtisodiyotiga qo‘shgan ulushi $1,3 trln’ni tashkil etadi.
  • Krishtianu Ronaldu ijtimoiy tarmoqlarga joylaydigan har bir postining narxi $2,4 mln turadi.
  • 2020-yilda Rojer Federer reklama shartnomalaridan $100 mln ishlab topgan, o‘shanda u sport musobaqalarida jami $6,5 mln ishlab olgan edi.
  • Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi dunyoning 14 ta yirik kompaniyalari bilan tuzilgan homiylik shartnomalari sharofati bilan har to‘rt yillik davr mobaynida $700 mln’ni qo‘lga kiritadi.

Tarmoqdagi ish

Auditoriyani kengaytirish uchun ko‘ngilochar sanoat bilan birgalikdagi sa’y-harakatlar, binobarin, homiylik va TV bilan bitimlarini tuzish davomida katta summalar bilan ishlashda boshqa sport turlaridan foydalaniladi. Deylik, 2017-yilda “Formula-1” rahbari almashgach, yosh tomoshabinlarni jalb qilish va bundan buyog‘iga Amerika bozorini faolroq egallash fursati yetdi deb hisobladi.

Soqqa qayerdan
“Formula-1” yosh tomoshabinlarning ko‘nglini ovlash maqsadida Netflix platformasida shu turdagi sportning parda ortidagi sirli hayoti haqidagi serial chiqardi

Bunga bir vosita sifatida ommabop Netflix striming platformasida “qirollik poyga”sining parda ortidagi hayoti haqida so‘zlaydigan “Omon qolish shavqi” hujjatli serialini chiqardi. 2019-yilning o‘zida 6,8 mln tomoshabin yig‘a olgan 5 ta fasli chiqdi. Financial Times ning ma’lumotlariga binoan, Formula-1 ning o‘zida, serial erishgan muvaffaqiyati sabab xalqaro auditoriya 50% ga, amerikalik homiylar soni esa 66%ga o‘sdi.

Mavqeyini oshirish uchun mediakanallar ishidan sportchilarning o‘zi ham foydalanadi. Misol uchun, Leo Messi Saudiya Arabistoni turizm agentligi bilan Instagramdagi sahifasiga (489 million obunachi) yil davomida yaqinsharq qirolligiga bag‘ishlangan 10 ta post qo‘yishi va buning uchun $2 mln ga ega bo‘lishi to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi.

Umuman olganda, jamoa bo‘lib o‘ynaladigan sport turlarining shaxsiy homiysi logotipini formasiga joylashtira olmaydigan vakillari uchun ijtimoiy tarmoqlar – reklama beruvchilarni o‘z obunachilari orasida targ‘ib qilishning yaxshi usulidir. Va bu vositadan hammadan ham ko‘ra Krishtianu Ronaldu yaxshiroq foydalanadi: u obunachilar soni (609 million obunachi) hamda homiylik postlarining o‘rtacha narxi (har bir post uchun $2,4 mln) bo‘yicha barcha mashhurlarni ortda qoldiradi.

Ronaldu targ ‘ib qiladigan loyihalardan biri – Binance blokcheyn-tizimi bilan hamkorlik hisoblanadi. Shartnoma shartlariga muvofiq, futbolchi har yili o‘zining kolleksion buyumlari analogi hisoblanmish NFT seriyasi – noyob tokenlarini chiqaradi. 2022-yilning noyabrida Ronaldu ilk NFT kolleksiyasini chiqardi, undan futbolchi hayotining yorqin lahzalari aks ettirilgan animatsiyalashtirilgan haykallar joy olgan. Hammasi bo‘lib 6000 dan ortiq NFT chiqarildi, bunda premium darajadagi 45 ta obyektning o‘rtacha bahosi $22800 ni tashkil etdi.

Hamkorlik yangiliklari